Xalqaro ekologik hamkorlik
Yer sayyorasi va uning o`ziga xos
tabiati insoniyatning umumiy yashash makoni, yagona uyi hamda yashyash vositasi
hisoblanadi. Shuning uchun yuz berayotgan ekologik tangliklarni bartaraf etish
yer yuzidagi barcha xalqlar va davlatlarning umuminsoniy vazifasidir.
Sayyoramizda Xalqaro ekologik hamkorlikning zarurligi quyidagi hollar bilan
belgilanadi:
- Yer sayyorasi va uning o`ziga xos tabiatini insonga ma’lum bo`lgan olamda yagona ekanligi;
- Yer tabiati va biosfera yaxlit tizim sifatida mavjud bo`lib inson va jamiyat uning tarkibiy qismi ekanligi;
- Insoniyatning barcha ishlab chiqarish faoliyatini moddiy negizi tabiat ekanligi;
- Tabiatdagi salbiy o`zgarishlar va atrof-muhitga antropogen ta’sir ko`lami jihatidan butun sayyoraga tazyiq ko`rsatuvchi jarayonlar ekanligi;
- Hozirda yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni hal etishga ko`p hollarda bir yoki bir nechta davlatlaning imkoniyatlari yetarli emasligi;
- Barcha insoniyatning birgalikdagi harakati sayyoramizdagi ekologik vaziyatni yaxshilashning eng maqbul yo`li ekanligi.
Xalqaro ekologik hamkorlik (XEH)
deyilganda – yer yuzidagi barcha mamlakat xalqlar tomonidan tabiat muhofazasiga
doir xalqaro kelishuv-shartnoma, konvensiyalar tuzish, xalqaro ekologik
me’yorlani ishlab chiqish va ularga rioya etilishini hamkorlikda nazorat qilish,
umumsayyoraviy va hududiy ekologik muammolarni birgalikda hal etish, ilmiy tadqiqotlar
va turli xalqaro anjumanlar o`tkazish kabi keng ko`lamli chora-tadbirlar
kompleksi tushuniladi. XEH quyidagi tamoyillarga asoslangan bo`lishi lozim:
- Sayyoramizdagi har bir inson sog`lom ekologik sharoitlarda yashash huquqiga ega ekanligi;
- Har bir mamlakat atrof-muhit va tabiiy resurslardan o`z fuqarolarri manfaatlari yo`lida foydalanish huquqiga ekan ekanligi;
- Bir davlatning ekologik muvaffaqiyati boshqa davlatlar hisobiga bo`lmasligi yoki ularning manfaatlariga zid bo`lishiga yo`l qo`ymaslik;
- Har bir davlat hududidagi ishlab chiqarish faoliyati shu davlatdagi va undan tashqaridagi tabiiy muhitga zarar yetkazmasligini ta’minlash;
- Ekologik oqibatlarni bashorat qilib bo`lmaydigan har qanday xo`jalik va boshqa turdagi faoliyatlarni amalga oshirilishiga yo`l qo`ymaslik;
- Tan olingan xalqaro me’yorlar va andozalar asosida atrof-muhit, tabiiy resurslar va ulardagi o`zgarishlar ustidan nazorat o`rnatish;
- Atrof-muhit muammolari bilan bog`liq barcha kelishmovchiliklarni tinchlik yo`li bilan hal etish.
Hozirgi paytda XEH asosan ikki
xil shaklda namoyon bo`lmoqda:
1. Atrof-muhit muhofasasi va tabiiy resurslardan oqilona
foydalanishga qaratilgan ikki yoki ko`p tomonlama davlatlararo bitim, shartnoma
va konvensiyalar tuzish.
2. Turli xalqaro tabiatni muhofaza qiluvchi uyushma,
komissiya va tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish.
Xalqaro
ekologik hamkorlik umumbashariy qadriyatlarning muhim tarkibiy qismi
sifatida so`nggi yuz yildan ko`proq vaqtdan beri shakllanib, takomillashib bormoqda.
Uning dastlabki ko`rinishlari XIX asr
oxirlaridan boshlab hayvonotlardan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan
davlatlardan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan davlarlararo harakat
tarzida namoyon bo`la boshladi.
1945-yilda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tashkil etilishi munosabati bilan
ekologiya sohasidagi xalqaro hamkorlik ushbu xalqaro tashkilot faoliyatining muhim
tarkibiy qismi sifatida rivojlana boshlandi. BMT xalqaro ekologik hamkorlikni
yanada taraqqiy ettirish yo`lida ko`p ishlarni amalga oshirdi.
Hozirda
BMTning mavjud 14 ta ixtisoslashgan tashkilotlardan 6 tasi atrof-muhit muhofazasiga
aloqador masalalar bilan shug`ullanadi. Jumladan, YuNESKO-ta’lim, fan va madaniat masalalari bilan
shug`ullanuvchi tashkilot faoliyatining asosiy yo`nalishlaridan biri atrof-muhit muhofazasi sohasida maorif va
kadrlar tayyorlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo`yicha
ijobiy tajribalarni ommalashtirish,
ilmiy tadqiqotlar o`tkazishga qaratilgan.
FAO– oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi bo`yicha
tashkilot. U yer, suv, o`simlik va hayvonlardan kompleks foydalanish, ularning
unumdorligini oshirish muammolari bilan shug`ullanadi.
VOZ- xalqaro sog`likni saqlash tashkiloti. Atrof-muhitni
muhofazasining sanitary-gigiyenik masalalari bilan shug`ullanadi.
VMO- xalqaro meteorologik tashkilot. Iqlimdagi
umumsayyoraviy o`zgarishlar bilan shug`ullanadi.
IMKO- dengizlar bo`yicha davlarlararo maslahat
tashkiloti. Bu tashkilot dunyo dengiz va okeanlaridan foydalanishning ekologik jihatlari
bilan shug`ullanadi. Yuqoridagilardan tashqari, BMTning ijtimoiy va iqtisodiy
masalalar bilan shug`ullanuvchi kengashi EKOSOS faoliyatida ham atrof-muhit muhofazasiga
jiddiy e’tibor beriladi.
1974-yil
BMT ning atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan foydalanishga bag`ishlangan maxsus Bosh sessiya o`tkazildi. Unda «Yangi xalqaro
ekologik tartiblarni o`rnatish haqida Deklaratsiya» va bu tartiblarni o`rnatishning
harakat dasturidan iborat 2 ta muhim xalqaro hujjat tasdiqlandi. Bu hujjatlarda
oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko`paytirish muammosiga katta
e’tibor berildi, jumladan, sahrolashish va yerlarning sho`rlanishini oldini
olish, tabiiy va oziq-ovqat resurslariga zararli ta’sirlarni kamaytirish,
ifloslanishga qarshi kurash, resurslarni muhofazalash va qayta tiklash bo`yicha
zudlik bilan choralar ko`rishga chaqirildi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik
Xelsinki (Finlyandiya) kengashida ham ekologik masalalarga keng o`rin berildi.
Xalqaro
hamjamiyatning tarkibiy qismi hisoblangan Markaziy Osiyo mintiqasining barkaror
rivojlanishini ta’minlovchi ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni
yechishda O`zbekiston XEH masalalariga katta e’tibor bermoqda. Respublikada
tabiatni muhofaza qilish ishlari boshqa davlatlar va Xalqaro tashkilotlar bilar
har tomonlama hamkorlik qilish orqali amalga oshirilmoqda. Mustaqillik
yillarida atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning
turli jihatlarini tartibga soluvchi ko`plab xalqaro shartnomalar va bitimlar
tuzildi. Respublikamiz XEHning turli yo`nalishlari bo`yicha amalga oshirilayotgan
xalqaro tadbirlarda faol ishtirok eta boshladi. O`zbekiston Respublikasi 1992-yilgi
biologik rang-baranglikni saqlash Konvensiyasi, 1992-yilgi iqlim o`zgarishi to`g`risidagi
Konvensiyalarga qo`shildi. Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi har
qanday davlarlararo hamkorlik ekologik vaziyatni mahalliy, regional va umumbashariy
darajada yaxshilashning asosidir.
O`zbekiston
1992-yilda imzolagan MDH Davlatlararo Ekologiya Kengashining teng huquqli
a’zosi hxisoblanadi. Respublikaning Xalqaro ekologik hamkorlik borasidagi faoliyati, ayniqsa, Orol muammosiga
qaratilgan masalalarda yanada yakkolroq namoyon bo`lmoqda. O`zbekistonning faol
ishtiroki va sa’y-harakatlari tufayli Orol dengizi muammolari bo`yicha
Davlatlararo Kengash va uning ishchi organi Ijroiya qo`mitasi, Orolni qutqarish
Xalqaro jamg`armasi tashkil etildi va faoliyat ko`rsatmoqda.
Insoniyat boshiga ko`lanka solib turgan ekologik
falokatlarning oldini olish bo`yicha xalqaro hamkorlik ma’lum darajada
shakllangan va muhim tadbirlar amalga oshirilgan bo`lsa-da, hali bu boradagi
ishlarni yanada izchil faollashtirish zarur. Chunki hozirgacha atrof-muhit muhofazasi
va insoniyatga yetarli, qulay yashash sharoitlarini yaratish masalalarini boshqarib
turuvchi tom ma’nodagi keng ko`lamli, ta’sirchan, xolis, yagona xalqaro tizim
vujudga kelgani yo`q. Xalqaro ekologik hamkorlik takomillashib
borishi insoniyat taraqqiyotining bundan keyingi bosqichlarida ham muhim hayotiy
zaruratlardan biri bo`lib qolaveradi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.
Sharhlar - 1