loading...

Davlatlar oltin valyuta zaxiralarini nima uchun to‘playdi? 

2595

Yaqinda O‘zbekiston Markaziy bankining ochiqlangan ma’lumotlarida davlatimiz 26 milliard dollar qiymatdagi oltin-valyuta zaxiralariga ega ekanligi ma’lum qilindi. Xo‘sh, bu boylik nima uchun to‘plangan, umuman davlatlar qanday maqsadlarni ko‘zlab oltin-valyuta zaxiralarini shakllantiradilar?

O‘zini hurmat qilgan, ehtiyot choralarini ko‘rgan har qanday inson, oila ertangi kunini o‘ylaydi.  Davlatni ham yirik bir oilaga qiyoslash mumkin. Kelajakni rejalashtirgan davlatlar albatta o‘z oltin-valyuta zaxiralarini saqlashni va ko‘paytirib borishni mo‘ljallaydilar.

Davlatlarning oltin-valyuta zaxiralari asosan xorijiy valyuta (AQSh dollari, Yevro, yapon iyenasi, Angliya funt sterlingi), qimmatbaho unsurlar (oltin, olmos, platina), maxsus obligatsiyalar va Xalqaro valyuta jamg‘armasiga kiritilgan mablag‘lar orqali shakllantiriladi hamda kuchli nazorat ostida saqlanadi.

Bu shakldagi boyliklar to‘planishining o‘ziga xos sabablari bor: sanab o‘tilgan valyutalar dunyoning barcha davlatlarida qabul qilinadi, oltin kabi qimmatbaho metallar odatda o‘z qiymatini yo‘qotmaydi va ularni zudlik bilan sotish mumkin, xaridorgir obligatsiyalar esa oz bo‘lsa-da, foyda keltirib turadi.

Oltin-valyuta zaxiralarini saqlashdan bir necha maqsad ko‘zlanadi:
  1. Milliy valyuta kursini keskin tushib ketishdan asrash;
  2. Kutilmagan vaziyatlarda (harbiy harakatlar, xalqaro iqtisodiy inqiroz, embargo, eksportning keskin tushib ketishi) iqtisodni qo‘llab-quvvatlash;
  3. Byudjetdagi kamchiliklarni to‘ldirish, har qanday holatda ham ijtimoiy himoyani saqlab qolish;
  4. Imkoniyat bo‘lganda foyda olish.
Oltin-valyuta zaxiralari bo‘yicha yetakchi davlatlar ro‘yxati bir necha yillardan buyon o‘zgarmay kelmoqda. Yaqqol yetakchi bo‘lgan AQSh so‘nggi yillarda oltin zaxiralarini sarflamay (shuningdek ko‘paytirmay) bir xil miqdorda saqlab kelayapti (8133 tonna). Holbuki o‘tgan asrning elliginchi yillarida AQShning oltin zaxirasi 20 ming tonnadan ham ortib ketgandi (20663 tonna).

Yetakchi davlatlarning valyuta zaxiralari 
(2017-yil XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, mlrd. doll.)
1. 
 Xitoy
 3345
2. 
 Yaponiya
 1318
3. 
 Shveysariya
 765
4. 
 Saudiya Arabistoni
 514
5. 
 Tayvan (Xitoy tasarrufida)
 433
6. 
 Gonkong  (Xitoy tasarrufida)
 430
7. 
 Rossiya
 405
8. 
 Koreya Respublikasi
 376
9. 
 Braziliya
 376
10. 
 Hindiston
 375

Eng ko‘p oltin zaxiralariga ega davlatlar o‘nligi 
(2017)
№ 
 Davlat
 Tonna oltin
1. 
 AQSh
 8133,5
2. 
 Germaniya
 3373
3. 
 Italiya
 2451,8
4. 
 Fransiya
 2435,6
5. 
 Xitoy
 1842,6
6. 
 Rossiya
 1778,9
7. 
 Shveysariya
 1040
8. 
 Yaponiya
 765,2
9. 
 Niderlandiya
 612,5
10. 
 Hindiston
 557,8

Qiziqarli faktlar:
  • AQSh oltin-valyuta zaxiralarining 75 foizini oltin shaklida saqlaydi;
  • Italiyaning oltin zaxiralari miqdori 1999 yildan buyon o‘zgarmasdan kelmoqda;
  • Xitoy oltin-valyuta zaxiralarining 2 foizigina oltindan iborat;
  • Rossiya so‘nggi bir yil ichida o‘z oltini miqdorini 200 tonnaga oshira bildi;
  • Shveysariya aholi soniga nisbatan o‘z oltin zaxirasi (1040 tonna)ning miqdori bo‘yicha mutlaq yetakchi hisoblanadi. Bu davlatning har bir fuqarosiga davlatning 140 gramm oltini to‘g‘ri keladi;
  • Yaponiyaning oltin zaxirasi ham 16 yildan buyon o‘zgarmas miqdorda saqlanmoqda va bu zaxira umumiy boylikning 2,3 foizinigina tashkil qiladi;
  • Hindiston 557,8 tonna oltin zaxirasi bilan o‘nlikni yakunlagan bo‘lsada, aholisi tomonidan oltin xarid qilish ko‘rsatkichlari bo‘yicha so‘nggi yillarning mutlaq yetakchisi hisoblanadi. 
Manba:Xabar.Uz


Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash