loading...

B - harfiga oid izohli lug`atlar 

13079

Badoq - kanal tarmog`i, ariq. Odatda dalalarga bosh kanaldan badoqlar - tarmoqlar orqali suv chiqariladi.

Bazalt — vulkan tog` jinsi. Rangi bo`z va qoramtir. Bazalt lavalari yer yuziga oqib chiqib yuzlarcha va hatto minglarcha kv. km maydonni egallaydi (masalan, O`rta Sibir yassi tog`ligi, Zakavkaze). Bazalt kislotaga chidamli kimyoviy asboblar, trubalar, elektroizolyatorlar yasashda hamda qurilish materiallari sifatida ishlatiladi. Yaxshi silliqlanishi tufayli haykaltaroshlikda ham keng ishlati­ladi. Kamchatka, Zabay­kale, Armaniston, Ukrainada va O`zbekistonning Qurama. Turkiston, Tomdi tog`lari (paleozoy qatlamlari)da bor.

Bayir - qum, qumoq jinslar keng tarqalgan cho`llarda shamolning o`yishi natijasida paydo bo`lgan botiq yerlar. Bular odatda yer osti suvi sathigacha chuqurlashadi, so`ngra to`xtaydi. Tagida kichik-kichik chuqurlar, mayda qum do`nglari, sho`rxoklar bo`lishi mum­kin. Qrimda, Turkmanistonda tog` oldi balandliklari ham bayir deb yuritiladi. Ustyurt va Mang`ishloqda usti yassi tepaqirlar shu atama bilan ifodalanadi.

Baykal burmalanishi — pro­terozoy erasining oxiri va kem­briy davrining boshida ro`y bergan tog` burmalanishi. Unda hozirgi eng ko`hna toglar, jumladan  Baykalbo`yi tog` tizmalari va Sharqiy Sayan tizmasi burmalangan. Baykal burmalanishi Janubiy Ame­rika, Afrika va Avstraliyada ham ro`y bergan.

Baland tog` sovuq sahrolari- Markaziy va O`rta Osiyo tog`larining baland (4000-4500 m) qismidagi o`ziga xos landshaftlar. Tabiiy sharoiti va landshaftlariga ko`ra arktika sovuq sahrolari landshaftlariga o`xshaydi. MDHda baland tog` sovuq sahrolari Markaziy va Ichki Tyanshanda hamda Sharqiy Pomirda yaxshi rivojlangan. Iqlimi so­vuq, yozi juda qisqa va salqin yoki deyarli bo`lmaydi, toshloq tuproqlarida juda siyrak o`t va bo`ta o`simliklar o`sadi. Baland tog` sovuq sahrolari  juda kam hosil yaylovdir.
Balandlik - qir, tog`ning ba­land qismi, tekislikdan ko`tarilib turuvchi yassi ko`tarilmalar.
Balandlik mintaqalari - toqqa  ko`tarilgan sari tabiatning o`zgarib borishi, balandlik mintaqalari quyosh radiatsiyasining kuchayishi, havo harorati va bosimning kamayishi, suv bug`lari kondensatsiyasi sharoitining o`zgarishidan paydo bo`ladi. Yog`in ma’lum balandlikkacha ko`payib, so`ng kamayadi. Yuqoriga ko`­tarilgan sari, tuproq tiplari, o`simlik turlari, hayvonot dunyosi o`zgaradi. Tog`lardagi eng quyi mintaqa landshaft - shu tog` joy­lashgan zona landshaftiga o`xshay­di. Masalan, cho`ldagi tog`larning quyi mintaqasi cho`lga o`xshaydi. Balandlik mintaqalari yuqoriga ko`tarilgan sari tekislik zonalari tabiati almashingan tartibda o`zgara boradi, biroq ular aynan takrorlanmaydi. O`rta Osiyo tog`larining tagida cho`l mintaqasi, so`ngra tog` dashtlari, undan keyin tog` o`rmonlari, undan tepada tog` o`tloqlari, yana ham yuqorida baland tog` cho`llari va nihoyat, qop-muz mintaqalari joy­lashgan.
Baland metodlari — geogra­fik ilmiy tadqiqot metodlaridan biri. Tabiiy geografiyada ayrim landshaftlardagi modda va ener­giya almashinuvi balansi yoki ay­rim geografik ob’ekt (ko`l, daryo va h.k.) hamda komponentlardagi moddalar balansini o`rganishda keng qo`llaniladi. Baland metodlari iqlimshunoslik va gidrologiyada ayniqsa ko`p foydalaniladi. Iqtisodiy geografiyada iqtisodiy rayonlar va ma’muriy birliklardagi mehnat resurslari za­pasi bilan ularning taqsimlanishi o`rtasidagi munosabatni aniqlashga imkon beradi. Baland metodlarida ma­tematika usullari va elektron-hisoblash mashinalaridan keng foydalaniladi.

Baliq (balig`) - qadimiy turkiy tilda «shahar» degan so`z. Turkiy runik yozuvlarda, «Devonu lug`otit-turk»da qayd qilingan; eski joy nomlari tarkibida ko`p uchraydi: Beshbaliq (Sharqiy Turkiston), Xonbaliq (Pekin shahrining qadimiy turkiy nomi) va h.k.
Balchiq - zax yer, botqoq, suyuq loy.     
Balchiqli vulkanlar - vaqt-vaqti bilan balchiq, qaynoq suv, gaz va kam miqdorda neft mahsulotlarining aralashmasi chiqib turadigan vulkanlar. Bu suyuqliklar vulkan konuslarining yonbag`rida asta-sekin qotadi; uzunligi 10-20 km, qalinligi 5-30 m, kengligi bir necha yuz metrgacha bo`ladi. Balchiqli vulkanlardan metan, is gazi, karbonat angidrid, azot va boshqa gazlar chiqib turadi. Ozarbayjon, Turkmanistonda, Kuban, Taman, Kerch, Kamchatka yarim orollarida balchiqli vulkanlar bor. Neft va gaz konlarini topishda, tibbiyotda turli kasalliklarni davolashda balchiqli vulkanning ahamiyati katta.
Band - to`g`on, suv ombori, soy va daryolarga qurilgan to`g`on. Joy nomlari tarkibida ham uch­raydi: Bandixon darasi, qum bosishini to`xtatish uchun qurilgan to`siq, tog` oralig`idagi juda tor yo`lak ham band deyiladi. Band atamasi bent shaklida ham uchraydi; masalan, Murg`ob vodiysida Sultonbent de­gan joy bor.

Bandar - 1) savdogarlar va karvonlar kelib-ketadigan joy, karvonsaroy, bandargoh; 2) daryo va dengizda kema to`xtaydigan joy, port.
Banka - dengiz tubining ko`­tarilgan qismi, dengizning sayoz joyi. Ayrim sayoz bankalar kemachilik uchun xavflidir. Bankada odatda, baliq ko`p bo`ladi. Shimoliy dengizdagi Dogter bankasi. Bankalar quruqlikning asriy tebranishi, vulkan­lar otilishi, marjon hosilalar dengiz to`lqinlarining qirg`oqqa urilishi natijasida hosil bo`­ladi.
Bar (inglizcha bar – to`siq) – 1) dengizning qirg`oqqa yaqin qismida unga parallel cho`zilgan, qum yoki chig`anoqlar to`plamidan hosil bo`lgan kambar to`siq, quruqlik. To`lqin keltirmalaridan hosil bu­ladi. Ba’zan yuzlab km ga cho`ziladi. Dengizning chekka qismini ajratib qo`yib, qo`ltiqlar, lagunalar, laguna ko`llar hosil qiladi. Daryolar quyiladigan joydagi suv osti qum to`sig`i ham bar deyiladi;
2)  bosim birligi: 1 bar 1 sm.kv maydonga 1 mln. dina kuch bilan bo`l­gan bosimga teng. Barning mingdan bir bo`lagi millibar dey­iladi.
Baraz sug`dcha barz - baland­lik – O`rta Osiyoda, xususan qadimgi Sug`d (Sug`diyona) hududida tepasi yassi baland qirlar. Tojikiston bilan O`zbekistonning tog`li hududlarida, qadimgi, Usrushona hududida, jumladan Yag`nobda baraz atamasidan tarkib topgan  joy nomlari ko`p uchraydi. Katta Baraz, Kichik Baraz, Sebaroso va h.k.

Barik bosqich — yuqoriga ko`ta rilganda havo bosimi 1 mm simob ustuniga yoki 1 mb ga kamayadigan yoki pastga tushganda shuncha miqdorga ortadigan vertikal masofa. M/mb yoki m/mm hisobida ifodalanadi.
  Dengiz sathida bir barik bosqich 8 m/mb yoki 10,5 m/mm ga, 5   km balandlikda 15 m/mb ga, 18 km balandlikda qariyb 70 m/mb ga teng. Bir xil balandliklarda barik bosqich haroratga bog`liq. Issiq havoda barik bosqich katta, sovuq havoda kichik bo`ladi.
Barisfera (yunoncha baris - og`ir, sfera-shar) - yerning ichki qismi. Markaziy og`ir o`zak (yadro) va mantiyani o`z ichiga oladi.
Barograf (yunoncha baros – og`irlik, grafo-yozaman) - atmos­fera bosimi o`zgarishini uzluksiz qayd qilish uchun o`zi yozib boruvchi asbob. Aneroid barograf keng tarqalgan.
Barometr (baros – og`irlik, metreo – o`lchayman) - atmosfera bosimini o`lchaydigan asbob. Meteorologik stansiyalarda keng tarqalgan simobli barometr uzunligi 1 metrga yaqin keladigan bir uchi berk shisha naydan iborat. Nayga simob to`ldirib, simobli metall kosaga to`ntarilsa, shisha naydagi simob ustunining bosimi tashqi atmos­fera bosimi bilan muvozanatlashguncha naydagi simobning ma’lum qismi metall kosaga to`kiladi. Shisha naydagi simob ustida bo`shliq (Torichelli bo`shligi) hosil bo`ladi.
Barometrik bosqich – bosim 1 mm ko`tarilishi yoki tushishi uchun zarur bo`lgan balandlik. Barometrik bosqich ba­landlik ortishi bilan quyidagicha o`zgaradi:
- pasttekislikda (0°da) barometrik bosqich - 11 m ga ga yaqin;
- 1000 m balandlikda - 12 m;
- 2000 m balandlikda - 13,5 m. Shunday qilib, barometrdan foydalanib, joyning dengiz sathidan qanday balandlikda ekanligini aniqlash mumkin. 

Barrankoslar-  vulkan juyaklari.
Barxan — cho`llardagi kuchma qum tepalari. Shamol zo`ri bilan bir joydan ikkinchi joyga ko`chib yuradi. Barxan yiliga o`rta hisobda bir necha sm dan yuzlab m gacha ko`chadi. Qizilqum va Qoraqum cho`llarining ba’zi joylarida qattiq shamol vaqtida bir kecha-kunduzda yangi barxanlar paydo bo`ladi yoki ko`chib ketadi. Barxanlar tepadan qaraganda ko`pincha yoy, yarim oy shaklida bo`ladi. Shamolga ro`para yon bag`irlari qiya, shamolga teskari yon bag`irlari tik bo`ladi. Barxan ba­landligi 0,7 m dan 20 m gacha bo`ladi.
Batial, batial zona (yunoncha batis - chuqur) - Dunyo okeanining chuqurligi 200 m dan 2000 m gacha bo`lgan qismi. Geomorfologik jihatdan materik yonbag`ri zonasiga to`g`ri keladi. Okean maydonining 1/5 qismini batial egallaydi.
Batial yotqiziqlar - dengiz tubida 200-2000 m chuqurlikda uchraydigan cho`kindilar. Asosan har xil loyqalardan iborat. Ba’­zan qum, shag`allar ham uchraydi.
Batiskaf (yunoncha batos - chu- qurlik va skafos - kema) - chuqur suv ostida yuradigan apparat. Okeanografik va boshqa tadqiqotlar uchun ishlatiladi. Suvdan yengil suyuqlik (benzin) to`ldirilgan korpus va po`lat shar (gondola)dan iborat. Gondolasida batiskaf ekipaji, boshqarish apparatlari, havo re­generatsiya sistemasi, radiostan­siya, ultratovush telefoni, televizion kamera va ilmiy tadqiqot asboblari bo`ladi. 1960-yil yanvarida J.Pikar modernizatsiya qilgan batiskafda Tinch okeandagi Mariana botig`i tubiga (10919 m) tushildi.
Batisfera (yunoncha batis - chuqurlik va sfera - shar) - den­gizning chuqur yerlarida tadqiqot ishlari olib borishda ishlatiladigan silindr yoki sharsimon no`lat kamera. Suv tubiga kemadan sim arqon bilan tushiriladi. Kuzatuvchilar kema bilan telefon orqali aloqa qilib turadi. Hozirgi zamon batisferalarini suv ostiga 1500 metrgacha tushirish mumkin.
Batolit (yunoncha batos - chuqurlik, litos - tosh) - Yer po`sti­ning chuqur qismiga kirib qolgan granit tarkibli magmatik tor jinslari. Nurash natijasida batolitning ayrim qismi yer yuzida ochilib qolishi mumkin. Batolitning maydoni bir necha yuz ming km.kv ga yetishi mumkin.
Batometr (yunoncha batos - chuqurlik, metreo - o`lchayman) — suvning kimyoviy tarkibini va haroratini aniqlash maqsadida dengiz, ko`l va daryolarning turli chuqurligidan namuna oladigan asbob.
Bahorikor dehqonchilik, lalmikor dehqonchilik — sug`orilmaydigan dehqonchilik. Adirlar, tekislik va tog` etaklari hamda tog`li zonada rivojlangan.
Bahorikor yerlar – sug`oriladigan (obikor) dehqonchilik zonasidagi (O`rta Osiyo, Zakavkaze) sug`orilmay dehqdonchilik qilinadigan yerlar. Bahorikor yerlar asosan tog` oldilarida hamda vohaalar atrofida joylashgan bo`lib, bu yerlarda ko`proq qurg`oqchilikka chidamli ekinlar (bug`doy, arpa, tariq) ekila­di. Ba’zan poliz ekinlari ham yetishtiriladi.
Bedlend (inglizcha bedlend— buzuq, yer, yaroqsiz yer) - eroziya na­tijasida tik yonbag`irli jar va daralar bilan juda o`yilib ketganligi sababli xo`jalikda (ayniqsa, qishloq xo`jaligida) foydalanish noqulay bo`lgan yerlar. Bendlend yo`llar o`tkazish va texnikadan foydalanishda ham noqulay. Bunday yerlar Shimoliy Amerikaning g`arbiy qismidagi tog` etaklarida, O`rta Osiyo va Kavkazda tarqalgan.
Bel – tog`lardagi uncha baland bo`lmagan keng dovon; uzun cho`zilgan qirralari sezilmaydigan do`nglik. Tog`lar nomi tarkibida ishlatiladi: Muzbel, Olabel tizmalari.
Bellik - ekinlarni juyaksiz sug`organda pollarni bir-biridan ajratish uchun qilingan ko`tarma, marza. Rosh, chel deb ham ataladi.
Beltor - yakka-yakka yoki qator qum barxanlari. Balandligi 5-8 m. Taklamakon cho`lida tarqalgan. Geografik nom sifatida ham uch­raydi.
Bentos — dengizlar va quruqlikdagi suv havzalari (ko`llar, suv omborlari va h. k.) tagida yashovchi organizmlar. Suv havzalarining chuqurligi 200 m gacha bo`l- gan qismida (fotosintez zonasida) organizmlar eng yaxshi rivojlanadi. Bentos o`simliklari fitobentosni, hayvonlari esa zoobentosni hosil qiladi.
Bergshtrixlar (nemischa berg — tog`, shtrix-chiziq) - topografik xaritalarda yon bag`irning qaysi tomonga pasayib borishini ko`rsatish uchun gorizontallarga tik (perpendikulyar) qo`yiladigan chiziqlar.
Berk botiq - tashqi oqim havzalari bilan tutashmagan botiq. Masalan, Eron tog`ligining ichki qismi, Tarim botig`i, Katta Havza va b.

Berk ko`llar-suvi oqib chiqmaydigan ko`llar. Berk ko`l suvlari, asosan, bug`lanishga sarf bo`ladi va qisman yer ostiga sizib ketadi. Berk ko`llar Sharqiy Sibir va Yakutiyada, O`rta Osiyo va Qozog`istonda ko`p. Kaspiy va Orol dengizlari, Balxash, Lobnor, O`lik den­giz, Issiq ko`l va boshqa ko`llar berk ko`llardir. Qurg`oqchil iqlimli joylardagi berk ko`llarning suvi sho`r bo`ladi.
Berk o`lka - oqar suvlari dengiz yoki okeanga borib quyilmaydigan o`lka. Iqlim quruq kelganidan berk o`lkada suv kam bo`ladi. Berk o`lkani ayrim daryolargina kesib o`tib, okeanga quyiladi (masalan, Nil daryosi). Berk o`lkada bunday daryolarga birorta ham irmoq kelib quyilmaydi, aksincha, sug`orishga sarf bo`lishi, yer ostiga sizib ketishi va ko`plab bug`lanishi natijasi­da daryolarning suvi kamayib bo­radi.
Berk havza- suvi okean va dengizlarga oqib chiqmaydigan da­ryo yoki ko`l havzalari.
Bet - adir, qir, tog`oldi tepaliklaridagi tekis yoki salgina qiya yon bag`ir va yuzalar. Qashqadaryo va Surxondaryo vodiylarida ko`p tarqalgan atama.
Betaraf mamlakatlar, Ney­tral mamlakatlar — tashqi siyosatida betaraflik mavqyeida turgan, ya’ni boshqa mamlakatlar o`rtasidagi kurashga aralashmaydigan, davlatlar tomonidan tuzilgan harbiy bloklarga qushilmaydigan mamlakatlar. Ko`pchilik betaraf mamlakatlar mustamlakachilik zulmidan ozod bo`lgan va o`zining siyosiy ham iqtisodiy mustaqilligini qattiq turib himoya qilayotgan mamlakatlardir. 
Betkay - 1) yon bag`ir, qiyalik; 2) bet, daryo qirg`og`i.
Beshqunoq - hamal oyida (aprelda) bo`ladigan sovuq kunlar. Odatda bunday kunlar aprel boshida bo`lib, 4-5 kundan oshmaydi.
Bilqillama — ortiqcha nam botqoq, zax yer. Ko`pincha yuzasini qalin chimli o`t qoplab yotadi. Sizot suvlar yer betiga chiqqan joy­larda, o`t bosgan ko`l, botqoqlik o`rnida hosil bo`ladi.
Biogen komponentlar, land­shaft biotasi - tabiiy hududiy kompleks (landshaft)ning o`simlik va hayvonot komponentlari birgalikda shunday deb ataladi.
Biogenosfera - geografik qobiqning sinonimi. Bu atamani I.M.Zabelin tavsiya etgan.

Biogeografiya — biotsenozlar va ularni tashkil etuvchi orga­nizmlar: o`simliklar, hayvonlar hamda mikroorganizmlarning ta­biiy sharoitga qarab tarqalish qonuniyatlarini o`rganuvchi fan. Yunoncha bios (hayot) va geografiya so`zlaridan olingan. Biogeografiya ikki mustaqil bo`limga - fitogeografiya yoki o`simliklar geografiyasi hamda zoogeografiya yoki hayvonlar- geografiyasiga bo`linadi.
Biogeotsenoz (yunoncha bios-hayot, ge-yer, senoz-umumiy) o`simliklar, hayvonlar va mikro­organizmlarning muayyan modda - hamda energiya almashinuvi orqali birlashgan guruhi (biotsenoz) hamda ular tarqalgan tabiiy sharoit (biotop) kompleksi. Biogeotsinoz- tipolo­gik tushuncha bo`lib, geografik fatsiya tushunchasiga juda o`xshash.
Biogeotsenologiya — biogeotsenozlar haqidagi fan. Biogeotsenologiyaning asoschisi rus olimi V.N.Sukachyov. Biogeotsenologiya ko`p jihatdan landshaftshunoslikka yaqin. Biogeotsenologlar, asosan, eng kichik tabiiy komplekslarning strukturasi hamda ulardagi turli tabiiy hodisa va jarayonlarni (chunonchi, komponentlararo modda va energiya almashinuvini) o`rganish bilan shug`ullanadilar. Biogeotsenologiyada biogeotsenozlarni miqdoriy jihatdan tasvirlash hamda eksperimental va statsionar o`rganishga asosiy e’tibor beriladi.
Bioiqlimshunoslik - iqlimshunoslikning amaliy tarmoqlaridan biri, iqlimning organik hayotga, chunonchi, insonning salomatligi va ish faoliyatiga, o`simlik hamda hayvonlar hayotiy sharoiti­ga, rivojlanishiga bulgan ta’sirini o`rganadi. Bioiqlimshunosllik asosan ikki bo`limga - agroiqlimshunoslik va tibbiyot iqlimshunosligiga bo`linadi.
Biologik mahsuldorlik, bio­logik hosildorlik-or­ganizmlar kompleksi (guruhi, turkumi) da yil davomida to`planadigan organik massalar miqdori. Biologik mahsuldorlik landshaft tiplarida turlicha bo`ladi. Masalan, biologik mahsuldorlik o`rmon landshaftlarida gektariga 2450 t dan 3250 t gacha bo`lsa, sho`rxok yerlar landshaftlarida atigi 60 t ga teng.
Biologik kichik aylanma harakat— landshaft va biogeotsenozlarning o`simlik bilan tuproq komponentlari o`rtasidagi modda va energiya almashinuvi. Bu modda almashinuvida kislorod, uglerod va azot ayniqsa ko`p ishtirok etadi.
Biologik massa(biomassa)-odatda 1 .km yer yuzasi yoki 1 m.kub suv hajmiga to`g`ri keladigan organik moddalar miqdori. Biologik massa g/m.kv yoki g/m.kub bilan ifodalanadi va quruqlik yuzasi hamda akvatoriyaning biologik mahsuldorlik darajasini aks ettiradi.
Biostrom- landshaft sferasining tirik organizmlardan ibo­rat ko`plami. Geografik qobiqning biologik negizi biosfera bo`lsa, landshaft sferasining biologik negizi biosferadir. Biostromning o`rtacha qalinligi 30-50 m. Bu atamanini fanga F.N.Milkov kiritgan.
Biosfera (yunoncha bios — hayot, sfera - shar) - Yerning hayotga makon bo`lgan, tirik organizmlar tarqalgan joyi, qismi. Biosfera atmosferaning pastki qismi (toposfera)ni, okean, dengiz, ko`l va daryo suvlari (gidrosfera) ni hamda yer po`stining ustki qismi (litosfera)ni o`z ichiga oladi.
Biota — landshaftdagi o`sim­lik va hayvonot dunyosi komp­leksi.
Biotop, hayot areali— tabiiy muhit sharoiti bir xil bo`lgan maydon. Masalan, cho`ldagi qumli maydon, taqir, sho`rxok yer va h.k. Biotop biotsenozning chegarasini belgilaydi. Biotop va biotsenoz birgalikda biogeotsenozni tashkil etadi.

Bioxor — bir xil biotoplar guruhi. Masalan, gilli, qumli, toshloq, sho`rxok, taqirli cho`l biotoplari cho`l bioxoriga birlashadi.
Biotsenoz - tabiiy sharoiti bir xil bo`lgan joyda (biotopda) tarqalgan o`simlik hamda hayvonlar guruhi. Biotsenoz, zootsenoz va fitosenozdan tarkib topadi va muayyan biotopda tarqaladi.
Biotsikl — Yer sharining hayot sharoiti xususiyatlariga ko`ra ajratiladigan eng katta qismlari. Jami uch biotsikl ajratiladi: quruqlik biotsikli, quruqlikdagi suv havzalari biotsikli va okean biotsikli. Biotsikllar, o`z navbatida, bioxorlarga bo`linadi.
Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) - yer yuzida tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning o`zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945-yilda tuzilgan xalqaro tashkilot. BMT Ustaviga dastlab 51 davlat imzo chekkan bo`lsa, 1974-yil 1-noyabrda ularning soni 138 ga yetgan. BMTning doimiy ish o`rni Nyu-York. BMT, Ustavda ko`rsatilganidek, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlashi, xalqlarning teng huquqli bo`lishi va o`z taqdirini o`zi belgilashi prinsipiga amal qilib, millatlar o`rtasida do`stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarii hal etishda xalqlar o`rtasida hamkorlik bo`lishini ta’minlashni ko`zda tutadi, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uyg`unlashtirib turadigan markaz hisoblanadi. BMTning asosiy organlari: Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash, Vasiylik kengashi, BMT qoshidagi Xalsaro sud va BMT Kotibiyati. BMTning ses­siyasi yilda bir marta chaqiriladi. Xavfsizlik Kengashining yoki BMT a’zolari ko`pchiligining talabi bilan har qanday masala yuzasidan maxsus sessiyalar chaqirilishi mumkin.
Bitumlar (lotincha bitumen - smola, qatron) - tof jinslarining kovak va yoriqlarini to`ldirib turgan, tarkiban xilma-xil bo`lgan uglevodorodli modda birikmalarining umumiy nomi. Bitum tabiiy (neft, neft gazi, ozoke­rit, asfalt) va sun’iy bo`­ladi.
«Bichilgan yer» - yorilgan yer. Turli sabablarga ko`ra - tuproqning ortiqcha qurib ketishi, surilma boshlanishi, yer po`stining gumbazsimon ko`tarilishi, qattiq zilzilalar natijasida yorilib-yorilib ketgan yer.
Bodxiz - shamol ko`p esadigan yalanglik, sir yer, balandlik. Bodxizda doimiy oqar suv, daraxt, o`simlik­lar bo`lmaydi, iqlimi quruq.
Boyitish, foydali qazilmalarni boyitish - foy­dali qazilmalarni keraksiz jinslardan va zararli qo`shimchalardan tozalash maqsadida rudalarga dastlabki ishlov berish. Masalan, Qozog`istondagi Qo`ng`irot konidagi mis rudasi boyitilganda kvarsning bir qismi ajratib oli­nadi, qolgan konsentratda (boy- itilgan rudada) mis miqdori 20% ga yetadi va undan ham oshadi (boyitilmasdan oldin esa ruda tarki­bida mis miqdori atigi 1-2% dir). Shunday mexanik yo`l bilan boyitilganda minerallar tarkibi o`zgarmaydi, foydali qazilma ke­raksiz jinsdan tozalanadi.
Boksit (Janubiy Fransiyadagi Le-Bo degan joy nomidan) - gilnozyom gidrati, temir okeydi va boshqa komponentlar aralashmasidan iborat cho`kindi tog` jinsi. Alyuminiy asosan boksitdan olinadi. Boksit konlari Ukraina (Krivoy-Rog)da, Shimo­liy va Janubiy Ural, Sibir, Qozog`istonda bor.
Bolsonlar — Shimoliy Amerikaning janubi-garbiy qismlaridagi tog` oralig`i botiqlari. Asosan tog` oralig`idagi cho`llarda tektonika-denudatsiya natijasida vujudga keladi.

Bonitet — tabiiy resurslarni iqtisodiy jihatdan baholashda ishlatiladigan ko`rsatkich. Dunyo miqyosida qishloq xo`jalik yerlari, tuptoqlar, o`rmonlar va boshqalar bioniteti yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Landshaft komplekslari bionite­ti yuzasidan ham ilk tadqiqotlar olib borilmoqda. Tabiiy resurslar bioniteti, odatda, ballar bilan ifodalanadi.
Bora (yunoncha boreas - shimo­liy shamol) - kuchli sovuq shamol, asosan qish oylarida dengiz qirg`oqlarida tog` tizmalaridan esadi. Dengiz havo bosimi (past bo­sim) bilan quruqlik havo bosi­mi (yuqori bosim) orasidagi keskin farq natijasida hosil bo`la­di. Rossiyada ko`pincha Novoros­siysk hududida kuzatiladi.
Botiq-Yer yuzasining pastga botgan joyi, atrofi baland, tubi ko`pincha tekis, chuqurligi har xil bo`ladi. Botiq ko`proq tektonik yo`l bilan vujudga keladi. Diametri o`n va yuzlarcha km ga yetadi (Farg`ona, Sariqamish, Borsakelmas botiqlari). Dunyo okeani tubida ham botiqlar bo`ladi. Tinch okeanda Ma­riana (11022 m), Tonga (10882 m) botiqlari bor. Botiq atamasi Mahmud :Koshg`ariyning «Devonu lug`ot-it turk» asarida qayd qilingan.
Botqoqlik — doimo yoki uzoq vaqt zax bo`lib yotadigan joy. Botqoqlikda torf qatlami (0,2-0,3 m) bo`­ladi, o`simliklarning ildizlari torf ostidagi gruntga yetib bor- maydi. Torf qatlami yupqa bo`lsa, botqoqlashgan yerlar deb ataladi. Botqoqlik o`rmoni kesilib ketgan yoki kuyib ketgan joylarda va o`tloqlarni uzoq muddat suv bosishi, shuningdek, sayoz suv havzalarini o`t qoplashi natijasida hosil bula­di. Botqoqliklarning ko`p qismi shimoliy yarim sharda joylashgan. Yevropada 0,6 mln km.kv, Osiyoda 1,5 mln. km.kv.
O`rta Osiyo hududida botqoqliklar yirik daryolar (Amudaryo, Sirdaryo, Chu va Ili daryolari) vodiysida, yoyilmalarning tevarak atroflarida va pastqam joylarda uchraydi.
Botqoq tuproqlar -  namgarchilik ko`p bo`lgan sharoitlarda pay­do bo`lgan tuproqlar. Botqoq tuproqlar tundrada abadiy muzlagan gruntlarga yaqin yerlarda, taygada va boshqa zonalarda relyefning past joylarida tarqalgan. Namlikning ko`pligi havo kirishi va tuproqning sha- mollashini qiyinlashtiradi, orga­nik qoldiqlar parchalanishi va oziqlantiruvchi moddalar harakatini susaytiradi. Botqoq tuproqlarda kislo­ta ko`p. Botqoq tuproqlar kesmasida ikki qat­lam: torfli, chirindiga boy yuqori qatlam va gley deb ataladigan tilli yoki kislorodi kam temir birikmalari bo`lgan qumoq tuproqli pastki qatlam ajralib turadi. Botqoq tuproqlar quritilib agrotexnik tadbirlar amalga oshirilgandan keyin unumdorligi oshadi.
Botqoqshunoslik — botqoqlarni ma’lum bir landshaft tipi sifatida o`rganuvchi ilmiy yo`nalish, ta’limot. Botqoqshunoslik botqoqliklarning paydo bo`lishi, rivojlanishi, tuzilishi, tarqalishi va ulardan xo`jalikda foydalanish yo`llarini o`rganadi. Botqoqshunoslik xulosalari botqoqliklarni quritib, ular o`rnida madaniy landshaftlar bunyod etish muammolarini ishlab chiaishda muhim ahamiyatga aga.
Boshlangich meridian, nolinchi meridian - geografik uzunliklarni hisoblashda shartli ravishda boshlang`ich, dastlabki deb qabul qilingan meridian. Xalqaro kelishuvga ko`ra, Grinvich observatoriyasidan (London yaqinidan) o`tadigan meridian boshlang`ich meridian deb qabul qilingan
Brekchiya (italyancha brekchiya-parchalanish)- qirrali tosh parchalaridan iborat sementlashgan tog` jinsi. Bo`lakchalari bir necha sm dan 1-2 m gacha bo`ladi. Vulkanik, chuqindi va tektonik brekchiyalar uchraydi.
Briz (fransuzcha brise - shabada) -dengizlar, katta ko`llar, ba’zi yirik daryolar sohilida esadigan mayin shamollar. Briz quruqlikning suvga qaraganda kunduzi tez isib, kechasi tez sovishi natijasida quruqlik bilan suv ustidagi havoning haroati va bosimida tafovut paydo bo`lishi oqibatida vujudga keladi. Briz kunduzi suvdan quruqlikka, kechasi esa, aksincha, quruqlikdan suvga qarab esadi va qirg`oqning har ikki tomonida bir necha km dan bir necha o`n km gacha masofada esadi.

Broyler xo`jaligi (inglizcha broyl - qovurmoq) - fabrika-fermalarda sergo`sht jo`jalar yetishtiradigan xo`jalik.
Buzilgan (akultur) land­shaft — inson ta’sirida vujudga kelgan (antropogen) landshaftning bir turi. Buzilgan landshaft inson tabiiy va madaniy landshaftlardan nooqilona, noto`g`ri foydalanishi na­tijasida vujudga keladi. Masalan, serjar yerlar, qayta sho`rlangan yoki botqoqlangan yerlar, tuzima qumli yerlar landshaftlari va h.k.
Buzuq yer - foydalanish uchun yaroqsiz, o`r-qir, yer bedlend. Buzuq yer asosan suv o`tkazmaydigan lyoss, lyossimon gil, gil jinslarni suv yuvib ketishidan paydo bo`ladi. Ba’zan yurib bo`lmaydigan tik yon bag`ir ham buzuq yer deyiladi. O`zbekistonda Surxondaryo viloyatining Boysun, Sherobod tumanlarida, Samarqand viloyatidagi Oqtog`ning janubiy yon bag`rida. Turkmanistonda Kopetdog`ning g`arbiy yonbag`rida uchraydi.
Bulduruq - yog`inlarning bir xili. Ayoz, sovuq kunlari yoki tu­man paytlarida nam havo zarralarining muzlashi natijasida hosil bo`ladi. Bulduruq yumshoq muz kristali yoki donachalari shaklida yog`adi. Izg`irin paytlarida daraxt shoxlari va simlarda ham bulduruq paydo bo`ladi.
Buloq - yer osti suvlarining yer yuzasiga tabiiy holda chiqishi. Buloq suvli qatlamlar yer yuzasiga chiqib qolgan joylarda-vodiylar, soylar, jarlar, tog` yon bag`irlari, tog` etaklarida chiqadi. Buloqlar bosimli va bosimsiz bo`ladi. Bosimsiz buloqlar mahalliy suvlarning singishidan vujudga keladi. Bosimli buloqlar suv o`tkazmaydigan qatlamlar tagidagi suvli qatlamlardan chiqadi. Doimiy muzloq yerlarda, qurgoqchil o`lkalarda mavsumiy buloqlar bo`ladi. So`nmagan vulkanlar bo`lgan, yer ostidan chiqqan jinslar hali sovib ulgurmagan joylarda issiq buloqlar chiqadi. Issiq buloqlar suvida turli tuzlar, elementlar erigan bo`ladi. Bular mineral buloqlar deyiladi. (Tosh­kent, Chortoq, Obigarm va boshqa mineral suvlar).
Bulut — suv bug`lariga to`yingan, havo soviganda ajralib chiqqan nihoyatda mayda suv tomchilari va muz kristallarining atmosferadagi to`plami.
Patsimon bulutlar oq tolalar yoki patlar shaklida bo`ladi. Havo harorati 0 darajadan past bo`lganda 10-12 km baland­likda paydo bo`ladi; mayda muz kristallaridan iborat.
To`p – to`p bulutlar oppoq paxta xirmonlariga o`xshaydi. 10 km gacha bo`lgan balandlikda uch­raydi. Bunday bulutlar yoyilganda past tomoni qoramtir bo`ladi va yomg`irli to`p-to`p bulut deb ataladi.
Qat-qat bulutlarpast bo`lib, havo ayniganda butun osmonni qoplab oladi va balandli­gi 2 km dan oshmaydi.
Burmali tog`lar – tog` jinslari qatlamlari burmalarga bukilgan va yer po`stining vertikal harakat qilishi natijasida tevarak atrofdan baland ko`tarilib qolgan tog`lar.
Burun, tumshuq - quruqlikning okean, dengiz, ko`llarga eng ko`p turtib kirgan uchli qismi.
Burchoq – yomg`irli to`p-to`p bulutlardan yog`adigan qattiq qor donachalar. Shakli yapasqi yumaloq, konussimon bo`ladi. Harorat uncha sovuq bo`lmagan, ya’ni 0 darajaga yaqin vaqtlarda yog`adi. Ba’zan sirtini yupqa muz qoplagan bo`ladi. Sovuq havoda nam kam bo`lganligidan burchoq ko`p yog`maydi va qisqa muddatda o`tib ketadi.
Buxta (nemischa buxt) - okean, dengiz yoki ko`lning quruqlikka yorib kirgan yoki orollar bilan o`ralgan bir qismi. Odatda kema to`xtab turishi uchun qulay bo`ladi.
Ber do`nglari – Kaspiybo`yi pasttekisligida deyarli geografik kenglik bo`ylab cho`zilgan, bir-biriga parallel do`nglar. Bu dunglarning balandligi 10-45 m, eni 200-300 m, oralig`i 1-2 km, uzunligi 25 km gacha. Birinchi marta akademik K.M.Ber tasvirlab yozgani uchun uning nomi bilan ataladi.

Bo`z yer - haydalmagan, ishga solinmagan yer. Ba’zan bo`z yer qo`riq yer deyiladi.
Bo`z suv - loyqa, sariq tusli suv. Daryo yumshoq jinslarni, ayniqsa lyossni, lyossimon gilni yuvib oqqanda, uning suv yig`adigan havzasida shiddatli yomg`irlar yoqqanda suv bo`z rangda bo`ladi. Ba’zan geografik nom sifatida ham qo`llaniladi. Masalan, Bo`zsuv.
Bo`z tuproq – O`rta Osiyo res- publikalarida dengiz sathidan 300-1600 m balandlikdagi tog` etaklari tekisliklarida ko`p uchraydigan tuproq. Asosan, lyoss, lyossimon yotqiziqlar, shuningdek, chag`irtoshli, shag`alli prollyuvial hamda delyuvial cho`kindilar ustida paydo bo`lgan. Bo`z tuproq uch xil - och tusli, tipik va to`q tusli bo`ladi.
  Och tusli bo`z tuproq dengiz sathidan 300-700 m, ayrim yerlarda 1000-1100 m balandlikda uchraydi. Mirzacho`l, Nurota, Zarafshon, Hisor tog` tizmalarining qiya tekisliklari, Farg`ona vodiysidagi adirlar, Qashqadaryo, Surxondaryo va Vaxsh daryolari vodiylarida ko`p. Bu tuproqda chirindi kamroq (1,50%). Tipik bo`z tuproq dengiz sathidan 1200 m gacha balandlikda bo`lib, asosan, Aris, Keles, Chirchiq va Ohangaron daryolarining yuqori qismi, Farg`ona vodiysi, Zarafshon tog` etagi tekisliklari, Kitob - Shahrisabz tog` oralig`i, Surxondaryo, Kofirnihon, Vaxsh vodiylarining yoqori qismlari va Kopetdog`ning tog` etagi qiyaliklarida ko`p uchraydi. Chirindisi 3% va undan ko`proq. To`q tusli bo`z tuproq dengiz sathidan 1400 m gacha balandlikda joylashgan bo`lib, Turkiston, Oloy, Nurota va Zarafshon tog` tizmalarida ko`p uchraydi. Bu tuproq Chimkent, Chirchiq va Ohangaron vodiylari­ning sug`oriladigan yuori qismlarida, Sharqiy Farg`onada ko`p uchraydi. Hisor vodiysida esa kam, chirindi 3-4%. Bo`z tuproqga organik va mineral o`g`itlar solish yaxshi natija beradi.
Bo`yin - quruqlikning ikki katta qismini, masalan, ikki qit’ani bir-biri bilan (Suvaysh bo`yni), qit’ani yarim orol bilan (Pere­kop, b) tutashtirib turadigan yoki ikki suv havzasi o`rtasida bo`lgan uzun, tor quruqlik yer.
Bo`ktar - geografik atama. Ba’zi bir turkiy tillarda, chuninchi qirg`iz tilida, shuningdek, o`zbek tilining bir qancha shevalarida, masalan, Zomin, G`allaorol tumanlarida tog` etagi bo`ktar deyiladi. Bu atama Mahmud Koshg`ariyning «Devonu lug`otit turk» asarida ham qayd qilingan va hozir joy nomlari tarkibida uchraydi. Masalan, Zomin tumanida Bo`ktar –  degan yo`l bor.
Bo`r — cho`kindi tog` jinsi. Mayda zarrali, oq rangli yumshoq ohaktosh. Bo`r, asosan, kalsitdan va organizmlarning ohakli skletlaridan tuzilgan. Bo`rdan oynasozlikda, sement ishlab chiqarishda, qand, rezina, qog`oz, metallurgiya va kimyo sanoatlarida, tibbiyotda va parfyumeriya sanoatida foy­dalaniladi.
Bo`ron - tezligi sekundiga 20 m dan ortadigan juda kuchli shamol. Bo`ronlar odatda siklonlarning salqin frontida, antitsiklon chekkalarida ro`y beradi. Dengizda kuchli tulqinlarga, cho`llarda qum, chang ko`chishiga sabab bo`ladi, qishda ko`p miqdorda qorni uchirib yuradi. Xalq xo`jaligiga ba’zan ancha zarar yetkazishi mumkin.
Bo`rma, bo`rtik - relyefning atrofdan ko`tarilib turgan, qavariq shakli, tepa, do`ng, qir va b. Magmaning cho`kindi qatlamlar orasiga kirib yuoridagi qatlamlarni ko`tarishidan (intruziv layukolit), doimiy muzloq o`lkalarda qatlamlar orasida suv muzlab, yuza qatlamlarning ko`tarilib qolishidan (gidrolakkolit), yumshoq jinslar yuvilib ketib, qattiqroq jinslar saqlanib qolishidan pay­do bo`ladi.
Bo`sag`a – O`rta Osiyo va Qozog`istonda tog` oldi, tog` etagida joylashgan qir, do`nglar. Nomlar tarkibiga ham kirgan: Bo`sag`atog`, Bo`sag`aadir. Daryolardagi ostona, ostonatosh.
Bo`ston - odamning mehnat faoliyati natijasida bunyod etilgan obod, serbog`, «gullagan» joy.
Bo`sqiya - nurash, yumshoq jinslarning yuvilib ketishi natijasi­da hosil bo`lgan yalang`och, tik qoya.
Bo`o`m – Qirg`iziston, Oltoy, Sibirda dara, daryoga tik tushgan qoya, baland tik qoya tosh yon bag`ir (Bo`o`m darasi).
B

Bazalt– vulqon tog` jinsi.
Bazis asbobi – uzunliklarni o`lchovchi asbob.
Bayir– qumli cho`llarda shamollar oqibatida paydo bo`lgan botiq joylar.
Baken– suv betida qalqib yuradigan belgi, kemalar harakatiga xavf soladigan joylar va kemalar o`tishi uchun qulay joylarni ko`rsatish uchun qo`yiladi.
Bankrotlik– sinish fuqoro, korxona, firma yoki bankning mablag` yetishmasligidan o`z majburiyatlari bo`yicha qarzlarni to`lashga qurbi yetmasligi.
Balandlik koordinatasi – yer yuzasidagi nuqtalarining boshlang`ich deb qabul qilingan dengiz sathiga nisbatan balandligi.
Balandlik mintaqalari – tog`larga ko`tarilgan sari tabiat va iqlimning o`zgarib borishi.
Balandlik tayanch nuqtalari – joyda o`rni maxsus belgi bilan belgilanib, mutlaq balandligi juda aniq topiladigan nuqtalar.
Balasomer– yer sirtini yoki atmosferadagi istalgan nuqtaning radiatsiya balansini o`lchovchi asbob.
Baliqchilik pitomnigi – yosh baliqlar yetkazib beradigan korxona.
Balchiqli vulqon – vaqti-vaqti bilan balchiq, qaynoq suv, gaz va kam miqdorda neft maxsulotlari aralashmalari chiqarib turuvchi vulqon.
Bandar– daryo va dengizda kema to`xtaydigan joy.
Baralef– joy (obyekt) qalinligining yarmidan ko`ra ko`prog`i qavariq qilib tushirilgan tasviri.
Barik maydon – havo bosimini atmosferada taqsimlanish shakli.
Barion yulduzi – o`ta zich osmon jismi. Og`ir elementlar zarralaridan tashkil topgan.
Barisfera– yerning ichki qismi. Markazi og`ir o`zak va uni o`rab turgan 1700 km qalinlikdagi ruda qobig`idan iborat.
Barograf– atmosfera bosimini uzluksiz yozib olishda mo`ljallangan asbob.
Barometr– atmosfera bosimini o`lchaydigan asbob.
Barxan– cho`llardagi ko`chma qumtepa. Shamol ta`sirida bir yerdan ikkinchi yerga ko`chib yuradi.
Bazalt - vulqon otilishidan hosil bo`lgan tog` jinsi
Batial hududi – dunyo okeanlarining sayoz va chuqur qismlari oralig`idagi joy.
Batial yotqiziqlari – dengiz va okean cho`kindilari materik yon bag`rida yoki shelf hududida yig`iladi.
Batiskaf– shuqur suv ostida yuradigan apparat. Tadqiqotlar uchun ishlatiladi. Yunoncha chuqurlik kemasi.
Batisfera– dengizni chuqur yerlarida tadqiqot ishlarini olib borishda ishlatlidigan silindr yoki sharsimon po`lat kema.
Batolit– granit tarkibli magmatik tog` jinslarining katta hajmga ega bo`lgan joylanish shakli.
Batometr– suvning kimyoviy tarkibini va haroratini aniqlash maqsadida dengiz, ko`l va daryolarning turli chuqurligidan namuna oladigan asbob.
Bahrali nam – tuproqdagi namning o`simlik tomonidan o`zlashtira olinadigan qismi.
Barxan - o`simlik bilan qoplangan ko`chma qum do`ngi. Shamol ta`sirida bir joydan ikkinchi joyga ko`chib yuradi.
Berk ko`llar – suvi oqib chiqmaydigan ko`llar.
Berk o`lka – oqar suvlari ichki dengiz yoki okeanga borib quyilmaydigan o`lka.
Berk havza – suvi okean yoki dengizlarga oqib chiqmaydigan daryo yoki ko`l havzalari.
Betaraf hudud – manfaatdor davlatlar o`rtasida tuzilgan shartnomaga binoan harbiy harakat maydoniga aylantirilmaydigan hudud.
Biogeografiya– organizmlarni yer yuziga geografik tarqalishini umumiy qonuniyatlarini o`rganuvchi soha.
Biotop - yabiiy sharoiti deyarli bir xil bo`lgan va shu sharoitga moslashgan hayvonlarning muayyan kompleksi yashaydigan joy (masalan, ko`l, tayga, botqoqliklar). Bir-biriga yaqin bo`lgan biotoplar gruppasi birlashib Bioxorni tashkil etadi (masalan, masalan, o`rmonlar, cho`llar, tundra). Bioxorlar esa, o`z navbatida, yanada kattaroq bo`lak - Biosiklni hosil qiladi. Yer sharida uchta biosikl- quruqlik, dengiz va ichki suvlar biosikllari mavjud.
Biotsenoz - bir joyda paydo bo`lgan va bir-biri bilan aloqada rivojlangan hayvonlarning, mikroorganizmlarning va o`simliklarning barqaror turkumi.
Brekchiya - har-xil katta-kichiklikka ega qirrali tog` jinslarining sementlashishidan hosil bo`ladi.
Briz– dengiz, katta ko`llar, ba`zi yirik daryolar sohilida esadigan mayin shamol. Ular kunduzi suvdan quruqlik tomon, kechasi quruqlikdan suv tomon esadi. Yunoncha "shabada” degani.
Buzuq yer – foydalanish uchun yaroqsiz o`rqir yer. Asosan suv o`tkazmaydigan gil jinslarni suv yuvib ketishidan paydo bo`ladi.
Bulduruq– atmosfera yog`inlarining bir turi. Sovuq kunlar yoki tuman paytlarda nam havo zarralarining muzlashi natijasida hosil bo`ladi. Daraxt shoxlari va simlar oq ko`rinish oladi.
Buloq– (chashma) yer osti suvlari tabiiy holatda yer yuziga chiqib turadigan suvlar.
Burmalanish fazasi – geosinklinal hududlarda qatlamlarning egilishi va ularda darz, uzilmalar paydo bo`lishi.
Burg`i– tog` jinslarini portlatishda portlovchi moddalarni joylash uchun chuqurcha va kovaklar burg`laydigan asbob.
Burun– quruqlikni dengiz, okean, ko`llarga eng ko`p turtib kirgan qismi.
Bussol– magnit meridiani bilan biror narsaga yo`nalgan chiziq orasida gorizantal burchaklarni o`lchashda ishlatiladigan geodeziya asbobi.
Bef– daryodagi ikki qo`shni to`g`on yoki shlyuz o`rtasidagi oraliq.
Bo`z yer – haydalmagan, ishga solingan yer (qo`riq).
Bo`z tuproq – dengiz sathidan 300-1600 metr balanddagi tog` etaklari teksliklarida uchraydigan tuproq.
Boj– bir davlat tomonidan ikkinchi bir davlatga to`lanadigan maxsus to`lov.
Bosh meridian – Londonning Grinvich observatoriyasidan o`tgan meridian deb qabul qilingan.
Bosim– biror jism sirtiga tik yo`nalishda ta`sir qiladigan havo intensivligini ifodalovchi miqdor.
Bergshtrix– yer yuzasi qaysi tomonga qiya bo`lsa, gorizontallarga qiya tomonni ko`rsatuvchi chiziqcha.
Briketlash– chang holatdagi (ko`mir kukun, torf) xom ashyoni bosim ostida yoki bog`lovchi moddalar qo`shish yo`li bilan yiriklashtirish natijasida hosil bo`lgan maxsulot.
Bo`ron– kuchli shamol. Siklon va antisiklonlar bilan bog`liq shamol.
Bo`g`oz– okeanlar, dengiz, ko`llarning ayrim qismlarini bir-biri bilan qo`shib turadigan kambar suv yo`li.
Bandlik– ijtimoiy mehnatga qobilyati bo`lgan aholi darajasi.
Biznes– foyda beradigan iqtisodiy faoliyat, har qanday daromad yoki boshqa foyda keltiradigan istalgan faoliyat turi.
Bojxona– Tovar, maxsulotlarning eksporti va importi operatsiyalarini nazorat qiluvchi va boj to`lovlarini to`plovchi tashkilot.
Bozor iqtisodiyoti – uning faoliyat ko`rsatishi uchun dastavval mulkchilikning xilma-xil shakllarini ro`yobga chiqarishni va bozor infrastrukturasini vujudga keltirishni talab etadigan tizim.
Benton– okeanlar tubida yashaydigan o`simlik va hayvonlar guruhi.
Bedlend - (nemischa yomon yer) yaroqsiz yerlar. Mamlakat yoki muayyan hududda ishlov berishga yaroqsiz, buzilgan yerlar.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash