loading...

Bugungi kunda yer yuzidagi hayvonlar va o’simliklarning 40 foizi yo’q bo’lib ketish arafasida 

18733

 Olimlarning fikricha, insonlarning aybi bilan sayyoramizdagi o’simlik va hayvonat dunyosi tabiiy jarayondan  ming barobar tezlikda yo’qolib bormoqda ekan. Bu degani bir kunda 10 tadan 130 tagacha hayvon, parranda va o’simlik turlari yo’q bo’lib borayotganini anglatadi.
 2010-yilda BMTning bioxilma-xillik Komissiyasi hisobot e’lon qildi. Hisobot mualiflari hozirgi vaziyatni 65 million yil avval dinozavrlarning yo’q bo’lib ketishi bilan taqqoslaydi. Bugungi kunda yer yuzidagi hayvon va o’simliklarning 40 foizi yo’q bo’lib ketish arafasida turibdi. Agar vaziyat shu darajada saqlanib qoladigan yoki tezlashadigan bo’lsa, u holda yaqin o’n yillikda ko’plab hayvon va o’simliklar yo’q bo’lib ketishi aniq. Bu muammo ustida yer yuzida istiqomat qilib kelayotgan har bir inson o’ylab ko’rishi kerak. Chunki ona yerimizda bioxilma-xillik yo’qolar ekan global ekologik muammolar   paydo bo’lishi shubhasiz.
  Jahon Yovvoyi tabiati ro’yxatiga yo’qolib ketish arafasida turgan o’nlab hayvonlar kiritilgan. Bu ro’yxatga yo’lbarslar ham qo’shilgan. XX asrda go’zal va kuchli bo’lmish yo’lbarslar 95 foizga kamayib ketdi. Bali, Turon va Yava yo’lbarslari butunlay yo’q bo’lib ketdi. Janubiy Xitoy yo’lbarslarini esa chorak asrdan beri hech kim ko’rmagan. Hozircha yovvoyi tabiatda faqat bengal, amur, hindixitoy, Sumatra va Malayziya yo’lbarslari saqlanib qolingan. Tabiatdagi yo’lbarslarning 80 foizini Bengal yo’lbarslari tashkil qiladi. Brakonerlar terisi, ichki organlari va go’shti uchun yo’lbarslarni o’ldirmoqda. Yo’lbarslarning yo’l-yo’l terisiga qiziqish kun sayin emas, balki soat sayin o’sib borayotgani tan olinadi. Bir kilogramm yo’lbars go’shti 40 ming dollar, bir kilogramm suyagi esa 5 ming dollarga baholanadi.
  Tropik o’rmonlarning ayovsiz qirqilishi ham yovvoyi hayvonlarning yo’q bo’lib ketishiga omil bo’lmoqda. Yo’qolib borayotgan hayvonlar  orasida  Shimpanze xam bor. So’nggi 20-30 yilda shimpanzelarning ko’payishi pasayib ketgan. Bunga ular yashaydigan o’rmonlarning yo’q qilinishi, go’shti uchun brakonerlar tomonidan ovlanshi va bolalarining  o’g`irlab ketilishi sabab bo’lmoqda. So’nggi vaqtlarda shimpanzelar o’rtasida kuzatilayotgan yuqumli kasalliklar ham ularning ko’payishiga  salbiy   ta’sir ko’rsatmoqda.
  G`arb gorillasi ham yo’q bo’lib ketish arafasida. 2007-yilda g`arb gorillasi Qizil kitobga kiritilgan. Brakonerlik, o’rmonlarning qirqilishi, iqlim o’zgarishi va nihoyat ebola virusi gorillalarning yo’q bo’lishiga olib    keldi.
  Maymunlarning Orangutan turi xam yo’q bo’lib ketish arafasida turibdi. Qishloq xo’jaligi va yo’llar qurilishi maqsadida o’rmonlarning yo’q qilinishi orangutanlar uchun fojea bo’ldi. Bundan tashqari brakonerlar orangutanlarning bolalarini o’g`irlab ketishi xam ularning ko’payishiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. So’nggi 75 yil ichida Sumatra orangutanlarning soni 80 foizga kamaydi.
  Galapagos yoki fil toshbaqasi ham yo’qolib ketish arafasida turibdi. Olimlarning fikricha, XX asr boshlarida 200 mingdan ortiq fil toshbaqasi yo’q bo’lgan. Ya’ni Charlz va Barington orollarida toshbaqalar butunlay yo’q bo’lib ketgan. Yevropalik dengizchilar Galapagos orolini kashf qilganlaridan so’ng bu yerdagi fil toshbaqalaridan "tirik konserva” sifatida foydalanishgan. Shuningdek yerlar o’zlashtirilishi tufayli toshbaqalarning ko’payishi ham kamayib ketdi. Ayni damda fil toshbaqalarining soni 19 mingtani tashkil qiladi. Avvallari fil toshbaqalarining 15ta turi bo’lgan bo’lsa, endilikda 9 ta turi saqlanib qolgan.
  Qachonlardir gepardlar Afrikaning barcha hududllarida, Yaqin Sharq va Osiyoning markaziy qismlarida  uchrar edi. Hozir esa ularni faqat Afrikaning Sahroi Kabirida va Osiyoda oz sonda uchratish mumkin. Gepardlar ko’p xollarda uy hayvonlariga hujum qilib turadi, bu esa odamlarning noroziligiga sabab bo’lib, ularga qarshi kurashga olib keladi. Gepardlarning terisiga brakonerlarning qiziqishi hamon yuqori. So’nggi 20 yilda gepardlar soni 30 foizga qisqardi.
  Grevi zebrasi Shimoliy Afrika hududlarida qadimdan yashab keladi. Qadimda olimlar bu hayvoni "yo’lbars ot” deb atashgan edi. Grevi zebrasi 1970-yillarda 15 mingga yaqin edi. 21 asr boshlarida ularning soni 3 ming 500 taga tushib qoldi. Ayni damda yovvoyi tabiatda yashovchi Grevi zebrasi 2 ming 500 dan oshmaydi. Hayvonot bog`larida esa 600 ga yaqin  zebra boqiladi. So’nggi yuz yillikda Grevi zebrasining terisiga qiziqish kuchaydi. Bundan tashqari uy hayvonlarining raqibi bo’lgani uchun ham zebralar ayovsiz qirib tashlandi.
  So’ngi 10 yilda jahondagi begemotlar soni 20 foizga qisqardi. Yaqin 30 yil davomida ularning soni 30 foizga qisqarishi kutilmoqda. Mahalliy aholi begemotning go’shti va suyagi uchun uni   ovlaydi.
  Janubiy, Janubliy-Sharqiy va Sharqiy Osiyoda uchraydigan  dunyodagi eng zaharli bo’lmish Qirol kobrasi ham kamayib bormoqda. Brakonerlar uning terisi va zahariga qiziqadilar. Uning go’shti va qoniga xam  qiziqish katta. Qirol kobrasi yashaydigan yerlarning o’zlashtirilayotgani ham ularning ko’payishiga xalaqit bermorqda.
  Afrika sherining ko’payishi so’nggi o’n yilliklarda kamayib ketdi. 1950  yilda 400 mingta Afrika sheri mavjud edi. 2002-2004-yillarda ularning soni 47 mingdan  16 yarim ming tagacha kamayib ketdi. Bunga yuqumli kasalliklar, ularning ovlanishi va  ko’payishining  kamayib borishi sabapb bo’ldi. Mollari va o’zlarining hayotini himoya qilish maqsadida odamlar sherlarni o’ldirishdan ham aslo ko’z yumib bo’lmaydi. Ayni damda Afrika sherlarni saqlab qolish maqsadida bir qator mamlakatlarda Milliy bog` va qo’riqxonlar tashkil etilgan.
  Katta pandani bugungi kunda Xitoy markazidagi tog`larda, asosan Sichuan, Gansu va Shensi viloyatlarida uchratish mumkin. Qadim qadimdan pandaning chiroyli terisiga qiziqish bo’lgan. 1869-yilda panda ilk bor g`arbga olib borilgan va shu-shu odamlarning ermagiga aylangan. Pandalarning ko’payishi yildan yilga kamayib ketmoqda. Ayni damda    yer yuzida  1 ming 600 ta panda bor.
  Tabiatni muhofaza qilish Jahon Uyushmasi ma’lumotlariga ko’ra, 2008-yilda oq ayiqlar soni 20 mingdan 25 mingtagacha bo’lgan. Biroq yildan yilga oq ayiqlar soni qisqarib bormoqda. Global iqlim o’zgarishi oqibatida Arktika muzlari erimoqda. Bu esa oq ayiqlarning turmush tarzining o’zgarishini anglatadi. So’nggi 45 yilda oq ayiqlar soni 30 foizga kamaydi. Yana 100 yildan keyin yer yuzida bir dona xam oq ayiq qolmasligidan bong    uriladi.
  Kitlar asrlar davomida baliqchilik sanoatining o’zagi bo’lib kelgan. Ilk bor 1608-yilda go’sht va yog`i uchun kit ovlangani aytiladi. 1868-yildan 1965-yilga qadar 181 ming  400 kit ovlangani aytiladi. 1996-yilda  kitlarning soni 90 foizga kamayib ketdi. Vaziyatdan xavotirga tushgan Kitlarni ovlash xalqaro komissiyasi 1996-yilda bukri kitlarni ovlashni butunlay taqiqladi. Bugungi kunda kitlar ovi cheklangan bo’lib, yilning ma’lum vaqtida Bekiya oroli sohillarida ovlanadi. Yaponiyada kitlarni ilmiy maqsadlaroda ovlash dasturi (JARPA-II) bor.
  Avval yuz bergan besh marta  ommaviy yo’q bo’lishlarga kuchli vulqon otilishi, sayyoramizning yirik asteroidlar bilan to’qnashuvi sabab bo’lgan edi. Endi esa insoniyatning o’zi yer yuzida tiriklikning yo’qolib ketishiga  sabab bo’lmoqda. Tabiatga mehribon bo’laylik.
Sharofidin TO`LAGANOV
"O`zbekiston" teleradiokanali DUK "Axborot" informatsion eshittirishlar
muharririyati "Xalqaro hayot" guruhi bo`lim mudiri

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.