loading...

O` - harfiga oid izohli lug`atlar 

11939

O`zak - daryo tarmog`i, oqar suv, Qoraqalpog`istonda ko`p ishla­tiladi: Qorao`zak Qoraqalpog`istonda yassi jar, tarmoq, pastqam yer, Boshqirdistonda jar (Tosho`zak jari) shu atama bilan yuri­tiladi.

O`zan - daryo vodiysining eng past, suv saytish davrida ham oqim bo`ladigan qismi. Katta daryolar o`zanining eni yuzlab metr­dan bir necha km gacha yetishi mumkin. Tog`larda o`zan ko`pincha to`g`ri, qirg`oqlari tik bo`ladi, tekisliklarda esa ilon izi, ayrim joylari sayoz bo`lib, suvning yuvishi, cho`kindilar yotqizishi natijasida shakli o`zgarib turadi. Qorg`oqchil o`lkalarda yilning ko`p qismida qurib yotadigan o`zanlar ham bo`ladi. 

O`zbo`y- qattiq jala quyganda va bahorda qor tez eriganda suv oqadigan quruq o`zan, soy, vo­diy, bo`ylama pastlik. Geografik nomlar tarkibida ham uchraydi. masalan, Kelif O`zbo`yi va h.k.

O`y- jar yer, pastlik yer. O`y-qir, uydim-qir, past-baland, notekis yer. O`yqin yer - serjar yer.

O`lkashunoslik- mamlakat bir qismi (o`lka), ayrim tabiiy ob’yektlar, shahar yoki biron aholi punktining asosan mahalliy aholi kuchi bilan har tomonlama o`rganilishi. O`lkashunoslikning asosiy yo`nalishlari: 1) tabiat va tabiiy ob’ektlarni o`rganish, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va tiklash; 2) xo`jalik yutuqlarini o`rganish; 3) tarix va madaniyatni o`rganish. O`z o`lkasini bir necha yil davomida muntazam o`rganish asosida to`plangan materiallar o`lkashunos­lik muzeylarini tashkil qilishga imkon beradi.

O`rmon- asosiy o`simlik tur­lari bir-biriga yaqin (zich) o`sgan daraxtlardan iborat qalin o`simlik tipi, qalin daraxtzor. O`rmonlarda o`simliklar bir qancha yaruslar hosil qilib o`sadi. Pastdan yuqoriga tomon birinchi yarusda mox va lishayniklar o`sadi, so`ngra o`tlar yarusi, keyin bo`talar yarusi, eng yuqorida daraxtlar yarusi bo`ladi. O`rmonlar cho`llar, tundra va Ark­tika (Antarktika) mintaqalaridan boshqa hamma mintaqalarda zonalar hosil qiladi. O`rmonlar daraxt turlariga qarab, igna barg­li, aralash, keng bargli, qattiq yaltiroq bargli, yil bo`yi yashil, doimiy yashil sernam o`rmonlarga bo`linadi. Ural, Sibirdagi turkiy xalqlar tillarida o`rmon deganda oq qarag`ay, qora qarag`ay, kedr, ba’­zi joylarda tilog`och o`sadigan qalin qoramtir igna bargli o`rmon­lar tushuniladi.

O`rmon-dasht, o`rmonli dasht - o`rmon zonasi bilan dasht zonasi orasida joylashgan tabiat zonasi. O`rmon-dashtda o`rmonli yerlar bilan dasht yerlar birga­likda uchraydi. Yevropaning ayrim qismida keng bargli o`rmonlar (dub, juka, shumtol), G`arbiy Sibirda qayin, tog`terak, O`rta Sibirda, Uzoq Sharqda dauriya tilog`ochi o`rmonlari uchraydi; dashtlarda xilma-xil o`tlar o`sadi.

O`rmon-tundra, o`rmonli tundra - tundra zonasi bilan o`rmon zonasi orasida joylashgan va o`rmonli yerlar (siyrak o`rmon­lar) bilan tundra birgalikda uchraydigan zona o`rmonlar bo`yi 2-8 m keladigan qingir-qiyshiq tilog`och, qora qaragay, qayin, archalardan iborat.

O`rta dengiz o`lkasi -O`rta dengiz havzasi, undagi orollar, Yevropa, Osiyo, Afrikaning yon-veridagi qismlarini o`z ichiga olgan tabiiy o`lka; keng ma’noda - Old Osiyo tog`liklarini ham qamrab oladi.

O`rta dengiz iqlimi - yozi quruq va issiq, sishi iliq va seryomg`ir bo`lgan subtropik iqlim. O`rta dengiz o`lkasining ko`pchilik qismida yozda havoning o`rtacha harorati 20-25°, qishda 5-12°, yiliga 400-600 (tog`larda 1000) mm yog`in yog`adi. O`rta dengiz iqlimi O`rta den­giz sohilidan tashqari, 35-40° sh.k. bilan 30-35° j.k. orasidagi ba’zi joylarda ham uchraydi.

O`rta Sharq – G`arbiy Osiyoda, Yevropa bilan Pokiston orasidagi hududning shartli nomi. Ayrim manbalarda O`rta sharq mamlakatlari deganda Eron bilan Afg`oniston tushuniladi. Chet el manbalarida Yaqin Sharq mamlakatlari ham O`rta sharq deyiladi.
O`rtalikdagi dengizlar - quruqlik ichkarisida, materiklar oralig`ida yer po`stining yoriqlari mintaqasida joylashgan dengiz­lar; suv tagi reylefi juda notekis bo`ladi - chuqur botiqlar bi­lan sayozliklar yonma-yon uchraydi.

O`rtacha harorat - muayyan vaqtning o`rtacha harorati. Sutkalik o`rtacha harorat sutka davomida to`rt marta (kechasi soat 1 da, ertalab soat 7 da, kunduzi soat 13 da, kechqurun soat 19 da) o`lchangan haroratni bir-biriga qo`shib, to`rtga taqsimlash yo`li bilan aniqlanadi. Oylik o`rta charorat oy davomidagi o`rtacha haroratlarni qo`shib, kunlar soniga taqsimlab chiqariladi. Yillik o`rtacha harorat 12 ta oylik o`rtacha haroratni qo`shib, 12 ga taqsimlash yo`li bi­lan topiladi. O`rtacha haroratlarni taqqoslash turli joylarning iqlimini ta’riflashga imkon beradi.

O`r-qir - yer yuzasi notekis, chuqurlik va qirlar almashinib keladigan joylar.

O`tirma surilma - qatlamlanmagan suv o`tkazuvchi jinslarda hosil bo`ladigan surilma. Suvga to`yingan bunday jinslar o`tirib qolib, doira shaklidagi botiqlar hosil qiladi. Qora dengizning Kavkaz qirg`oqlarida bunday surilmalar ko`p uchraydi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash