A - harfiga oid izohli lug`atlar
Abiogen komponentlar — Yer po`sti, havo va suv geografik qobiq hamda landshaftlarning abiogen (noorganik) komponentlarini tashkil etadi.
Abiogen landshaftlar — asosan abiogen komponentlardan tashkil topgan, ya’ni biogen komponentlar (o`simlik va hayvonot dunyosi hamda mikroorganizmlar) ishtirokisiz paydo bo`lgan landshaftlar. Hozirgi abiogen landshaftlarga Antarktidaning markaziy qismlari va Grenlandiyaning muz qalqonidagi, shuningdek Himolay va boshqa eng baland tog`larning chuqqilaridagi landshaftlar kiradi. Abiogen landshaftlar asosan hayotsiz bo`lsada, unda biosfera mahsulotlari — atmosfera kislorodi, ohaktoshlar va boshqa cho`kindi jinslar bor. Oy landshaftlari ham abigen landshaftdir.
Abiogen omillar — geografik qobiq va landshaftlarning anorganik omillari.
Abissal yotqiziqlar — dunyo okeani tubining 90% qismida mayda hayvon organizmlarining skeletlaridan, quruqlikdan shamol yoki dengiz oqimi natijasida keltirilgan mineral zarrachalardan, kosmik changlardan hosil bo`lgan cho`kindilar. Bunday yotqiziqlar ko`pincha 3 km ortiq chuqurlikda paydo bo`ladi.
Abbissal oblast — okeanlarning 2000 m dan chuqur qismi. Abissal oblastda suv sekin harakat qiladi, harorati 0 darajaga yaqin va butunlay qorong`i bo`ladi. Quyosh nuri yetib bora olmaganligi va bosim katta bo`lganligidan abyssal oblastda bakteriya va saprofit suvutlardan boshqa o`simlik organizmlari yo`q. Sezgi organlari juda taraqqiy etgan ayrim hayvonlar uchraydi.
Ablyatsiya (latincha ablatsio— olib ketish) - 1) muzlik massasining erish, bug`lanish va mexanik parchalanish natijasida kamayishi; 2) nuragan tog` jinslarinipg oqar suv, muz, shamol yordamida ko`chishi.
Aborigenlar (lotincha aborigines — dastlabdan, boshdan) — 1) biror mamlakat, o`lkaning qa dimdan yashab kelayotgan tub aholisi; 2) o`simlik va hayvonlarning bir joyning o`ziga qadimdan xos bo`lgan mahalliy, jaydari nav va zotlari, avtoxton organizmlar.
Abraziya (lotincha abrazio - sidirish) - to`lqin ta’sirida qirg`oqning yemirilishi va tekislanishi.
Absolyut balandlik, mutlaq balandlik - yer yuzidagi muayyan nuqtaning okean o`rtacha sathi dan tik balandligi. Okean sathidan baland nuqtalar musbat belgi (+), past nuqtalar manfiy belgi (—) bilan belgilanadi. Absolyut balandlik nivelirlash yordamida aniqlanadi.
Absolyut geologik yosh — biror geologik hodisa sodir bo`lgan zamondan boshlab hozirgi davrgacha o`tgan vaqt. Absolyut geologik yosh ming va mln. yillar bilan hisoblanadi va minerallar tarkibiga kirgan radioaktiv elementlarning (uran, toriy, va boshqalarning) parchalanishi, cho`kindilarning yotqizilish tezligi va lentasimon gil qatlamlarining soni hamda qalinligiga qarab aniqlanadi.
Absolyut (mutlaq) namlik -1 m.kub havodagi suv bug`i miqdori.
Avtomorf tuproq — yer osti suvlarining ta’siri bo`lmagan sharoitda vujudga kelgan tuproq. Avtomorf tuproqli maydonlarda yer osti suvlari 5 metr va undan ham chuqurroqda bo`ladi. Podzol, qora, kashtan va bo`z tuproqlar bunga misol bo`la oladi.
Avtonom landshaftlar - tuproq–o`simlik qoplami sizot suvlar ishtirokisiz, asosan yoginlar ta’siridagina rivojlanadigan elementar landshaftlar. Avtonom landshaftlar suvayirg`ichlarda plakor sharoitida rivojlanadi. B.B.Polinov fanga kiritgan elyuvial landshaftlar terminining sinonimi; Avtonom landshaftlar avtomorf tuproqlarda hosil bo`ladi.
Avtonomiya (yunoncha autonomia — mustaqillik) — biron davlat tarkibidagi ayrim millatning siyosiy va ma’muriy jihatdan o`z-o`zini boshqarish huquqi.
Avtoxton landshaftlar — asosan shu joydagi (mahalliy) o`simlik va hayvon turlarining tabiiy sharoit ta’sirida o`zgarishi natijasida vujudga kelgan landshaftlar. Avtoxton landshaftlar relikt flora va fauna elementlariga boy o`lkalarda, chunonchi, Janubiy Uzoq Sharqda va Zakavkazening nam subtropiklarida keng tarqalgan. Yakutiyaning tayga o`rmonlari orasidagi sovuq o`tlog`i dashtlar landshaftlari ham Avtoxton landshaftlardir.
Algomerat (lotincha agglomero — qo`shib olaman) - 1) xilma-xil shakldagi har xil tog` jinslari parchalari. Aglomeratlarning sementlashishidan brekchiyalar, tuflar hosil bo`ladi. 2) Mayda ruda yoki kukunsimon metallarni maxsus mashinalarda qovushtirib hosil qilingan yirik bo`laklar.
Aglomeratsiya, aholi punktlari aglomeratsiyasi — aholi punktlarining, xususan shaharlarning bir-birlariga qo`shilishib yagona urbanizatsion va huquqiy iqtisodiy zona hosil qilishi. Aglomeratsiyada aholi zich bo`lib, xilma-xil ishlab chiqarish tarmoqlari, birinchi galda sanoat korxonalari, ilmiy va o`quv muassasalari va boshqa yuksak darajada konsentratsiyalashgan bo`ladi.
Agrar munosabatlar (lotincha agrarius - yer) - qishloq xo`jaligida kishilar o`rtasida bo`lgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar. Agrar munosabatlar shu jamiyatda yer kimning qo`lida ekanligiga (yer egaligiga), yerda kim va qanday shart bilan ishlayotganiga (yerdan foydalanish shakliga) qarab farq qiladi. Har bir ijtimoiy tuzumda yer egaligi va yerdan foydalanishning o`z shakllari va shu shakllarga mos agrar munosabatlar amal qiladi.
Agrar-sanoat kompleksi — muayyan hududda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaradigan hamda qayta ishlaydigan va bir-birlari bilan bog`langan qishloq xo`jaligi va sanoat korxonalarining bo`lishi.
Agroiqlimshunoslik (yunoncha agros — dala) — iqlimni qishloq xo`jaligining, asosan dehqonchilikning muhim omili sifatida o`rganuvchi fan. Agroiqlimshunoslikning asosiy
vazifasi iqlim bilan qishloq xo`jalik ekinlarining o`sishi, rivojlanishi va oqilona
joylashtirilishi o`rtasidagi munosabatni aniqlashdan, agrotexnika va melioratsiya
tadbirlarini iqlimiy jihatdan asoslab berishdan va h.k. lardan iborat. Qishloq
xo`jalik ekinlarini iqlim va mikroiqlim sharoitiga ko`ra rayonlashtirish, ya’ni
agroiqlimiy rayonlashtirish agroiqlimshunoslikning bosh masalasidir.
Adaptatsiya (lotincha adaptatsio - moslashuv) - 1) organizmlarning yashash sharoitiga moslashishi; 2) sezgi a’zolarining o`ziga ta’sir etadigan qo`zgatuvchilarga moslashishi natijasida ularda sezgirlik darajasining o`zgarishi (masalan, ko`zning yorug`lik yoki qorong`ilikka moslashuvi).
Adirlar — O`rta Osiyo tog`lari etagidagi cho`l va chala cho`l qirlar. Neogen va antropogen davrlarning cho`kindi tog` jinslaridan tarkib topgan. Farg`ona, Hisor, Surxondaryo vodiylarida ko`proq konglomerat va chaqir toshlardan iborat bo`lib, ba’zi joylarida lyoss bilan qoplangan. Adirlar pasti-baland bo`ladi. Ularni ko`p joylarda soy hamda jarlar kesib o`tib, ayrim-ayrim qismlarga bo`lib yuborgan. Adirning mutlaq balandligi 400-500 m dan 1000-1500 metrgacha boradi. Adirlar baland tog` etaklaridan tektonik botiqlar orqali ajralgan bo`ladi. Bahor paytlarida adirlarda rang-barang o`tlar, lolalar o`sib yotadi. Xo`jalikda adirlardan bahorgi yaylov sifatida foydalaniladi, yog`in ko`proq tushadigan joylarda g`alla yetishtiriladi. Kopetdog` va Qrimda tof etaklaridagi shunday balandliklar bayirlar deb yuritiladi. Qozog`iston va Qirg`izistonda uncha katta bo`lmagan qoldiq qir va tog`lar ham adir deb yuritiladi.
Azimut (arabcha as-sumut – yo`l) -joy yoki kartada shimol yo`nalishi bilan tanlangan predmet yo`nalishi orasidagi burchak. Azimut burchaklari shimol yo`nalishidan soat strelkasi bo`ylab o`lchanadi.
Azon - kun chiqishdan oldingi payt, erta tong.
Azonallik - zonallikdan ko`ra mahalliy sharoit ta’siri kuchli bo`lgan landshaftlarning tarqalishi. Masalan, qayir landshaftlari, qum landshaftlari (cho`llardan tashqaridagi), ohaktoshli karst landshaftlari, avtoxton landshaftlar va boshqalarda zonallik qonuniyati deyarli aks etmaydi. Balandlik mintaqalarining tarqalishi ham azonallikka kiradi.
Aydar — ustida tosh parchalari uyulib qolgan qir, tepa, dunglar, ya’ni tosh kokilli do`nglar. Shamol qirlarning ustki qismidagi g`ovak mayda jinslarni uchirib ketishidan hosil bo`ladi. Joy nomlari sifatida ham ishlatiladi: Aydar sho`rxogi, Aydarli qo`rg`oni.
Ayri, ayrilish - daryolar, tog` tizmalari, yo`llarning bo`lingan, tarmoqlangan joyi.
Aysberglar (Gollandcha iys - muz, nemischa berg – tog‘) -okean, dengiz va ko`llarda suzib yuradigan yoki sayozliklarga o`tirib qoladigan katta muz palaxsalari. Suvga tushib kelayotgan muzliklarning sinishidan hosil bo`ladi. Aysberglar asosan Antarktida, Kanada Arktika arxipelagining shimoliy orollari, Grenlandiya qirroqlarida vujudga keladi. Muz hamda suvning zichligiga qarab, 80-90% qismi suv ostida bo`ladi. Suv ustidagi qismining balandligi o`rtacha 70-100 m, eni va bo`yi yuzlab km ga yetadi. Aysberg kemalar qatnovi uchun juda xavfli, ko`p kemalar aysbergga urilib garq bo`lgan.
Akvatoriya (lotincha akva - suv) suv havzasi yuzasining bir qismi. Port akvatoriyasi deganda portning quruqlikdagi qismidan tashqari suv qismi tushuniladi.
Akklimatizatsiya - organizmlarning yangi iqlim sharoitiga moslashishi.
Akkumulyatsiya (lotincha akkumulyatsio-to`planish), cho`kindi to`planishi, sedimentatsiya - yer yuzasida oqar suv, muzlik, shamol va boshqa geologik kuchlar ta’sirida mineral va organik cho`kindilarning to`planish jarayoni.
Alaslar - Yakutiya tekisligida yozda qurib qoladigan ko`llar o`rnida hosil bo`ladigan bo`liq o`tloqlar. Alaslar maydoni har xil - bir necha kv. metrdan bir qancha kv. km gacha boradi. Ba’zi Alaslarning o`rtasidagi chuqur qismida ko`l bo`ladi. Alaslar juda ko`p joylarda maxsus landshaftlar hosil bo`ladi. Alaslar ko`proq termokarst natijasida paydo bo`ladi. Alaslardan xo`jalikda pichanzor va yaylov sifatida foydalaniladi.
Alloxton (yunoncha allos - boshqa, xton - yer, tuproq) – tog` jinslari, foydali qazilmalar va moddalarning paydo bo`lgan o`rinlaridan ma’lum geologik jarayonlar sababli yangi o`ringa siljishi (ko`chirilishi) va ular yotqiziqlarining qaytadan paydo bo`lishi.
Allyuvial tekislik - oqar suvlar oqiziqlarining chuqurroq joylarda chuqib qolishidan vujudga kelgan tekislik.
Allyuvial tuproqlar - daryo vodiylaridagi allyuvial yotqiziqlardan vujudga kelgan tuproqlar. Allyuvial tuproqlar qatlamlarining qalinligi 1-2 sm dan bir necha o`n sm gacha bo`ladi. Allyuvial tuproqlar genetik (kelib chiqish) belgilariga qarab, o`tloqi qayir-allyuvial tuproqlar va o`tloqi-allyuvial tuproqlarga ajraladi, o`tloqi qayir-allyuvial tuproqlar daryo vodiylarining qayirlarida paydo bo`ladi. O`tloqi-allyuvial tuproqlar daryolarning qayir usti terrasalarida bo`lib, ularning namligi daryo rejimiga bog`liq emas. Bu tuproqlar organik moddalarga juda boy, unumdor bo`ladi.
Allyuviy (lotincha allyuvio - yotqiziq) - doimiy yoki vaqtli oqar suvlar keltirib yotqizgan jinslar. Ko`proq mayda tosh, shag`al, qum va gillardan iborat bo`ladi. Ba’zi tekisliklar, daryolarning qayirlari va terrasalari shunday jinslardan tashkil topgan. Allyuvial jinslar ko`pincha saralab yotqiziladi: suvning yuqori oqimida yirik jinslar - tosh, shagal, so`ngra qum va nihoyat gil yotqiziladi.
Almashlab ekish - iqlimi va tuproq sharoitiga qarab qishloq xo`jalik ekinlarini navbat bilan ekish. Bunda ekin maydoni bir xil kattalikdagi bir necha dalaga bu- linadi va har biriga belgilangan ekin navbat bilan ekiladi. O`zbekistonda ko`proq paxta bilan beda almashlab ekiladi.
Alunit (fransuzcha alun - achchiqtosh) - alyuminiy, kaliy va boshqalardan iborat mineral. Alunitdan achchiqtosh, kaliy tuzlari, oltingugurt, sulfat kislota va alyuminiy olinadi. Alunitning Ozarbayjonda, O`zbekistonda esa Gushsoy, Oqtosh, Oqsoqota va boshqa joylarda konlari topilgan.
Alp burmalanishi — Yer tarixining kaynozoy erasida ro`y bergan tog` burmalanishi. Shu burmalanishda vujudga kelgan Alp tog`lari nomi bilan atalgan. Alp burmalanishi davrida hozirgi mavjud ko`p tog` tizmalari hosil bo`lgan. Bular ikkita tog` mintaqasini tashkil etadi: 1) Alp-Himolay (Pireneya, Andalusiya, Atlas, Apennin, Alp, Bolton, Karpat, Kavkaz, Kichik Osiyo, Eron, Hindikush, Himolay, Birma) va 2) Tinch okean (Koryak, Kamchatka, Saxalin, Yapon, Yangi Gvineya, Yangi Zelandiya, Antarktida, And, Kordilera) tog`lari mintaqalari.
Alp mintaqasi - mo’tadil va subtropik kengliklardagi tog`larning ancha baland qismida, yuqorida doimiy qor va muzliklar, pastda subalp mintaqasi orasida joylashgan balandlik landshaft mintaqasi. Bu mintaqada sovuq baland tog` iqlimi, tog` toshloq, torfli, nordon tuproqlar, past bo`yli siyrak o`tloqlar va soyalar xarakterlidir. Shimoliy kengliklardagi tog`larda alp mintaqasi o`rnida tog`-tundra va yalang tog` landshaftlari tarqalgan.
Alp va subalp o`tloqlari – o`rmonlar mintaqasidan yuqorida va doimiy qor va muzliklardan pastda bo`lgan baland tog` o`tloqlari: tog`lar joylashgan geografik kenglik, iqlim va yonbag`ir ekspozitsiyasiga qarab alp va subalp o`tloqlari turlicha balandlikda: Alp tog`larida, Kavkazning g`arbiy qismida 1700-3000 metr, Himolay tog`larining janubiy yonbag`rida 3200-5000 metr balandlikda bo`ladi. Iqlimning nihoyatda sovuq bo`lishi, qorning qalin bo`lib, uzoq vaqt (6-10 oy) yotishi oqibatida alp va subalp o`tloqlari o`simliklari xilma-xil ko`p yillik o`tlar va pakana butalardan (rododendron va b.) iborat. Ko`pgina o`simliklar rang-barang yirik gullar ochadi.
Alp va subalp o`tloqlari mintaqasining tog` o`rmonlari yaqinidagi quyi qismida subalp o`tloqlari uchraydi. Namgarchilik serob va iqlim bir oz iliq bo`lganidan bu yerlarda bo`yi 1,5-2,5 metr xilma-xil o`tlar qalin o`sadi, subalp o`tloqlaridan yuqorida iqlim o`ta sovuq bo`lganidan o`tlar pakana bo`lib, alp o`tloqlarini hosil qiladi. Hayvonlar kam. Aksari tik qoyalardan yura oladigan hayvonlar (tur, serna, kiyik, tog` qo`yi) yoki uzoq uyquga kiradigan hayvonlar (yumronqoziq, pishchuxa va boshqa kemiruvchilar); qushlardan – tog` kurkasi, kaklik yashaydi. Alp va subalp o`tloqlaridan yozgi yaylov sifatida foydalaniladi.
Alp tipidagi relyef - muzlik relyefi shakllari keng tarqalgan baland tog` relyefi. Alp tipidagi relyef tog`larning tepasidagi qor-muzlik mintaqasida — nival mintaqada uchraydi. Uning xarakterli shakllari o`tkir chuqqilar, tik qoyalar, chuqur va tor vodiylardir. Alp tipidagi relyef Oltoy, Tyanshan, Pomir va Kavkaz kabi baland tog`li o`lkalarda tarqalgan.
Alyuminiy rudalari (lotincha aluminus— achchiqtosh) - alyuminiy metali olinadigan tog` jinslari va minerallar. Alyuminiy, asosan, boksitdan, so`ngra alunit, kaolinit va boshqa minerallar hamda tog` jinslaridan olinadi. Boksitdan boshqa alyuminiy rudalari tabiatda tarqalishi va giltuproqni oson ajratishi jihatidan sulfatlar va silikatlar guruhiga bo`linadi. Sulfatlar tabiatda kam; ularning tarkibida giltuproq kam bo`lishiga qaramay sanoatda undan kaliy tuzlari, oltingugurt va sulfat kislota ham olinadi.
Alyuminiy ruda konlari: Ural, Qozog`iston, G`arbiy va Sharqiy Sibir, Qrim yarim oroli; chet ellarda - Gviana (Janubiy Amerika), Yamayka oroli, Braziliya, Hindiston, Vengriya, Xitoy, Fransiya va b. O`zbekistonda alyuminiy rudalarining deyarli barcha turlari uchraydi; Angrendagi Kaolinit va Gushsoydagi alunit konlari shular jumlasidandir.
Amaliy landshaftshunoslik - amaliy geografiyaning asosiy tarmoqlaridan biri. Amaliy landshaftshunoslik turli amaliy maqsadlar uchun tabiiy-geografik rayonlashtirish, yerlarga xo`jalik nuqtai nazaridan baho berish, rayonni rejalashtirish, tibbiyot landshaftshunosligi kabi masalalarni o`z ichiga oladi.
Aneroid, metal barometr – atmosfera bosimini o`lchash uchun ishlatiladigan asbob. Aneroidning asosiy ish qismi – ichidan havosi so`rib olingan elastik xususiyati yassi to`garak quticha. Havo bosimi o`zgarganda quticha o`z shaklini o`zgartadi (bosim oshganda quticha siqiladi, kamayganda kengayadi) va bu o`zgarish richaglar sistemasi yordamida shkala bo`ylab harakatlanuvchi strelkaga uzatiladi.
Antarktika (yunoncha anti – qarshi, arktikos - shimoliy) – janubiy qutb atrofidagi sovuq o`lka. Antarktikaga Antarktida materigi, Atlantika, Hind va Tinch okeanlarining shu materikka tutash qismlari, chunonchi, Uedell, Ross, Amundsen va Bellinsgauzen dengizlari, shuningdek, Antarktida yaqinidagi orollar kiradi.
Antarktika mintaqasi – janubiy qutb va uning atrofidagi geografik mintaqa. Antarktida materigi va uning atrofidagi orollar hamda dengizlarni o`z ichiga oladi. Antarktika mintaqasi iqlimining Yer sharida eng sovuq ekanligi, biologik hamda geokimyoviy jarayonlarning juda sustligi hamda muz landshaftlarining ustun turishi (85,5%) bilan xarakterlanadi.
Antekliza (yunoncha anti – qarshi va klisis – og`ish) – platformalarda yer po`stining salgina ko`tarilgan gumbazsimon shakllari, gumbazsimon qirlar. Kengligi bir necha yuz km ga yetishi mumkin. Anteklizalar yer po`stining uzoq vaqt davomida asta-sekin ko'tarilishi natijasida hosil bo`ladi.
Antiklinal – (yunoncha anti – qarshi va klino – og`diraman) – qavariq tomoni yuqoriga qaragan Burma. Antiklinalning qayrilgan qavariq yeri antiklinal markazi, yon tomonlari – qanotlari deb ataladi. Markazida qadimiy jinslar, qanotlarida esa yoshroq jinslar bo`ladi.
Antropogen bosqich – geografik qobiqning inson paydo bo`lganidan keying taraqqiyot bosqichi. Inson geografik qobiq va landshaftlarini ongli ravishda o`zgartiruvchi muhim omil ekanligidan antropogen bosqich o`zidan oldingi biogen bosqichdan tubdan farq qiladi. Antropogen bosqichning eng muhim xususiyati – tabiat bilan jamiyat o`rtasidagi aloqaning vujudga kelganligi hamda antropogen landshaftlarning paydo bo`lganligidir.
Antropogen davr (sistema), to`rtlamchi davr, antropogen – Yer geologik tarixining eng yosh oxirgi davri; hozirgi zamonni ham o`z ichiga oladi. 1,5-2 mln yil davom etgan. Antropogen davrda yer yuzasining katta qismini to`rt marta materik muzliklari bosgan. Bu davrda hozirgi o`simlik va hayvonot dunyosi, tabiiy landshaftlar, geografik qobiq shakllangan, inson paydo bo`lgan.
Antropogen landshaft – inson faoliyati ta`sirida vujudga kelgan landshaft. Antropogen landshaftlarga qishloq xo`jaligi landshaftlari (ekin dalalari, o`tloq-yaylov, bog` va tokzorlar), sun`iy o`rmonlar va suv havzalari, kanallar, suv omborlari), texnogen landshaftlar (tog`-kon sanoati yerlari), shahar hamda qishloqlar kiradi. Antropogen landshaftlarni landshaftshunoslikning muhim amaliy ahamiyatga ega tarmoqlaridan biri – antropogen landshaftshunoslik o`rganadi.
Antropogen landshaftshunoslik – landshaftshunoslikning antropogen landshaftlarning vujudga kelishi, strukturasi, rivojlanishi, tarqalishi va ulardan oqilona foydalanish yo`llarini o`rganuvchi tarmog`i. Antropogen landshaftshunoslikning asosiy vazifalaridan biri yaqin kelajakda inson faoliyati ta`sirida geografik muhitda ro`y beradigan o`zgarishlarni tadqiq qilishdir. Antropogen landshaftshunoslik landshaftlarning vujudga kelishi va rivojlanishida antropogen omilning ijobiy hamda salbiy rolini ham tarixiy jihatdan, ham kelajak nuqtai nazaridan o`rganadi. Bu atamani 1971-yil F.N.Milkov tavsiya etgan. Biroq antropogen landshaftshunoslik atamasi va uning talqini fanda uzil-kesil qaror topgani yo`q.
Ang`iz – g`allasi o`rib olingan dala. Ang`izda organik qoldiqlar bo`ladi.
Anhor – (arabcha anhor – nahr so`zining ko`pligi) – katta kanal ariq. Xorazm shevasidagi arna so`ziga tog`ri keladi. Anhor atamasi ba`zan mustaqil atoqli ot o`rnida ishlatiladi. Masalan, Toshkentdagi Anhor arig`i.
Aparteid (burlar tilida apartxeid – ayrim-ayrim yashash) – Janubiy Afrika Respublikasi hukumati tomonidan afrikalik tub aholining va Hindistondan ko`chib kelgan kishilarning qattiq ta`qib qilinishi. Afrikaliklar qishloq joylarda rezervatsiyalarda, shaharlarda esa maxsus kvartallarda yashashadi; Aparteid siyosatini BMT qoralagan va unda qarshi butun insoniyat kurashmoqda.
Apatit (yunoncha - aldayman) – mineral. Rangi – yashil, ko`kish-yashil, kul rang. Apatit asosan fosfat o`g`itlar tayyorlash, fosfor va uning birikmalarini olish uchun, qora va rangli metallurgiyada hamda xira oyna ishlab chiqarish uchun qo`llaniladi. O`zbekistondagi fosforitlarning asosiy qismi apatitlardir.
Apogey (yunoncha apo – dan uzoqda, ge - yer) – Oy yoki Yer sun`iy yo`ldoshi orbitasining Yer markazidan eng uzoq nuqtasi.
Aposeleniy (yunoncha selene - oy) – Oy yo`ldoshi orbitasining Oydan eng uzoq nuqtasi.
Arab Sharqi – asosan arablar yashaydigan bir guruh mamlakatlar, Misr, Sudan, Liviya, Tunis, Jazoir, Marokash, Arabiston yarim orolidagi mamlakatlar. Suriya, Iordaniya va Iroq kiradi.
Arashon (sanskritcha arashan – obi hayot) – issiq suvli mineral buloq. Hozirgi vaqtda, asosan, geografik nomlar tarkibida qolgan arashon arasan, arshan shakllarida Sibirda va O`rta Osiyoda juda ko`p joy nomlari tarkibida uchraydi: Arashon, Arashonbuloq, Arashonsoy, Olmaarasan, Aqarsan va boshqalar.
Areal – 1) biogeografiyadagi asosiy tushunchalardan bo`lib, biror xil hodisa, ko`proq o`simlik va hayvon turlari tarqalgan maydon, hudud; 2) xaritada voqea va hodisalarni tasvirlash usuli. Ularning chegarasi uzluksiz chiziq, rang yoki shrtix bilan ko`rsatiladi, ba`zan areal ichiga belgilar qo`yilishi yoki yozilishi mumkin. Bu usuldan geobotanik, geografik va iqtisodiy xaritalarda va aholi xaritalarini tuzishda foydalaniladi.
Arid iqlim (lotincha aridus – qurg`oqchil) – namlanish miqdori o`simliklar vegetatsiyasi uchun yetarli bo`lmagan quruq, issiq kontinental iqlim. Arid iqlimda mumkin bo`lgan (potentsial) bug`lanish yillik yog`in miqdoridan ancha ortiq 10 barobar va undan ham ortiq, yoz jazirama issiq bo`ladi. Arid iqlim sharoitida sug`oriladigan yerlardagina dehqonchilik qilinadi. Cho`l, chalacho`l va quruq dashtlar iqlimi ariq iqlimdir.
Arid morfoskultura – cho`l, chalacho`l va quruq dashtlarda relief hosil qiluvchi tashqi omillar: shamolning ishi, nurash, vaqtinchalik oqar suvlarning ishi va boshqalar ta`sirida vujudga kelgan relief tipi. Misol: barxanlar, dyunalar, gryada qumlari, qo`ng qumlar, taqirlar, quruq o`zanlar, bedlendlar va h.k.
Arid o`lkalar - havoning sutkalik va fasliy haroratlari katta tafovut qiladigan, nisbiy hamda mutlaq namligi kam, yog`in-sochin juda oz (150-200 mm), quruq (cho`l va chala cho`l) iqlimli o`lkalar.
Ariq (ayriq so`zidan) -katta suvlar, daryo va soylardan ayrilgan shoxobcha. Katta ariq anhor deyiladi. Eski kanallarning ba’zilari hozir ham ariq deyiladi. Masalan, Toshkentda Zaxariq, Kaykovus arig`i, Xorazmda Yangiariq, Samarqand atrofida Polvonariq. Dalalarda ekinlarga suv berish uchun tortilgan juyaklar ham ariq deb ataladi.
Arktika (yunoncha arktikos - shimoliy) - Shimoliy qutbiy o`lka Arktikaning chegarasini 10 darajali iyul izotermasi bo`ylab o`tkaziladi. Arktikada muz sahrolari va tundra zonalari bor.
Arktik tundra — tundra zonasining eng shimoliy zonachasi. Tundra tuproqlarida siyrak holda driadalar, qiyoq, momiqbosh, qutb lolaqizraldog`i, yo`sin va lishayniklar hamda bo`talar o`sadi.
Arktika mintaqasi — Shimoliy qutb va uning atroflarini o`z ichiga olgan eng shimoliy geografik mintaqa. Janubiy chegarasi eng iliq oyning 5 darajali izotermasiga to`g`ri keladi. Mintaqada Arktika sovuq sahrolari landshaftlari tarqalgan: ular sovuq iqlim, doimiy muzloqlar yoppasiga tarqalganligi, tuproqlarining yaxshi rivojlanmaganligi, biologik va geokimyoviy jarayonlar juda sust ekanligi bilan xarakterlanadi.
Arna — suv, suv otsimi, suv oquvchi joy. Arna - Xorazmda bosh kanal. Nurota tog`lari etagida quruq o`zan, Qir- rizistonda soy, Qozog`istonda daryo o`zani arna deb atalgan. Joy nomlari tarkibida ko`p uchraydi.
Art, ort - qadimiy geografik termin, dovon demakdir. Art atamasi M. Qoshg'ariyning «Devonu lug`atit-turk» asarida, turkiy yozuvlardayoq uchraydi. Hozirgi vaqtda asosan geografik nomlar tarkibida qolgan. Art so`zidan tuzilgan joy nomlari Qirg`izistonda ayniqsa ko`p: Ayiqart, Og`achart, Qayinart, Qizilart, va boshqalar.
Artezian suvlari — har xil chuqurlikda suv o`tkazmaydigan qatlamlar oralig`da hosil bo`lgan yer osti suvlari. Artezian suvlari bosim ostida bo`ladi, shuning uchun burg` qudug`i qazilganda suvli qatlamning shipidan yuqori ko`tariladi, bosim yetarli darajada kuchli bo`lganda esa yer yuzasiga ko`tariladi yoki fontan bo`lib chiqadi. Artezian so`zi Fransiyadagi Artua viloyati nomidan olingan. Hozirgi vatqda O`zbekistonning Jizzax, Buxoro viloyatida, Qoraqalpog`iston va Markaziy Farg`onada artesian suvlaridan chorva mollarini, ayrim hollarda kichikroq ekin maydonlarini sug`orishda hamda ba’zi korxonalarda texnologik maqsadlar uchun foydalanilmoqda.
Arxey (yunoncha arxaios qadimiy)—yerning geologik tarixidagi eng qadimiy era, taxminan 1 mlrd. yilcha davom etgan. Bu eradan dolgan eng qadimiy tog` jinslarining yoshi 3 mlrd. yil deb hisoblanadi.
Arxipelag (yunoncha arxi — dastlabki, pelagos — dengiz) — bir-birlaridan unchalik uzoq bo`lmagan va odatda bir butun deb hisoblanadigan orollar to`dasi. Bir arxipelagga kiradigan orollar paydo bo`lishi, geologik tuzilishi, o`simliklari, hayvonot dunyosi jihatidan o`xshash bo`ladi. Arxielag paydo bo`lishiga ko`ra materik, marjon, vulkan orollariga bo`linadi.
Archa — sarvdoshlarga mansub doimiy yashil daraxt va bo`talar turkumi. 70 ga yaqin turi bor. Archaning ko`chiligi o`rta mintaqalarda o`sadi. Ba’zi turlari tropik hududlardagi tog`larda ham uchraydi. MDHda 20 ga yaqin yovvoyi turi bor. Shulardan sovur archa, o`rik archa, qizil archa, qora archa va Zarafshon archasi kabi turlari O`rta Osiyo, xususan O`zbekistan tog`larida archazorlar hosil qilgan.
Asad (arabcha - arslon) - 1) 12 burj (zodiak) ning 5-yulduzlar turkumi; 2) Quyosh hisobidagi Shamsiya yilning beshinchi oyi; iyul, avgust oylariga - 21 iyuldan 21 avgustga to`g`ri keladi.
Asbotsement buyumlar, - shifer, kanalizatsiya, suv, neft, gaz quvurlari, asbest kartoni, qog`oz, issiqlik va elektr izolyatsiyalari, o`tga chidamli qurilish materiallari va issiqqa chidamli buyumlar asbotsement O`zbekistonda Sulton Uvays tog`larida ko`proq uchraydi. Asbotsement Kavkaz, Sibirda, chet ellarda - Kanada, JAR, AQSh, Yaponiya va Avstraliya davlatlarida bor.
Asr (arabcha asr - davr, vaqt) - 1) yuz yil; 2) geologik davrning bir qismini o`z ichiga olgan vaqt. Asr ichida bir yarusning barcha tog` jinslari paydo bo`ladi. Geoxronologiya jadvalida asr eng kichik qism (vaqt) hisoblanib, bir asr tog` jinslarining bir yarusi hosil bo`ladigan vaqtga to`g`ri keladi.
Astrogeografiya - Yer tipidagi planetalar geografik qobig`ini qiyosiy o`rganuvchi fan. Astrogeografiya atamasini I.M.Zabelin tavsiya etgan.
Astrolyabiya (yunoncha astron - yulduz, labe - tutib olish) - joyning geografik koordinatalarini, vaqtni, ob’yektning azimutini, yulduzlarning chiqishi va botish paytlarini, shuningdek, amaliy astronomiyaning boshqa masalalarini hal qilishda ishlatiladigan ko`chma astronomik asbob. O`rta asrlarda Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan edi. Astrolyabiya graduslarga bo`lingan doira, chizg`ich va vizirlovchi dioptrdan iborat. Yoritkich balandligini aniqlash paytida strolyabiya maxsus halqa yordamida osib qo`yilar edi.
Astronavt — ba’zi mamlakatlarda (masalan, AQShda) kosmonavt atamasi o`rnida ishlatiluvchi so`z.
Astronomiya (yunoncha astron- yulduz, nomos - qonun) - osmon jismlari va Koinotning tuzilishi hamda taraqqiyoti haqidagi fan. Astronomiya astrofizika, radioastronomiya, yulduzlar astronomiyasi, osmon mexanikasi, kosmogoniya, kosmologiya kabi tarmoqlarga bo`linadi. Astronomiya turli joylardagi aniq vaqtni, kenglik va uzunlikni belgilash, osmon sferasidagi yoritkichlar holatini, dengizdagi kema va osmondagi samolyotning o`rnini aniqlashga xizmat qiladigan maxsus asboblarni tasvirlash bilan ham shug`ullanadi. Astronomiyaning yangi sohasi — radioastronomiya katta ahamiyatga ega bo`lib, u osmon jismlarini, ulardan tarqaladigan radioto`lqinlarni, shuningdek, Yerdan jo`natilib, ulardan aks etgan radiosignallarni kuzatish yo`li bilan o`rganadi.
Atmosfera (yunoncha atmos - bug`, sfera - shar) - Yer bilan bir butundek - birga aylanadigan havo qobig`i. Atmossferaning Yer yuzasidan 100-120 km balandlikkacha bo`lgan qatlami azot (78,08%), kislorod (20,95%), argon (0,93%) va karbon kislota gazi (0,03%) aralashmasidan iborat. Atmosferada bu gazlardan tashqari, suv bug`lari, chang va juda kam miqdorda siyrak gazlar (neon va b.) bor. Atmosferada 10 km gacha balandlikda asosan yerda hosil bo`lgan chang (Yerda yondiriladigan yoqilg`i qurumi va kukuni, vulkan otilganda chiqadigan mahsulotlar, shamol bilan ko`tariladigan tuproqning mayda zarrachalari va b.) bo`ladi. Katta balandliklarda esa, meteor jismlar yonishidan paydo bo`lgan kosmik chang bo`ladi. Ayniqsa atmosferaning yerga yaqin qatlamida chang ko`p, bu yerda quruq havoda 1 sm.kub havoda 100 mingtagacha chang zarralari bor.
Balandlik ortgan sari atmosferaning zichligi, bosimi, harorati va boshqa fizik va kimyoviy xossalari o`zgaradi. Atmosfera massasining 50% i 5 km gacha balandlikda, 99%i esa 30 km gacha balandlikda to`plangan. 1 m.kub havo og`irligi dengiz sathida 1290 g ga teng bulsa, 40 km balandlikda -4 g. Balandlik oshgan sayin haroratning o`zgarishiga qarab atmosfera quyidagi 5 ta sferaga bo`linadi: troposfera (Yer yuzida 8-17 km gacha), stratosfera (8-17 dan 40-50 km gacha), mezosfera (50 dan 80-85 km gacha), termosfera yoki ionosfera (85 dan 1000 km gacha), ekzosfera (1000 km dan yuqorida).
Atollar (maldivcha atolu - berk) halqasimon marjon orollari. Ochiq dengizlarda uchraydi. Atollar cho`kkan vulkan orollari qirg`og`idagi marjon riflaridan paydo bo`ladi. Ko`pincha atollar halqasi ichidagi suv (chuqurligi 100 m gacha) dengiz bilan tutashib, qo`ltiq hosil qiladi. Ular uncha katta bo`lmaydi. Faqat ayrimlari halqasining diametri 50 km va undan oshadi. Ba’zi atollar qo`ltig`i kemalar to`xtashi uchun qulay.
Afeliy (yunoncha apo - dan uzoqda, gelios - Quyosh) Quyosh atrofida aylanuvchi kosmik jism orbitasining Quyoshdan eng uzoq nuqtasi.
Achchi — achchiq, nordon, taxir, sho`r suvlar; turkmanlarda aji, qozoqlarda ashi, qirg`izlarda achu shakllarida ishlatiladi. Masalan, Achchidaryo, Ajiko`l, Achchisay, Ashi- buloq va h.k.
Aerometodlar — hududlarni aviatsiya va Yerning sun’iy yo`ldoshlari yordamida o`rganish metodlari. Bunda yer yuzasidagi landshaftlar, ayrim predmet, jarayon va hodisalar samolyotdan olingan yoki kosmosdan olingan suratlar asosida tahlil qilinadi.
Aerometodlar atmosfera va gidrosferadagi jarayonlarni (jumladan, atmosfera sirkulyatsiyasi, okean suvlari sirkulyatsiyasi, muzliklar harakati va boshqalarni) kuzatib borishda, tabiiy sharoit hamda resurslarni o`rganishda tobora katta ahamiyat kasb etadi.
Aerosyomka, aerofotosyomka- samolyotda joyning yuqoridan fotosuratini olish va shu fotosuratlar vositasida joyning plani va topografik xaritasini tuzish. Aerosyomka joyning ba’zi tafsilotlarini yoki inshootlarning fotosuratlarini olib, so`ngra tayyor xaritaga tushirish uchun ham qo`llaniladi (aerofotorekognossirovka). Ba’zan aerosyomkaning vazifasi faqat joyning tutgan o`rni chegaralarini aniqlash bilan cheklanadi (yozuvsiz aerosyomka); ba’zan topografik o`lchashlar natijasida olingan relyef haqidagi ma’lumotlar aerosyomka yordamida olingan xaritalarga tushiriladi (murakkab - kombinatsiyalangan aerosyomka) Aerosyomka vositasida xarita tuzib, fotogrammetrik o`lchashlar natijasida relyefni shu xaritalarga tushirish ham mumkin (fotogrammetriya). Uchish, fotosurat olish va tayyor fotosuratlarni o`lchash natijasida joyning plani - xaritasi tuziladi. Aerosyomka topografik xaritalar tuzishda, geologiya, tuproqshunoslik tadqiqotlarida, o`rmonchilik va yer tuzish ishlarida, yo`l va gidrotexnik inshootlar qurish, harbiy ish va boshqalarda qo`llaniladi.
Ayamajiz— qishning oxirgi haftasi. Ayamajiz so`zi «ayyom ajuz» (kampir kuni) so`zlarining talaffuzda qisqarib ketishidan hosil bo`lgan. «Ayamajiz olti kun, qahr aylasa qattiq kun» degan naql bor.
Aqba, aqaba (arabcha aqaba - dovon, tog` yo`li, ko`pligi aqabot) -O`rta Osiyoda tarqalgan geografik atama. IX-X asrlardagi arabiynavis geograflarning asarlarida ko`p uchraydi. Aqba so`zi X asrda fors-tojik tilida yozilgan «Hudud ul-olam» va «Tarixi Tabariy» asarlarida ham tilga olinadi. Hozir bu atama, asosan, geografik nomlar tarkibida qolgan. Turkiston, Zarafshon tizmalarida va Pomir tog`larida aqba so`zidan tuzilgan o`nlab dovonni uchratish mumkin: Aqbaboshi, Aqbavodimiy, Aqbai Obburdan, Aqbai Gishxun, Choshi aqba va hakazo. Bu atama axba, ag`ba, ovg`a shakllarida O`zbekistonning bir qancha joylarida turli xil ma’noda ishlatiladi. Masalan, Samarqand, Jizzax viloyatlarining ba’zi tumanlarida dovonga chiqiladigan tik yo`lni ovg`a deyishadi va h.k.
Aqor (arabcha aqor – ko`chmas mulk, yer-suv, zamin) - ijtimoiy atama; O`rta Osiyoda temuriylar davlatida, shuningdek, Eronda yer-suv, bog`, tegirmon, kanal, do`kon, ustaxona va bozorlar kabi qo`zg`almas mulklar aqor deb atalgan. A.qor vasiyat bilan vaqfga aylantirilishi mumkin bo`lgan. Zarafshon vodiysidagi Aqor, Oqar, Ag`ar kabi joy nomlari aqor atamasidan kelib chiqqan.
Aqrab (arabcha aqrab - chayon) - 1) Zodiak zonasidagi yulduzlar turkumi; 2) Quyosh hisobidagi (Shamsiya) yilning sakkizinchi oyi, 22-oktyabrdan 22-noyabrgacha davom etadi. Bu vaqtda Quyosh osmon sferasida shu yulduzlar turkumidan o`tadi.
Ag`dol – tog` etagidagi jarlik, xalta dara, kirish qiyin bo`lgan joy, chuqur yer, tog` beli, ov hayvonlari haydab qamaladigan joy.
Aholi — ma’lum hududda, ya’ni Yer shari, uning ayrim qismlari: qit’alar, mamlakatlar, shaharlar va boshqa hududlarda yashayotgan kishilar to`plami. Aholi tabiiy o`sish hisobiga ko`payadi. Aholining tabiiy o`sishi deganda ma’lum bir muddatda (odatda bir yilda) har 1000 kishi hisobida tug`ilganlar sonidan o`lganlar sonini chegirib tashlaganda qolgan qoldiq tushuniladi.
Aholining tabiiy o`sishi - bir yilda har 1000 kishi hisobida o`lganlar sonidan tug`ilganlar sonining ortiq bo`lishi. Bu ko`rsatkich ayrim mamlakatlarni tabiiy o`sish miqdoriga qarab taqqoslashga imkon beradi. Aholining tabiiy o`sishi butun aholiga nisbatan foiz hisobida ham ko`rsatilishi mumkin. Bu yo`l bilan mamlakat aholisining o`sish sur`ati aniqlanadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.