loading...

Kvarts nima? 

8110

  Biz turmushda kvarsdan har kuni foydalanamiz va hattoki uning kvars ekanligini o’ylab ham o’tirmaymiz. Kvars juda keng tarqalgan va turmushda keng ko’lamda  qo’llaniladi. Kvarsni «kremnezem» deb atashadi. U kremniy va kisloroddan vujudga kelgan, vazni po’latdan og’irroq va shishadan shaffofroqdir.

  Biz turmushda kvarsdan har kuni foydalanamiz va hattoki uning kvars ekanligini o’ylab ham o’tirmaymiz. Kvars juda keng tarqalgan va turmushda keng ko’lamda  qo’llaniladi.
  Kvarsni «kremnezem» deb atashadi. U kremniy va kisloroddan vujudga kelgan, vazni po’latdan og’irroq va shishadan shaffofroqdir.

  Hech narsa aralashmagan kvars rangsiz yoki oq tusli bo’ladi. Har xil qo’shimchalar esa kvarsni qizil, jigarrang, yashil, moviy, ko’k, hatto qora rangda tovlantiradi. Gohida kvars yirik, qirralari o’tkir olti burchakli shaffof kristallar shaklida mavjud bo’lib, uni «tog’ billuri» deb ham atashadi.

  Aksariyat tog’lar kvarslardan tashkil topgan. Qum donasi o’zaro sementli birikmaga aylangan kvars zarralaridan iborat. Granitning tarkibida ham kvars bor. Oq qumlar — aslida toza, sof kvarslardir. Oddiy qum zarrasi ham asosan kvarsdan iborat. Ko’pgina yarimnodir toshlar ham har xil aralashmalardan rang olgan kvarslardir. Agat, ametist, aqiq — ana shunday kvarslardir.

  Kvarsdan shisha va optik asbob-uskunalar ishlab chiqarishda foydalaniladi. Kvarsdan qilingan nozikkina plastinkalar radioga ham o’rnatilgan bo’lib, ular radioni kerakli to’lqinga burab to’g’rilashimiz uchun imkoniyat beradi.   Agar kvars qattiq qizdirilsa, u eruvchan kvarsga aylanadi. Eruvchan kvars esa juda zarur mahsulot. U g’oyat yuqori harorat ta'sirida — 1710 darajadagi issiqlikda eriydi, ancha qiyinchilik bilan siqiladi va kengayadi, tiniqlikda shishadan tiniqroqdir. Bunday material laboratoriyalarga g’oyatda qo’l kelishini bir tasavvur qilib ko’ringchi. Eruvchan kvarsdan yasalgan likopchani obi-tobida qizdirilganidan keyin suvga tashlab ko’ring-chi, unda «qilt» etgan o’zgarish sodir bo’lmaydi. Kvars yorug’lik va oftob taftini o’zidan yaxshi o’tkazadi. Deraza oynasi yutib yuboradigan ҳayot-baxsh ultrabinafsha nurlarni ham kvars, aksincha, o’zida tutib qolmasdan o’tkazadi. Shu sababdan ko’pgina oromgohlarning tomi eruvchan kvarsdan qilingan. Eruvchan kvarsdan tibbiyotda qo’llaniladigan maxsus kvars lampalari ham tayyorlanadi.
 SHISHA QANDAY IXTIRO QILINGAN?
  Shisha insonga qariyb ming yillardan beri ma'lum. Uzoq davrlar mobaynida shisha bezaksozlik va qimmatbaho narsalarni tayyorlash uchun qo’llanilib kelindi. Lekin odamlar uning asosiy fazilati — shaffofligini yuzaga chiqara olganlaridan keyin shisha chinakamiga hamma uchun foydali narsaga aylandi. Ma'lum bo’ldi-ki, u orqali ko’rish mumkin ekan! Shisha odamzotga mingyillardan beri ma'lum esa-da, lekin u qachon va qayerda ixtiro qilinganligini birov aniq bilmaydi. Shishani tayyorlash uchun qo’llaniladigan asosiy xom-ashyolar — qum, sodali kul, yoki ishqor va ohak bo’lib, ular birga aralashtirilib, juda katta darajadagi issiqlikda eritiladi. Bunday xom-ashyolar Yer yuzining hamma joyida keng tarqalgani sababli shisha tayyorlash siri ham juda ko’p mamlakatlarda ayondir; Pirovardida, uni qanday ishlab chiqarish masalasida ham fikr-lar bir xilda emas. Ba'zi bir qarashlarga ko’ra shisha ilk marotaba Qadimgi finikiyaliklar tomonidan kashf etilgan. Afsonalarga ko’ra, qandaydir bir kemadagilar daryo bo'ylab kezib, Suriya sohillariga tushishibdi. Ular o’zlariga ovqat tayyorlashlari lozim, lekin sopol idishni osishga izlab katta tosh topa olmaydilar, oxiri, o’z kemalaridagi selitra (natriy birikmasi)ning yirik bo’laklaridan tosh o’rnida foydalanishadilar. Otashin haroratdan selitra erib qumga aralashib, suyuq shisha oqimiga aylanadi. Bu afsonaga ishonish-ishonmaslik — o’quvchining ixtiyorida. Lekin shu narsa aniq-ki, Suriya Yer yuzida shishani birinchilardan bo’lib kashf etgan mamlakat hisoblanadi. Finikiyalik savdogarlar esa shisha buyumlarni O’rtayer dengizi mamlakatlariga olib borib sota boshladilar. Shishani qadimda ixtiro etgan yana bir mamlakat — Misr. Dahmalardan topilgan va miloddan oldingi 7000-yillarga mansub bo’lgan shisha marjonlar va tumorlar shundan dalolat beradi. Darvoqe, bunday buyumlar bu yerga Suriyadan keltirilgan bo’lishi ham mumkin. Lekin shu narsa aniqki, miloddan avvalgi 1500-yil-larda misrliklarning o’zlari ham shisha ishlab chiqarish bilan shug’ullanishgan. Buning uchun ular maydalangan kvars shag’allariga qumni aralashtirib foydalanishgan. Ular, shuningdek, bu aralashmaga yana kobalt, mis yoki marganets moddalari qo’shilsa, moviy, yashil, qirmizi rang shishalar olish mumkinligini ham bilishgan.  Miloddan avvalgi 1200-yillarda misrliklar xilma-xil shakllardagi shisha buyumlarni yasashni ham o’rganishgan. Biroq finikiyaliklar ixtiro etgan puflab shisha idishlar yasashga imkon beruvchi trubkalar ularga hali noma'lum edi. Shishasozlik sohasida Qadimgi rimliklar ham alohida uquvlarini namoyon eta oldilar, ular derazabop oynalarni birinchilardan bo’lib ishlab chiqara boshladilar. Milodiy yil hisobining boshlanishida esa shishapazlik kundalik turmush sohalaridan biri bo’lib qoldi.
 OYNA QAYERDA PAYDO BO’LGAN?
  Yer yuzidagi eng qadimiy oynalarning yoshi taxminan 5000 yilga boradi. Oynadan shishalar ixtiro qilinishiga qadar bu jabhada tosh va oltin, kumush, bronza, qalayi, mis va tog’ billuri kabi metallardan foydalanishgan. Bir tomoni astoydil silliqlashtirilgan, ikkinchi tomoniga esa bezaklar ishlangan diskalar eng ommabod va qulay buyumlardan bo’lgan. Metall oynalar «hukmronligi»ga Venetsiya chek qo’ydi. XIII asr oxirlarida Venetsiyaning ilk oynalari paydo bo’lib, ular yevropalik hukmdorlar va zodagonlarning koshonalarini bezadi. Ular juda qimmatbaho edi. Boshqa mamlakatlarda ham buningdek oyna to’g’risida eshitishib, o’zlari uni ishlab chiqarishni yo’lga qo’ya boshladilar. Fransiya bunga birinchilardan bo’lib erishdi: 1665 yilda fransuzlar Parij yaqinida shishapazlik fabrikasini ishga tushirish uchun to’rt nafar venetsiyalik shishakorlarni taklif etishdi. Oradan ko’p o’tmay Germaniya va Angliyada ham oyna ishlab chiqarila boshlandi.
  Rossiya shishapazlik zavodlari Petr I zamonidan e'tiboran paydo bo’ldi: shundan buyon shisha kundalik turmushda, me'morchilikda va texnika sohasida — projektorlar, teleskoplar, zarrabinlar yasashda keng qo’llanila boshlandi.

 QADIMGI MISRLIKLAR FAYANSNI NIMALARDAN YASASHGAN?
 Bugungi kunda zamonamiz fan va texnikasi o’tmishdagi sivilizatsiya yutuqlarini ancha ortda qoldirib ketganligini  inkor qiladigan bironta odam topilarmikin. Biroq usha qadim zamonlardagi mohir zotlar yaratgan ayrim nar-salarning sir-asrorlari bizning nazdimizda hali ham jumboqligicha qolib kelayapti. Yaqin-yaqinlarga qadar Qadimgi Misr fayansi — ibtidoiy shakldagi shishasimon kulolchilik-keramika buyumlarining tarkibi ana shunday muammolardan biri edi. Uning yoshi 7 ming yildan ziyod davrni o’z ichiga oladi. Olis zamonlarda misrlik hunarmandlar yaratgan nafis fayans buyumlari: haykalchalar, patnislar, ornamentlar tadqiqotchilarning hayrat va zavq-shavqiga sazovor bo’lib keldi, biroq ularning tayyorlanish sirlari mag’zini esa chaqa olmas edilar.  Bu kulolchilik buyumlarining asosiy xomashyosi nima ekanligini Nyu-Yorklik professor Noblu aniqlashga muyassar bo’ldi. U ko’llarning tubida uchraydigan kimyoviy birikma — natron bo’lib chiqdi. Darvoqe, undan mo’miyolangan tanalarni asrash uchun ham foydalanilgan ekan. Noblu, shuningdek, qadimgi fayansni ishlab chiqarish va uni tayyorlash texnologiyasini tiklashga muvaffaq bo’ldi.  Misr fayansi — shishasimon jilolantirilgan buyumlardir. Ularning tarkibida loy umuman uchramaydi. Bu xususiyat esa uni fayanslarning fransuzcha, ingliz, gollandcha xillaridan alohida ajratib turadi. Bu mamlakatlarning fayansi asosan loy kulolchiligidan iborat bo’lib, ularga silliqlik va oro bag’ishlash uchun ustiga qalayi oksidi ham yuritilgan.  Misr fayansining sirtqi jilodorligi esa talqonlangan kvarsning natron bilan aralashmasini surish orqali vujudga keltirilgan. Suvda eritilgan karbonat angidrid tuzi quritilgach, yuqoriga qalqib chiqadi va kukun tarzida qotadi. Olovda toblash davom ettirilgach (deyarli 1000 darajada), yuqori harorat ta'sirida kukun qatlami kvarsni eritadi. Natijada buyumning sirtida bir tekis jilodorlikka erishiladi. Misrliklar xilma-xil rangdagi fayansni olish uchun oksidlanish tarkibiga turli metallardan aralashmalar qilishgan: ko’k rang hosil qilish uchun — mis, sariq rang uchun — temir, qizil rang uchun — marganets, yashil rang uchun — mis va temir qorishmasini ishlatishgan.
  CHINNI NIMA?
 Odatdagi kulolchilik — loydan buyumlar yasashni — odamzot so’nggi tosh davridayoq o’zlashtirgan edi. Hozirgi zamon tili bilan aytganda, u ko’proq fayansni eslatadi. Chinni esa — tamomila boshqa turdagi buyumdir. Chinnisozlik xomashyosi alohida oppoq tusli loy — kaolin-oq gil bilan dala shpati va kvarsning qorishmasidan iborat. Chinnidan yasalgan idishlar maxsus pechlarda juda baland harorat darajalari ostida qizdirib toblanadi. Oqibat-natijada chinni bamisoli shishasimon va suvo’tmas holatga keladi.  Xitoylik hunarmandlar milodning birinchi asridayoq chinni buyumlar yasashni o’zlashtiradilar. Bu yerda chinnisozlik ishlab chiqarishi eng a'lo darajada uyushtirilgan edi. Xitoydagi chinni buyumlarni pishirish xumdonlari alohida diqqatga sazovordir. Hozirgi qadimshunoslar tomonidan qazib ko’rilgan bunday xumdonlardan birida bir vaqtning o’zida 25000 dona chinni buyumni toblab pishirish mukinligi aniqlandi. Xumdonlar yog’och o’tinlari bilan qizdirilgan, ichida harorat darajasini bir xilda saqlay oladigan qilib qurilgan. Chinni ishlab chiqarish amallari qattiq sir tutilgan. Yevropalik sayyohlar Xitoyga kelishgach, bu yerdagi chinnilarga mahliyo bo’lib tomosha qilishgan, xolos. Biroq ularni mamlakatdan olib chiqib ketish qat'iy man etilgan. 1520 yildagina portugaliyalik savdogarlar chinni idishlar va kaolin bo’lagi namunalari xarid qilib, o’z yurtlariga olib ketishga muvaffaq bo’ldilar. Boshida kaolin-oqgil qatlami topib olinsa bas, chinni tayyorlanaveradi, deb xomcho’t qilishdi. Biroq yolg’iz oqgilning o’zi chinni tayyorlash uchun yetarli emasligi ma'lum bo’ldi. Son-sanoqsiz tajribalar, turli xil moylar va qattiq metallar qorishmasini olovda toblab pishirib ko’rishlar alaloqibat kutilmagan natijaga olib keldi. 1875 yilda ingliz geologi Jeyms Xatton, bo’sh vaqtlarida kulolchilik buyumlari tayyorlash bilan mashg’ul bo’lib yurgan bu zot Yerning geologik tarixiga oid mutlaqo yangi nazariyani ilgari surdi. Yevropaliklar tomonidan chinni ishlab chiqarishning sir-asrorlarini o’zlari uchun ochishga urinishlari natijasida shu tariqa bu ulug’vor ilmiy kashfiyot dunyoga keldi. Hozirgi kunda chinni buyumlar Yevropaning ko’pgina mamlakatlarida ishlab chiqarilmoqda. Chinnisozlikning ana shunday markazlaridan biri Rossiyada ham mavjud bo’lib, u Peterburgdagi Lomonosov nomidagi chinni zavodidir. Yevropada chinnisozlikning asosiy tarixiy markazlari Parij yaqinidagi Sevr va Saksoniya (Germaniya) dagi Meysen chinni zavodlaridir.
Mo`jiza kitobidan.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash