E - harfiga oid izohli lug`atlar
Ekvator– yerning aylanish o`qiga perpindikulyar bo`lgan va har ikkala qutbdan teng masofada jo`ylashgan katta aylana chizig`i. Ekvator (lotincha
ekuator - tenglashtiruvchi,
tengkunlik chiziq) - Yer yuzasida qutblardan barobar uzoqlikdan o`tkazilgan
katta aylanma chiziq. Ekvator Yer
sharini ikki yarim sharga - shimoliy va janubiy yarim sharlarga bo`ladi.
Geografik kengliklar ekvatordan hisoblanadi. Ekvator uzunligi (Krasovskiy ma’lumotiga ko`ra) 40
075696 m, 1 daraja yoyining uzunligi
111321,4 m. Ekvatorda kecha
bilan kunduz doimo teng bo`ladi. Quyosh
ekvator ustida har yili ikki marta – 21-mart va 23-sentyabrda zenitdan o`tadi.
Ekvatorial
mintaqa - taxminan 5-8° shimoliy kenglik bilan 4-11° janubiy kenglik orasida
joylashgan geografik mintaqa. Yil bo`yi havo haroratining yuqoriligi (o`rtacha
oylik harorat +24, (28°), yog`inlarning ko`pligi +1500- 3000 mm,
maksimum 10 000 mm
gacha), biogeokimyo va geomorfologik jarayonlarning intensivligi bilan ajralib
turadi. Hududni asosan ekvatorial o`rmonlar
zonasi ishg`ol etgan.
Ekvatorial
o`rmonlar (gileya) zonasi - ekvatorial
mintaqa tabiat zonasi. Bu zona tabiat ritmikasida mavsumiylikning yo`qligi,
podzollashgan laterit tuproqlardagi qalin doimiy yashil sernam o`rmonlar-gileyalarning
tarqalganligi bilan xarakterlanadi. Ekvatorial o`rmonlar zonasi Janubiy
Amerika, Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo va Okeaniyaning ekvatorial hududlarida tarqalgan.
Ekzaratsiya,
muzlik eroziyasi- siljib yurgan
muzlikning tagini o`yishi.
Ekzogen
jarayonlar - Yer yuzasida va yer po`stining yuza qismida quyosh radiatsiyasi
energiyasi, yerning tortish (gravitatsion) kuchi va organizmlar hayot
faoliyati natijasida ro`y beruvchi jarayonlar. Bu jarayonlar endogen jarayonlarga
qarama-qarshi bo`lib, yer yuzasidagi notekisliklarni tekislaydi. Bularga
nurash, suv va shamol eroziyasi, muzliklar, yer osti suvlari ishi, dengiz to`lqinlari
va h.k.larni kiritish mumkin.
Ekzosfera (yunoncha yekzo - tashqi, sfera -
shar) - atmosferaning eng siyrak tashqi qismi. Yer yuzasidan 450-800 km
balandda boshlanib, bir necha ming km
ga yetadi. Ekzosferada havo shu qadar siyrakki, yengil gaz (vodorod, geliy,
kislorod) zarralari katta tezlik bilan harakat qilib, kosmik fazoga o`tib
ketishi mumkin. Ekzosfera– yer atmosferasining ionasfera ustidagi tashqi qismi.
Ekliptika (yunoncha yeklipsis - tutilish) - osmon
sferasining Quyoshning yillik ko`rinma harakati
ro`y beradigan katta doirasi. Bu harakat Yerning Quyosh atrofidagi harakatini
aks ettirganligidan, ekliptikani osmon sferasining Yer orbitasi tekisligi bilan
kesishishi deyish mumkin. «Ekliptika» so`zining kelib chiqishiga sabab shuki,
Oy orbitasi ekliptika bilan kesishgan nuqtalar yaqiniga Oy kelgan paytlardagina
Quyosh bilan Oy tutiladi.
Ekologik geografiya -
ekologiya va biogeografiya fanlarining tarmog`i. U hozirgi muhitning organizmlarning
geografik tarqalishidagi rolini o`rganadi. Ekologik geografiya o`simliklar, hayvonlar
va mikroorganizmlar ekologik geografiyasiga bo`linadi.
Ekologik muvozanat -
organizmlar va inson uchun zaruriy tabiiy sharoit muvozanati. Bu muvozanat
buzilsa tabiiy landshaftlar nomaqbul rivojlanadi, atrof-muhitning ekologik
sharoiti yomonlashadi, binobarin, inson va organizmlar hayoti xavf ostida qoladi.
Ekologik mmuvozanatning buzilishiga atmosfera havosining ifloslanishi, mahalliy
iqlim sharoitining keskin o`zgarib ketishi, suvlarning ifloslanishi va boshqalar
misoldir.
Ekologik
omillar - Organizmlarning yashashi va geografik tarqalishiga
ta’sir etuvchi hayot sharoiti elementlari. Ekologik omillar quyidagi guruhlarga
bo`linadi: 1) iqlim omillari (havo, yorug`lik, issiqlik, suv va h.k.); 2) edafik omillar (tuproq - grunt qoplami); 3) orografik omillar orografiya va reylef
shakllari); 4) biologik omillar (organizmlarning o`zaro ta’siri); 5) antropogen
omillar (inson ta’siri) va 6) tarixiy omillar. Shuningdek, bevosita va
bilvosita ta’sir etuvchi ekologik omillar.
Ekologiya (yunoncha oykos - uy, makon, logos -
fan) - organizmlar bilan tabiiy muhit o`rtasidagi aloqalarni, ularning o`zaro
borliqligini o`rganuvchi fan. O`rta Osiyoni ekologik jihatdan o`rganishda ekologiyaning
asoschilaridan D.N.Kashkarov va Ye. P. Korovinlarning roli kattadir. Hozirgi kunda ekologik tadqiqotlar
tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish muammolarini hal qilishda nihoyatda
katta ilmiy va amaliy ahamiyatga molikdir.
Ekspansiya (lotincha
ekspansion - kengaytirish) – biror
davlatning boshqa yerlarni bosib olish hisobiga o`z hududini kengaytirish uchun
harakat qilishi. Iqtisodiy ekspansiya - tovarlarini sotadigan bozor va xom
ashyo manbalarini qo`lga kiritish.
Ekspozitsiya,
yonbag`ir ekspozitsiyasi – tepalik, tog`, vodiy,
jar va boshqa yonbag`irlarining gorizont tomonlariga, binobarin Quyoshga
nisbatan qanday joylashganligi; masalan, yonbag`ir janubga qaragan bo`lsa, janubiy ekspozitsiya bo`ladi.
Eksport (lotincha eksporto - tashqariga chiqaraman)
- tashqi bozorda sotish uchun mamlakatdan tovar chiqarish. Eksport– tovar, kapital va qimmatbaho qog`ozlarni tashqi bozorga olib chiqish va sotish.
Ekstensiv qishloq xo`jaligi - fovdalanilayotgan yerlarning biron
bir o`lchovi, masalan, gektar hisobiga xarajat ham, daromad ham kam bo`lgan xo`jalik.
Masalan, yaylov chorvachiligi.
Elyuviy– ona tog` jinslarining kimyoviy, mexanik va organik jarayonlar ta`sirida nurashi va nurash mahsulotlarining o`z joyiga qolib to`planishi natijasida hosil bo`lgan jinslar.
Emigratsiya (lotincha
yemigro – ko`chib ketaman)
- kishilarning doimiy yashash uchun yoki uzoqroq muddatga, bir mamlakatdan
ikkinchi mamlakatga majburiy yoki ixtiyoriy kuchib ketishi.
Endogen
jarayonlar - Yerning ichki qismida ro`y beradigan fizik
va kimyoviy jarayonlar. Ular yer yuzasida turli xil tektonik harakatlar, vulkan
otilishlari, yer po`stining o`zgarishi, yorilishi, zilzilalar tarzida aks
etadi.
Energetik
resurslar, energoresurslar -
tabiatda mavjud bo`lgan va texnikaning hozirgi darajasida moddiy boyliklar
ishlab chiqarish uchun inson amalda foydalana oladigan energiya zahiralari. Hozirgi
vaqtda turli yoqilg`ilar (toshko`mir, neft, yonuvchi gaz, yonuvchi slanets, torf,
o`tin), gidroenergiya, dengiz suvining ko`tarilishi va qaytishi, shamol
energiyasi, atom energiyasi energetic resurslar hisoblanadi.
Energetika,
energetika xo`jaligi - sanoatning xalq xo`jaligini
energiya bilan ta’minlash uchun turli yoqilg`i va boshqa energetik resurslar
olish va ulardan foydalanish bilan shug`ullanadigan tarmog`i.
Energiyani
ko`p ishlatadigan ishlab chiqarishlar - mahsuloti
tannarxi strukturasida energetik xarajatlar asosiy o`rin tutadigan ishlab chiqarishlar.
Rangli metallurgiya, elektrometallurgiya, qotishmalar ishlab chiqarish, kimyo
sanoatining ayrim tarmoqlari va boshqalar energiyani ko`p ishlatadigan ishlab
chiqarishlardir. Bunday korxonalar ko`pincha
elektr energiya va yoqilg`ining boshqa turlari arzonga tushadigan hududlarga
joylashtiriladi.
Energosistema - elektr
uzatkich liniyalar va tarmoqlar bilan o`zaro birlashgan va iste’molchilarni
birgalikda elektr energiya bilan ta’minlab turadigan yirik elektr stansiyalar
birlashmasi. Lokal (shahar elektrosistemalari), zonal (rayonlararo) va milliy
(butun mamlakatning elektr stansiyalarini birlashtiradigan) elektrosistemalar bo`ladi.
Eol
jarayonlari (yunoncha eolos
- shamol xudosi) - shamol ta’sirida reylef hosil bo`lish
jarayonlari. Shamol qattiq tog` jinslarini
yemiradi, o`yadi, silliqlaydi, mayda jinslarni bir joydan ikkinchi joyga
uchirib boradi.
Eol yotqiziqlar – shamol vositasida hosil bo`lgan yotqiziqlar.
Eol - qadimgi yunonlarning shamol xudosi Eol nomidan olingan. Shamol ishi ta`sirida yer yuzasining o`zgarish jarayonlari.
Epigeosfera- geografik qobiq tushunchasining sinonimi. A.G.Isachenko
tomonidan taklif etilgan.
Epitermal konlar – yer yuzasidan uncha chuqur bo`lmagan joylarda past haroratli eritmalardan hosil bo`lgan konlar.
Epitsentr- yer ichidagi zilzila uchog`ining ustida yer yuzasida
joylashgan joy. Gorizontal harakat qiluvchi to`lqinlar epitentrdan tarqaladi. Epitsentr – zilzila o`chog`i yaqinidagi yer silkinishlari eng kuchli zilzila hududi.
Epeyrogen harakatlar – yer po`stining asta-sekin ko`tarilib yoki pasayib borishi.
Erglar- Afrikaning Sahroi Kabir cho`llarida qator-qator qum
do`nglari ko`p bo`lgan cho`llar. Erglar odatda allyuvial jinslar tarqalgan keng soyliklarda ko`proq
uchraydi. Erglarda o`simliklar va hayvonlar yashashi uchun sharoit reg, hamada,
serirlarga qaraganda qulayroq bo`ladi.
Eroziya (lotincha erosio -
yemirish) - tog jinslari va tuproqni
oqar suvlarning yuvib, oqizib ketishi. Eroziya reylef
hosil qiluvchi omillardan biri. Yuvilish yuzalama va chuqurlatma bo`lishi mumkin,
yana yon eroziya va tag eroziya bo`ladi. Normal eroziya va
insonning noratsional xo`jalik faoliyati oqibatida bo`lgan tezlatilgan eroziya
bir-biridan farq etiladi.
Estuariy (lotincha daryoning suv bosadigan etagi)- daryoning dengizga quyiladigan joyi kengayib, daryo etagini dengiz suvi bosishidan hosil bo`lgan qo`ltiqcha. Estuariy-daryoning dengizga quyiladigan joydagi kengaygan qismi.
Eski dunyo – Yevrosiyo va Afrika materiklari.
Etak - daryo quyi oqimidagi yerlar (daryo etagi), qishloq,
shahar yoki biror joyning pastki chekka qismi (qishloq etagi, yerning etagi),
tog` etagi va h.k.
Etnografiya(yunoncha etnos - xalq, grafo -
yozaman) - dunyo xalqlarining madaniy va maishiy xususiyatlarini, xalqlarning
kelib chiqishi (etnogenez), madaniy-tarixiy aloqalarini o`rganadigan fan.
Efemer o`simliklar (yunoncha efemeros - bir kunlik) – qurg`oqchil
o`lkalarda o`sadigan, vegetatsiya davri qisqa
bir yillik o`simliklar. Masalan, O`rta Osiyo cho`llarida rango`t, qo`ngirbosh,
lolaqizg`aldoq kabi efemer o`simliklari may oyi boshlaridayoq qurib qoladi. Efemer - bir yillik o`simliklar.
Efemeroid - ko`p yillik o`simliklar.
Effuziv tog` jinslari – yer usti yoki suv ostidagi vulqon faoliyati natijasida hosil bo`lgan magmatik jinslar.
Exolot– dengiz va okeanlarning chuqurligini o`lchovchi asbob.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.