loading...

Alyaska qanday qilib Rossiyadan Amerikaga o'tib qolgan 

2916

1867-yilning 30-martida Rossiya o'zining Shimoliy Amerikadagi yerlarini AQShga sotib yuborgan. TASS Rossiyaning bu okeanorti mustamlakasining betakrorligi, uning qisqa lekin yorqin tarixi va Alyaska sotilganligining asl sabablari haqida ocherk tayyorladi. 
 
Provintsiya muzeyining oynavand vitrinasida o'lchamlari 20x20 sm bo'lgan misdan yasalgan lavh bor: unda "Rossiya ixtiyoridagi yerlar" so'zi bitilgan. Biroq Rossiyada bunaqasini topib bo'lmaydi — faqat okean ortida, faqat Alyaskada uchratasiz.
 
— Yangi qo'shib olingan hududlarga rus qo'shinlari yog'och ustunlar o'rnatishga odatlanishgan edi, — deya hikoya qiladi Irkutsk oblastidagi Shelexov shahar muzeyi direktori Natalya Volkova, — Biroq, Alyaskada yog'och ustunlar o'rnatishdan ma`ni yo'q edi — yerli aholi yoki raqobatchi-mustamlakachilar ularni olib yoqib yuborishi mumkin edi. Shu sababli Grigoriy Shelixov Alyaska yeriga lavhlar ko'mishga buyurgan.
 
Grigoriy Shelixov — sanoatchi, savdogar, tadqiqotchi, uning sharofati bilan Alyaska yerlari o'zlashtira boshlangan. U bu yerlarning bir asr mobaynida Rossiya yerlari hisoblanishi uchun ko'p ishlar qilgan.
 
Rossiya Shimoliy Amerikani mustamlakaga qanday aylantirdi?

Shelixov kemalari Alyaska sohillariga yetib borgan birinchi savdogar emas edi. 1742-yilda Vitus Bering ekpeditsiyasi qatnashchilari Amerikaning g'arbiy sohillarini ochishgach, ular Rossiyaga qayta turib o'zlari bilan dengiz sug'urining mo'ynalarini keltirishgan. Mo'ynalar o'zining qiymati bilan Sibir savdogarlari orasida juda mashhurlashib ketgan.
 
Keyingi o'n yilliklar rus sanoatchilarining Komandor, Aleut orollari va Alyaska sohillariga to'xtovsiz ekspeditsiyalariga bilan kechgan. Eski kemalar va tajribasiz dengizchilar bilan... Mo'yna uchun yo'l olgan kemalardan har uchinchisi Bering dengizida g'arq bo'lgan.
 
Grigoriy Shelixov mo'yna ishlab chiqarishga nafaqat tijoriy, balkim geosiyosiy tus bera boshlashidan avval qirq yilcha vaqt o'tgan. 1784-yili Kadyak oroliga qadam bosgach, u bu yerda ilk manzilni barpo etadi va Alyaskaga nafaqat tijoriy, balkim hududiy talablarni ham qo'ya boshlaydi.
 
Amerika sohillariga Shelixov 20 yoshli rafiqasi Natalya Alekseyevna bilan keladi. Bu yerda u mo'yna ishlab chiqarib, boyib ketishni ko'zlab emas, avvalo o'zini shu yerning egasidek tuta boshlaydi.
 
— Rossiya Amerikasida Shelixov bor-yo'g'i 2 yil yashaydi. Shu vaqt ichida aleutlar va tlinkitlar bilan qurolli to'qnashuvlar o'tkazib, tezda mahalliy aholi bilan aloqa o'rnatib oladi. Aborigenlarning farzandlari forpostda rus bolalari bilan bir xil sharoitda qabul qilinadi, ular uchun maktablar ochiladi, hunar o'rgatila boshlaydi. Qay birlarini Rossiyaning sharqiy poytaxti — Irkutskka o'qishga jo'natishadi, — deya hikoya qiladi Volkova.
 
Aynan Shelixov sharofati bilan Shimoliy Amerikadagi rus manzilgohlari o'zining betakror ko'rinishiga ega bo'la boshlaydi.

Rus Amerikasining betakrorligi
 

Shelixov 1795-yilda — o'zining eng yirik biznes-rejasi amalga oshganini ko'ra olmay vafot etadi. Uning kompaniyasi barcha raqobatchilaridan ustun chiqadi va 1799-yilda imperator Pavel I mo'yna ishlab chiqarish va boshqa ishlarga Aleut orollaridan Kaliforniyagacha bo'lgan ulkan hududda rasmiy monopoliya taqdim etadi. 

Shelixov kompaniyasi Rus manzilgohlari ustidan ma`muriy boshqaruv funksiyalariga ham ega bo'lgan aksiyadorlik jamiyati — Rus-Amerika kompaniyasi (RAK) tuzish uchun asos bo'ladi 

Rossiya iqtisodiyotida RAK uch karra qaldirg'och bo'ladi: ilk monopoliya, ilk marta ma`lum bir hududga boshqaruvning davlat funksiyalari taqdim etilgan davlat va xususiy mulk sherikchiligi, imperator oilasi a`zolari ishtirokidagi ilk aksiyadorlik jamiyati.

Mohiyatan, Rossiya mustamlakalarni boshqarishning ingliz-sakson uslubidan foydalana boshlaydi — Britaniyaning Ost-Indiya kompaniyasi singari. Lekin bu holda RAK sof iqtisodiy faoliyat bilan birgalikda, Shimoliy Amerika va butun Tinch okeani mintaqasida Rossiya geosiyosiy manfaatlari yo'lboshchisi funksiyasini bajarishdek muhim ish bilan ham shug'ullanadi.

Uning puliga tadqiqot ekspeditsiyalari tashkillashtiriladi, jumladan, Yer kurrasi bo'ylab sayohatlar, Rossiya savdo floti tashkillashtiriladi. Kompaniya nafaqat Alyaska, shuningdek, Saxalin, Primore va Amurbo'yi hududlari rivojiga ham pul tikadi. 

RAK — o'ziga xos "Imperiya qurilishining pudratchisi" edi, deb yozadi Ilya Vinkovetskiy o'zining "Rus Amerikasi" kitobida. U shuningdek, "Alyaskadan tajriba maydoni sifatida foydalanish boshdan-bosh mavjud edi. Peterburg uchun okean ortidagi yagona mustamlaka o'sha paytda ham ulkan hududga ega bo'lgan Rossiyaning biror bir joyida amalga oshirilmagan boshqaruv strategiyasini sinash poligoni edi", — deb yozadi. 

Nega ruslar faqat Alyaskani mustamlakaga aylantirishgan?

Rus mustamlakachilarining Tinch okeani sohillari istilosi juda sekin borayotgan, bunga asosiy sabablardan biri yerli aholi bilan murakkab munosabatlar edi. Agar Aleut orollari aholisi — aleutlar, kadyakliklar va eskimoslarni mustamlakachilar o'z biznesiga jalb qilib, o'rgatib olishgan bo'lishsa, Shimoliy Amerika sohillarida yashab kelayotgan tlinkitlar qabilalari ruslarga nisbatan aslo do'stona munosabatda emasdi.

1802- yilda ular ruslarning Sitka manzilgohini butunlay kulini ko'kka sovrishadi. Faqat oradan ikki yil o'tib, Sankt-Peterburgdan mustamlakachilarga "Neva" harbiy kemasi yordamga kelgachgina hudud ustidan nazorat qaytarib olinadi. 

Shundan so'ng tlinkitlarning ayrim qabilalari bilan sulh shartnomasi tuziladi. Biroq yarashuv bir qadar mo'rt edi, bunga sabab — shimoliy-g'arbiy sohillarda RAKning raqobatchilari — britaniyalik va amerikaliklar ham o'rnashib olgan edi. "Shubhasiz, aynan ular besaranjom tlinkit qabilalari o'rtasida fitna urug'ini sochish bilan shug'ullanishgan", — deydi Irkutsk davlat universiteti professori Vadim Shaxerov. Tlinkitlar ulardan miltiq, porox va hatto to'plarini olishgan.

E`tiborlisi, o'sha urushdan so'ng 200 yil o'tibgina — 2004 yilda sulh shartnomasi tuzilgan, kiksadi qabilasi avlodlari Rossiya bilan rasman sulh tuzilgani borasida marosim o'tkazib berishdi. 

Nima bo'lganda ham, XIX asr boshlarida sohil bo'ylab janubga — Kaliforniya taraflarga yurish imkoniyati qo'ldan boy berilgan.

Alyaskani sotish haqidagi ilk gap-so'zlar: "Bu fikrni o'ylab ko'rmoq kerak"

Dengiz sug'urlarini ayovsiz qirib tashlash ularning deyarli yo'q bo'lib ketishiga olib keldi, o'z-o'zidan RAK faoliyatidan tushadigan daromadlar ham pasaya boshladi. Bir vaqtning o'zida Rossiya Uzoq Sharqda ulkan Primore va Amurbo'yi hududlarini qo'shib oldi. Endi Peterburgda aynan ularning taraqqiyotiga katta e`tibor bilan qaray boshlaydi.

Shimoliy Amerikadagi yerlarni sotish g'oyasini ilk bora 1857-yilning martida buyuk knyaz Vladimir aytadi. Bunga sabab qilib 1853-1856-yillardagi Qrim urushidan so'ng mamlakatning sillasi qurigani, dengiz vazirligi byudjyetining qisqarganligi tufayli rus floti qiyinchilikka uchrayotganini ko'rsatadi. 

"Sotib yuborish ayni muddao bo'lar edi, chunki Qo'shma Shtatlar o'z yerlarini kengaytirish va Shimoliy Amerikada butunlay hukmronlik qilishni istayotgani, bu yerlarni o'ylab o'tirmasdan xarid qilishi, ularni to'xtata olmasligimizni ko'ra-bila turib o'zimizni o'zimiz aldamasligimiz kerak. Bu yerlar bizga kam foyda keltirmoqda, ularning yo'qotilishi juda sezilarli daraja bo'lmaydi", — deb yozgan knyaz.

Konstantinning xatini imperator Aleksandr II ga yetkazishadi va u o'z qo'llari bilan unga "Bu fikrni o'ylab ko'rmoq kerak", deb yozib qo'yadi. AQSh bilan bu borada norasmiy muzokaralar boshlanadi, lekin fuqarolar urushi uni vaqtincha to'xtatib qo'yadi.

"Ruslar va amerikaliklar o'rtasida hech qachon yovqarash bo'lmagan"

Fuqarolar urushida Shimolning g'alaba qozongani ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlagan, chunki Rossiya bu mojaro mobaynida federal hukumatni qo'llab turgan yagona yirik davlat bo'lgan.

"Bu paytda Yer yuzasidagi barcha davlatlar ichida Rossiya uchun eng mashhuri Amerika Qo'shma Shtatlari edi, ruslar va amerikaliklar o'rtasida hech qachon ziddiyat yuzaga kelmagan, manfaatlar to'qnashuvi ham yuz bermagan edi, AQSh ham faqat Rossiyadan xush yoquvchi va do'stona so'zlarni eshitar edi", — deb yozgan publitsist Mixail Katkov 1866-yilning yanvarida o'sha vaqtda Rossiyada amerikaparast kayfiyat hukmron bo'lganini tasdiqlab. 

Ikki mamlakatning yaqinlashishiga sabab, o'sha vaqtda Rossiya va Amerikaning umumiy dushmani va geosiyosiy raqibi bitta edi — Buyuk Britaniya.

Shimoliy Amerika mustamlakalaridagi qiyinchiliklar

Peterburg va Moskvadagi kayfiyatga Alyaskadagi vaziyat ham ta`sir qilgan. RAK endi aksiyadorlarga avvalgi daromadlarni keltirmayotgan edi. Boz ustiga, ularning mavjudligi davlat tomonidan katta subsidiyalar ajratilishga olib kelayotgan edi. 1866-yilda Aleksandr II RAKning davlat g'aznasi oldidagi 725 ming rubl qarzini kechib yuboradi "davlat xazinasidan har yili 200 ming rubl ajratish" haqida qaror chiqaradi. 

Bu o'sha vaqtlar uchun juda yirik mablag' edi, boz ustiga, davlat byudjyetida kamomad bo'lib turgan vaqtlar. O'sha kunlari moliya vaziri Mixail Reytern Aleksandr II ga Rossiyaning moliyaviy holati haqida xat yozadi "Barcha qisqartirishlar amalga oshirilgan taqdirda ham daromadlarimiz xarajatlarimizni qoplamaydi, aksincha, uch yil ichida 45 million rubl ekstraordinar resurslar (chet el qarzi) dan foydalanish zaruriyati bor".

Reytern Alyaskaning sotilishini "juda o'z vaqtida" deb baholaganidan hayron bo'lmaslik kerak, boz ustiga u "Kompaniya (RAK) aksiyadorlarga ahamiyatli foyda keltirmayapti... faqatgina hukumat tomonidan xayriyalar hisobiga yashab qolishi mumkin", — deb yozgan. "Mustamlakani boshqaga topshirish — dengizga chiquvchi qudratli davlatlardan biri bilan urush boshlanib qolgan taqdirda, bizni uni himoya qila olmaslik tashvishidan xalos qiladi", — deb xulosa chiqargan vazir.

Tarixchilarning  fikricha, RAKning moliyaviy holatida ko'ngildagidek emasligi zodagonlar ichidagi aksiyadorlarning bu boradagi pozitsiyasi shakllanishi muhim rol o'ynagan.

"RAK aksiyalarining egalari ichida podsho oilasi a`zolari va zodagonlar va kiborlar bor edi. Ularning tabiiy istagi aksiyalari bo'yicha daromad olish bo'lgan. Ularni ta`minlash uchun kompaniyaning barcha daromadlari sarflangan — rivojlantirish uchun mablag' kiritish haqida gap bo'lishi mumkin emasdi. Tez orada bu yerda neft, oltin konlari topilishi, ozgina kutib, infrastrukturani rivojlantirish kerakligi haqida hech kim o'ylab ham ko'rmagan", — deya qayd etadi professor Vadim Shaxerov.

Oltin haqida sotilishdan oldin ham bilishgan

Shimoliy Amerikadagi rus yerlarida oltin konlari ochilganligi haqida ilk xabarlar 1852-yilning yozida tarqalgan edi. 1861-yilga kelib bir necha amerikalik ishbilarmonlar Rus Amerikasi chegaralari yaqinida oltin qazib olishayotgan edi.

Lekin, hayratlanarlisi shundaki, bu ma`lumotdan ham Alyaskani sotib yuborish uchun bahona sifatida foydalanishgan. "Hukumat Alyaskadagi ulkan oltin konlari haqida juda yaxshi ma`lumotga ega edi, lekin ular aynan shu narsadan cho'chishardi, chunki belkurak bilan qurollangan tilla axtaruvchilar o'rniga miltiq bilan qurollangan armiya bostirib kelib qolishi ham mumkin edi", — deb yozadi sovet tarixchisi Semen Okun.

Alyaskani qanday sotishgan?

Alyaskani sotib yuborish borasida yakuniy yig'ilish 1866-yilning 16-dekabrida bo'lib o'tgan. Unda imperator Aleksandr II, buyuk knyaz Konstantin, tashqi ishlar vaziri Aleksandr Gorchakov, moliya vaziri Mixail Reytern, dengiz vaziri Nikolay Krabbe va Rossiyaning Vashingtondagi doimiy vakili Eduard Stekl ishtirok etgan.

Aleksandr II majlis uchun tayyorlangan, sotish uchun iqtisodiy va harbiy dalillar keltirilgan ma`lumotlar bilan tanishib ko'radi. Yig'ilishga to'planganlar ma`lumotlarni ma`qullashadi. 

Eduard Stekl Amerika tomoni bilan uzoq va murakkab muzokaralarni boshlaydi. Amerikaliklar savdoni 5 million dollar bilan boshlashadi, alal-oqibatda Rossiya talab qilgan 7,2 million dollarga rozi bo'lishadi.

O'sha yillar Rossiya g'aznasining bir yillik xarajatlari 400 million rublni tashkil etishi inobatga olinsa, albatta, bu summa juda arzimas. Xayriyatki, sotuvdan tushgan pulni aql bilan sarflashgan — temir yo'llar qurish uchun.

Iqtisodiy manfaatlarning siyosiy manfaatlardan ustun kelishi Aleksandr II zamondoshlari bilan bir qatorda zamonamiz tarixchilari tomonidan tanqid ostiga olinadi. "Bu yerda imperator Nikolay I ning ushbu prinsipi buzilgan: "Qayerdagi rus bayrog'i hilpiray boshlagan bo'lsa, hech qachon tushirilmasligi kerak". Lekin Nikolayning prinsipidan uning to'g'ridan-to'g'ri avlodi yuz o'girgan", — deydi Rus geografik jamiyatining Irkutsk oblast bo'limi raisi, proyefsoor Leonid Koritniy.

 

AQShda ushbu bitim haqidagi xabarlar avvaliga ishonchsizlik bilan, so'ngra taajjub bilan qarshi olingan. Amerika matbuoti dastlabki davrlarda "Morjyerossiya", "Prezident Jonsonning qutb ayiqlari uchun hayvonot bog'i", "Bir sandiq muz", deya Alyaskaning xarid qilinishi qattiq hajv qilingan. Biroq tez orada ulkan shimoliy hududning qo'shib olinishi bilan bog'liq istiqbolli imkoniyatlar amerikaliklarga bo'y ko'rsata boshlagan. 

AQSh Senatida bitimni ratifikatsiya qilish uchun 37 ta ovoz berilgan, ikki kishi qarshi bo'lgan.

Balkim amerikaliklar Karl Marksga quloq tutishgandir? U ushbu bitimni shunday izohlagan: "Iqtisodiy nuqtai nazardan bu xarid hozircha bir sent ham turmaydi, lekin amerikaliklar bu yerlar tufayli Angliyani dengizdan uzib, Britaniyaning butun Shimoliy Amerikasini AQShga qo'shib olishadi. Mana, it qayerga ko'milgan!"

"Buyuk yolg'on": Yangilikka Rossiyadagi munosabat

Rossiyada ham Alyaskaning sotib yuborilganligi borasidagi dastlabki xabarlarga ishonishmaydi. Peterburgdagi "Narodniy golos" gazetasi Sitkadagi bir nechta yog'och kapa va nurab borayotgan kemalar uchun AQSh 7 million dollar to'laganiga ishonqiramay, yangilikni "Amerikaning buyuk yolg'oni", deb ataydi.

Lekin boshqa nashrlar bunchalik ulkan hudud uchun arzimas pul to'langanidan taajjubdaligini yozishadi. Bundan tashqari vatanparvarlik ruhidagi chiqishlar ham bo'la boshlaydi. Taniqli yozuvchi Andrey Krayevskiyning "Golos" gazetasi Alyaskaning sotib yuborilishi "haqiqiy rus kishilarini chuqur qayg'uga soladi, chunki Rus-Amerika kompaniyasi hududni egallab olib, Rossiya bu o'lkaga egalik qilishga to'liq haqli ekanligini isbotlab bo'lgan, chunki u yerda rus xalqining mehnati, mablag'i va qoni evaziga manzilgohlar barpo etilgan edi", — deb yozadi.

Lekin rasmiy OAVlar, jumladan "Sankt-Peterburgskiye vedomosti" bir necha kundan so'ng o'quvchilarini tinchlantirib, "Jamiyat Shimoliy Amerikadagi rus yerlarining AQShga berib yuborilganiga dushmanona munosabatda emas. Aksariyat buni o'z vaqtida qo'llanilgan chora, deya qabul qilmoqda va buning natijasi o'laroq amerikaliklar bilan uzoq va do'stona ittifoq tuzilishidan umid qilmoqda", — deya ta`kidlaydi. 

Alyaskani sotmaslik mumkinmidi?

Zamonaviy tarixchi olimlar yerning sotilishi uchun jiddiy dalillar yetarli bo'lganiga qaramasdan, eng kamida 1867-yili Alyaskani sotib yuborish shart emasdi, degan fikrga kelishgan.

"O'sha vaqtda AQSh bilan o'rtamizda iliq munosabatlar o'rnatilgan edi, Angliya bilan ham tinchlikni kafolatlovchi bitim imzolangandi. Shoshilishning keragi yo'q edi, lekin biz Shimoliy Amerikadan ketib, Qo'shma Shtatlarga ulkan strategik maydon qoldirdik", — deydi Leonid Koritniy.

Shimoliy Amerika qit`asidan ketish mag'lubiyat emas, Rossiyaning imperialistik ambitsiyalari yangi yo'nalishga o'tganini bildirardi. Okean ortidagi mustamlakachilik tajribasidan ko'ra Yevroosiyoda pozitsiyalarni mustahkamlash Rossiyaning uzoq muddatli strategiyasiga mos edi.

Manba: kun.uz

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash