loading...

J - harfiga oid izohli lug`atlar 

18974

 
Jabal – tog`. Jabal - arabcha so`z bo`lib, O`rta Osiyodagi geografik nomlarda uchraydi. Arab mamlakatlarida ko`pincha tog` nomlariga qo`shib aytiladi. Masalan, Jabal Shom, Jabal Axbor va b.
Javzo (arabcha javzo - egizak) - 1) Zodiak zonasidagi yul­duzlar turkumi; 2) Quyosh (Shamsiya) yil hisobining uchinchi oyi, 22-maydan 21-iyungacha davom etadi. Bu vaqtda Quyosh Javzo yulduzlar turkumidan o`tadi. Javzo yozning bi­rinchi oyi. Bu oyda O`rta Osiyoda arpa pishadi.
Javohirlar - qimmatbaho va bezak buyumlari tayyorlash uchun ishlatiladigan xar xil tarkibli minerallar. Javohirlar chiroyliligi, rangining tiniqligi va bir xilligi, yaltiroqligi, tovlanishi, qattiqligi kabi xususiyatlari bilan qadrlanadi. Yuqori nur sindirish xususiyati minerallarning yaltiroqligini kuchaytiradi. Yaltiroqlik xususiyati mineralga jilo berilganda yana ham ortadi. Olmos, yoqut, la’l, zumrad, platina, oltin, marvarid, feruza, billur (xrustal), aqiq, qahrabo va boshqa javohirdir.
Jad doirasi - ekvatordan 23°27' janubda joylashgan parallel, janubiy tropik 21- yoki 22-dekabrda Quyosh shu kenglikda zenitda bo`ladi va Quyosh ekvatordan eng janubga o`tgan bu nuqtani qishki Quyosh turishi nuqtasi de­yiladi. Quyosh bu vaqtda Jad yulduzlar turkumida turganidan bu kenglik Jad doirasi deyiladi.
Jaddi - 1) Zodiak zonasidagi yulduzlar turkumi; 2) Quyosh (Shamsiya) yil hisobining o`ninchi oyi, 22-dekabrdan 21-yanvargacha davom etadi. Jaddi qishning eng qattiq oyi.
Jayxun - 1) Amudaryoning qadimgi nomlaridan biri; 2) har qanday daryo; 3) mashhur daryo­lar - Amudaryo, Sirdaryo, Frot, Dajla va b. Masalan, Jayxuni Chochiy - Sirdaryo, Jayxuni Xo­razm - Amudaryo.
Jala - yirik tomchili kuchli yomg`ir, sharros yomg`ir. Bahor va yoz boshida siklon faoliyati juda kuchayib, ko`tarilma oqim tezlashganda, siklonning salqin fronti o`tayotganda bo`ladi. Jala qattiq jala yog`ishi, tog`lardagi qorlarning juda tez erishi natijasida vujudga keladigan tosh aralash loyqa suv oqimi.
Jangal - daryoning qayiri va pastki terrasalaridagi qalin bo`tazorlar, chakalakzor, o`rmonlar. Hozirgi o`zbek adabiy tilida changal, chakalak, changalzor shaklida qo`llaniladi.

Janub, Janub nuqtasi — janub nuqtasiga tomon bo`lgan yo`nalish, haqiiy gorizont chizig`i bilan osmon mahalliy meridianining kesishish joyi. Janub nuqtasi gorizontning asosiy nuqtalaridan bo`lib, shimol nuqtasiga qarama-qarshidir.

Jilg`a – qor, yomg`ir suvlaridan hamda buloqlardan paydo bo`lgan oqar suvlar – ular birlashib daryo bo`ladi.

Jar – yomg`ir, qor suvlari yoki oqar suvlarni to`g`ri boshqarilmasligi natijasida tuproqning vertikal yo`nalishda yemirilishi, 1 m dan bir necha 10 m gacha chuqur daralar hosil bo`lishi. Jarlar eniga va oldinga qarab o`suvchi bo`ladi natijada ekin yerlari, yo`llar va qishloqlarni ikkiga ajratib qo`yadi. Jarlardan asosan kuchli jala – tezligi sekundiga bir necha 10 m bo`lgan loyqa, tosh aralash tosh oqimi – sellar oqib o`tadi.

Jar - oqar suvlar yumshoq tog` jinslarini o`yib hosil qilgan chuqurlik. Jar, asosan, lyoss, lyossi­mon qumoqdan tuzilgan baland tekisliklarda, tog` etagi qiyaliklarida ko`p uchraydi. Jar oqova va tashlama suvlarni oqizib quyish, o`rmonlarni kesib yuborish, agro­texnika qoidalariga xilof yer haydash, tartibsiz mol boqish na­tijasida ham vujudga keladi. Jarning uzunligi bir necha o`n km, kengligi va chuqurligi bir necha o`n m gacha bo`ladi. Jarlar odatda, yuqori qismining o`yilishi hisobiga o`sadi, tagi yer osti suviga yetgandan keyin chuqurlashishdan to`xtaydi. Jar ko`payib ketmasligi uchun daraxtlar o`tqaziladi, to`g`on va to`siqlar, tarnovlar, suv omborlari quriladi.

Jar-julg`a - yer yuzasini ko`pdan-ko`p jarlar unqir-cho`nqir qilib yuborgan joy; tilingan yer; buzuq yer. O`rta Osiyoda tog` oldi lyoss tekisliklarida ko`p uchraydi.
Jarlik – tog`li o`lkalardagi tik yonbag`irlar, daryolar baland terrasalarining tik kesilgan chekkalari, dengizlarning urilma tulqinlar hosil qilgan baland qirg`oqlari. Daryolar qalin lyoss jinslarining ostini yuvishi nati­jasida ham jarlik hosil bo`ladi. Tektonik yoriqlar bo`ylab uzilmalar ro`y berishidan ham jarlik vujudga keladi. Jarlarni odatda yon jar­lar kesib tushgan bo`ladi. Jarlik–tog`li o`lkalardagi tik yonbag`irlar, daryolar, dengizlarning urilma to`lqinlar hosil qilgan baland qirg`oqlari.

Jang`oq - notekis, pasti-ba­land, o`r-qir yer. Suv, shamol eroziyasi natijasida hosil bo`ladi.

Jahon moliyaviy inqirozi – bu bank – moliya tizimida ro`y bergan chuqur tanglik holati, buning natijasida yirik banklar va moliyaviy  tizilmalarning likvidlik, ya`ni to`lov qobilyati zayiflashib, moliyaviy inqirozga aylanib ketishi, dunyoning yetakchi fond bozorlarida eng yirik kompaniyalar indekslari va aktsiyalarining bozor qiymati halokatli darajada tushib ketishi oqibatida ko`plab mamlakatlarda ishlab chiqarish va iqtisodiy o`sish suratlarining keskin pasayib ketishi bilan bog`liq ishsizlik va boshqa salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi holatdir.

Jiltir muz - yut. Qishda kun ilib, qor erib, uning ketidan so­vuq kelishi natijasida hosil bo`ladi. Ho`l qor muz bo`lib qotadi. Yaylovdagi chorva uchun juda xavfli.
Jilg`a - qor-yomg`ir suvlaridan hamda buloqlardan paydo bo`lgan oqar suv, kichik soy. O`rta Osiyoda ko`pchilik jilg`alar yozda surib qoladi.
Jim - daryolar o`zanining suv sekin oqadigan chuqur qismlari.
Jimbuloq - buloq ko`zi bilan suvli qatlam sathi teng bo`lgan, suv suvli qatlam jinslari orasidan sizib chiqadigan buloq. Bun­day buloqlar ko`pincha sizot suv­lar tarqalgan yerlarda bo`ladi.

Jingalak qoya - harakatlanayotgan muz qirib, silliqlab ketgan tub jinslar, qattiq tog` jinslari. Bunday qoyalar antropogen davr muzlari bosgan o`lkalarda, hozirgi baland tog`larda tarqalgan. Jingalak qoyalarning muz kelgan tomonga qaragan yoni qiya, teskari tomoni tikroq bo`ladi. Odatda jingalak qoyalar yalang`och toshlar bo`lib, muz taroshlari aniq ko`rinib turadi.

Joy - 1) landshaftning eng katta morfologik tarkibiy qismi, bir xil reylefga ega bo`lgan (Masalan, vodiy reylefi, suvayirg`ich, tekis­lik reylefi va h.k.) urochishelar guruhi; 2) biror korxona, muassasa, shaxsga qarashli yer; may­don; o`rin.

Joy tipi – tog` jinslari litologik tuzilishi bir xil bo`lgan, relyefning ma’lum bir xil shak­lida joylashgan, xo`jalik jihatidan bir xil qiymatga ega bo`lgan urochishelar yig`indisidan iborat hudud. Har qaysi joy tipiga biror xil o`simlik formatsiyasi va tuproq xili xos bo`ladi. Joy tipi tushunchasini regional ma’nodagi landshaft tushunchasiga sinonim deyish mumkin.
Jungli - subtropik va tro­pik mintaqalarning musson iqlimli o`lkalarida (Hindiston, Hindixitoy, Zond orollari va h.k.) tarqalgan qalin o`rmonlar. Junglida daraxt va bo`talar hamda ularga chirmashib o`sgan lianalar odam o`tishi qiyin bo`lgan changalzorlar hosil qiladi. Junglida keng tarqalgan daraxt turlaridan biri g`arov – bambuk.

Jo`y - ariq, kanal. Tarixiy manbalarda, hozirgi paytda esa, asosan, Buxoro, Navoiy va Samarsand viloyatlarida ariq, ba’zan kichikroq kanal jo`y deb ataladi. Hozirgi o`zbek adabiy tilida bu so`zning kichraytirilgan (diminutiv) shak­li — jo`yak saqlanib qolgan.


Jo`ybor - kanal, daryo, ariq, ba’zan ariq bo`yidagi joylar; ta­rixiy manbalarda, xususan vaqfnomalarda ko`p uchraydi.


Jo`na, jun - uzunasiga cho`zilib ketgan balandlik tepa, qir, suvayirg`ich. Geografik nomlar tarkibida ham uchraydi. Masalan, Jo`nariq.


Jo`sha - qizil gil (kesak). Kulolchilikda muhim xom ashyo hisoblanadi. Sopol idishlarga qi­zil rang yoki naqsh berishda qo`llaniladi. Buning uchun idish suvda suyultirilgan jo`shaga chayib olina­di yoki suyuqlik bilan unga naqsh beriladi. Jo`sha Andijon va Marg`ilondaro`sha ham deyiladi.


Jo`yak qum - bir-biriga parallel joylashgan kambar qator- qator qum do`nglari. Jo`yak qum ko`p esadigan shamollar yo`nalishiga mos joylashgan bo`ladi. Uzunligi bir necha kmga, balandligi 1 mdan 70 m gacha boradi. Juyaklar oralig`idagi pastlikning kengligi 2-4 kmga teng. O`rta Osiyo cho`llarida chala mustahkamlangan va o`simlik­lar qoplagan juyak qum ko`p tarqalgan. Jo`yak qum – bir-biriga parallel joylashgan kambar, qator-qator qum do`nglar.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash