loading...

Dunyo aholisi diniy tarkibini o’zgarishi 

21063

Odamzod paydo bo’libdiki, turli ilohlarga sig`inib keladi. Natijada turli qabila, elat, millatga tegishli dinlar paydo bo’ldi. Vaqt o’tishi bilan mayda millat va elatlar nomi hamda ularning so’zlashadigan tili yo’qolib yirik millat va xalqlarga singib ketgani (assimilyatsiya) singari dunyo dinlarida ham shunday jarayon kuzatildi. Ayniqsa ilohiy kitoblar (tavrot, zabur, injil, qur’on)ning tushirilishi bilan dunyo xalqlari e’tiqot qiladigan dinlarning soni hamda unga e’tiqod qiluvchi aholining salmog`i keskin o’zgarib ketdi.
 
Hozirgi vaqtga kelib dunyo aholisining aksariyati u yoki bu dinga e’tiqod qiladi. XXI asrga qadar dunyoning eng yirik dini (e’tiqodchilari soniga ko’ra) xristian dini hisoblanib kelindi. Dj.Meltonning «Религии мира» ensiklopediyasida keltirilishichahozirga qadar dunyo aholisining 31 foizini (deyarli har 3 kishini biri) xristianlar tashkil etmoqda.
 
Ikkinchi yirik din bu islom dini bo’lib, hozirda dunyo aholisining 23 foizi (deyarli har 4 kishini biri) musulmon diniga e’tiqod qiladi. Dunyo aholisining anchagina qismini induist (14-15 %), buddist (7 %) va boshqa kichik din va maslaklar tashkil etadi.
 
Tahlillar shuni ko’rsatmoqdaki, endilikda turli dinlarga mansub aholi sonida tug`ilish ko’rsatkichi turlicha ekanligi, dunyo miqyosida tashqi migratsiyani kuchayishi hamda aholining ma’lum qismida diniy e’tiqodning o’zgarishi hisobiga ayrim dinlarning salmog`i oshib, ayrimlariniki kamayib bormoqda. Quyidagi chizmada asosiy dinlarning o’zgarish dinamikasi aks ettirilgan.
 
Bugungi kundagi zamonaviy demografik trendlar davom etsa, tahlillarga ko’ra, XXI asr o’rtalariga borib musulmonlar soni xristianlar soniga yetib olishi bashorat qilinmoqda. Tahmin qilinishicha, dunyo aholisining soni 2010-yildan 2050-yilga qadar 35 foizga oshishi kutilmoqda, ya’ni aholi soni 9,3 mlrd.ni tashkil etishi mumkin. Shu davrda yoshlar soni va nisbatan tug`ilish yuqori bo’lgan musulmonlar 73 foizga oshishi kutilmoqda. Xristianlar soni ham ko’payadi, lekin ancha past ko’rsatkichlarda. Tahminan 2050-yilda ularning soni atigi 35 foizga oshadi xolos. Shunday qilib, 2050-yilda musulmonlar soni 2,8 mlrd.ni, ya’ni dunyo aholisi sonining 30%ni, xristianlar esa 2,9 mlrd.ni, ya’ni 31% ni tashkil etadi.
 
2070-yilga kelib esa xristian va musulmonlar soni tenglashadi, ikkala din vakillari dunyo aholisining umumiy sonining 32 foizidan tashkil etadi. Keyinroq esa ya’ni 2100-yilga kelib dunyoda musulmonlar jami aholi sonining 35 foizini, xristianlar esa - 34 foizini tashkil etadigan bo’ladi. Ikkala din ham asosan Afrika mamlakatlari hisobidan ko’payadi.
 
Albatta, dunyo dinlarining barchasida vaqt o’tishi bilan o’sish hollarini kuzatish mumkin bo’ladi, ammo buddizm e’tiqodchilari soni tabiiy ko’payish ko’rsatkichi juda past bo’lganligi tufayli o’zgarmaydi; Xitoy, Tayland, Yaponiya kabi davlatlarda esa millatning qarishi hisobidan ushbu ko’rsatkich yanada kamayib ketadi. Induizm e’tiqodchilari soni ham dunyo aholisi soni bilan bir xil oshadi, ya’ni 34 foizga (1 mlrd.dan 1,4 mlrd.gacha). Iudaizm ham o’z davomchilari sonini deyarli 16 foizga oshirib, ushbu diniy yo’nalishga e’tiqod qiluvchilar sonini 14 mln.dan 16 mln.ga olib chiqadi. 
 
Shu bilan birga hech qanday diniy qarashga va e’tiqodga ega bo’lmaganlar, ateist va agnostiklar soni kamayadi, ya’ni 2050-yilga kelib ular soni 16 foizdan 13 foizga tushishi kutilmoqda.
 
Yuqoridagi misoldan dinlarning o’sish qonuniyatining geografik taqsimotidagi keskin farqini kutish kerak ekanligini ko’rish mumkin. Biror bir dinga e’tiqod qiluvchilar sonining o’sishining asosiy determinantlaridan biri bu e’tiqodchilarning zamonaviy geografikkonsentratsiyasidir. Din, tug`ilishi ko’p bo’lib, chaqaloqlar o’limi darajasi ancha past bo’lgan mamlakatlarda tezkor sur’atlarda rivojlanadi. Masalan, xristianlar va musulmonlar soni asosan Afrika hisobidan ko’payishi kutilmoqda. Ateist va dinsizlar asosan tug`ilishi deyarli bo’lmagan va millati qarib kelayotgan Yevropa, Shimoliy Amerika, Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlarda jam bo’lishadi. Ayni paytda dunyoda eng ko’p tarqalgan xristian va islom dinining tarqalish geografiyasi quyidagi karta-sxemada aks ettirilgan.
 
 
 
Dinning rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatadigan yana bir muhim faktor bu migratsiyadir. Migratsion oqimlarni bashorat qilish juda murakkab jarayon hisoblanadi, chunki ushbu jarayon asosan oldindan aytib bo’lmaydigan iqtisodiy va siyosiy faktorlarga asoslanadi.Masalan, http://islamoved.ru tahririyatining tahliliga ko’ra, yevropadagi musulmonlar soni 2050-yilga kelib 5,9 foizdan 10,2 foizga oshadi. Mazkur bashorat joriy demografik tendensiyalar saqlanib qolishini ko’rsatib turibdi. Biroq, yil sayin kutilmagan urush, ocharchilik, epidemiya, texnologik innovatsiya, siyosiy to’ntarilishlar sababli u yoki bu din e’tiqodchilari soni ko’payishi yoki kamayishiga olib keladi. Shuning uchun ham bu mavzuda uzoq muddatli bashorat qilish hech qanday ma’noga ega emas. 
 
Yevropa — bu dunyo bo’yicha aholining absolyut soni kamayishi bashorat qilinayotgan yagona hududdir. Yevropadagi xristianlar soni 2050-yilga kelib 553 milliondan 454 milliongacha kamayadi, yevropalikning 23 foizi hech qanday dinga e’tiqod qilmaydiganlarni tashkil etadi.
 
Huddi shunday holat Rossiya Federatsiyasida ham bo’lishi kutilmoqda.
 
Rossiya muftiylar kengashi raisi shayx Ravil Gaynutdinning "Anadolu” agentligiga bergan intervyusidan ma’lum bo’lishicha ayni paytda Rossiyada istiqomat qilayotgan musulmonlar soni 25 millionga yetgan va ularning soni o’sishda davom etmoqda. Uning so’zlariga ko’ra, musulmonlar soni nafaqat Markaziy Osiyodan bo’layotgan migratsiya hisobiga oshmoqda, balki musulmon oilalarda tug`ilish sonining ko’payishi ham bunga turtki bo’lmoqda. Bundan tashqari, Rossiya muftiylari kengashi rahbarining aytishicha, mamlakatdagi musulmonlarning o’rtacha umr ko’rish ko’rsatkichi yuqoriga ko’tarilgan. Muftiyning keltirishicha musulmonlar Rossiyaning tub aholisi sanaladi va u yerda 58 dan ortiq milat va elatlar tarixan islom diniga e’tiqod qilib keladi.
 
Dinlarning dunyo bo’yicha tarqalishi ham o’ziga xos xarakterga ega. Xristian dini asosan Afrikada mamlakatlari hisobidan ko’payib kelmoqda, lekin Afrika qit’asi tarixdan xristian diniga aloqador hudud bo’lmagan. Islom dini esa o’zi tashkil topgan hududlarda rivojlanib kelmoqda. 1900-yilda Misrda tahminan 9 million musulmon bo’lgan, bugun ular soni 80 millionga yetdi. Eronda musulmonlar soni 10 mln.dan 77 mln.gacha oshdi. Indoneziyada 1900-yilda Muhammad payg`ambar izdoshlarining soni 34 millionni tashkil etgan, bugunda esa ular soni 220 milliondan oshdi. Bu tendensiya Yevropa mamlakatlaridagi oxirgi yuzyillikda demografik "qish” effekti bilan tushuntiriladi.
 
Amerikaning Vashington ilmiy-tekshirish markazining ma’lumotlariga ko’ra, hozirda Islom dunyoning 120 dan ortiq davlatida (boshqacha aytganda dunyo mamlakatlarining yarmidan ortig`ida) tarqalgan bo’lib, 28 ta davlatning davlat dini hisoblanadi. Quyida eng ko’p musulmon aholisi joylashgan malakatlarning 20 tasi e’tiboringizga havola etiladi.
 

Jadvaldan ko’rinib turibdiki, eng ko’p musulmon aholisi Indoneziya hisobiga to’g`ri keladi. Keyingi o’rinlarni Hindiston va Pokiston egallagan. O’zbekiston musulmon aholisining soni bo’yicha Saudiya Arabistoni musulmonlaridan ham ortiq holda 16 o’rinni egallagan.
 
Jahongir MUSAYEV,
geografiya fanlari nomzodi, dotsent

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash