loading...

Y - harfiga oid izohli lug`atlar 

12122

Yangi tektonik harakatlar - yer tarixining neogen davridan boshlanib, hozir ham davom etayotgan harakatlari.

Yog` ekstraktsiya zavodi - o simlik moyini eng rivojlangan usulda ajratib oladigan korxona.

Yog`-mоу kombinati - oziq -ovqat sanoatining yirik korxonasi. O'simlik moyi, xo'jalik sovuni va chorvachilik uchun maxsulot ishlab chiqaradi.

Yel - shamol, shabada, garmsel. Yozda o`simliklar bargi sarg`ayib tushganda «yel uribdi», «yel tushibdi» deyiladi.
Yel yoq - shamol ko`p bo`ladigan tomon, shamolga ro`para joy.
Yelan - Janubiy Uralda igna bargli-keng bargli o`rmonlar orasida uchraydigan o`tloq sayxonlar. Yelan asalarichilik va tog` chorvachiligi uchun juda qimmatlidir. Turklarda shunday joylar alan deb yuritiladi.
Yem-xashak ekinlari - mol va parrandalarga ko`kat, pichan, yem, silos uchun ekiladigan o`simliklar. Yem xashak ekinlariga bir yillik va ko`p yil­lik o`tlar (beda), xashaki ildiz-mevali, kartoshkali o`simliklar (kartoshka, turneps, xashaki lavlagi), xashaki poliz ekinlari (xashaki tarvuz, oshsovoq), shirin kartoshka (batat), silos bostirish va yem uchun ekiladigan donli ekinlar (makkajo`xori, so`li, arpa) kiradi.
Yengil sanoat - turli xom ashyolardan (asosan paxta, zig`ir, kanop tolasi, hayvon terisi, jun, sun’iy charm, sun’iy tolalardan) keng iste’mol buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat tarmoqlari. Xom ashyoga dastlabki ishlov berish, jumladan paxta tozalash, ip gazlama, jun gazlama, shoyi to`qish, tikuvchichik kanop-jut, trikotaj, poyabzal, kigiz-namat, mo`yna, mebel, attorlik buyumlari, chinni-fayans ishlab chiqarish, teri oshlash, po`stin tikish va b. yengil sanoat tarmoqlaridir.

Yer - 1) Quyosh sistemasidagi planeta, Quyoshdan uzoqligi jihatidan Merkuriy, Veneradan keyin uchinchi o`rinda bo`lib, Quyosh atro­fida elliptik orbita bo`ylab (ekssentrisiteti 0,017) sekundiga 29, 76 km tezlik bilan aylanadi. 365 kun 5 soat 48 minut 46 sekundda bir aylanib chiqadi. Quyoshdan o`rtacha uzoqligi 149,5 mln. km. Yerning bitta tabiiy yuldo­shi - Oy bor, uning Yerdan o`rtacha uzoqligi 384 ming km. O`z o`qi atrofida 23 soat 56 minut 4 soniyada to`liq aylanib chiqadi. O`z utsi atrofida aylanishi natija­sida kun-tun almashinib turadi. Yer o`qi orbita tekisligiga 66°33'22"ga teng bo`lgan burchak hosil qiladi. Yer o`qining bun­day og`ishi va Quyosh atrofida aylanishi oqibatida fasllar almashinadi. Yerning shakli yuraksimon ellipsoid (Shimoliy Qutb qabariqroq, Janubiy Qutb botiqroq). Ekvatog` radiusi 6378245 m, qutbiy radiusi 6356863 m, o`rtacha qutbiy botiqlik 1:298,3; ekvatog`i­al botiqlik 1:30 000. Yer yuzasi­ning maydoni 510 mln. km.kv, hajmi 1083320 mln. km.kub, o`rtacha zichligi 5,52 g/sm.kub. Yer o`z massasi bilan atmosferani mustahkam tutib turadi. Yer barqaror magnit maydoniga ega. Magnit maydoni koinotdan keluvchi yuqori energiyali radiatsiya mintaqasini hosil qiladi. Yer atmosferasidan tashqari juda mayda zarrachalar va vodoroddan iborat «dum»ga ham ega, u Quyoshdan teskari tomonga yo`nalgan bo`ladi. Yerning sharsimon shakli Quyoshdan keladigan nurning yer yuzida notekis taqsimlanishiga sabab bo`ladi, bu esa geografik zonallikni keltirib chiqaradi. Yer konsentrik joylashgan qobiqlar hosil qiladi: yer yadrosi, mantiya, - litosfera, gidrosfera, atmosfera. Litosferaning ustki qismi, gidrosfera va atmosferaning quyi qismi geografik qobiq yoki landshaft qobig`ini hosil qi­ladi. Yerning organizmlar yashaydigan qismi — biosfera geografik qobiq tarkibiga kiradi. Yer yuzining 361,5 mln. km.kv qismini Dunyo okeani, 149 mln. km.kv qismini quruqlik tashkil etadi. Okeanlarning chuqurligi ko`p qismida 3000-6000 m, eng chuqur joyi Mariana botig`ida 11022 m. Quruqliklarning o`rtacha balandli­gi 875 m, eng baland joy Jomolungma tog`i 8848 metr.  2) joy, tuproq, diyor, o`lka.
Yer asimmetriyasi - shimoliy va janubiy yarim sharlarning asimmetrik tuzilishi. Yer assimetriyasi yer po`stining geologik tektonik tuzilishida (shimoliy yarim sharda mate­rik yer po`sti, janubiy yarim shar­da okean yer po`sti ko`pchilikni tashkil etadi), quruqlik va okeanlar maydonining nisbatida (shi­moliy yarim sharda quruqlik 39%, janubiy yarim sharda quruqlik 19%), iqlimning kontinentallik darajasida, tabiiy geografik protsesslarda, ayrim o`simlik va hayvon turlarida, shamollar va okean oqimlarining xar xilligida va h.k.larda aks etadi.
Yer bag`ri - yer po`stining ichki qismi.

Yer magnetizmi, geomagnetizm- Yerning magnit maydoni; magnit og`ishi, magnit enkayishi bilan xarakterlanadi. Kompas magnit strelkasining bir uchi shimolni, ikkinchi uchi janubni ko`rsatadi. Magnit strelkasi yo`nalishi bo`yicha o`tkazilgan chiziq mag­nit meridiani deyiladi. Magnit meridiani geografik meridian yo`nalishiga to`g`ri kelmaydi. Magnit meridiani bilan geografik meridian orasidagi burchak magnit og`ishi deyiladi. Yer yuzasining turli joyida magnit og`ishi burchagi turlicha. Strelka geografik meridiandan g`arbga burilsa, g`arbiy og`ish, sharqqa burilsa, sharqiy og`ish de­yiladi. Magnit meridianlari uchrashgan joylar magnit qutblari deyiladi. Magnit qutblari holati o`zgarib turadi. Masalan, 1931-yilda Shimoliy magnit qutbi 70,5° shimoliy kenglik va 96°46' g`arbiy uzunlikda bo`lgan bo`lsa, 1970-yilda esa 75,05° shi­moliy kenglik va 99,01° g`arbiy uzunlikda edi. Magnit og`ishini bilish oriyentir olishda, dengizda suzishda, aviatsiyada va boshqa sohalarda katta ahamiyatga ega. Magnitlangan strelka yo`nalishi bilan yerdagi gorizontal yuza o`rtasida ma’lum burchak hosil bo`ladi, ana shu burchak magnit enkayishi deyiladi. Ekvatorda magnit enkayishi burchagi deyarli 0°ga teng bo`ladi, magnit qutblarida esa bu burchak 90° ga teng, ya’ni strelka vertikal holatga keladi. Ma’lum joyda magnit strelkasining normal holatdan farq qilishi mag­nit anomaliyalari deb ataladi; magnit anomaliyalari yer po`sti ichida temir rudasining kat­ta konlari borligi oqibatidir. Yer magnetizmi asriy tebranishga va tez o`zgarish xususiyatiga ega.
Yer osti suvlari – tog` jinslaridagi g`ovaklar, g`or va yoriqlarda yig`ilgan qattiq (muz), bug` va suyuq holatdagi suvlar. Yer osti suvlari daryo, dengizlar va umuman past tomonga qarab doimo harakat qiladi va buloq bo`lib oqib chiqadi. Yer osti suvlari bor jinslar suvli jins­lar, qatlamlar esa, suvli qatlamlar deyiladi, Yer yuzasiga yaqin birinchi suvli qatlamda grunt suvlari joylashadi. Grunt suvlari tagida bosimli artezian suv qatlamlar i bo`ladi.
  Yer osti suvlari tarkibida turli kimyo­viy elementlar, organik moddalar, gazlar va bakteriyalar bo`ladi. Tarkibida turli minerallar bo`lgan suvlar shifobaxsh bo`lsa, mineral suvlar deyiladi. Aholi, sanoat va yaylovlarni suv bilan ta’minlashda, yerlarni sug`orishda, tibbiyotda (mineral suv­lar), issiqlik bilan ta’minlash­da (issiq suvlar), xar xil tuz va kimyoviy elementlar (yod, bor, brom, va b.) olishda yer osti suvlarining ahamiyati katta.

Yertomirlar - yer po`sti yoriqlarini to`ldirgan mineral jismlar. Yoriqlar chuqurdan chiqqan magmatik rudali va rudasiz mineral­lar bilan to`lgan bo`lishi mumkin. Eni 2 km gacha yetishi va undan ham ortiq bo`lishi mumkin, yer ichiga esa juda uzoq kirgan bo`ladi. Yertomirda rangli, qora va nodir metallar ko`p uchraydi.
Yer o`zagi, yer yadrosi, sentro­sfera - Yer sharining eng chuqur, ichki zich qismi. Yer o`zagining radiusi 3500 km, unda haroat 2000-5000°C ga boradi. Ye o`zagining asosiy qismini tashkil etgan temir, nikel va kobalt elementlari quyuq holatda bo`lsa kerak. Moddalar zichligi chekka qismida 9,4 g/sm.kub, o`rta qismida 12-13 g/sm.kub. Bosim chekkasida 1,4 mln. kg/sm.kv., o`rta qismida 3,5 mln. kg/sm.kv.
Yer o`qi - Yerning sutkalik ay­lanishi natijasida hosil bo`ladi­gan to`g`ri chiziq. Yer o`qi Yer markazidan o`tib, geografik qutblarni tutashtiradi. Yer o`qi ekliptika tekisligiga nisbatan 66°33/19", 85 (1960-yil) burchak hosil qilgan; bu burchak har yili 0",468 dan ortib bormoqda.
Yerning issiqlik mintaqalari, Yerning harorat mintaqalari - iqlimni yer yuzasida quyosh issiqligining taqsimlanishi va havo haroratiga qarab klassifikatsiya qilish sistemasi. Yer sharida odatda quyidagi issiqlik mintaqalari ajratiladi: i s s i q    mintaqa - bu yerda umuman sovuq bo`lmaydi. Radiatsiya balansi (R) yiliga 60 k kal/s,kv.km dan ortiq, faol haroratlarning yillik miqdori 6000-8000°C ga teng; 2 ta mo`tadil issiq mintaqa - yillik radiatsiya ba­lansi 50 dan 60 kkal/sm.kv gacha, faol haroratlar yig`indisi 4000-6000°C, eng salqin oyning o`rtacha harorati 4°C dan yuqori, 2 ta mo`tadil mintaqa - yillik radiatsiya balansi 20 dan 50 kkal/sm,kv gacha, faol haroratlar yig`indisi 1500-4000°C;   2 ta mo`tadil sovuq mintaqa - yillik radiatsiya ba­lansi 20 kkal/sm,kv dan kam, eng iliq oyning o`rtacha harroati 10°C bilan 5°C oralig`ida; 2 ta sovuq mintaqa - eng iliq oyning o`rtacha harorati 5° dan yuqori ko`tarilmaydi, suv yilning ko`p vaqtida qor va muz holatida bo`ladi.
Yerlarni sifatiy baholash - qishloq xo`jalik yerlarini ta­biiy va inson ta’sirida vujudga kelgan xossalariga (tuproqlarning xili, sho`rlanganlik darajasi, reylefi, namlik miqdoriga) hamda unumdorligiga yoki oqilona foydalanilganda qancha daromad keltirishiga qarab klassifikatsiya qilish; 2) yerlarni iqtisodiy jihatdan baholashning sinonimi. Yer­larni sifatiy baholashda foyda­li issiqlik va namlik miqdori hamda tuproq chirindisi asosiy ko`rsatkichlar hisoblanadi.
Yerning yillik harakati- Yer­ning Quyosh atrofida bir marta to`liq aylanib chiqishi. Yer Quyosh atrofini 365 kun 5 soat 48 daqiqa, 46 soniyada aylanib chiqadi. Yer­ning Quyosh atrofida bosib o`tadigan yo`li - orbitasi 940 mln. km ga teng. Bu yo`lni Yer o`rta hisobda soatiga 107 ming km yoki sekundi­ga 29,8 km tezlik bilan o`tadi. Yeening yillik harakati oqibatida tabiiy hodisalarda ritmik o`zgarishlar, fasllarning almashinishi ro`y beradi.
Yerning sutkalik harakati - Yerning o`z o`qi atrofida to`liq bir marta aylanib chiqishi. Yer o`z o`qi atrofida sharqdan garbga tomon, ya’ni dunyo shimoliy qutbi tomondan qaraganda soat strelkasi harakati yo`nalishiga teskari tomonga aylanadi Yerning sutkalik harakati Quyoshga yoki yulduzlarga qarab aniqlanishi mumkin. Yerning sutkalik harakati yulduzga qarab aniqlaganda 23 soat, 56 daqiqa 4 soniyaga teng. Yerning sutkalik harakati oqibatida tun bilan kun almashinadi, tabi­atda sutkalik ritmik hodisalar ro`y beradi.
Yetakchi omil metodi - tabiiy geografik rayonlashtirish metodlaridan biri. Birinchi navbatda tabiiy kompleksda yetakchi rol o`ynab, ko`p jihatdan boshqa kompo­nentlar xarakterini ham belgilovchi omil asos qilib olinadi. Yetakchi omil bir komponent yoki bir necha komponentdan iborat bo`lishi mumkin. Har bir taksonomik birlik o`z yetakchi omiliga ega. Chunonchi, tabiiy geogra­fik o`lkalarni ajratishda geolo­gik - geomorfologik omil yetakchi rol o`ynasa, zonal hududlarni ajratishda bioiqlimiy omil yetakchi rol o`ynaydi.
Yetimtog`, yetimtov, yetimcho`qqi - boshqa tog`lardan ajra­lib turgan yakkq cho`qq, tog`; at­rofidagi tog`lar yemirilib ketgan ko`hna tog`li hududlarda ko`p uchray­di. Qizilqumda Yetimtog`, Yetimcho`qqi degan tog`lar ko`p.
Yetti iqlim - qadimgi O`rta Osiyo, Eron va Yunoniston fanida Yer yuzini tabiati, aholisi va boyliklariga qarab qismlarga bo`lish usuli. Yetti iqlim hozirgi «tabiat zona­si» tushunchasiga birmuncha to`g`ri keladi. Yerning aholi yashaydigan qismi - ma’mura yoki rub’i maskun, ya’ni sharqiy yarim sharning shimoliy pallasi (u vaqtda g`arbiy yarim shar hali noma’lum edi) 7 iqlimga - zonaga bo`lingan. Birinchi iqlim ekvatog` atroflarini o`z ichiga olgan, ik­kinchi, uchinchi va boshqa iqlimlar ek­vatog`dan shimolga tomon almashinib borgan. Bir iqlim bilan ikkinchi iqlimdagi eng uzun kunlar yarim soatdan farq qilgan. O`rta Osiyo 4- va 5-iqlimlarga to`g`ri kelgan. "Farg`ona viloyati beshinchi iqlimdandir. Ma`muraning kanorasida boqi bo`libtur” ("Boburnoma”dan).

Yil - Yerning Quyosh atrofida bir marta to`liq aylanib chiqish davriga taxminan teng bo`lgan vaqt. Astronomiyada to`rt xil yil hisobi bor: 1) Yulduz yili. Bu yil Quyoshning osmon sferasida yulduzlarga nisbatan bir marta ko`rinma aylanib chiqishi uchun ketgan vaqtga, ya’ni 365, 2564 o`rtacha quyosh sutkasiga teng; 2) Tro­pik yil. Bu yil Quyosh markazining bahorgi tun-kun tengligi nuqtasidan ketma-ket ikki marta o`tishi oralig`idagi vaqtga, o`rta hisobda 365, 2422 sutkaga teng; 3) Kalendar yil. Grigoriy ka­lendari bo`yicha 365, 2425 sutkaga teng; 4) Oy yili. 12 oy oyiga (si­nodik oyga) teng. O`rta hisobda 354, 367 sutkaga teng. Bu hijriy yil.
Yil fasllari, fasllar- bahor, yoz, kuz, qish. Yil fasllarining almashinishga Yer aylanish o`qining orbita (Yerning Quyosh atrofida aylanishi yo`li) tekisligiga nis­batan og`ishganligi (66°33') sabab bo`ladi. Yer Quyosh tevaragida aylanganda Yer o`qining yo`nalishi o`zgarmaydi. Shu sababli Yer Quyosh atrofida aylanar ekan, bir Shi­moliy qutb, bir Janubiy qutb Quyoshga qarab qoladi. Shimoliy qutb Quyoshga ro`para bo`lganda shi­moliy yarim shar ko`proq isiydi, Janubiy qutb Quyoshga ro`para kelganda esa janubiy yarim shar ko`p­roq issiq oladi. Shimoliy yarim sharda Quyoshning bahorgi kun-tun tengligi nuqtasidan o`tish vaqti (20-21 mart) bahor faslining boshlanishi deb, Quyoshning yozgi turish nuqtasidan o`tishi (21-22 iyun) yoz faslining boshlanishi deb, Quyoshning kuzgi kun-tun teng­ligi nuqtasidan o`tishi (23-sen­tyabr) kuz faslining boshlanishi deb va Quyoshning qishki turish nuqtasidan o`tishi (21-22 de­kabr) qishning boshlanishi deb qabul qilingan. Janubiy yarim sharda bularning aksi bo`ladi.
  Yil fasllari bir-biridan Yer yuzining hamma joyida ham farq qila bermaydi. Masalan, ekvator yaqinida do­im bir xilda issiq va yog`in ko`p bo`ladi, ya’ni yil bo`yi ob-havo deyarli bir xil bo`lib turadi. Bu o`lkalarga ikki tomondan tutashgan joylarda (ekvator yoni o`lkalarida) yil ikki faslga bo`linadi: qurg`oqchil va seryomg`ir fasl­lar. O`zbekistan joylashgan kengliklarda esa bahor va kuz fasl­lari qisqa. (2 oy atrofida), yoz fasli uzun (5 oy chamasi) bo`ladi. Qutbiy o`lkalarda, aksincha, yoz juda qisqa, qish uzoq davom etadi.

Yilg`a - soy, kichik daryo, buloqdan oqib chiqqan suv. q. Jilg`a
Yo`ldosh shaharlar - yirik sa­noat markazlari yaqinida bo`lgan va xo`jalik jihatdan ular bilan chambarchas bog`langan shaharlar.


Yayla (turkiy yayla, yayloq, yaylov, yozgi o`tloq)- Qrim tog`lari Janubiy (Bosh) gryadasining ohaktoshdan iborat platosimon o`rmonsiz yalang tepalari.
Yaylov - 1) tog`lardagi yozgi o`tloq, alp va subalp o`tloqlari. Odatda tog`larning yassi, o`rmonsiz tepaliklarida bo`ladi. O`rta Osiyo tog`larida 2000-3000 m baland­likda bo`ladi. Iqlimi sernam, yozi salqin, qishi qorli. O`simliklari qoramtir, qora tuproqlarda o`suvchi o`tloq, o`tloq-dasht o`simliklaridan iborat. Eng katta yaylovlar Susamir, Oloy vodiylarida bor; 2) Har qanday o`tloq, mol o`tlab, yoyilib yuradigan joy.
Yalang, yalanglik - o`rmon, daraxtzor orasidagi ochiq, daraxtsiz joy, sayxon. Turklarda alan, tatarlarda yelan deb yuritiladi.
Yalpi mahsulot - 1) muayyan vaqt ichida biron sanoat korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotning pul hisobidagi umu­miy qiymati; 2) yalpi ijtimoiy mahsulotning sanoat va qishloq xo`jaligida vujudga keltirilgan qismi; muay­yan vaqt davomida sanoat va qishloq xo`jaligi korxonalari ishlab chiqargan bar­cha mahsulotlarning pul hisobidagi umumiy qiymati.
Yarim mustamlakalar - rasman mustaqil, amalda iqtisodiy va siyosiy jihatdan biron davlatga qaram mamlakatlar.
Yarim orol - uch tomondan suv bilan o`ralib, faqat bir tomondan kichik masofada katta quruqlikka tutashgan yer.
Yarim fabrikat, yarim mahsulot - iste’mol qilish uchun hali tayyor bo`lmagan va qo`shimcha ishlov talab qiladigan mahsulot (sellyuloza, kalava ip, quyma po`lat va b.).
Yassi tog`lik - dengiz sathidan 500 m dan balandroq bo`lgan, yer yuzasi tekis yoki bir oz to`lqinsimon balandlik.
Yaxmalak (naled) - sovuq o`lkalarda, xususan Sibirning shimo­liy qismlari, Kanada va Alyaskaning shimoliy rayonlarida qishda daryo suvlarining muzni yorib chiqib yoki yer osti suvlarining yer yuzasiga chiqib muzlashi natijasi­da hosil bo`ladigan muzlar. Qalinligi bir necha metrga, maydoni bir necha kv. km gacha yetishi mum­kin. Ba’zilari yozda erib ulgurmay ko`p yillik yaxmalaklarni hosil qiladi.
Yaqin Sharq mamlakatlari – G`arbiy Osiyo va Shimoli-Sharqiy Afrikada joylashgan Iroq, Turkiya, Suriya, Livan, Iordaniya, Isroil, Misr, Sudan, Arabiston yarim orolidagi mamlakatlar, shu­ningdek O`rta dengizdagi Kipr Respublikasi, Fors qo`ltig`idagi Baxrayn orollarining umumiy nomi.
Yo 

Yovon, yobon – cho`l, dasht, te­kislik. Tarixiy manbalarda va badiiy adabiyotda ko`p uchraydi. Joy nomlari tarkibida qolgan: Yovon dashti, Yovonsuv soyi (Janu­biy Tojikiston), Yezyovon cho`li (Farg`ona vodiysi).
Yoz - 1) yilning eng issiq fasli. Shimoliy yarim sharning mo`tadil mintaqasida iyun, iyul, av­gust oylariga, janubiy yarim shar­da dekabr, yanvar, fevral oyla­riga to`g`ri keladi. Yilning issiq yarmi ham ko`pincha yoz deb yuritiladi. Ayrim turkiy tillarda masalan, qirgizlarda bahor fasli yoz (jaz) deyiladi; 2) dala, yalanglik, sayxon yer, dasht. Joy nomlari tarki­bida bor: Yozyovon cho`li.
Yozi – tekislik, ochiq tekis yer.
Yozloq - yozda chorva mollari boqiladigan joylar, yozgi o`tloqlar. Tyanshan sirtlari, Oloy vo­diysi yozloq joylardir.
Yeyilma - 1) daryo, soy, jilga va boshqa doimiy yoki vaqtli oqar suv­lar tog`lar, qirlar, adirlar orasidan tekislikka chiqqan joyda suvdagi oqiziq jinslar chuqib hosil bo`ladigan salgina qabariq qiya tekislik (yoyilma konus); 2) daryo, soy, suvlari juda kengayib oqadigan joy; 3) suv toshqini vaqtida daryolarning suv bosib ketadigan pastak sohili, qayir.
Yoyilma konus - tekislikka yoki vodiylarning kengroq qismiga oqar suvlar keltirgan jinslarning to`planishidan hosil bo`lgan yarim konus ko`rinishidagi salgina qabariq reylef shakli. Yoyilma konuslar har xil kattalikdagi tog` jinslaridan iborat bo`ladi. Tuproqlari yosh, o`simliklari siyrak, maydoni bir necha 10 m.kv.dan o`nlab km.kv gacha yetishi mumkin. Yoyilma konus O`zbekistonda tog` etaklaridagi tekisliklarda, vodiylarda ko`p uchraydi.Yollar - kambar va uncha ba­land bo`lmagan qirlar. Bunday qirlar (grivalar) G`arbiy Sibirning janubiy qismida ko`p uchray­di. Bu yerda ular janubi-g`arbdan shimoli-sharqqa tomon cho`zilib ketgan.Yolg`iz tog` - nurab tekislangan yerlarda yakka yoki to`da joylashgan qoldiq tog`lar. Tog`li o`lkaning eroziya natijasida yemirilib ketishi, vodiylarning kengayishi oqibatida hosil bo`ladi. Qizilqumda, Afrikada, Markaziy Osiyoda, Kat­ta Havza, Meksika, Braziliyada bor.Yomg`ir - bulutdan tomchi holda yog`adigan va tomchisining dia­metri 0,5 mm hamda undan katta bo`lgan quyuq yog`in. Yomg`irli qat-qat bulutdan yog`adigan shivalama yomg`ir va yomg`irli to`p-to`p bulutdan yog`adi­gan jala yomg`ir bo`ladi.
Yomg`ir to`sig`i – tog`larning yog`in keltiruvchi shamollarga ters yonbag`ri va tog` oralig`idagi botiqlari. Sernam shamollar tog` yonbag`ridan ko`tarilayotganda yog`in bera­di. Tog`dan oshib tushayotganda adiabatik qizib, kondensatsiya nuqtasidan uzoqlashadi va yog`in bermaydi. Masalan, Qurama tog`larining sharqiy yonbag`rida, Farg`ona vodiysining g`arbiy chekkasida shunday.

Yon eroziya - oqar suvning o`zan (daryo vodiysi, jar) yon tomonini yuvishi, Yon eroziya natijasida daryo vo­diysi, jar kengaya boradi, meandrlar hosil bo`ladi. Yon eroziya chuqurlatish eroziyasi bilan bir vaqtda davom etadi, lekin eroziya bazisi baland bo`lib, daryo tekislikdan oqqanda ayniqsa kuchayadi.

Yona – tog`, tepa, qir yonbag`ri. Turkiston, Hisor tog` tizmalari, ularning tarmoqlari etagi va vodiylarida yonbag`ir yona deb yuritiadi. Masalan, «Yonadagi so`qmoq qishloqqa to`ppa-to`g`ri olib chiqadi».

Yonartog` - so`nmagan vulkan tog`i.

Yonbag`ir – bo`rtma, baland reylef shakllarining (tog`lar, tepalar, do`nglar) atrofdagi pastliklar bilan tutashgan yon qismlari. Yonbag`irlar shakliga ko`ra botiq, tekis, qabariq bo`ladi. Tekis yonbag`ir yuqorisidan tagigacha bir xilda qiya bo`ladi, etagi tekislikdan yaqqol ajralib turadi. Qabariq yonbag`iqning yuqori qismi suyrik (qiyaligi kam) bo`lib, pastga tomon tiklashib boradi. Botiq yonbag`irda yuqori qismi tik, pastga tushgan sari tikligi kamayib, etagi te­kislikka asta-sekin qo`shilib ketadi. Yonbag`irning bu uch xil shakli uning taraqqiyot bosqichiga bog`liq; yosh yonbag`ir tik va qabariq bo`ladi.

Yonuvchi gazlar - yonuvchi ugle­vodorod gazlari. Yonuvchi gazlar orasida me­tan, etan, propan ko`pchilikni tash­kil etadi. Yonuvchi gazlar tabiatda alohida konlardan ham chiqadi, neft bi­lan birga ham chiqadi. Yonuvchi gazlarga tabiiy holda azot, karbonat an­gidrid, vodorod sulfid, inert gazlar aralashgan bo`ladi. Yonuvchi gazlarning eng katta konlari G`ar­biy Sibirda, O`rta Osiyoda, Volgabo`yi, Shimoliy Kavkaz, Ukraina, Uralda topilgan, shuningdek AQShda eng ko`p qazib chiqariladi, Yaqin va O`rta Sharqda, Shimoliy Afrikada, Kanada, Venesuelada ham katta konlari bor.

Yop, yob - Xorazmda o`rta va kichik kanal. Ba’zan ariq ham Yep deyiladi (Qoraqalpog`iston va G`arbiy Qozog`iston - jap), Tojikistonning ayrim joylari (Badaxshon) da daryoni Yop deyishadi. O`zbekiston va Turkmanistonda yop so`zidan tarkib topgan nomlar ko`p: Buzyop, Kaltaminoryop va v.k.

Yopiq dengiz - quruqlik ichkarisiga uzoq kirib borgan va den­gizlar, okeanlar bilan tor bo`gozlar orqali qushilib turgan den­gizlar. Masalan, O`rta dengiz, Qora dengiz, Qizil dengiz, Azov dengi­zi, Boltiq dengizi.

Yopiq g`or (ko`r g`or) – og`zi nuroq jinslar, o`simliklar bilan to`silib qolgan yoki umuman yer yuzasiga ochilmagan g`orlar. Yer yuza­siga ochilmagan g`orlar karst o`lkalarida ko`p uchraydi. Ular karst voronkalari, chuqurliklaridan, yoriqlardan singib kirgan suvning tog` jinslarini eritib olib ketishidan hosil bo`ladi. Yopiq g`orlar suv inshootlari surilishida xavflidir.

Yoriq - Yer po`stida tektonik harakatlar natijasida hosil bo`lgan siniq. Tog`larda qattiq jins­lar darz ketib, ajrab ketgan joy­lari, juda tor daralar.

Yorug` tun - yuqori geografik kengliklarda yozgi tunlar. Yorug` tunlarda Quyosh botsa ham, lekin osmon yorug` bo`lganligi uchun tun­lar qosh qorayganday o`tadi. Yorug` tunlar Quyoshning yarim tundagi ba­landligi 18 darajadan yuqori bo`lganda ro`y beradi.

Yorug`lik yili - astronomiyada masofa o`lchov birligi. Yorug`lik nuri bir tropik yilda bosib o`tgan masofaga teng. Yorug`lik yili 0,307 parsekka, 9 460 mlrd.km.ga teng.

Yosh tog`lar - kaynozoy erasida ro`y bergan alp burmalanishida paydo bo`lgan tog`lar. Bularga O`rta dengiz - Indoneziya va Tinch okean mintaqasidagi tog`lar kiradi.

Yoshargan tog`lar - qadimgi burmalanishlarda paydo bo`lib, keyinchalik yemirilib, tekislanib qolgan o`lkalarda alp burmalanishida qaytadan ko`tarilgan tog`lar. Oltoy, Tyanshan, Sayan, Zabaykale tog`lari yoshargan tog`lardir.

Yoqa - chekka qirg`oq, bo`y ma’nolarida qo`llaniladi. Masalan, daryo yoqasi, dala yoqasi, jar yoqasi va h.k.

Yoqilg`i - energetika balansi, energobalans (fransuzcha balanse - tarozi) - muayyan vaqt ichida, odatda, bir yilda mamlakat hududidagi yoqilg`i va energiyaning kirim-chiqim nisbati. Yoqilg`i balansi tuzayotganda turli yoqilg`ilar hisobga olinadi (gid­roenergiya bundan mustasno). Energobalansni hisoblash uchun barcha energiya va yoqilg`i turlari shartli yoqilg`iga aylantiriladi.

Yog`ingarchilik – yog`in-sochinning tez-tez va ko`p bo`lishi. O`rta Osiyo tekisliklari va tog` oldilarida qish va bahor yog`ingarchilik davri hisoblanadi.

Yog`inlar - suv bug`larining quyuqlashishi natijasida havodan tushadigan suv. Yog`inlar bulutlardan yomg`ir, qop, do`l va muz zarralari ko`rinishida tushadi. Shudring va qirov ham yog`in hisoblanadi.
 Yog`in miqdori tushgan yog`inning suyuq holatidagi qatlami qalinligini (mm.da) o`lchab aniqlanadi. Yog`in miqdori meteorologik stansiyalarda maxsus asboblar – yog`in o`lchagichlar yordamida o`lchanadi. Joy­ning geografik kengligiga, dengiz va okeanlardan uzoq-yaqinligiga, shamol yo`nalishiga va joyning reylefiga qarab, yer yuzining turli hududlarida yog`in miqdori xar xil bo`ladi. O`zbekiston hududida yil­lik yog`in miqdori 80-90 mm dan (Orol dengizining janubidagi ba’zi joylarda) 1000 mm gacha (tog`li hududlarda) yetadi. Yer sharining ba’zi joylarida yillik yog`in miqdori hatto 12 ming mm ga yeta­di. Yog`in tarkibida suvdan tashqari chang zarralari, mikroorganizmlar, shuningdek radioaktiv ele­mentlarning parchalanishidan hosil bo`ladigan mahsulotlar ham bo`ladi.

Yog`in o`lchagich - me­teorologik stansiyalarda yog`in miqdorini o`lchash uchun qo`llaniladigan asbob. Suv yig`iladigan chelakdan (yuzasi 200 sm.kv) va yog`in o`lchagich stakandan iborat bo`ladi. Yog`in suvi chelakdan miqdor bo`linmalari belgilangan stakanga quyiladi. Bu bo`linmalarga qarab yog`in miqdori mm hisobida aniqlanadi. Chelak tik ustunga o`rnatilib, atrofi qor uchib kirmasligi uchun to`silgan bo`ladi.

Yu  

Yuk oboroti - muayyan vaqt (masalan, bir yilda) transportda tashilgan yuklar majmui. Ayrim port, stansiya va transport uzellarining yuk oboroti shu punktdan jo`natilgan, shu yerga kelgan va shu punkt orqali o`tgan umumiy vazni bilan o`lchanadi. Mamlakat, r-n, ayrim temir yo`l, daryoning yuk oboroti tashil­gan yuklarning hisobidagi vazni hamda qancha masofaga (km) tashib borilganligi bilan o`lchanadi va tonna-kilometr bilan ifodalanadi.

Yuk potoklari - muayyan muddat davomida biron bir turdagi transport tashigan yuklar harakati; bunda yuk qaysi punktdan qaysi punktga borganligi ko`rsatiladi. Yuk potoklari yo`lning biron qismida tashilgan yuklarning miqdorini, tashilgan yuklarning umumiy hajmida ayrim yuk turlariniig tar­kibi va salmog`ini aniqlashga im­kon beradi.

Yulduzlar – o`ta qizigan gazlardan tarkib topgan. Quyosh kabi yorug`lik chiqarib turadigan osmon jismlari. Yulduzlar Quyoshga nisbatan benihoya katta; lekin o`ta uzoqda bo`lganidan kichik ko`rinadi: Quyosh yorug`ligi Yerga 8,3 daqiqada, eng yaqin yulduzdan esa yorug`lik 4 yil-u 3 oyda keladi. Quyoshga qaraganda million marta katta va yorug` yulduzlar bor. Barcha yulduzlar soniyasiga o`nlarcha va hatto, yuzlarcha km tezlikda harakat qiladi. Os­mon sferasining har ikkala yarimsharida oddiy ko`z bilan 5000 ga yaqin yulduzlar, kuchli teleskoplarda esa bir necha milliard yulduzlar ko`rinadi. Bir guruh yulduzlar to`p yulduz de­yiladi, Masalan, Katta Ayiq to`p yulduzi yettita yulduzlardan iborat. Yer shari g`arbdan sharqqa aylangani uchun yulduzlar sharqdan g`arbda aylanayotganday ko`rinadi.

Yut - sovuq vaqtda yomg`ir tomchilarining yer yuzasida, o`simlik­lar (o`tlar) ustida muzlab, yupqa muz qatlamining hosil bo`lishi hodisasi. Yut odatda harorat 0 darajadan -3° gacha, ba’zan undan ham sovuq bo`lganda ro`y beradi. Qor erib yana sovuq tushishi natijasi­da qotib, muz qatlamini hosil qilishidan ham yut bo`ladi. Yut hodisasi yaylovdagi chorva mollari uchun juda xavfli, ba’zan ko`plab qo`ylar qirilib ketadi. Buning oldini olib, hozirgi vaqtda qishki yaylovlarda pichan g`amlab qo`yiladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash