loading...

Iqlim o`zgarishlari O`zbekistonga qanday ta`sir qilmoqda? 

7132

Bugun "iqlim o`zgarishlari”, "global isish”, "ekologik tanglik”, "issiqxona effekti” singari tushunchalar tilimizga ancha o`rnashib qoldi. Qolaversa, ommmaviy axborot vositalari bu haqda anchadan beri tinimsiz bong urib kelayotir. 

O`zi nimalar bo`lyapti
Aslida, iqlim o`zgarishlari bir-ikki yilda yuzaga keladigan hodisa emas. Zotan, sayyoramiz tarixida uning tegrasidagi harorat muntazam ravishda o`zgarib kelgan. Bu jarayonlar ko`plab jonivorlar yoki o`simliklarning yo`qolib ketishi, o`zgacha hayot tarzi, yangicha tiriklik belgilari paydo bo`lishiga zamin yaratgan.

Jahon meteorologiya tashkilotining ma`lumotlariga ko`ra, ming yillar davomida uglerod tabiiy usulda biosfera, atmosfera va dunyo okeani bo`ylab bir xil me`yorda harakatlanib kelgan. Bu jarayon atmofserada karbonad angidrid va boshqa gazlarning havodagi miqdorini me`yorida tutib kelgan.

So`nggi bir yarim asrda iqlim o`zgarishlariga inson omili katta rol o`ynayotir. Ishlab chiqarish shiddat bilan rivojlanib, atrof-muhitga chiqarilayotgan zararli chiqindilar miqdorining ortishi, demografik o`sish, avtomobillarning ko`payishi havoning o`rtacha harorati ortishiga sabab bo`lyapti. Iqlimni mo``tadil saqlashda katta ahamiyatga ega bo`lgan o`rmonlar maydoni yildan yilga qisqarib borayotir.

Shunday davom etaversa, asrimiz oxirlariga borib, havoning o`rtacha harorati +4 darajaga oshadi. Bu esa, Antarktida, Grenlandiya va Shimoliy qutbda katta miqdordagi asriy muzliklarning erib, okeanga qo`shilishi, dunyo okeani sathining ko`tarilishi natijasida quruqlikdagi ko`plab shaharlar, kichik orollarning suv ostida qolishi demakdir.

Mutaxassislar faqatgina havoga uglerod gazlari chiqarish miqdorini qisqartirish orqali iqlim o`zgarishlarining oldini olish mumkin deyishmoqda. Shu sababli dunyodagi 180 dan ortiq korxona energiyadan qayta tiklanadigan manbalaridan foydalanish yo`liga o`tmoqda. 18 ta transmilliy korporasiyalar to`liq elektromobillardan foylanishni rejalashtirgan.

Sammitlar va hujjatlar ish beryaptimi?
O`tgan asrning oxirlarida global isishning oldini olish dunyo hamjamiyatini e`tiborini tortdi. 1992-yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida BMTning iqlim o`zgarishlari bo`yicha doiraviy konvensiyasi qabul qilindi. 1997 yili Yaponiyada iqlim o`zgarishlariga olib keluvchi «parnik gaz»larini atmosferaga chiqarishni qisqartirish yuzasidan Kioto protokoli imzolandi. 2005-yil 16-fevraldan rasmiy kuchga kirgan protokolni dunyoning 156 davlati ratifikasiya qilgan.

Kioto protokoliga muvofiq sanoat rivojlangan davlatlar 2008-2012-yillargacha o`rta hisobda atmosferaga «parnik gaz»lari chiqarishni 1990-yildagi ko`rsatkichdan 5 foizga qisqartirishi lozim edi. Buning uchun har bir davlatga aniq kvotalar belgilandi. Ammo, bu kelishuv amalda kutilgan natijalarni bermadi.

2015-yilning 30-noyabr - 12-dekabr kunlari ushbu protokolning davomi o`laroq, Parijda o`tkazilgan sammitda 80 mamlakat vakillari qatnashdi. Bitimdan ko`zlangan maqsad haroratning global o`sishini Selsiy shkalasi bo`yicha o`rtacha 2 darajadan past holatda ushlab turish va harorat o`sishi 1,5 darajada cheklanishi uchun sa`y-harakatlarni ishga solishdan iborat.

Tabiatda «parnik gaz»lari kamayishini tezlashtirish uchun konferensiyada ishtirok etgan davlatlar o`z zimmalariga yangi majburiyatlarni olgan. Masalan, Rossiya 2030-yilga borib atmosferaga SO2 (karbonat angidrid) gazi chiqarishni 1990-yildagi ko`rsatkichdan 30 foiz kamaytirishi joiz. Atmosferaga uglerod gazlari chiqarish bo`yicha dunyoda Xitoydan keyin ikkinchi o`rinda turuvchi AQSh esa 2025-yilga borib, 2005-yildagi ko`rsatkichni 26-28 foiz qisqartirishi shart.

Albatta, taraqqiyotni to`xtatib bo`lmaydi. Aholi sonining o`sib borishi ishlab chiqarish va sanoatni ham rivojlantirishini talab etmoqda. Biroq, texnogen jarayonlar shu taxlit rivojlanaversa sayyoramizni muqarrar xavf-xatar kutadi.

Shu bois, uglevodorod uning o`rnini bosuvchi, nisbatan arzon, atrof-muhit uchun xavfsiz resurslar, jumladan, quyosh, shamol, suv, atom va boshqa energiya manbaridan foydalanish haqidagi takliflar ilgari surilmoqda.

Keyingi besh yil juda issiq keladi
Sammitlar o`tkazilgani, hujjatlar imzolanganiga qaramay, hozircha iqlim o`zgarishlarida "o`zgarish” sezilmayapti. Sayyoramizning iqlimiy kelajagi haqida olimlar yakdil xulosaga kelishgani yo`q. Bir guruh olimlar iqlim o`zgarishlari global harorat ko`tarilishiga olib kelmoqda, degan fikrni ilgari sursa, boshqa bir guruh global muzlik davri yuzaga kelishini yaqinlashtiradi, degan fikrni bildirishgan. 

Joriy yil qish oylarida shimoliy mintaqalarda havo keskin sovub ketgani, yoz esa kutilganidan ancha issiq kelgani, Yaponiya, Kanada, Gresiya singari mamlakatlarda havonining me`yoridan issiq kelishi bir qator muammolarni keltirib chiqargani o`rmon yong`inlari yuz bergani, yuzlab insonlar nobud bo`lgani ham ayni haqiqat.

Yaqinda Brest va Sautgempton universitetlari mutaxassislari 2018-yildan boshlab keyingi to`rt yil davomida sayyorada harorat qo`shimcha 0,03 darajaga ko`tarilishini aniqlashdi.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish esa, o`z chiqishida iqlim o`zgarishlarining aql bovar qilmas oqibatlari aqida to`xtalib o`tdi. Birgina o`tgan yili iqlim o`zgarishlar tufayli yuz bergan tabiiy ofatlar jahon iqtisodiyotiga 320 mlrd dollardan ortiq zarar keltirgan.

Guterrishning aytishicha, o`rmonlarni tiklash uchun kiritilgan 1 dollarlik sarmoya 30 dollar foyda keltirishi, qayta tiklanadigan enegriya manbalaridan foydalanish 1 mlrd kishini elektr energiyasi bilan ta`minlash imkonini beradi. Joriy haftada AQShning Kalliforniya shtatida iqlim o`zgarishlariga bag`ishlangan xalqaro sammit, yil so`ngida esa, Polshaning Katovise shahrida shu masalada muzokaralara o`tkazilishi ko`zda tutilgan.

Bizning mintaqada ahvol qanday?
Tabiiyki iqlim o`zgarishlari keyingi yarim asr ichida bizning mintaqaga ham sezilarli ta`sir o`tkazdi. Bir paytlar mavjlanib yotgan Orol dengizi maydoni o`nlab baravarga qisqarib, uning o`zani qaqroq sahroga aylandi.

So`nggi yillarda havo haroratining ko`tarilishi natijasida Sirdaryo va Amudaryoni suv bilan ta`minlaydigan Pomir va Tyanshan muzliklari shiddat bilan erib bormoqda. Tojikiston hamda Qirg`iziston vakillari ba`zi muzliklar 20-30% eriganini aytishmoqda. Bir necha o`n yilliklar ichida esa bu muzliklarning yarmidan ko`pi erib bitishi mumkin.

Mintaqamizda ichimlik suvining 80 foizi ana shu muzliklardan kelishini hisobga olsak, ularning erishi yaqin kelajakda suv tanqisligini keltirib chiqarishi mumkin.

"O`zgidromet” ma`lumotlari O`zbekistonda ham iqlim o`zgarishlari o`z ta`sirini ko`rsatayotganini isbotlamoqda, Mamlakatimizda ob-havoni kuzatish 1872-yildan boshlangan. Birgina Toshkent shahrida o`rtacha yillik yog`in miqdori 423,4 millimetrni tashkil etgan bo`lsa, o`tgan bir asr davomida bu ko`rsatkich 60 mm.ga oshgan. So`nggi yuz yillik kuzatishlar shuni ko`rsatmoqdaki, birgina Toshkent shahrida o`rtacha yillik harorat 1.7 darajaga oshgan. Ayni paytda sayyoramiz miqyosida bu ko`rsatkich 0.7-0.8 darajani tashkil qiladi.

O`tgan yozda ham havo haroratininig keskin ko`tarilganiga guvoh bo`ldik. Joylarda 45 darajadan yuqori harorat kuzatildi.

Ko`pchilikni uzoq kelajak emas, yaqin kunlarda kutilayotgan o`zgarishlar qiziqtirishi tabiiy. Keyingi yillarda oktyabr oyi ham ancha iliq kelgan. 2002-2003-yillarda ushbu oyda harorat +34-35 darajaga ko`tarilgan. Oyi oxirida harorat +31-32 darajani tashkil etgan. Oktyabr oyi uchun eng past harorat so`nggi davrlarda 2016 yilda kuzatilgan bo`lib, havo harorati -2-4 daraja sovuqqacha tushib ketgan. Noyabr oyi 2010 yil juda quruq kelgan bo`lsa, 2011 yilda seryog`in kelgan.

Nima qilmoq kerak?
Iqlim o`zgarishlarining noxush oqibatlariga qarshi kurashish maqsadida O`zbekiston hukumati tomonidan xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik faol yo`lga qo`yilgan. O`zbekiston yuqorida tilga olingan xalqaro shartnoma va bitimlarga qo`shilgan. Jumladan, 2016-yil 19-aprel kuni O`zbekiston Parij bitimiga qo`shildi.

Joylarda keyingi yillarda mintaqa mamlakatlari o`rtasida o`zaro hamkorlik muhitininig rivojlanishi, munosabatlarning iliqlashishi iqlim o`zgarishlarini muvofiqlashtirishga ham ijobiy ta`sir qilishi mumkin. Xususan avgust oyida Turkmanistonda Orol muammosiga bag`ishlab o`tkazilgan sammitda ham mintaqadagi davlat rahbarlari ana shu masalalarni keng muhokama qilib, zarur chora-tadbirlarni belgilab olishdi.

Biroq, bu masala faqat davlat idoralari, soha mutaxassislari zimmasidagi vazifa emas. Har bir inson global isish, iqlim o`zgarishlarining oldini olishga qo`lidan kelgancha hissa qo`shishi shart. Ishlab chiqarish korxonalarida asosan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, imkon qadar ekologik toza transport vositalari (velosiped, elektromobil) xizmatidan foydalanish, yirik shahalarimizda avtomobilsiz kunlarni joriy etish, ko`p miqdorda yoqilg`i sarflaydigan avtomashinalar uchun to`lovlarni oshirish singari choralar ham ma`lum ma`noda iqlim o`zgarishlarini cheklashga yordam berishi mumkin. 

Hududlarda, ayniqsa shahar joylarida daraxtzorlarni yanada ko`paytirish, daraxtlarning asossiz kesilishiga yo`l qo`ymaslik kerak. Zotan, tabiiy boyliklarimizga ehtiyotkorona munosabatda bo`lsak, suv, gaz, elektr energiyasining ortiqcha sarfiga yo`l qo`ymasak, o`zimiz yashayotgan hudud, hovli yoki ko`chaning toza va ozodaligiga e`tibor qaratsak, nur ustiga nur bo`lur edi.
Manba: darakchi.uz

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash