loading...

I - harfiga oid izohli lug`atlar 

9071

Izza - yer osti va grunt suvlari yer yuzasiga chiqqan, suv o`tkazmaydigan qatlam yuza joylashgan, atrofdagi yerlarga nisbatan botiq joylardagi o`ta nam yerlar. Ko`pincha botqoqlikka, bilqillama yerga aylangan bo`ladi. Ko`proq adir, tog`, tepalar etaklaridagi yer osti suvlari yuzaga chiqqan joylarda uchraydi. 

Izobaralar  - grafik tasvirda (Masalan, geografik xaritalar, izobarik protseslar diagrammalarida) bir xil bosimli nuqtalarni birlashtiradigan chiziqlar. 
Izochiziqlar - geografik xaritalarda, grafiklarda bir xil qiymatli miqdorlar (masalan, bosim, dengiz chuqurligi, harorat) ni birlashtiruvchi chiziqlar: izoba­ra - havo bosimi bir xil bo`lgan nuqtalarni birlashtiradi; izo­batlar - suv havzalari relyefining bir xil chuqurlikdagi joylarini birlashtiradi; izogiyeta - ma’lum vaqt (oy, yil, fasl va b.) da yog`inlar miqdori bir xil nuqtalarni birlashtira­di; izogips balandligi bir xil nuqtalarni birlashtiradi (q.Gorizontallar); izotaxa - sha­mol tezligi bir xil nuqtalarni birlashtiradi.

Izobara – geografik xaritalarda havo bosimi bir xil bo`lgan nuqtalarni tutashtiradigan chiziq.

Izoterma – geografik xaritalarda havo harorati bir xil bo`lgan nuqtalarni tutashtiruvchi chiziq.

Izobatalar– geografik xaritalarda suv havzalari relyefining bir xil chuqurlikdagi joylarni birlashtiruvchi chiziq.

Izogiyeta– geografik xaritalarda ma`lum vaqt (oy, yil, fasl) yog`inlar miqdori bir xil nuqtalarni birlashtiruvchi chiziq.

Izogips – balandligi bir xil bo`lgan nuqtalarni birlashtiruvchi chiziq.

Izotaxa – shamol tezligi bir xil nuqtalarni birlashtiruvchi chiziq.


Izg`irin– qor qoplamalari betidan qor uchqunlarini uchirib esadigan kuchli shamol.

Ildirim - chaqmoq, yashin, uchqun.

Ilish - qishda uzoqroq cho`zil­gan sovuq kunlardan keyin havo haroratining ko`tarilishi. Ilish ko`pincha iliq havo oqimi kelishi natijasida ro`y beradi. Agar ilishdan keyin havo yana keskin sovusa, yut bo`ladi.
Ilon izi - daryo va yo`llarning egri-bugriligi. Daryolarda chuqurlatish eroziyasi tugab, yon ero­ziya boshlanganda o`zan ilon izi. shaklini oladi. Bunda o`zan goh o`ng, goh chap tomonga burilib, tirsaklar hosil qilib oqadi; q. Meandr.
Immigratsiya (lotincha immigrans – o`rnashuvchi), muhojirlik- bir mamlakat fuqarolarining doimiy yoki vaqtincha yashash uchun boshqa mamlakatga kelishi.
Import - (lotincha importe - kiritaman) - chet mamlakatlardan biron mamlakatga ichki bozorda sotish uchun tovar keltirish. Bir mamlakat uchun import bo`lgan tovar ikkinchi mamlakat uchun eksport hisoblanadi. Import – ichki bozorda sotish maqsadida tovar, mahsulotlarni chet eldan keltirish.
Investitsiya (inglizcha in­vest – qo`yish) - q. Kapital qo`yish. Investitsiya – iqtisodiy rivojlantirish maqsadida mamlakat yoki chet ellarda turli tarmoqlarga uzoq muddatli kapital kiritish.
Inklinometr– burg` qudug`ini qiyalik burchagini va qiyshayish yo`nalishini aniqlash, uni to`g`ri burg`ilayotganligini nazorat qilish asbobi.

Intruziv tog` jinslari – yer po`stida magmaning qotishidan hosil bo`1lgan tog` jinslari. Bu jinslar magmadagi haroratning million yillar davomida asta-sekin pasayishi natijasida va undagi suv bug`i, xlor, ftorlar ishtrokida kristallanadi.

Infiltratsion konlar – yer osti suvida erigan turli kimyoviy element va birikmalarning yer osti g`ovaklarida cho`kishi natijasida hosil bo`ladigan konlar.

In`yektsiya– magmaning kuchli bosim ta`sirida yer osti bo`shliqlari, tog` jinslari, darzlar va cho`kindi jinslar qatlami oraliqlariga joylashuvi.

Industriyalash (lotincha in­dustria - faoliyat) - hozirgi za­mon korxonalarini qurish va fan-texnika yutuqlarini ishlab chiqarishning barcha tarmoqlariga joriy qilish yo`li bilan rivojlangan sanoatni bunyod etish. Industriyalashning shakllari, metodlari, sur’ati va bosqichlari muayyan tarixiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitga bog`liq. 

Insolyatsiya (lotincha insolo - oftobga qo`yaman) - muayyan vaqt (daqiqa, sutka va b.) davomida gorizontal yuza maydoniga (1 sm.kv) tushgan quyosh radiatsiyasi. Bunda to`g`ri quyosh radiatsiyasi yoki yalpi quyosh radiatsiyasi nazarda tutiladi. Ba’zan har qanday yuzaga tushgan quyosh radiatsiyasi ham insolyatsiya deyiladi, masalan, yonbag`irlar insolyatsiyasi yoki bino devorlari insolyatsiyasi.

Intensiv taraqqiyot yo`li - mazkur korxonalarda yangi texnika va mehnatni tashkil etishning yangi shakllarini joriy etish hisobiga ishlab chiqarishni kengaytirish.

Intrazonallik - ayrim landshaftlarning mustaqil geografik zona hosil qilmay, bir necha zonada takrorlanishi. Botqoqlik landshaftlari, to`qay landshaftlari, dasht zonasida «orolchalar» tarzida saqlanib qolgan o`rmon­lar va aksincha, o`rmon zonasida uchraydigan relikt dasht land­shaftlariintrazonallikka misoldir.

Intruziya (lotincha intrudio - itarib kiritaman) - yer po`stidagi tog` jinslari orasiga magmaning kirib kelishi. Ba’zan intruziya jarayonida hosil bo`lgan magmatik jins massasi ham intruziya de­yiladi.

Intruziv  tog` jinslari – yer po`stining ichki qismlarida magma­ning asta-sekin sovushidan hosil bo`lgan magmatic tog` jinslari.

Ionosfera - atmosferaning ionlar va erkin elektronlar miqdori ko`p bo`lgan yuqori qismi. Yer yuzasidan 50-60 km dan boshlanib 2000 km gacha davom etadi. Ultrabinafsha quyosh nuri ta’sirida kislorod va azot molekulalarining parchalanishi hisobiga ionlar hosil bo`lib turadi. Ionosferada yuqoriga ko`tarilgan sari harorat osha borib, yuzlarcha va hatto, minglarcha darajaga yetadi. Shuning uchun ionosferani termosfera deb ham ataydilar.

Ipakchilik, pillachilik – qishloq xo`jaligining ipak qurti boqish, yangi qurt zotlari yetishtirish, pilladan mo`l hosil olish yo`llarini ishlab chiqish bilan shug`ullanadigan tarmog`i. Ipakchilik qurtning aso­siy ozig`i bo`lgan tutchilik bilan bog`liq. Ipakchilikdagi asosiy ish jarayonlari: ipak qurti urug`ini ochirish, qurt boqish, qurt urug`i tayyorlash va pillani dastlabki ishlash - dimlash va quritish. 
Irmoq - bosh daryoga quyiladigan daryo, soy, jilra. Irmoq odatda bosh daryodan kamsuv va kalta bo`ladi. Geografik adabiyotlarda irmoq 1, 2, 3 va h.k. tartibli irmoqlarga ajratiladi. Chunonchi, bosh daryoga bevosita quyiladigan suvlarni birinchi tartibli irmoqlar, birinchi tartibli irmoqlarga quyiluvchi suvlarni ikkinchi tarkibli irmoqlar va h.k. deyiladi. Ba’zan kichikroq ko`l va suv havzalariga kiritiladigan daryolar ham irmoq deb ataladi. Ba’zi bir turkiy tillarda, Mmasalan, usmoniy turklarda irmoq so`zi daryo so`zi ma’nosida ishlatilgan. Soy hamda jarlarga yon tomonlardan kelib qo`shiladigan kichikroq soy va jarlar ham irmoq deyiladi. Irmoq – katta daryolarga quyiladigan jilg`aning ikkinchi nomi.

Irrigatsiya (lotincha irrigatsio – sug`orish), sug`orish – q`urg`oqchil yerlarga suv keltirish, dalalarni sug`orish, tuproqning o`simlik ildizlari oziqlanadigan qatlamida suv zahirasini rostlash. Melioratsiya turlaridan biri. Irrigatsiya – faqat sug`orish bilan bog`liq bo`lgan tadbirlar (kanal, suv ombori, gidrouzel, nasos stansiyasi, kariz, zovur va h.k.) 
Irq - kishilarning tarixiy tarkib topgan yirik hududiy guruhi. Irqlar kelib chiqishiga ko`ra bir bo`lib, faqat ba’zi bir tashqi fiziologik belgilariga - sochining shakli va rangi, tanasining rangi, ko`zining shakli, yuz skletining o`lchamlari va ay­rim xususiyatlari, burun, lab tuzilishiga ko`ra farq qiladi. Bu farqlar nasldan naslga o`tadi. Irqiy belgilar odam zoti paydo bo`lgandan keyin yashash sharoitidagi tafovutlar ta’sirida vujud­ga kelgan. Odamlarning asosiy anatomik va fiziologik hamda psixologik xususiyatlarida irqiy farqlar yo`q. Irqiy tafovutlar jamiyat taratssiyotiga ta’sir etmaydi. Butun dunyodagi odamlar uchta katta irqqa: mongoloid, yev­ropeoid va ekvatorial, ya’ni negr-avstraloid irqlarga bo`linadi. Bu asosiy irqlar oralig`ida ko`pdan-ko`p o`tkinchi irqlar bor.
Issiq buloq - suv harorati yuqori bo`lgan buloq. Issiq buloqlar ikki xil bo`ladi: nisbiy issiq buloqlar, ularda suv harorati shu joydagi havoning o`rtacha yil­lik haroratidan yuqori bo`ladi; mutlaq issiq buloqlar, ular suvi harorati 37° dan yuqori, ya’ni yer yuzidagi maksimal o`rtacha haroratidan yuqori bo`ladi. Issiq buloqlarning ko`pi minerallashgan suvlidir va shifobaxsh xususiyatga ega.

Issiqlik elektr stansnyalari - issiqlik dvigatellari yorda­mida elektr energiya ishlab chiqaradigan korxonalar. Issiqlik dvigatelida gaz, ko`mir, mazut, torf va boshqa yoqilishi mumkin. Yoqilg`ining issiqlik energiyasi issiq­lik dvigatelida mexanik energiyaga, so`ngra generatorda elektr energiyaga aylanadi. Issiqlik elektr stansiyalari asosan ikki xil bo`ladi: kondensatsion elektr stansiya (faqat elektr energiya ishlab chiqaradi) va issiqlik elektr markazi (ham elektr energiya, ham issiqlik – bug` va issiq suv ishlab chiqaradi).
Ixtisoslashish - kishilar­ning biron-bir mashg`ulotda band bo`lishi yoki mehnatning ayrim operatsiyalarga bo`linishi. Qishloq xo`jaligida ay­rim ekinlar ekishga yoki chorvachilikning muayyan sohasiga ixtisoslanadi. Sanoatda bir yoki bir ne­cha detal tayyorlashga ixtisoslanadi. Bu esa, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashni osonlashtiradi, mahsulotni arzonlashtiradi, shuningdek zavodlarda muayyan uzel, agregat, masalan, avtomobil dviga­teli tayyorlashga ixtisoslanadi.
Ichki dengizlar - quruqlik ichkarisiga kirib borgan va oke­an yoki dengizga bir yo bir necha bo`roz orqali qo`shilgan dengizlar: Baltika dengizi, Qora dengiz va boshqalar. 
Ichki suvlar - 1) quruqlik ich­karisiga uzoq kirib turadigan qo`ltiq va dengizlar, daryolar, ko`llar; 2) biror davlat hududida joylashgan daryo, ko`l, dengizlar, qo`ltiqlar, bo`gozlar. Davlatlar qirg`oqlariga tutash dengizlarning qirg`oq bo`yidagi eni 18,5 km li suv xalqaro huquqga ko`ra mazkur davlatning ixtiyorida bo`ladi. Ichki suvlar – (halqaro hududda) – ichki suv yo`llari va hamma tomoni quruqlik bilan o`raglan va okeanga bo`g`oz orqali tutashgan dengizlar. 

Ishlov beruvchi sanoat - kon sanoati, qishloq xo`jaligi, o`rmon xo`jaligi, baliq tutish, ovchilikdan keladigan, shuningdek sintetik yo`l bilan olinadigan xom ashyoga ishlov beradigan yoki uni qayta ishlaydigan sanoat tarmoqlari. Ishlov beruvchi sanoatning eng muhim tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik qora va rangli metallurgiya, neftni qayta ishlash, kimyo, elektrotex­nika, elektron, yog`ochsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qog`oz, to`qimachilik, tikuvchilik, poyabzal, un, shakar-qand, konserva sanoati va boshqalar.
Iqlim - muayyan joyning shu joyga xos bo`lgan va yildan-yilga takrorlanib turadigan ob-havo tiplari (quruq, issiq yoki seryog`in, sovuq va h.k.). Iqlim Quyosh radiatsiya­si, yer yuzasi holati va atmosfera harakati hosilasidir. Iqlim ob-havodan farq qilib, barqaror bo`ladi. U yillar, asrlar mobaynida emas, geologik davrlar mobaynida o`zgaradi.
Iqlim mintaqalari - Yer sharida iqlim xususiyatlari bilan farq qiladigan o`lkalar. Iqlimiy rayonlashtirishning eng katta birliklari. Kenglik bo`ylab cho`­zilgan bo`lib, chegaralari parallellarga aynan to`g`ri kelmaydi. B.P.Alisov quyidagi iqlim mintaqalarini ajratdi: 1 ta ekvatorial, 2 ta ekvatorial musson (subekvatori­al), 2 ta tropik, 2 ta subtropik, 2 ta mo`tadil, so`ngra subarktika, subantarktika, arktika, antarktika iqlim mintaqalari.
Iqlimlashish - o`simlik va hayvonlarning yangi sharoitga moslashishi. O`simlik va hayvonlar kishilar tomonidan yangi hududlarga olib borib ekilishi yoki makkajo`xori bilan kartoshkaning butun yer yuziga tarqalishi iqlimlashishga yaqqol misoldir; asli­da bu o`simliklarning vatani Janubiy Amerika. Turli mo`ynali hayvonlar (masalan, Shimoliy Amerikadan ondatra, Janu­biy Amerikadan nutriya, turli baliqlar, masalan, chivinlarning lichinkalarini yeb tugatadigan gambuziya baliqchasi Janubiy Amerikadan), xilma-xil o`simliklar (sitruslar, choy o`simligi, shakarqamish va b.) iqlimlashtirilgan.
Iqlimshunoslik — iqlim haqidagi fan. Iqlimshunoslik Yer sharida yoki uning ayrim qismlarida iqlimlarning paydo bo`lish sabablari, iqlim tiplari va ularning tarqalishi, iqlimlarning xalq xo`jaligidagi ahamiyatini o`rganadi. Iqlimshunoslikning geologik va tarixiy davrlardagi iqlimiy sharoitini o`rganuvchi tarmog`i paleoiqlimshunoslik deyiladi. Iqlimshunoslikning amaliy bo`limlari agroiqlimshunoslik, bioiqlimshunoslik, tibbiyot iqlimshunosligi va indu­strial iqlimshunoslikdir. Kichik joylar iqlimining ichki tafovutlarini mikroiqlimshunoslik o`r­ganadi. Masalan, so`nggi yillarda shahar mikroiqlimshunosligi jadal rivojlanmoqda. Iqlimshunoslik xulosalari meteorologik ma’lumotlarni o`rganish va tahlil qilishga asoslanadi.

Iqlim – yer yuzasining quyosh nurlariga nisbatan og`ishi. Ob-havoning ko`p yillik rejimi.

Iqlim xaritalari – ma`lum hududning iqlim xususiyatlarini aks ettiradigan geografik xaritalar. Ularda iqlim izochiziqlari o`tqazilgan bo`ladi.

Iqlim mintaqalari – yer sharida iqlim xususiyatlari bilan farq qiladigan o`lkalar.

Iqtisodiy rayon – mamlakatning xalq-xo`jalik tarmoqlari o`rtasida har tomonlama aloqa bog`laydigan, umumdavlat miqyosida o`ziga xos ixtisoslashgan, hududiy sihlab chiqarish kompleksini o`z ichiga olgan bir qismi.

Iqtisodiy integratsiya – xo`jalik subyektlari o`rtasida iqtisodiy aloqalarning rivojlanish shakli, davlatlar o`rtasida kelishilgan iqtisodiy siyosat yuritish, yagona iqtisodiy makonlarning vujudga kelishi. 

Iqtisodiy faol aholi - aholining ishlab chiqarishning turli sferalari va ishlab chiqarish bi­lan bog`liq bo`lmagan sohalarda band bo`lgan qismi.
Iqtisodiy geografik tavsif - xo`jalik ob’ektlari (korxonalar, shaharlar, rayonlar) haqidagi bilimlarni muayyan reja asosida sistemali ravishda bayon etish; bunda bu ob’ektlarning joylashish xususiyatlari va taraqqiyot perspektivalari ko`rsatiladi.
Iqtisodiy geografik o`rin, iqtisodiy geografik holat - iqtisodiy geografik ob’­ekt (shahar, rayon, mamlakat) ning shu ob’yektdan tashqarida bo`lgan, lekin uning taraqqiyotiga ta’sir etadigan tabiiy va tarixiy-iqtisodiy ob’ektlarga nisbatan tutgan o`rni. Iqtisodiy geografik o`rin mam­lakat taraqqiyotining turli bosqichlarida turlicha bo`lishi va uning rivojlanishiga turlicha ta’sir etishi mumkin. 
Ihota daraxtzorlari, dala ihota o`rmonzorlari - ekinlarni shamol, bo`ron, garmsel va b. dan, temir yo`lni qor, qum bosishidan himoya qiladigan daraxtzorlar. Ihota daraxtzorlari shamol tezligini kamaytiradi, tuproqni yuvilishdan, namini bug`lanishdan saqlaydi. Ihota daraxtzor asosan dub, oq akatsiya, jiyda, saksovul, sayrag`och, gledichiya, aylant va b. dan iborat bo`ladi. Sug`oriladigan hududlarda ihota daraxtzorlari uchun daraxtlar ko`pincha ariq bo`ylariga, ekinlarning cheti va yo`l yoqalariga o`tqaziladi. Ihota o`rmonlari – ekinlarni cho`llarning quruq shamollaridan, unumdor yerlarni ishdan chiqarilishidan himoya qilish uchun tashkil etilgan o`rmonlar. 

Ipoteka – ssuda olish maqsadida ko`chmas mulkni garovga qo`yish.

Ishsizlik – iqtisodiy jihatdan faol aholining bir  qismi o`z ish kuchini qo`llay olmay, mehnatning zaxira armiyasi bo`lib qolish hodisasi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash