Olimlar: Insoniyat atmosfera havosini ikki ming yildan buyon ifloslantirib kelmoqda
Insoniyat ikki ming yildan buyon atmosfera havosini katta miqdordagi qo'rg'oshin va boshqa zaharli moddalar bilan ifloslantirib keladi. GeoHealth jurnalida shu mavzudagi maqola taqdim etildi.
"Olingan ma`lumotlarga ko'ra, insonlar ikki ming yildan beri Yer havosini uzluksiz ifloslantirib keladi. Insonlar sonining keskin kamayishi va kasalliklar bilan bog'liq iqtisodiy kollapslarning o'ziyoq ifloslik darajasini bugun "tabiiy" hisoblanuvchi darajaga keltirgan", – deydi Harvard universiteti olimi Aleksandr Mor.
So'nggi yillarda olimlar sanoat davri boshlangunga qadar inson faoliyati va Yer aholisi sonining o'sishi iqlim va ekologiyaga qanday ta`sir qilganligiga faol qiziqish bildirishmoqda.
Asli tarixchi olim Mor insoniyatning tabiatni qo'rg'oshin va boshqa og'ir metallar bilan ifloslantirish tendensiyasiga qiziqdi. Olimning so'zlariga ko'ra, qadimgi rumoliklar va boshqa xalqlar idish-tovoq, quvurlar va boshqa uy anjomlarini tayyorlashda qo'rg'oshindan foydalanishgan. Olimlar qanday qilib bu jarayon o'sha davrda Yevropa ekologiyasiga ta`sir ko'rsatishi mumkinligiga qiziqib qolishdi.
Ushbu savolga javob topish uchun Mor va uning hamkasblari, shu jumladan paleoklimatolog va geologlar so'nggi ikki ming yilda shakllangan ulkan muz qatlamlari bo'lgan Italiya va Shveytsariya Alplariga yo'l olishdi.
Olimlar muz namunalarini to'plab, qanday qilib sivilizatsiya rivoji, Rumo imperiyasining qudrati va qulashi ifloslik darajasiga ta`sir qilishi mumkinligini tushunishga urinib, ulardagi qo'rg'oshin konsentratsiyasini o'lchashdi.
Yevropa atmosferasining ifloslik darajasi so'nggi ikki ming yil davomida juda yuqori bo'lgani ularni taajjubga soldi. Ora-orada, ya`ni qo'rg'oshin konsentratsiyasi "tabiiy"ga yaqin bo'lgan vaqtlarda kichik o'zgarishlar kuzatilgan. Bunday keskin o'zgarishlar, olimlarning fikricha, muhim tarixiy hodisalar bilan bog'liq bo'lgan.
Ularning eng yirigi mashhur "qora ajal", 1349-1353-yillarda Yevropadagi eng kuchli o'lat epidemiyasiga bog'liq bo'lgan. Ma`lumotlarga ko'ra, o'shanda aholining uchdan bir qismi halokatga yo'liqqani bois qo'rg'oshin ishlab chiqarish bir necha yilga butkul to'xtatilgan.
manba: kun.uz
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.