loading...

Turon yo‘lbarsi 

27436

 Qadim-qadimdan odamlar yo‘lbarsni hayvonlar shohi, deb ataydilar, chunki  quruqlikda yashovchi barcha jonzotlarning hokimi sanalmish yo‘lbars kuch-qudratda tengsiz. Mushuksimonlar oilasiga mansub yo‘lbarslar, asosan, Markaziy Osiyo kengliklarida yashaydigan yirtqichlarning eng haybatlisi hisoblanadi. Shu bois, o‘lka aholisi orasida tarqalgan va tildantilga ko‘chib kelayotgan afsona, rivoyat va ertaklarda yo‘lbars asosiy qahramonga aylangan.
 Yo‘lbarslar ichida «Turon yo‘lbarsi» eng yirigi sanaladi. U Afg‘oniston, Eron, Markaziy Osiyoning Amudaryo, Chirchiq, Sirdaryo bo‘ylaridagi to‘qaylarda, Orolbo‘yi hamda Sariqamish mavzelarida 1945-50 yillargacha yashagan.
 Yo‘lbars Hindistonda harbiy jasorat timsoli, Yaponiyada esa, mardlik ramzi hisoblanadi. Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Koreyada yo‘lbarsni tog‘lar va g‘orlar sohibi, deb atashgan. Xitoyda esa, yo‘lbars kuch va salomatlik ramzi hisoblangan.
 Uning vazni 280 kg gacha boradi. Yo‘lbarsning hid bilish organi uncha kuchli rivojlanmagan, lekin juda yaxshi eshitadi va ko‘zi qorong‘uda ham yaxshi ko‘radi.
 Turon yo‘lbarsi bir kecha-kunduzda 18-20 soat uxlaydi va asosan, suv ichish uchun joyidan qo‘zg‘aladi. Yo‘lbarsning tanasi himoya rangiga ega. Mo‘ynasi sarg‘ish, qora-ko‘kimtir yo‘l-yo‘l chiziqlardan iborat bo‘lib, uni to‘qay-qamishzorlarda payqash qiyin. Yo‘lbars 6-7 metr masofaga, xususan, 3 metr balandlikka ham hech qiynalmay sakray oladi. Suvda yaxshi suzadi. Turon yo‘lbarsi Amudaryodan suzib o‘tganiga mahalliy aholi ko‘p bor guvoh bo‘lgan. Yuqorida ta’kidlanganidek, yo‘lbars kuch-qudrat va jasorat timsoli sifatida nafaqat badiiy adabiyot hamda xalq og‘zaki ijodiyotida, balki, xalq amaliy san’ati, me’morchilik, gilamdo‘zlik va boshqa hunarmandchilik buyumlarida ham qo‘llanilgan.
 Misol uchun, Samarqanddagi Registon me’morchilik ansambli tarkibiga kiruvchi Sherdor madrasasida ham naqshinkor bezaklar bilan ishlangan yo‘lbars tasvirini ko‘rish mumkin. Yo‘lbarslarning, shu qatorda ularning o‘ljalari bo‘lgan boshqa tuyoqli hayvonlarning ovlanishi, to‘qay hamda tog‘oldi o‘rmonlarining kesilishi, yerlarning qishloq xo‘jaligi maqsadlarida qo‘llanilishi, qamishzorlarga o‘t qo‘yilishi – bularning barchasi ushbu jonivorning soni keskin kamayib ketishiga sabab bo‘lgan. 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.