loading...

2020 yil — kabisa yili! 

3940

2020-yil kabisa yili ekanidan xabaringiz bor. Odatda har to‘rtinchi yil, to‘rtga qoldiqsiz bo‘linadigan yillar kabisa yili bo‘lishini ham yaxshi bilamiz.

Bu yilda boshqa yillardagidan farqli o‘laroq, fevral oyi 29 kun bo‘ladi. “Kabisa” so‘zi arabcha “kabasa” – ya’ni “chuqurni to‘ldirish” fe’lidan olingan bo‘lib, istilohda “to‘ldiruvchi” degan ma’noni anglatadi.

O‘tmishga nazar tashlaydigan bo‘lsak, eramizdan avvalgi 45 yilning 1 yanvar sanasidan boshlab, Rim hukmdori Gay Yuliy Sezarning farmoniga binoan Sozigen boshchiligidagi iskandariyalik astronomlar tomonidan maxsus yil hisobi – taqvim yaratiladi. Unga ko‘ra, bir astronomik yil taxminan 365,25 kun (365 kun, 6 soat) deb belgilanadi. Bu taqvim Sezar sharafiga Yulian taqvimi deb nomlangan.

Odatda, har to‘rt yilda “olti soatlik” qoldiqlar to‘planib, bir kunni tashkil qilgan. Biroq dastlab shu bir kunlik farqni yo‘qotish uchun har uchinchi yilga bir kun qo‘shib berilgan. Ya’ni, ikki yil 365 kundan, uchinchi yil 366 kunga teng deb belgilangan. Bu qo‘shimcha kun Rim taqvimidagi oxirgi oy – fevralga qo‘shib berilgan.

Rim taqvimida kunlar kalend (oyning birinchi kuni), non (beshinchi yoki yettinchi kuni) va id (13 yoki 15-kuni)larga qarab taqsimlangan va shunga ko‘ra nomlangan. Masalan, 24 fevral ante diem sextum calendas martii (martning birinchi kuni – kalendidan 4 kun oldin) deb atalgan.

Sezar kabisa yili uchun bis sextus (ilmiy istilohda kabisa yili xuddi ana shunday ataladi), ya’ni ikkinchi oltinchi kunni qo‘shish haqida ko‘rsatma bergan. Shu tariqa eramizdan avvalgi 45-yil tarixda ilk kabisa yili bo‘lib qolgan.

Oradan bir yilcha vaqt o‘tib, suiqasd natijasida Sezar o‘ldiriladi va ikkinchi kabisa yili undan keyin bo‘lib o‘tadi. Shu tariqa 36 yil davomida har uchinchi yilga astronomlar bir yildan qo‘shib boraverishgan. Oktavian avgust davriga kelib, taqvim hisoboti qayta ko‘rib chiqiladi va bu hisoblash xato ekani oydinlashadi. Shundan so‘ng har to‘rtinchi yil kabisa yili tarzida hisoblanishi belgilanadi. Biroq 36 yil davomida kabisa 9 marotaba o‘rniga 12 marotaba qayd etilganini hisobga olib, oradagi tafovutni yo‘q qilish maqsadida bir necha yil mobaynida bu odatga amal qilinmagan.

Keyinchalik astronomik asboblar rivojlana boshlagach, bir yil Sezar davrida aniqlanganidek, 365,25 kun emas, taxminan 365 kun 5 soat 49 daqiqa ekani ma’lum bo‘lgan. Ya’ni, Yer Quyosh atrofida aylanib chiqishi uchun aynan shuncha vaqt sarflaydi. Demak, Yulian taqvimiga ko‘ra, o‘rtacha tropik yil va Yulian taqvimi o‘rtasidagi farq bir yilda -11 daqiqani tashkil qiladi. Bu “kemtiklik” 128 yilda taxminan bir sutkaga yetadi.

Sezar davridan so‘ng oradan asrlar o‘tib, ushbu tafovut yil fasllarining almashinuvida ham sezila boshlagan. Aniqrog‘i XVI asrda bahorgi tengkunlik taqvimga ko‘ra, 21 martda emas, undan o‘n kuncha avvalroqqa to‘g‘ri kelib qolgan. Bu esa pasxa bayramini belgilashda katta noaniqliklarni keltirib chiqargan.

Asrlar davomida yuzaga kelgan bu tafovutni bartaraf etish uchun Rim papasi Grigoriy XIII taqvimni isloh qilish tashabbusi bilan chiqqan. Uning islohotiga ko‘ra, kalendar yili Quyosh taqvimiga mos kelishi uchun 100 ga bo‘linadigan yillarda kabisa yili bekor qilinishi lozim edi. Ya’ni, 4 soniga qoldiqsiz bo‘linadigan barcha yillar kabisa yili hisoblanadi, faqat oxiri ikki nol bilan tugaydigan yillar bundan mustasno. Masalan, 1300, 1400, 1500-yillar va hokazo.

Lekin bu islohot hali tafovutni to‘la bartaraf etolmaydi. Negaki, Yulian taqvimiga ko‘ra, daqiqalar “yig‘indisi” har 128 yilga borib, sezilarli o‘zgaradi. Demak, har to‘rtinchi yuz yillik kabisa yili bo‘lib qolaveradi.

Ya’ni, 400 soniga qoldiqsiz bo‘linadigan yillar kabisa yili hisoblanadi. Masalan, 1200, 1600, 2000-yillar. 100 ga qoldiqsiz bo‘linadigan yillar kabisa yili emas. Masalan: 1700, 1800, 1900-yillar. Ulardan qolgan barcha 4 ga qoldiqsiz bo‘linadigan yillar kabisa yilidir. Masalan, 2004, 2008, 2011, 2016.

Shundan xulosa qiladigan bo‘lsak, kirib kelayotgan 2020 yil ham kabisa yili hisoblanadi.

Rustam JABBOROV

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash