loading...

Oy nima? 

23790

Oy-sayyora, Yerning yo’ldoshi. U Yer shari atrofida, Yer esa o’z navbatida Quyosh atrofida aylanadi. Oy 29,5 kecha-kunduzda Yer atrofini bir marta to’liq aylanib chiqadi. Shu bilan bir vaqtda, u o’z o’qi atrofida ham aylanadi. Shuning uchun ham biz Oyning faqat bir tomonini ko’ramiz.Ammo 1959-yilda uchirilgan sovet uchish apparati Oyning biz shu vaqtgacha hech qanday tasavvurga ega bo’lmagan orqa tarafini suratga tushirishga muvaffaq bo’ldi. Oy — o’lik osmon jismi: unda na atmosfera, na suv yo’q. Binobarin, unda hayot bo’lishi ham mumkin emas. Oy nuri Quyoshdan kelayotgan yorug’likning zaif aksidir. Shuning uchun ham u bir oy davomida o’z qiyofasini ko’p marta o’zgartiradiganga o’xshab ko’rinadi. Quyosh Oyning orqa tomonini yoritganda, u bizga ko’rinmaydi. Oy — nisbatan chog’roq soyyora. Uning diametri Yernikiga nisbatan 4 marta kichik. Yerdan Oygacha bo’lgan masofa — 384 400 km. 1969 yil 20 iyuldan 21 iyulga o’tar kechasi amerikalik astronavtlar Armstrong va Oldrin Oyga qadam qo’yishdi. Bu parvoz va avtomatik kemalar yordamidagi keyingi tadqiqotlar Oy tuprog’idan Yerga namuna olib kelishga va bu yo’ldosh haqida ko’p narsalarni bilib olishga imkon berdi.

NEGA BIZ OYNING FAQAT BIR TOMONINI KO’RAMIZ?

  Yerda insoniyat paydo bo’libdiki, Oy uning ko’zlariga jumboq bo’lib ko’rinadi.Qadim zamonlarda odamlar Oyni tun ilohasi, deb hisoblashgan va unga sig’inishgan. Ammo bugun biz u haqda ancha narsa bilamiz. Hatto sovet va amerikalik olimlar olgan suratlar yordamida uning «teskari» yoki qorong’i» tomonini ham ko’rishimiz mumkin. Nega biz Yerdan turib Oyning teskari tomonini ko’ra olmaymiz? Hamma gap shundaki, Yerning tabiiy yo’ldoshi bo’lmish Oy o’lchamlari unga nisbatan kichik bo’lgan osmon jismidir va u Yer atrofida aylanadi. Oy Yer atrofini bir marta to’la aylanib chiqishi uchun 29,5 kecha-kunduz vaqt ketadi. Qizig’i shundaki, Oy o’z o’qi atrofida ham shuncha kun mobaynida bir marta to’liq aylanib chiqadi. Shuning uchun ham Yerga uning faqat bir tomoni ko’rinadi. Buni yanada yaxshiroq tushunib olish uchun shunday tajriba qilib ko’rishingiz mumkin. Bitta olma yoki aplsin olib, uni ikki bo’lakka bo’ladigan chiziq chizing va uni Oy deb faraz qiling. So’ngra qo’lingizni musht qilib tuging va oldinga cho’zing. Uni Yer deb faraz qiling. Endi «Oy»ni «Yer»ga nisbatan faqat bir tomoni bilan aylantiring. «Oy» ni «Yer»ga bir tomoni bilan tutib turgan holda «Yer» atrofida bir marta aylantirib chiqing. Shunda «Oy» o’z o’qi atrofida ham aylanayottanini ko’rasiz, Yerdan esa uning faqat bir tomoni ko’rinadi. Oy fazalari sikli — davriyligi yangi oy chiqishi bilan boshlanadi. Bu Oy Quyosh va Yer o’rtasida bo’lgan vaqtga to’g’ri keladi. Yangi Oy ko’zga ko’rinmaydi. So’ngra Oyning Yerga qaragan tomoniga Quyosh nuri tusha boshlaydi. Quyosh nuri tushgan joy aylananing ingichka va ensiz qismi bo’lib ko’rinadi. Bu aylana to’lishib boruvchi Oy deb ataladi. Oyning Quyosh nuri tushuvchi qismi tezlik bilan o’sib boradi va yarim aylana holiga keladi. Bu dastlabki chorak deyiladi. So’ngra to’lishib, so’nggi chorakka yetadi. Shu alfozda sikl tugab, qaytadan yangi Oy chiqadi. 

OYDA HAM TORTISH KUCHI AMAL QILADIMI? 

  Tortish kuchi yoki gravitatsiya hodisasini Koinotdagi barcha katta-kichik jismlar yaqinida kuzatish mumkin. Bu har xil jismlar o’rtasida tortish kuchi mavjudligini bildiradi. Ammo bunday kuch kattaligi ikki narsaga: jismlarning massasi va ular o’rtasidagi masofaga bog’liq. Masalan, sizning tanangiz bilan Yer o’rtasida ham tortish kuchi amal qiladi. Yerning o’lchamlari nihoyatda katta bo’lgani uchun ham aynan u sizni tortib turadi. Aksincha bo’lishi mumkin emas. Yer yuzasida turganingizda tortish kuchi sizning og’irligingizga teng bo’ladi. Biroq sayoramiz markazi bilan o’zingizning orangizdagi masofani ikkiga ko’paytirishingiz bilan (ya'ni Yer yuzasidan 6 500 km yuqori ko’tarilishingiz bilan) og’irligingiz 4 marta kamayadi. Oy ulkan osmon jismi bo’lishiga qaramay, Yerdan ancha kichik. Uning massasi Yernikidan 80 marta kam. Shuning uchun ham uning tortish kuchi (gravitatsiyasi) Yerning tortish kuchidan ancha kam. Agar Oyga borib qolsangiz, tanangiz og’irligi 6 marta kamayadi. Boshqacha aytganda, agar siz Oy yuzasida balandlikka sakrash bilan shug’ullanadigan bo’lsangiz, Yerdagiga nisbatan 6 marta balandroq sakrashingiz mumkin bo’lur edi. 

NEGA OYDA HAYOT YO’Q?

  Inson Oy yuzasini sinchiklab tadqiq qilgach, u haqda ko’pgina qiziq narsalarni bilib oldi. Ammo Oyda hayot yo’qligini u yerga qadami yotmasdan oldin ham bilar edi. Oyda atmosfera yo’q. Munajjimlar buni Oyda Quyoshning botish payti yoki kechqurungi va tongi g’ira-shira payt bo’lmasligiga qarab aniqlashgan. Yerga tun asta-sekin cho’ka boradi, chunki havo Quyosh botgandan keyin ham uning nurlarini aks ettirib turadi. Oyda esa butunlay boshqa manzarani ko’rish mumkin: bir pasda qorong’ilik tushadi. Atmosfera yo’qligi sababli Oyga Quyoshning barcha nurlari to’g’ridan-to’g’ri tushaveradi. Quyosh Uzidan issiqlik, yorug’lik va radioto’lqinlar chiqaradi. Yerdagi hayot shu issiqlik va yorug’likka bog’liqdir. Quyosh o’zidan yana zararli radiatsiya ham tarqatadi. Yer atmosferasi bizni ulardan himoya qiladi. Oyda esa bunday zararli radiatsiyani yutadigan atmosfera yo’q. Quyoshdan chiqayotgan barcha foydali va zararli nurlar hech bir to’siqsiz Oy yuzasiga yetib kelaveradi. Atmosfera yo’qligi sababli Oy yuzasi yo haddan ziyod issiq, yoki nihoyatda sovuq bo’ladi. Aylanayotgan Oying Quyoshga qaragan tomoni juda qizib ketadi va temperatura Selsiy shkalasi bo’yicha 150 darajaga yetadi. Bu shaqirlab qaynayotgan suvning temperaturasidir. Jazirama Oy kuni ikki hafta davom etadi. So’ngra ikki hafta davom etadigan tunga navbat keladi. Tunda temperatura — 125 darajaga tushib ketadi. Bu Yerning Shimoliy qutbidagi temperaturadan ikki barobar sovuqdir. Bunday sharoitda Yerdagi hayot shakllaridan birortasi ham mavjud bo’lishi mumkin emas. 

OY QO’TONLADI, DEGANI NIMA?

  Ba'zi tunlar Oy atrofida, uning chegaralarini yuvib ketadigan ravshan bir yorug’lik paydo bo’ladi. Bu yorug’ halqa g’alodir, o’zbekcha aytganda, Oy qo’tonlaganini bildiradi. Odamlar Oy tevaragida nurli halqa, yoy, dog’ va ustunlar paydo bo’lishini bo’lajak yomg’ir alomati deb biladi. Ba'zida bunday manzarani Quyosh atrofida ham ko’rish mumkin. Galo parsimon bulutlar, to’g’rirog’i, ular tarkib topgan muz kristallarining yorug’likni sindirishi oqibatida paydo bo’ladi. Tumanli kechalarda ko’cha chiroqlari va uzoqdagi olovlarni ham galo qurshab oladi. Biroq Shimol yog’dusi bilan galoni o’zaro chalkashtirmaslik kerak. Shimol yeg’dusi, xuddi lyuminissensiya trubasida bo’lgani kabi, havoning ionlashuvi natijasida hosil bo’ladi. 

OY KUNDUZI QAYGA KETADI?

  Ahyon-ahyon bo’lsa-da, Oyni kunduzi ham ko’rish mumkin. Chunki u kunduzi Yerning biz yashayotgan tomoniga qarama-qarshi tarafga o’tib qoladi. Ba'zida naq tepamizda turgan bo’lsa ham uni ko’rish imkoni bo’lmaydi, chunki Quyoshning yorqin nurlari ularni qaytarayotgan Oyni bizga ko’rsatmay qo’yadi. Erta tongda yoki kechqurunlari, ya'ni Quyosh nurlari ko’zimizni qamashtirmayotgan kezlar ular ikkalasini ham ko’rishimiz mumkin bo’ladi. 

NEGA BIZ MASHINADA KETAYOTGANIMIZDA OY ORQAMIZDAN ERGASHADI?

  Oy bizdan unchalik uzoq emasday ko’ringani bilan Yerdan ungacha bo’lgan masofa 384 400 km.dir. Uning diametri 3476 km, boshqacha aytganda, Amerika Qo’shma Shtatlarining u sohilidan bu sohiligacha bo’lgan masofadan kichikdir. Agar eng kuchli teleskop bilan Oyga qaralsa, ungacha bo’lgan masofa 100 km.dan oshmaydiganday ko’rinadi. U bizga shunday yaqin va katta ko’ringani uchun ba'zan 384 400 km juda olis yo’l ekanini ham unutib qo’yamiz. Mashinada ketayotganimizda Oy ortimizdan eragashayotganga o’xshab ko’rinishi sababi ham uning Yerdan nihoyatda olisda ekani bilan bog’liq. Avvalo, shuni aytish kerakki, u bizga shunday tuyuladi, bu sezgi ruhiyatimizga o’rnashib qolgan. Yo’ldan katta tezlik bilan ketayotganimizda, yo’l chekkasidagi daraxtlar, uylar, hovlilarning devorlari, qolaversa, yo’l orqaga qarab chopayotganga o’xshaydi. Biz Oy ham yonimizdan o’tib ketishini, hechqurin, yo’ldan ilgarilaganimiz sari u ham daraxtlar singari ortimizda qolib ketishini kutamiz. Bunday bo’lmagach, u bizni «ta'qib» etib yurganga o’xshab tuyuladi. Nega bunday bo’ladi? Buning sababi shuki, Yerdan Oygacha bo’lgan masofa nihoyatda olis. Bizning avtomobilimiz bir necha daqiqada bosib o’tadigan yo’l bilan taqqoslaganda, bu juda olis masofa. Shuning uchun ham mashinada ketayotganimizda, bizning Oyni ko’rish burchagimiz mutlaqo o’zgarmaydi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash