loading...

Ekologik muammolar 

29370

 
O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning "O`zbekiston XXI asr bo`sag`asida "Xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari" asarida keltirilgan quyidagi ma`lumotlarni diqqat bilan o`qib chiqing!
 
 
Milliy xavfsizlikka qarshi yashirin tahdidlarni ko’rib chiqar ekanmiz,  ekologik  xavfsizlik  va  atrof-muhitni  muhofaza  qilish muammosi alohida e’tiborga molikdir. Ochiq e’tirof etish kerakki, uzoq  yillar  mobaynida  eski  ma’muriy-buyruqbozlik  tizimi sharoitida bu muammo bilan jiddiy shug`ullanilmagan. Aniqrog`i, bu muammo  ayrim  jonkuyar  olimlar  uchungina  tadqiqot  manbai,   mamlakatlarining  kelajagiga,  tabiiy  boyliklari  saqlanib qolishiga  befarq  qaramagan,  bu  haqda  qattiq  tashvish  chekkan odamlarning esa "qalb nidosi" bo’lib kelgan. 

Biroq  ularning  vijdonga,  fuqarolik  burchiga,  nihoyat,  aql idrokka da’vatlari to’ralashib ketgan sovet-partiya amaldorlarining sovuq,  hatto  aytish  mumkinki,  surbetlarcha  loqaydligiga  duch kelavergan.  Bunga  ajablanmasa  ham  bo’ladi.  Tabiiy  va  mineral-xom ashyo  zaxiralaridan  vahshiylarcha,  ekstensiv  usulda,  juda  katta xarajatlar  va  isrofgarchiliklar  bilan  foydalanishga  asoslangan sotsialistik xo’jalik yuritish tizimining butun mohiyatiga mamlakat ixtiyoridagi  beqiyos  boyliklarga  avaylab  munosabatda  bo’lish  g`oyasi butunlay  yot  edi.  Aksincha,  boyliklardan  bunday  foydalanish  ikki tuzumning  iqtisodiy  musobaqasida  mamlakatning  asosiy  dastagi eksport imkoniyatlarining negizi bo’lib keldi. 

Iqtisodiyotni  rivojlantirishdagi  bosh  maqsad  ekstensiv omillarga  qaratilgan  edi.  Tabiiyki,  bunday  sharoitda  yashirin boyliklardan  oqilona  foydalanishni  tartibga  soladigan tabiatning,  atrof  muhitning  himoya  qilinishini  kafolatlaydigan biron-bir  me’yorlar  va  qoidalarga  rioya  qilish  haqida  gap  ham bo’lishi  mumkin  emas  edi.  Tabiatni  muhofaza  qilish  tadbirlariga arzimas  darajada  kam  mablag`  ajratilardi.  Bu  mablag`  tabiatga yetkazilayotgan  zararning  mingdan  bir  qismini  ham  qoplamas  edi. O’rmonlar o’ylamay-netmay, vahshiylarcha kesib tashlanar edi. Yoqilg`i va  mineral-xom  ashyo  zaxiralari  real  ehtiyoj  bilan  taqqoslanmagan holda juda  ko’p miqdorda  qazib  olinganidan  ko’pchilik  qismi  qayta ishlanmagan chiqitlar  sifatida uyulib  yotar  edi. Tabiatni muhofaza qiluvchi  eng  oddiy  tozalash  inshootlariga  ega  bo’lmagan  bahaybat sanoat  korxonalari  faol  bunyod  etildi. Natijada  barcha  zaharli  va zararli  sanoat  chiqindilari  ulkan  havo  kengliklarini,  suv havzalarini, yer maydonlarini ifloslantiradigan bo’ldi. O’z ko’lami jihatidan  beqiyos  darajada  katta  gidroenergetika  loyihalarini ro’yobga  chiqarish,  transport  kommunikatsiyalarini (BAM,  Turksib kabi  temir  yo’llarni,  avtomobil,  neft-gaz  magistrallarini  va  irrigatsiya  tarmoqlarini)  bunyod  etish  nafaqat  tabiiy  zaxiralarni qashshoqlashtirdi.  Butun  boshli  aholi  punktlarining  yo’q  bo’lib ketishiga,  ekologik muvozanat,  iqlim,  odamlarning  hayot  va faoliyat sharoitlarining buzilishiga ham olib keldi. 

Bu  muammo  so’nggi  yillarda  yanada  keskinlashdi.  MDHga  a’zo bo’lgan  bir  qancha  mamlakatlarning  bozor  iqtisodiyotiga  betartib suratda  o’tishi,  tabiiy  va  mineral-xom  ashyo  zaxiralaridan foydalanishda  boshqaruvning  barham  topgani,  nazorat qilinmaganligi  natijasida  ular  tashib  ketila  boshlandi. Vahshiylarcha  qazib  olindi  va  arzon  narxlarda  eksport  qilindi. Ayrim "yangi  boyvachchalar"  deb  ataluvchi  va  korrupsiya  domiga ilingan  butun-butun  guruhlar  uchun  qo’shimcha foyda  olish manbaiga aylandi. Shu bilan birga, ular o’zlarining ochko’z manfaatlari yo’lida hozirgi  va  kelgusi  avlodlarning  ekologik  xavfsizligini, salomatligi  va farovonligini  qurbon  qilmoqdalar.  Benihoya  ulkan moddiy  boyliklar,  insoniyatning  noyob  yutuqlari  vijdonsizlarcha o’g`irlab  ketilmoqda, yo’q  qilib  tashlanmoqda. Bu bilan butun  atrof muhitga ham juda katta zarar yetmoqda, iqlim buzilmoqda. Eng yomoni esa  bir  necha  avlod  kishilarining  tabiiy  hayot  va  faoliyat sharoitlariga putur yetmoqda. 

Asrlar  tutash  kelgan  pallada  butun  insoniyat,  mamlakatimiz aholisi  juda  katta  ekologik  xavfga  duch  kelib  qoldi.  Buni sezmaslik,  qo’l  qovushtirib  o’tirish -  o’z-o’zini  o’limga mahkum  etish bilan barobardir. Afsuski, hali ko’plar ushbu muammoga beparvolik va mas’uliyatsizlik bilan munosabatda bo’lmoqdalar. 

Ekologik  xavfsizlik  muammosi  allaqachonlar  milliy  va mintaqaviy  doiradan  chiqib,  butun  insoniyatning  umumiy muammosiga  aylangan.  Tabiat  va  inson  o’zaro  muayyan  qonuniyatlar asosida munosabatda bo’ladi. Bu qonuniyatlarni buzish o’nglab bo’lmas ekologik falokatlarga olib keladi. 

Bu  xavfni  ancha  kech, 70-yillarning  boshlaridagina  anglay boshladik. O’shanda  mazkur  masala  dunyo  miqyosidagi  taraqqiyotga bag`ishlangan  dastlabki  G`arb  modellarida  keskin  qilib  qo’yilgan edi.  Bu  hol  bamisoli "bomba  portlaganday"  ta’sir  etdi. Insoniyat qanday xavf qarshisida turganligini, atrof muhitga inson faoliyati  tufayli yetkazilayotgan  zarar qanday natijalarga olib kelganligini yaqqol his etdi. 

Insonning  tabiat  imkoniyatlarini  va  uning  rivojlanish qonuniyatlarini hisobga olmay, jadal yuritilgan xo’jalik faoliyati, Rim klubining "XXI asr yo’li" deb atalmish tadqiqotlaridan birida ko’rsatib o’tilganidek, Yer yuzida tuproq nurashi, o’rmonlardan mahrum bo’lish, baliqlarning haddan tashqari ko’p ovlanishi, tuzli yomg`irlar, atmosfera  ifloslanishi,  ozon  qatlami  buzilishi  va  hokazolarning ro’y  berishiga  olib  keldi. Mutaxassislarning  baholashlaricha, 2000 yilga  borib  o’rmonlar  egallab  turgan  maydon  quruqlikning 1/6 qisminigina  tashkil  etadi,  holbuki, 50-yillarda  ular 1/4  qismni egallagan  edi.  Jahon  okeanining  suvlari  halokatli  ravishda ifloslanib  bormoqda,  uning  takroriy  mahsuldorligi  keskin pasaymoqda.  Jadal  sur’atlar  bilan  yuz  berayotgan  urbanizatsiya jarayonlari  shaharlarning  asosiy  aglomeratsiyalari  eng  yirik ifloslantirish  manbalariga  aylanib  qolishiga  olib  keldi. Tarkibida  oltingugurt  qo’sh  oksidi  va  azot  oksidi  bo’lgan  tuzli yomg`irlar yog`ishi ko’paydi. Buning natijasida butun dunyoda ekologik muhitning yomonlashuvi bilan bog`liq  turli-tuman kasalliklar  soni ortib bormoqda. 

Hozirgi  vaqtda  jahon  fan-texnika  taraqqiyoti  jadal rivojlanishi  munosabati  bilan  tabiiy  zaxiralardan  xo’jalik maqsadlarida  tobora  ko’proq foydalanilmoqda.  Buning  ustiga,  dunyo aholisi  yildan-yilga  o’sib  borib,  ko’proq  miqdorda  oziq-ovqat, yoqilg`i,  kiyim-kechak  va  boshqa  narsalarni  ishlab  chiqarish  talab qilinmoqda.  Bu  esa  o’rmonlar  egallab  turgan  maydonlarning  jadal sur’atlarda  qisqarishiga,  cho’l-sahrolarning  bostirib  kelishiga, tuproqning  buzilishiga,  atmosferaning  yuqorida  joylashgan  ozon to’sig`i  kamayib  ketishiga,  yer  havosining  o’rtacha  harorati  ortib borishiga va boshqa holatlarga sabab bo’lmoqda. 

Beto’xtov  davom  etayotgan  qurollanish  poygasi,  atom,  kimyoviy qurollar va ommaviy qirg`in qurollarining boshqa turlarini ishlab chiqarish,  saqlash  va  sinash  insoniyat  yashaydigan  muhit  uchun  juda katta xavfdir. 

Hozir, XXI  asr  bo’sag`asida,  fan-texnika  taraqqiyoti  jadal sur’atlar  bilan  rivojlanib  bormoqda.  Dunyoning  jo’g`rofiy-siyosiy tuzilishi o’zgarmoqda. Bunday sharoitda inson tomonidan biosferaga ko’rsatilayotgan ta’sirni tartibga solish, ijtimoiy taraqqiyot bilan qulay  tabiiy  muhitni  saqlab  qolishning  o’zaro ta’sirini uyg`unlashtirish,  inson  va  tabiatning  o’zaro  munosabatlarida muvozanatga  erishish  muammolari  borgan  sari  dolzarb  bo’lib qolmoqda. Xalqaro  hamjamiyat  insonning  nafaqat  yashash  huquqi,  balki to’laqonli  va  sog`lom  turmush  kechirishi  uchun  zarur mo`tadil  atrof-muhit  sharoitlariga  ham  bo’lgan  huquqlarining  muqaddas  va daxlsizligini allaqachonlar e’tirof etgan. Ekologik  xavfsizlik  kishilik  jamiyatining  buguni  va  ertasi uchun  dolzarbligi,  juda  zarurligi  bois  eng  muhim  muammolar jumlasiga  kiradi.  Bu  muammolar  amaliy  tarzda  hal  etilsa,  ko’p jihatdan hozirgi va kelgusi avlod turmushining ahvoli va sifatini belgilash  imkoniyatini  beradi.  Iqtisodiyotning  ishlab  chiqarish bilan  bog`liq  tarmoqlarini  ekologik jihatdan  zararsiz  texnologiya yordamida  rivojlantirishni  ta’minlash  imkoniga  ega  bo’linadi. Ma’lumki,  tabiatning  holati  birdaniga  va  darhol  yomonlashib qolmaydi.  Bu  jarayon  uzoq  vaqt  davom  etadi.  Boshqacha   aytganda, ekologik vaziyat asta-sekin yomonlasha boradi. 

Ekologiya  hozirgi  zamonning  keng miqyosdagi  keskin  ijtimoiy muammolaridan  biridir.  Uni  hal  etish  barcha  xalqlarning manfaatlariga  mos  bo’lib,  sivilizatsiyaning  hozirgi  kuni  va kelajagi  ko’p  jihatdan  ana  shu  muammoning  hal  qilinishiga bog`liqdir. 

Taraqqiyotning hozirgi bosqichida inson bilan tabiatning o’zaro ta’siriga oid bir qator muammolarni hal etish faqat bir mamlakat doirasida cheklanib qola olmaydi. Ularni butun sayyoramiz ko’lamida hal  qilish  zarur.  Ko’rinib  turibdiki,  tabiiy  muhitni  inson yuritadigan xo’jalik faoliyatining zararli ta’siridan himoya qilish bilan bog`liq ko’pgina muammolar keng ko’lam kasb etadi. Shu sababli ular faqat xalqaro hamkorlik asosida hal qilinishi lozim. 

Ekologiya  muammosi  Yer  yuzining  hamma  burchaklarida  ham dolzarb.  Faqat  uning  keskinlik  darajasi  dunyoning  turli mamlakatlarida va mintaqalarida turlichadir. 

Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik falokatning g`oyat xavfli zonalaridan  biri  vujudga  kelganligini  alam  bilan  ochiq  aytish mumkin. Vaziyatning murakkabligi shundaki, u bir necha o’n yilliklar mobaynida ushbu muammoni inkor etish natijasidagina  emas, balki mintaqada inson hayot faoliyatining deyarli barcha sohalari ekologik xatar  ostida  qolganligi  natijasida  kelib  chiqqandir.  Tabiatga qo’pol  va  takabburlarcha  munosabatda  bo’lishga  yo’l  qo’yib  bo’lmaydi. Biz  bu  borada  achchiq  tajribaga  egamiz.  Bunday  munosabatni  tabiat kechirmaydi. Inson - tabiatning xo’jayini, degan soxta sotsialistik mafkuraviy  da’vo,  ayniqsa,  Markaziy  Osiyo  mintaqasida  ko’plab odamlar,  bir  qancha  xalqlar  va  millatlarning  hayoti uchun  fojiaga aylandi. Ularni  qirilib  ketish, genofondning  yo’q  bo’lib  ketishi yoqasiga keltirib qo’ydi. 

Afsuski,  bu  jarayonlar  O’zbekistonni  ham  chetlab  o’tmadi.  Bu yerda,  mutaxassislarning  baholashicha,  juda  murakkab,  aytish mumkinki, xavfli vaziyat vujudga kelmoqda. Bunday vaziyat nimadan iborat? 

Birinchidan,  yerning  cheklanganligi  va  uning  sifat  tarkibi pastligi  bilan  bog`liq  xavf  to’xtovsiz  ortib  bormoqda.  Markaziy Osiyo  sharoitida  yer  Alloh  taoloning  bebaho  in’omidir.  U  tom ma’noda  odamlarni  boqadi,  kiyintiradi.  Bevosita  dehqonchilik bilan  bog`langan  oilalarnigina  emas,  balki  ma’lum  bir  tarzda qishloq  xo’jaligi  bilan  aloqador  barcha  tarmoqlar  va  uning ne’matlaridan  bahramand  bo’layotgan  respublikaning  barcha  aholisi farovon turmush kechirishi uchun moddiy negiz yaratadi. Ayni vaqtda yer  ulkan  boylik  bo’libgina  qolmay,  mamlakatning  kelajagini belgilab beradigan omil hamdir. Bu hol O’zbekistonda ayniqsa yaqqol namoyon  bo’lmoqda,  chunki  yerning  iqtisodiy  va  demografik  vazifasi yildan-yilga kuchayib bormoqda. 

Respublikaning 448,9 ming  kvadrat  kilometrdan  ortiq  bo’lgan umumiy maydonining atigi 10 foizinigina ekin maydonlari tashkil etadi.  Ayni  chog`da  O’zbekiston  egallab  turgan  maydonning  ancha qismini  Qoraqum,  Qizilqum,  Ustyurt  kabi  cho’l  va  yarim  cho’l  yerlar tashkil  etadi.  Ayniqsa,  qishloq  xo’jalik  maqsadlarida foydalanilayotgan  yer maydonlariga  to’g`ri  keladigan  demografik yuk hozirning  o’zidayoq  o’ta  salmoqli.  Markaziy  Osiyo  mamlakatlari orasida  O’zbekistonda  aholining  zichligi  ayniqsa  yuqori  bo’lib, 1 kvadrat  kilometrga 51,4  kishi (2009-yil ma`lumoti) to’g`ri  keladi,  holbuki,  bu  raqam Qozog`istonda - 6,1,  Qirg`izistonda - 22,7,  Turkmanistonda - 9,4  ni tashkil  etadi.  Respublikamizda  har  bir  odamga 0,17  gektar  ekin maydoni  to’g`ri  kelsa,  Qozog`istonda - 1,54,  Qirg`izistonda - 0,26, Ukrainada - 0,59,  Rossiyada 0,67  gektar  ekin  maydoni  to’g`ri  keladi. Barcha aholining yarmidan ko’prog`i qishloq joylarda yashayotganligini hisobga  olsak,  dadil  aytish  mumkinki,  bizning  qishloqlarimizda insoniy  zaxiralarning  nisbiy  ortiqligi  emas,  balki  mutlaq ortiqligi yaqqol ko’zga tashlanadi. 

Bizda aholining o’sishi nisbatan yuqori bo’lib, urbanizatsiya va hosildor  yerlarni  shaharlarni  rivojlantirishga,  uy-joy qurilishiga,  yangi  korxonalar,  muhandislik  hamda  transport kommunikatsiyalari  tarmog`ini  barpo  etishga  ajratib  berish jarayonlari  jadal  bormoqda.  Shuni  hisobga  olsak,  yaqin  yillar  ichida, hatto XXI asr arafasidayoq yer zaxiralari bilan ta’minlanish muammosi yanada keskinlashishi mumkin. 

XX  asr  oxirida  yerlarning  tabiiy  ravishda  cho’lga  aylanishi yuqori  darajada  borayotganligi  yetmaganidek,  odamlarning munosabati  tufayli  cho’lga  aylanib  borish  jarayoni  shitob  bilan davom  etayotganligi  bu muammoni  yanada  kuchaytirmoqda. Ayni  chog`da tabiiy  muhitning  yomonlashuvi  bilan  birga,  tuproq  nurashi, sho’rlanishi, yer usti va yer osti suvlarining sathi pasayishi va boshqa hodisalar ro’y bermoqda. 

Ilgari  nurashga  qarshi  chora-tadbirlar  yaxshi  olib borilmaganligi  tufayli  shamol  va  suv  ta’sirida  yemirilish tuproqning  unumdorligiga  salbiy  ta’sir  ko’rsatmoqda.  Bu  chora-tadbirlar juda  past  sur’atlarda  va  sifatsiz  olib  borilgan. Hatto 80-yillarning  oxirida  amalda  butunlay  to’xtatib  qo’yilgan  edi. Respublikada 2  million  gektardan  ortiq  yer  maydoni  yoki  barcha sug`oriladigan yerlarning qariyb yarmi buzilish xavfi ostida qolgan. 

Yerlarning  nihoyat  darajada  sho’rlanganligi  O’zbekiston  uchun ulkan  ekologik  muammodir.  Yerlarni  ommaviy  suratda  o’zlashtirish, hatto  sho’rlangan  va  melioratsiyaga  yaroqsiz  yirik-yirik,  yaxlit maydonlarni  ishga  solish  ana  shunga  olib  keldi.  So’nggi 50  yil mobaynida  sug`oriladigan  yer  maydoni 2,46  million  gektardan 4,28 million  gektarga  yetdi.  Faqat 1975-1985-yillar  mobaynida 1 million gektarga yaqin yangi yer maydonlari o’zlashtirildi. 1990-yilga kelib  sug`oriladigan  yer  maydoni 1985-yildagiga  qaraganda 1,5 baravar ko’paydi. 

Ekin maydonlari tarkibida so’nggi vaqtlarga (1990-yilga) qadar paxta deyarli 75 foiz maydonni egallagan edi. Dunyoning birorta ham mamlakatida  paxta  monopoliyasi  bu  qadar  yuqori  darajaga ko’tarilmagandi. Bu hol yerning kuchsizlanishiga, tuproq unumdorligi pasayishiga,  uning  suv-fizikaviy  xossalari  yomonlashuviga, tuproqning buzilishi va nurashi jarayonlari ortishiga olib keldi. 

O’zbekistonda  noorganik  mineral  o’g`itlar,  gerbitsidlar  va pestitsidlarning  qo’llanishi  eng  yuqori  normalardan  ham  o’nlab baravar  ortiq  edi.  Ular  tuproqni,  daryo,  ko’l,  yer  osti  va  ichimlik suvlarini  ifloslantirdi.  Bundan  tashqari,  yangi  yerlardan foydalanishda zarur texnologiyalarga rioya qilinmadi. Hamma joyda paxta nazoratsiz sug`orildi. Tuproqning nami ko’payib ketdi. Bu esa uning qayta sho’rlanishiga olib keldi. 

Tuproqning har xil sanoat chiqindilari va maishiy chiqindilar bilan  shiddatli  tarzda  ifloslanishi  real  tahdid  tug`dirmoqda. Turli kimyoviy  vositalar,  zararli moddalar va mineral o’g`itlarni, sanoat  va  qurilish  materiallarini  saqlash,  tashish  va  ulardan
foydalanish  qoidalarining  qo’pol  ravishda  buzilishi  yerning ifloslanishiga  olib  kelmoqda.  Undan  samarali  foydalanish imkoniyatlarini cheklamoqda. 

Foydali qazilmalarni jadal qazib olish, ko’pincha ularni qayta ishlashning  texnologik  sxemalari  nomukammalligi  ko’p  miqdorda ag`darmalar,  kul, shlak  va  boshqa  moddalar  to’planib  qolishiga  olib kelmoqda.  Bular  dehqonchilik  uchun  yaroqli  bo’lgan  yerlarni egallabgina  qolmay,  balki  tuproqni,  yer  usti  va  yer  osti  suvlarini, atmosfera  havosini  ifloslantirish  manbalariga  ham  aylanmoqda. Respublikada  zaharli  chiqindilardan  foydalanish  sanoati  esa hozircha yaratilgan emas.

O’zbekiston hududida qattiq maishiy chiqindilar tashlanadigan 230  dan  ortiq  shahar  va  qishloq  axlatxonalari  mavjud.  Ularda taxminan 30  million  kub  metr  axlat  to’planadi.  Ular  asosan stixiyali  ravishda,  jo’g`rofiy,  geologik-gidrogeologik  va  boshqa shart-sharoitlarni kompleks o’rganmay turib tashkil etilgan. Ularda qattiq  maishiy  chiqindilarni  zararsizlantirish  va  ko’mib  tashlash ibtidoiy  usullar  bilan  amalga  oshirilmoqda.  Ayniqsa, respublikaning yirik shaharlarida maishiy chiqindilarni ishlatish va  zararsizlantirish  sohasida  murakkab  vaziyat  vujudga  kelgan. Respublikada  hali-hanuz  maishiy  chiqindilarni  sanoat  usulida qayta  ishlash  masalasi  hal  qilinmagan.  Yagona  Toshkent  maishiy chiqindilar tajriba zavodi 1991- yildagina ishlay boshladi. 

Radioaktiv  ifloslanish,  ayniqsa,  katta  xavf  tug`dirmoqda. Moylisuv (Qirg`iziston) daryosining qirg`oqlari yoqasida 1944-yildan to 1964-yilgacha uran rudasini qayta ishlash chiqindilari ko’milgan. Hozirgi  vaqtda  qoldiqlar  saqlanadigan 23  ta  joy  mavjud.  Bu yerlarda  selni  to’sadigan  to’g`onlarni mahkamlash  hamda  ko’chki  xavfi bo’lgan  joylardagi  qiyaliklarning  mustahkamligini  ta’minlash lozim. 

Navoiy viloyatidagi qoldiqlar saqlanadigan joy ham ekologik jihatdan  xavfli  ifloslantirish  o’chog`i  hisoblanadi.  Bu  yerdagi radioaktiv qumni shamol uchirishi xavfi bor. 

Shu  sababli  O’zbekistonda  tabiatni  muhofaza  qilishdagi  g`oyat  muhim  vazifa  yerlarning  holatini  yaxshilashdan,  tuproqning ifloslanishini  kamaytirish  bo’yicha  chora-tadbirlar  majmuini amalga  oshirishdan  iborat.  Bu  o’rinda  gap  eng  avvalo  tabiiy zaxiralardan foydalanishni tubdan yaxshilash haqida bormoqda. 

Ikkinchidan,  O’zbekistonning  ekologik  xavfsizligi  nuqtai nazaridan qaraganda, suv zaxiralarining, shu jumladan yer usti va yer osti  suvlarining  keskin  taqchilligi  hamda  ifloslanganligi  katta tashvish  tug`dirmoqda.  Respublikaning  daryolari,  kanallari,  suv omborlari  va  hatto  yer  osti  suvlari  ham  har  taraflama  inson faoliyati ta’siriga uchramoqda. 

Sug`oriladigan  hududlarda  suv  tabiatning  bebaho  in’omidir. Butun hayot suv bilan bog`liq. Zotan, suv tamom bo’lgan joyda hayot ham tugaydi.  Shunday  bo’lsada,  Markaziy  Osiyoda  suv  zaxiralari  juda cheklangan. Yiliga 78 kub kilometr suv keltiradigan Amudaryo va 36 kub kilometr suv keltiradigan Sirdaryo asosiy suv manbalaridir. 

Hozirgi  vaqtda  xalq  xo’jaligida  Orol  dengizi  havzasining barcha suv zaxiralaridan to’la-to’kis foydalanilmoqda. 

Daryolar  oqimi  asosan Qirg`iziston  va  Tojikiston  tog`laridan boshlanadi.  Suv  zaxiralarining  ko’pchilik  qismidan  Markaziy Osiyodagi  barcha  respublikalarning  yerlarini  sug`orish  uchun foydalaniladi.  Shu  munosabat  bilan  mintaqadagi  barcha davlatlarning  manfaatlari  yo’lida  hamda  ekologiya  talablarini, daryolar  deltalarida  va  Orol  dengizida  maqbul  hayotiy  shart-sharoitlarni  yaratish  maqsadida  bu  yerlarga  suvning  o’tishini ta’minlash  zarur.  Shu  bilan  birga  Orol  dengizi  havzasining cheklangan suv  zaxiralarini birgalashib, kelishgan holda boshqarish muammosini amaliy hal qilish talab etiladi. 

Mintaqaning  yana  bir  muammosi  suvni  muhofaza  qilish  va tejash  tadbirlari  majmuini  amalga  oshirish  zaruriyati  bilan bog`liqdir. Bu tadbirlar suvning isrof bo’lishini eng kam darajaga keltirish  maqsadida  sug`orish  tarmog`ining  rejimi  va  o’lchamlarini sug`orish  texnikasi  bilan  mustahkam  bog`lashni  o’z  ichiga  oladi. 

Endilikda  kollektor-zovur  suvlarini  tashlab  yuborishni  tartibga solish,  oqava  suvlarni  daryo  va  suv  omborlariga  oqizishni  batamom to’xtatish zarur. 

Suv  zaxiralarining  sifati  eng muhim muammolardan biridir. 60-yillardan  boshlab  Markaziy  Osiyoda  yangi  yerlar  keng  ko’lamda o’zlashtirildi.  Sanoat,  chorvachilik  komplekslari  ekstensiv rivojlantirildi. Urbanizatsiya kuchaydi. Kollektor-zovur tizimlari 
qurildi  hamda  daryo  suvlari  sug`orish  uchun  muttasil  yuqori hajmlarda  olindi.  Shu  bois  havzalardagi  suvning  sifati  tobora yomonlasha bordi. 

Daryo suvlarining ifloslanishi ekologiya-gigiyena va sanitariya-epidemiologiya  vaziyatini,  ayniqsa,  daryolarning  quyi  oqimlarida yomonlashtirmoqda.  Ikkinchi  tomondan,  daryo  suvlari  tarkibida tuzlarning  mavjudligi  Amudaryo,  Sirdaryo,  Zarafshon  va  boshqa daryolarning deltalarida tuproqning sho’rlanishini kuchaytirmoqda. Bu  esa  qo’shimcha  melioratsiya  ishlarini  amalga  oshirishda,  zovur tizimlarini  barpo  etish  va  tuproq  sho’rini  yuvishda  yaqqol sezilmoqda. 

O’zbekiston  va  qo’shni  mintaqalar sharoitida  aholini  sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash alohida ahamiyat kasb etmoqda. Aholi punktlarini odatdagi vodoprovod suvi bilan ta’minlash ko’rsatkichi respublikada  faqat  keyingi  besh  yillikning  o’zida  taxminan 1,5 baravar ortdi. Shunga qaramay, ushbu muammo  dolzarbligicha qolmoqda.  Ichimlik  suv  ta’minoti  manbalarining  ifloslanishi respublikada, ayniqsa, Orol bo’yida kasallikka chalinishning yuqori darajasiga sabab bo’lmoqda. 

Uchinchidan, Orol  dengizining  qurib  borish  xavfi  g`oyat  keskin muammo, aytish mumkinki, milliy kulfat bo’lib qoldi. Orol dengizi muammosi uzoq o’tmishga borib taqaladi. Lekin bu muammo so’nggi o’n yilliklar  mobaynida  xavfli  darajada  ortdi.  Markaziy  Osiyoning butun  hududi  bo’ylab  sug`orish  tizimlarini  jadal  sur’atda  qurish ko’plab  aholi  punktlariga  va  sanoat  korxonalariga  suv  berish barobarida keng ko’lamdagi fojia - Orol halok bo’lishining sababiga ham aylandi. Yaqin-yaqinlargacha cho’lu sahrolardan tortib olingan va sug`orilgan yangi yerlar haqida dabdaba bilan so’zlanardi. Ayni chog`da ana  shu  suv  Oroldan  tortib  olinganligi,  uni "jonsizlantirib qo’yilganligi"  xayolga  kelmasdi.  Endilikda  Orolbo’yi  ekologik kulfat hududiga aylandi. 

Orol  tangligi  insoniyat  tarixidagi  eng  yirik  ekologik  va gumanitar  fojialardan  biridir.  Dengiz  havzasida  yashaydigan qariyb 35 million kishi uning ta’sirida qoldi.
 
Biz 20-25  yil  mobaynida  jahondagi  eng  yirik  yopiq  suv havzalaridan birining yo’qolib borishiga guvoh bo’lmoqdamiz. Biroq bir avlodning ko’z o’ngida butun bir dengiz halok bo’lgan hol hali ro’y bergan emas edi. 

1911-1962-yillarda Orol dengizining sathi eng yuqori nuqtada bo’lib, 53,4  metrni,  suvning  hajmi 1064  kub  kilometrni,  suvning yuzasi 66  ming  kvadrat  kilometrni  va  minerallashuv  darajasi  bir litr suvda 10-11 grammni tashkil etgan edi. Dengiz transport, baliq xo’jaligi,  iqlim  sharoiti  jihatidan  katta  ahamiyatga  ega  bo’lgan. Unga Sirdaryo  va Amudaryodan  har  yili  deyarli 56  kub  kilometr  suv kelib quyilar edi. 

1994-yilga kelib Orol dengizidagi suvning sathi - 32,5 metrga, suv hajmi - 400 kub kilometrdan kamroqqa, suv yuzasining maydoni esa 32,5  ming  kvadrat  kilometrga  tushib  qoldi,  suvning minerallashuvi ikki baravar ortdi. 

Orolning  sathi 20  metr  pasayishi  natijasida  u  endi  yaxlit dengiz  emas,  balki  ikkita  qoldiq  ko’lga  aylanib  qoldi.  Uning sohillari 60-80  kilometrga  chekindi.  Amudaryo  bilan  Sirdaryoning deltalari jadal sur’atlar bilan buzilib bormoqda. Dengizning suv qochgan tubi 4 million gektardan ortiqroq maydonda ko’rinib qoldi. Natijada  yana  bitta "qo’lbola"  qumli-sho’rxok  sahroga  ega  bo’ldik. Shamol Orol dengizining qurib qolgan tubidan tuz va chang-to’zonni yuzlab kilometrga uchirib ketmoqda. 

Orolning qurib qolgan tubidagi  chang bo’ronlari 1975-yildayoq kosmik  tadqiqotlar  natijasida  aniqlangan  edi. 80-yillarning boshlaridan  buyon  bunday  to’fonlar  bir  yilda 90  kun  davomida kuzatilmoqda. Chang-to’zon uzunligi 400 kilometr va eni 40 kilometr maydonga yetib bormoqda. Chang bo’ronlarining ta’sir doirasi esa 300 kilometrgacha  yetmoqda.  Mutaxassislar  bergan  ma’lumotlarga qaraganda,  bu  yerda  har  yili  atmosferaga 15-75 million  tonna  chang ko’tariladi. 

Bularning  hammasi  Orol  bo’yi  iqlimining  o’zgarishiga  olib keldi. 1983 yildan boshlab Orol baliq ovlashga yaroqsiz bo’lib qoldi. Sohilning  hozirgi  chizig`idan  yiroqlarda  bo’lgan baliqchilarning qachonlardir qudratli flotiliyasining zang bosgan  qoldiqlarini, vayronaga aylangan  baliqchilar  posyolkalarini  uchratish  mumkin. Bo’zko’l, Oltinko’l, Qaratma ko’rfazlari yo’qoldi. Akpetki arxipelagi quruqlik  bilan  qo’shilib  ketdi.  Yaylovlar  va  o’tloqlar  yo’qolib bormoqda. Hudud botqoqqa aylanmoqda. Suvning tobora taqchillashib borayotganligi va sifati yomonlashayotganligi tuproq va  o’simlik qatlamining buzilishiga, o’simlik va hayvonot dunyosida o’zgarishlar yuz  berishiga,  shuningdek,  sug`orma  dehqonchilik  samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda. 

Orol  dengizining  qurib  borishi  va  shu  jarayon  tufayli Orolbo’yi  mintaqasidagi  tabiiy  muhitning  buzilishi  ekologik fojia  sifatida  baholanmoqda.  Chang  va  tuz  bo’ronlarining  paydo bo’lishi,  faqat  Orol  bo’yida  emas,  balki  dengizdan  ancha  naridagi bepoyon  hududlarda  yerlarning  cho’lga  aylanishi,  iqlim  va landshaftning o’zgarishi - bular ana shu fojia oqibatlarining to’liq bo’lmagan ro’yxatidir. 

Orol  fojiasini 70-yillarning  boshlarida,  juda  kechi  bilan 80-yillarning boshlarida, dengizning sathi unchalik pasaymagan bir paytda idora qilish mumkin edi. Hozirgi vaqtda uni boshqarish juda murakkab  bo’lib  qoldi.  Keyinchalik  esa  bu  jarayon  yana  ham mushkullashadi yoki umuman boshqarib bo’lmaydigan holga keladi. 

Orol  bo’yida  dengizning  qurib  borishi  munosabati  bilan xalqaro, keng ko’lamli ahamiyatga molik bo’lgan ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik muammolarning murakkab majmui vujudga keldi. 

Orol  dengizining  qurib  borishi  va  mintaqaning  cho’lga aylanishi  bilan  bog`liq  ekologik fojia  bu  havzada  yashayotgan  barcha xalqlarning dardu alamidir. 

Suv zaxiralari bilan bog`liq bo’lgan muammolar majmuasi keng ko’lamli  va  murakkab  ko’p  tarmoqli  yondashuvni,  mintaqadagi davlatlar  bilan  xalqaro  hamjamiyat  o’rtasida  hamkorlikni rivojlantirishni talab qiladi. 

Markaziy  Osiyo  davlatlari  boshliqlarining 1993-yil  mart oyida Qizilo’rdada  bo’lib  o’tgan  uchrashuvi  ana shu muammolarni  hal qilish  yo’lidagi  turtki  bo’ldi.  Bu  uchrashuvda  Orol  dengizi tangligini hal etish yuzasidan birgalikda harakat qilish to’g`risida Bitim imzolandi. Orol dengizi  muammolari  bo’yicha  Davlatlararo Kengash  va  uning  ishchi  organi -  Ijroiya  Qo’mitasi,  shuningdek, Orolni  qutqarish  Xalqaro  fondi  tashkil  etildi.  Markaziy  Osiyo respublikalari  davlat  boshliqlarining 1994-yil  yanvarida  Nukus shahrida bo’lib o’tgan ikkinchi uchrashuvida Orol dengizi havzasidagi ekologik  vaziyatni  yaxshilash  yuzasidan  yaqin  uch-besh  yilga mo’ljallangan, mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning aniq  harakatlar  dasturi  tasdiqlandi. 1994- yil  mart  oyida Toshhovuzda  bo’lgan  uchinchi  uchrashuvda  Davlatlararo  Kengashning ushbu dasturning bajarilishi haqidagi hisoboti tinglandi. 

1997-yil  fevralda  Markaziy  Osiyodagi  besh  davlat boshliqlarining BMT, Jahon  banki  va  boshqa  xalqaro  tashkilotlar vakillari  ishtirokida  Almatida  bo’lib  o’tgan  uchrashuvida Orol muammosini hal etish  bo’yicha tashkiliy  tuzilmalarni takomillashtirish  to’g`risida  qaror  qabul  qilindi -  Orolni qutqarish Xalqaro fondining ancha ishchan tarkibi va uning negizida harakatchan Ijroiya qo’mitasi tuzildi. 

Orol  muammosining  butun  keskinligini,  uni  saqlab  qolish yuzasidan  kechiktirib  bo’lmaydigan  chora-tadbirlar  ko’rish zarurligini  tushungan  holda,  Markaziy  Osiyo  respublikalarining hukumatlari,  mutaxassislari  va  mintaqaning  ilmiy jamoatchiligi, xalqaro  tashkilotlari 1995-yil 20-sentyabrda  Nukus  shahrida Markaziy  Osiyo  davlatlari  va  xalqaro  tashkilotlarning  Orol dengizi  havzasini  barqaror  rivojlantirish  muammolari  bo’yicha Deklaratsiyasini  qabul  qildilar. Deklaratsiya  barqaror  rivojlanish qoidalariga  qat’iy  amal  qilishni  nazarda  tutadi  va  e’tiborni quyidagi g`oyat muhim muammolarni hal qilishga qaratadi: 

  • qishloq  va  o’rmon  xo’jaligining  yanada muvozanatli  va  ilmiy asoslangan tizimiga o’tish; 
  • suv  zaxiralaridan  foydalanishning  tejamli  usullarini ishlab  chiqish,  sug`orishda  va  atrof  muhitni  muhofaza  qilishda takomillashgan  texnologiyalarni  qo’llash  vositasida  irrigatsiyaning samaradorligini oshirish; 
  • mintaqaning  tabiiy  zaxiralarini  kompleks  boshqarish tizimini takomillashtirish. 
  Pirovard natijada Orol tangligini barqaror rivojlanish, bu mintaqada  yashayotgan  odamlarning  turmush  darajasi  pasayib ketishiga  yo’l  qo’ymaslik,  kelajakda  yosh  avlod  uchun  munosib turmushni  ta’minlash  tamoyillari  asosida  hal  qilish  bo’yicha  uzoq muddatli strategiya va dasturni ishlab chiqish hamda ro’yobga chiqarish zarur. 

To’rtinchidan,  havo  bo’shlig`ining  ifloslanishi  ham respublikada ekologik xavfsizlikka solinayotgan tahdiddir. 

Mutaxassislarning  ma’lumotlariga  qaraganda,  har  yili respublikaning atmosfera havosiga 4 million tonnaga yaqin zararli moddalar  qo’shilmoqda.  Shularning  yarmi  uglerod  oksidiga  to’g`ri keladi, 15  foizini  uglevodorod  chiqindilari, 14  foizini oltingugurt  qo’sh  oksidi, 9  foizini  azot  oksidi, 8  foizini  qattiq moddalar  tashkil  etadi  va 4  foizga  yaqini  o’ziga  xos  o’tkir  zaharli moddalarga to’g`ri keladi. 

Atmosferada  uglerod  yig`indisining  ko’payib  borishi natijasida  o’ziga  xos  keng  ko’lamdagi  issiqxona  effekti  vujudga keladi. Oqibatda Yer havosining o’rtacha harorati ortib ketadi. 

Arid mintaqasida joylashgan O’zbekiston  Respublikasida  tez-tez  chang  bo’ronlarini  qo’zg`atib  turuvchi,  atmosferani  chang-to’zonga chulg`aguvchi  Qoraqum  va  Qizilqum  sahrolaridek  yirik  tabiiy manbalar mavjud. So’nggi o’n yilliklar mobaynida Orol dengizining qurib borishi  tufayli chang  va  tuz ko’chadigan  yana bir  tabiiy manba paydo bo’ldi. 80-yillarning boshlarida qo’shni Tojikistonda alyumin zavodi ishga  tushirilishi  munosabati  bilan  O’zbekistonning  Surxondaryo viloyatiga  qarashli  ko’plab  tumanlarida  ekologik  jihatdan  tang ahvol vujudga  keldi.  Zavod  atmosferaga  ko’p  miqdorda  ftorli vodorod, uglerod oksidi, oltingugurt gazi, azot oksidlarini chiqarib tashlamoqda. Vodiyning yuqori  qismida, Tojikistonning O’zbekiston  bilan  chegarasida  joylashgan  zavodning  chiqindilari tog`dan vodiy tomonga esadigan shamol bilan undan uzoqlarga, asosan respublikaning  chegaradosh  tumanlari -  Surxondaryo  viloyatining Sariosiyo, Uzun, Denov, Oltinsoy tumanlari hududiga tarqalmoqda. 

Ekologiyaga  solinayotgan  xavf  O’zbekiston  uchun,  umuman  butun Markaziy Osiyo  mintaqasi  uchun  naqadar yuqori  ekanligini  hisobga olgan holda hukumat va davlat  atrof muhitni himoya qilish,  tabiiy zaxiralardan oqilona foydalanish masalalariga juda katta e’tibor bermoqda.  Atrof  muhitni  muhofaza  qilishni  ta’minlashga qaratilgan  qonun  hujjatlari  qabul  qilindi.  O’zbekiston Respublikasining  tabiatni  muhofaza  qilish  borasidagi  milliy tadbirlari  boshqa  davlatlar  va  xalqaro  tashkilotlar  bilan  keng  va har tomonlama hamkorlik qilish ishi bilan qo’shib olib borilmoqda. Atrof  muhitni  muhofaza  qilish  va  tabiatdan  oqilona foydalanishning turli jihatlarini tartibga soluvchi ko’plab xilma-xil xalqaro shartnomalar va bitimlar tuzildi. 

 
O’zbekiston MDH davlat boshliqlarining 1992-yil 8-fevralda imzolangan  Bitimiga  muvofiq  tuzilgan  MDH  mamlakatlari Davlatlararo Ekologiya Kengashining  to’la huquqli  a’zosidir. MDH mamlakatlarining ana shu ekologiya Kengashi doirasidagi hamkorligi a’zo  davlatlarning  atrof  muhitni  muhofaza  qilish  sohasida kelishib  olingan,  muvofiqlashtirilgan  sa’y-harakatlar  qilish maqsadini ko’zlaydi. 

Hozirgi  paytda  respublikada  istiqbolga,  ya’ni  atrof muhitni muhofaza  qilish  va  tabiiy  zaxiralardan  oqilona  foydalanish bo’yicha 2005-yilgacha mo’ljallangan Davlat dasturi ishlab chiqilgan. Tabiatdan  oqilona foydalanish  va  uni muhofaza  qilish  sohasidagi butun  faoliyat  ana  shu  dastur  asosida  tashkil  etilgan.  Dasturda respublikada  ekologik  vaziyatni  sog`lomlashtirish,  yirik  shaharlar va  shahar  aglomeratsiyalari  kabilarda  ekologik  keskinlikka  barham berish yo’llari belgilangan. 

Ekologik  xavfsizlikni  kuchaytirishning  hozirgi  asosiy yo’nalishlari quyidagilardan iborat: 
1.  Tegishli  texnologiyalarni  ishlab  chiqish  va  joriy  etish. Qishloq,  o’rmon  va  boshqa  xo’jalik  tarmoqlaridagi  tabiiy jarayonlarning  keskin  buzilishiga  olib  keladigan  barcha  zaharli kimyoviy moddalarni  qo’llash  ustidan  qattiq  nazorat  o’rnatish. Havo va suv muhitini insonning hayotiy faoliyati uchun zararli yoki salbiy ta’sir etadigan moddalar bilan ifloslantirishni to’xtatish. 

Qishloq  xo’jalik  ekinlarini,  eng  avvalo,  g`o’zani  sug`orishda suvni  tejaydigan  texnologiyalarni  keng  joriy  etish  muhim ahamiyatga  ega.  Kollektor-zovur  suvlarini  daryolar  va  suv omborlariga  tashlashni  tartibga  solish  va  oqava  suvlarni  chiqarib yuborishni batamom to’xtatish zarur. 

Sanoat korxonalarida atmosferaga, suv havzalariga va tuproqqa ifloslantiruvchi  hamda  zararli  moddalarni  tashlaganlik  uchun solinadigan  maxsus  soliqdan  keng  foydalangan  holda  mas’uliyatni oshirish  darkor.  Ularda  zamonaviy,  samarali  tozalash  qurilmalari tizimini joriy etish kerak. Boshlang`ich xom ashyodan tayyor, pirovard mahsulot  olgunga  qadar  kompleks  foydalanishga  imkon  beradigan yangi,  zamonaviy,  ekologik jihatdan  samarali  uskunalarni  o’rnatish lozim. 

2. Qayta  tiklanadigan  zaxiralarni  qayta  ishlab  chiqarishning tabiiy  ravishda  kengayishini  ta’minlagan  hamda  qayta tiklanmaydigan  zaxiralarni qat’iy mezon  asosida iste’mol qilgan holda tabiiy zaxiralarning hamma turlaridan oqilona foydalanish 
darkor. 

Respublikaning foydali qazilmalaridan oqilona foydalanish-dolzarb  masala.  U  atrof  muhitni  muhofaza qilishning bosh omillaridan biridir. Foydali qazilmalarni olish va qayta ishlash chog`ida katta isrofgarchiliklarga yo’l qo’yilmoqda. Boshlang`ich xom ashyodan  to’liq  foydalanmaslik hollari mavjud. Eskirgan uskunalarni almashtirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, ayrim sexlar,  uchastkalar va butun boshli zavodlarni  rekonstruksiyalash asosida  foydali  qazilmalarni  sanoat  usulida  yanada  to’liq  va oqilona  qazib  olish  muhim  vazifa  bo’lib  turibdi.  Atrof  muhitni muhofaza  qilish  nuqtai  nazaridan  qaraganda,  tog`-kon  sanoatining chiqindilarini  o’zlashtirishni  yanada  kengaytirish  hamda  buzilgan yerlarni qayta yaroqli holga keltirish muhim ahamiyatga ega bo’ladi. 

3. Katta-katta  hududlarda  tabiiy  sharoitlarni tabiiy zaxiralardan samarali va  kompleks  foydalanishni  ta’minlaydigan darajada aniq  maqsadga qaratilgan,  ilmiy  asoslangan  tarzda o’zgartirish (daryolar oqimini tartibga solish hamda  suvlarni  bir havzadan ikkinchisiga tashlash, yerning namini qochirish, suv chiqarish tadbirlarini va boshqalarni amalga oshirish) lozim. 

4. Jonli  tabiatning  butun  tabiiy  genofondini  madaniy ekinlar  va  hayvonlarning  yangi  turlarini  ko’paytirish  hisobiga boshlang`ich baza sifatida saqlab qolish kerak. 

5. Shaharsozlik  va  tumanlarni  rejalashtirishning  ilmiy asoslangan,  hozirgi  zamon  urbanizatsiyasining  barcha  salbiy oqibatlarini  bartaraf  etadigan  tizimini  joriy  etish  yo’li  bilan shaharlarda  va  boshqa  aholi  punktlarida  aholining  yashashi  uchun qulay sharoit yaratish zarur. 

6. Ekologik kulfatlar chegara bilmasligini  nazarda  tutgan holda  jahon  jamoatchiligi  e’tiborini mintaqaning  ekologik muammolariga  qaratish  lozim.  Orol  muammosi  bugungi  kunda chinakam  keng  ko’lamli,  butun  sayyoramizga  daxldor  muammo  bo’lib qolganligini, uning ta’siri hozirning o’zidayoq biologik muvozanatni  buzayotganligini,  bepoyon  hududlarda  aholining genofondiga  halokatli  ta’sir  ko’rsatayotganligini  nazarda  tutish lozim. 

Xalqaro  tuzilmalarning  zaxiralari,  imkoniyatlari  va investitsiyalarini  ana  shu  muammolarni  hal  qilishga  jalb  etish - birinchi darajali vazifadir. 

Atrof  muhitni  muhofaza  qilish  borasidagi  yuqorida  tilga olingan  ta’sirchan  chora-tadbirlarni ro’yobga chiqarish yaqin vaqt ichidayoq  oldingi tizimdan yosh  respublikaga  meros bo’lib qolgan ekologiya  sohasidagi  ko’pgina illatlar, kamchiliklar va  xatolarni bartaraf  etish  imkoniyatini  yuzaga  keltiradi.  Shuningdek,  keng ko’lamdagi ekologik tanglik tahdidini barham toptirish, respublika aholisi uchun, jismonan  sog`lom  yosh  avlodning  dunyoga  kelishi  va rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar hamda ekologiya jihatidan musaffo hayotiy muhit yaratish imkonini beradi. 

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharhlar - 1

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash