loading...

O - harfiga oid izohli lug`atlar 

15851

Ob- suv (tojikcha). O`rta Osiyodagi ayrim atamalar, ko`pgi­na geografik nomlar, shu so`z ishtirokida tuzilgan: Masalan, obdon, ob-havo, obxo`r, obonbor; Siyob (Siyoh-ob), Varzob, Murg`ob, Surxob va h.k.

Obdon (tojikcha - suvdon)- suv ombori, hovuz.

Obikor yerlar – sug`orib dehqonchilik qilinadigan yerlar.

Obod- odam kuchi bilan mahalliy tabiati o`zgartirilib, yaxshilangan joy. Obod qilish suv chiqarish, botqoqliklarni quritish, o`r-qirlarni tekislash, o`simlik ekish, shahar va qishloqlar bunyod etish yo`li bilan amalga oshiriladi.

Ob-havo atmosferaning (havoning) muayyan bir vaqtdagi holati. Vaqt va masofada tez o`zga­rib turadi. Ob-havo ma’lum bir vaqtning o`zida bir-biri bilan uyg`un meteorologik elementlar majmui bilan ifodalanadi (havo harorati, namligi, shamol, bulutlar, yog`in, havo bosimi, tiniqligi va h.k.). Ob-havo o`zgarishi deganda mana shu ele­mentlarning o`zgarishi tushuniladi. Ob-havo davriy (kecha bilan kun­duz), fasliy hamda nodavriy ravishda (siklon o`tishi, turli havo massalarining kelishi, antitsiklon turishi oqibatida) o`zga­rib turadi. Ob-havo – troposferaning biror joydagi, biror vaqtdagi fizik holatiga (harorat, bosim, namlik, yog`in, bulutlilik, shamollar, tiniqlilik darajasiga) aytiladi.

Ob-havo xaritalari – sinoptik yoki aerologik xaritalar. Meteoroligik stansiyalardan olingan ma`lumotlar geografik xaritlarda tushirib borilishi.

Ob-havo bashorati (prognozi) (yunoncha prognozis - oldindan bilish) - meteorologik stansiyalardan olin­gan ma’lumotlar va sinoptik xaritalar asosida ob-havoning kelajak holatini aniqlash. Ob-havo bashorati qisqsa muddatli (bir necha o`n soatlik), uzoq muddatli (bir necha kunlik, oylik va h.k.) bo`ladi. Moskva, Vashington, Melburn jahon meteorologik markazlari qilib tanlangan. O`zbekistonda ob-havo bashorati bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi shug`ullanadi.

Odoq– daryo va soylar etagi, quyilish yeri ba`zi o`rta oqimidagi past, tekis sohillar.

Ovdon- landshafti (tabiati) atrofdagi yerlardan farq qiluvchi joy. Turkman va qozoqlarda ko`proq ishlatiladi.

Ovloq, avloq - yovvoyi hayvonlar ko`p bo`lgan, ov qilinadigan joy. Qadimda O`rta Osiyoda qulon, jayron, kiyik, arxar, parrandalar ov qilinadigan joylar ovloq deyilgan.

Ovring- Tojikistonning tog`lik hududlarida tik tog` yonbag`irlaridan o`tgan tog` yo`llarning ilmiy adabiyotda qabul qilingan nomi. Ovring qoyalarni o`yib, mustahkam qoziqlar ustiga shox-shabbalar to`shab ishlanadi. O`tib bo`lmaydigan joylarga osma ko`priklar quriladi. Tik silliq qoyaga baland zinapoyalar osib qo`yiladi. Ba’­zan qoyaning tepasiga katta qoziqlar qoqiladi, pishiq novdalardan eshilgan arqon halqa shu qoziqlarga osiladi. Arqon halqalarning pastki uchiga g`o`lalar yotqiziladi. Kishilar ana shu halqa tunnel ichidan g`o`lalar ustidan yuradi. Ovringlar, asosan, piyoda yurishga mo`ljallangan. Ba’zi qismlarida eshak - otlarda o`tsa ham bo`ladi. Ovringlarni tepadan tushgan suv, toshlar va qor ko`chkilari ishdan chiqaradi. Shug`non va Rushonda ovring marja (marza), parin (parind), Yag`nobda rafaq deyiladi. Tog`larda katta yo`llar qurilishi munosabati bilan ovring o`z ahamiyatini tobora yo`qotmoqda.

Odoq (oyoq so`zidan) - daryo va soylar etagi, quyilish yeri, ba’­zan o`rta oqimi sohillaridagi tekis pastlik yerlar. Odoqlarni toshqin vaqtida ba’zan suv bosadi, yer osti suvlari yuza bo`lib, daryo suvining sathiga qarab o`zgarib turadi. Tuprog`i, ko`pincha, sho`rtob-botqoq bo`lib, qamish, qo`g`a, yulg`un, sho`ra, ajriq bilan qoplanib yotadi.

Oziq-ovqat sanoati - aholini oziq-ovqat mollari bilan ta’minlaydigan sanoat korxonalarining umumiy nomi. Oziq-ovqat sanoati 30 xildan ortiq ishlab chiqarishni o`z ichiga oladi. Asosiy tarmoqlari: un tortish, qand-shakar, go`sht, ba­liq, sut, konditer, yog`, konservalar, makaron, margarin, vitaminlar ishlab chiqarish, non yopish.

Ozlar (shvedcha os - tizma) - qadimgi muzlik suvlari qoldirgan diagonal qat-qat yoki gorizontal yotqiziqlar (qum, shag`al, ba’­zan valunlar) dan tarkib topgan uzun (30-40 km gacha), kambar (bir necha m dan 2-3 km gacha), baland (bir necha o`n metrgacha) qator tepaliklar. To`rtlamchi davrda muzlik bosgan o`lkalar­da –Shvetsiya va Finlyandiyada uchraydi. 

Ozlar – qum va shag`al toshdan tashkil topgan uzun va tor ko`tarilmalar. Ozlar uzunligi 30 km dan 500 km gacha boradi eni 1 m dan 3 km gacha, balandligi bir necha 10 m gacha bo`ladi. Ozlar chekinayotgan muzlik tubida oqayotgan suvlar harakatidan paydo bo`ladi.

Ozonosfera– yer sirtidan 10-15 km balandlikda joylashgan ozonli atmosfera qatlami.

Ozonosfera - atmosferaning yer yuzasidan 10-50 km balandlikdagi ozonli qatlami. 20-25 km balandlikda ozon ayniqsa ko`p bo`ladi.
Oy- Yerning yagona tabiiy yo`ldoshi va Yerga eng yaqin osmon jismi. Oy Yer atrofida deyarli elliptik orbitada o`rtacha 1,02 km/sek tezlik bilan (Oy orbitasiga Dunyo shimoliy qutbidan qaraganda) soat miliga teskari yo`nalishda harakatlanadi. Yer markazidan Oy markazigacha minimal masofa 356400 km, maksimal masofa 406800 km, o`rtacha ma­sofa 384400 km, Oyning Yer atro­fida aylanish davri (siderik Oy) o`rta hiisobda 27,32166 sutka. Quyosh Oyni Yerga nisbatan 2,2 marta katta kuch bilan tortadi.
Oydin- 1) yuzasi toza, ochiq suv, ko`l. Oydinko`l; 2) to`lin oyli kecha.
Oy o`tovi - Oy nurining ba­land yupqa bulutdagi mayda muz kristallchalarida sinib hosil bo`ladigan rangli aylana; atmosferadagi optik hodisa. Bunday hodisa odatda siklonning iliq fronti kelganda ro`y beradi.
Oydin ko`l - atrofi ochiq, tiniq suvli ko`l.

Oykumena - grekcha oykeo - "yashayman", "joylashaman", ya`ni Yer yuzasining aholi yashaydigan, aholi istiqomat qiladigan qismi demakdir.  

Okean, Dunyo okeani - Yer yuzasidagi yaxlit suvli maydon. Yer kurrasi yuzasining 71% ini tashkil etadi, maydoni 361 mln. km.kv. To`rt qismga - okeanga bo`linadi: Tinch, Atlantika, Hind, Shimoliy Muz okeanlari. Ba’zan Antarkti­da atrofini o`ragan sovuq suvlar Janubiy sovuq okean deb ham ajratiladi. Okean tagining reylefi va chuqurligiga qarab, materik sayozligi, materik yonbag`ri, okean tubi (lojesi) v a okean qa’riga ajratiladi. Butun okean maydonining 80% i okean tagiga, 7% i okean qa’riga to`g`ri keladi. Okean suv harorati yuza qismida issiq o`lkalarda 29°, qutbiy o`lkalarda 0° va undan ham past; Okean tagida qutblarda 0° dan ekvatorda +1,7° gacha. Sho`rligi o`rtacha 35 promille. Sub­tropik kengliklarda 37,5 promilledan qutbiy o`lkalarda 30-34 promille gacha.
Okeaniya - Tinch okeanning markaziy va g`arbiy qismlaridagi orollar to`dasi. 28°25' sh. k. bilan 52°30' j. k. hamda 130° shq. u. bilan 105° g`.u. oralig`ida. G`arbiy qismi Avstraliya va Malay arxipelagiga yondosh. 

Okean qa’ri - Dunyo okeanining eng chuqur qismlari. O`rtacha chuqurligi 4000 m, maksimal chuqurligi 7000 m gacha. Okean qa`riga oke­an botiqlari va ularni ajratib turgan okean ko`tarilmalari ki­radi.
Okeanografiya- 1) okeanologiyaning sinonimi; 2) dunyo okeanining gidrografik (fizik-kimyoviy) rejimi haqidagi fan; 3) okeanologiyaning regional, ya’ni aniq okean va dengizlarni tasvirlovchi bo`limi.
Okeanologiya - Dunyo okeanini o`rganuvchi fan. Okeanologiya okeanlardagi fizik, kimyoviy, geologik va biologik jarayonlarni, okean ta­gi strukturasini hamda Dunyo okeanining tabiiy bo`linishlarini o`rganadi. Okeanologik tadqiqotlar okeanlarda kema qatnovini to`g`ri yo`lga qo`yishda, dengiz kasbkorligida, qirg`oqda portlar, gidrotexnika inshootlari qurishda, okean va dengizlar ostidagi foydali qazilmalarni topish hamda qazib olishda, okean suvlarining harakatini aniqlashda, ob-havoni oldindan aytib berishda muhim ahamiyatga ega. Bunday tadqiqotlar maxsus kemalarda, suvdagi avtomatik stansiyalarda, shuningdek qirg`oqdagi stansiya­larda olib boriladi. Hozirgi vaqtda okeanlarning biologik, mineral va energetik resurslarini o`rganish ayniqsa muhim masaladir. Okeanologiya bir qancha tarmoqlardan iborat. Bular okeanlar fizikasi, kimyosisi, geologiyasi va biologiyasidir.

Okean sahrosi – janubiy tropik zona-suv yuzasida juda kam organizmlar rivojlangan. Okean qirg`oqsiz dengiz degani. 

Olam - bizni o`rab olgan, vaqt va fazoda cheksiz dunyo. Undagi harakatda bo`lgan materiya shakllari nihoyasiz. Olam kichigi kattasining tarkibiy qismi hisoblangan sistemalardan tashkil topgan. Eng kichik sistema Yer-Oy sistemasidir. U Quyosh sistemasiga kiradi. Quyosh sistemasi 100 mlrd. dan ortiq yulduzni o`z ichiga olgan sistema bo`lgan Galaktikaga kiradi. Hozirgi vaqtda juda ko`plab galaktikalar borligi, ular ham ma’lum sistemani - metagalaktikani tashkil etishi aniqlangan. Ba’zi galaktika­lar bizdan 15 mlrd. yorug`lik yiliga teng masofada ekanligi ma’lum bo`ldi. 1 yorug`lik yili yorug`likning bir yilda bosib o`tgan yo`liga teng, yorug`lik bir sekundda 300 000 km yo`l bosadi. 

Olatov, olatog` - atama, O`rta Osiyodagi bir qancha tog` tizmalari nomlari shaklida uchray­di; Masalan, Kungay Olatov, Terskay Olatov, Qirg`iziston Olatovi va h.k. Qorli tog`lar tepasi ola-bula ko`ringanidan Olatov deb atalgan bo`lsa ehtimol. Olatov mongolcha ola – "tog`” so`zidan kelib chiqqan bo`lishi ham mumkin. Ola arabcha oliy (baland) so`zidan olingan degan fikr ham bor.
Olachalpoq - 1) Olachalpoq soya - siy­rak bargli daraxt soyasi. Bunda barglar orasidan quyosh nuri yerga tushib turadi; 2) Olachalpoq tundra-gil jinslar tarqalgan joylardagi tundra. Bunday tundrada mox, li­shaynik yer yuzini sidirg`a qoplamay, har yer-har yerda yer yuzasi ochilib yotadi. Bunday ochiq joy­lar qabariq ham, botiq ham, te­kis ham bo`lishi mumkin, diamet­ri 2-3 m ga boradi; 3) Olachalpoq o`tloq - har yer-har yerda tuproq ochilib qolgan o`tloqlar. Ular tog`­larda tuproq yuvilib ketib, tog` jinslari ochilib qolishidan, yuzalama eroziyadan, tekisliklarda olachalpoq sho`r bosishdan va h.k. lardan hosil bo`ladi.
Olish - suvayirg`ich, to`g`on boshi, katta ariq, soy, daryolardan suv chiqarish uchun ochilgan joy. Obikor yerlarda uchraydi.

Olmos - eng qattiq mineral. Kristalli sof uglerod, rangsiz; havo rang, ko`k sariq, qo`ng`ir va qora ranglari ham uchraydi. Qirra berib sayqallangan olmos bril­liant deyiladi. Olmos tog` jinslarini burg`ilashda, metall kesish va oyna silliqlashda, tosh va metallarni o`yib gul solishda va boshqa texnik maqsadlarda ishlatiladi. Brilliant zebu-ziynat buyumlari bo`lib xizmat qiladi. Eng yirik konlari Janubiy, Markaziy va G`arbiy Afrika va Yakutiya. Hozirgi vaqtda tabiiy olmosdan qolishmaydigan sun’iy olmos ishlanmoqda.
Oltin rudalari - tarkibida oltin bo`lgan tog` jinslari. Oltin ruda konlari tub konlarga va sochma konlarga bo`linadi. Tub konlar orasida tarqoq bo`lsa ham tarki­bida oltin bo`lgan kvars yertomirlar katta rol o`ynaydi. Sochma konlar tub konlarning nurashi va suvning boshqa joylarga olib borib tashlashi natijasida paydo bo`ladi. Sochma konlardan vazni bir necha kg keladigan tug`rma ol­tin parchalari ham topiladi. Ol­tin tangalar zarb etish, aniq va oksidlanmaydigan jihozlar, ze­bu-ziynat buyumlari ishlash, tish qo`yish uchun foydalaniladi.
Oltingugurt – tug`ma element holida uchraydigan mineral. Aksari cho`kindi konlarda uchraydi. Oltingugurt asosan sulfat kislota olish uchun ishlatiladi. Oltingugurt konlari: Ukraina, O`rta Osiyo, AQSh, Meksika, Italiya, Yaponiya.

Olam qutblari – olam o`qi bilan osmon sferasining kesishgan nuqtalar. Olam qutblarida osmon jismlari joylashmagan, lekin olamning shimoliy qutb yaqinida(1 daraja uzoqda) qutb yulduzi bor. 

Olchin - O`rta Osiyoda amal qilgan o`lchov birligi, taxminan 60 sm bo`lgan.
Ona jins - metamorfizm yoki nurash jarayonida boshqa jinslarni hosil qiladigan tog` jin­si. Ona jinsning eng ustki qatlami biologik va biokimyoviy jarayonlar ta’sirida, shuningdek inson faoliyati oqibatida tuproqqa ay­lanadi. Tuproqning kimyoviy va mexanik tarkibi, fizik xossasi va unumdorligi ona jins xossalariga bog`liq.
Orbita (lotincha orbita - iz, yo`l) - planeta, kometa, planeta yo`ldoshi, sun’iy yuldosh va boshqa os­mon jinslarining yo`li, trayektoriyasi. Quyosh sistemasidagi ko`pchilik jismlarning orbitasi ellips shaklida bo`lib, uning markazida quyosh (planeta, kometalar, orbitalari) yoki planeta (planetalar yo`ldoshlari, Yerning sun’iy yo`ldoshlari orbitalarida) turadi. Tezligi 7,8 km/sek dan katta bo`lgan (birinchi kosmik tezlik) jism Yer atrofida ellips shaklidagi orbita bo`ylab harakat qiladi va Yerning yo`ldoshi bo`lib qoladi. Agar jism 11,2 km/sek tezlikda (ik­kinchi kosmik tezlik) yoki undan ham katta tezlikda harakat qilsa, parabolik orbita bo`ylab, Yerdan uzoqlashib ketadi va yerga qaytib kelmaydi.
Oriyentirlash, oriyentir olish - joyda gorizont tomonlarini topa bilish. Quyosh, yulduz, joydagi alomatlarga qarab va kompas yordamida oriyentir oli­nadi.
Oraliq zona – yerning eng yirik global morfostrukturalaridan biri, materikning suv ostidagi cheti bilan okean qa`ri o`rtasida joylashgan.

Oriyentirlash - Yer yuzidagi ma`lum bir joyga nisbatan noma`lum bo`lgan joyni aniqlash.

Organogen tog` jinslari – biogen jinslari – organic qoldiqlardan yoki organizmlarning faoliyati natijasida hosil bo`lgan minerallardan tashkil topgan cho`kindi tog` jinslari. 

Orol (turklarda - ada)- hamma tomondan suv bilan o`ralgan kichikroq quruqlik. Orollar to`dasi arxipe­lag deyiladi. Orollar materik orollari, vulkan orollari va marjon orollariga bo`linadi.
Orsa - 1) geografik predmetlarning geografik o`rnini, ya’ni boshqa bir predmetdan keyinda, narida joylashganini bildiradigan so`z. Geografik nomlar tarki­bida uchraydi. Orqa Oloy, Orqa tog` va h.k.; 2) orqa tomon, sirt, tepalik suvayirg`ich.
Osilma - tog`larda katta qiyalikda ilon izi bo`lib ko`tariladigan yo`l, so`qmoq. «Piyodalar ay­lanib yurmasdan osilmadan chiqib qo`ya qoladi», «Osilmadan chiqsangiz, shunday qishloqqa kirasiz», deydilar.

Osilma muzlik – tik tog` yon bag`irlarida sayoz botiqlarda joylashgan muzlik. 

Osma vodiy - tagi bosh vodiydan balandda joylashib, unga tik kesilib yoki jarlik hosil qi­lib tushadigan vodiy. Osma vodiy maz­kur vodiyda asosiy vodiydagiga nisbatan chuqurlatish eroziyasi sust ro`y berganda hosil bo`ladi. Eroziyaga turli darajada chidam­li tog` jinslarida ham osma vodiy osma vodiy hosil bo`ladi. Tektonik uzilish na­tijasida ham vujudga keladi.
Osma muzlik – tik tog` yonbag`rida sayozroq chuqurlikda duppayib turgan muzlik; tog` etagiga yetmasdan balandroqda «osilib» turadi.
Ost (nemischa)-sharq. Qisqa shaklda O harfi bilan belgilanadi.
Ost-Indiya(inglizcha Sharqiy Hindiston)- Hindiston hamda Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi ba’zi mamlakatlar hududining yevropaliklar O`rtasidagi eski nomi. Vest-Indiya atamasining aksi sifatida vu­judga kelgan.
Ostonalar, ostona tosh­lar - daryo o`zanining qattiq jinslardan tarkib topgan sayoz yoki balandroq joylari. Ostonalar yaqiniga ko`pincha GESlar quriladi. Ostonalar kema qatnoviga va yog`och oqizishga xalaqit beradi. Buning uchun aylanma kanal kurishga to`g`ri keladi.
Ota(turklarda - ada) - orol. Joy nomlari tarkibida uchray­di. Masalan, Kaspiy dengizidagi Qamishliota.
Otonoq- har yer-har yerda kichik-kichik do`ngchalari bo`lgan te­kislik.
Otqindi tog` jinslari – yer yuzasiga oqib chiqqan magmaning qotishidan hosil bo`lgan magmatik tog` jinslari. Effuziv tog` jinslari ham deyiladi.
Oftobro` - quyoshga ro`para (kungay) tomon, yonbag`ir, shimo­liy yarim shardagi tog`larning janubga qaragan yonbag`ri.
Och gaza – tog` ustidagi botiq, o`yiq reylef shakllari.

Ochiq dengiz – (xalqaro huquqda) hududiy suv chegaralaridan tashqarida bo`lgan, barcha davlatlar erkin foydalanadigan dengiz. Ochiq dengiz – materik chetlarida joylashib, keng masofada okeanga tutashgan dengizlar( Masalan: Arabiston dengizi)

Oshuv - dovon. O`rta Osiyo, Qozog`iston va Oltoyda keng tarqalgan. Dovon nomlari tarkibi­da ham uchraydi: Oshuvtor, Qo`shoshuv, Tuzoshuv va h.k;
Oqar ko`l - suvi oqib chiqib turadigan ko`l. Odatda, oqar ko`l suvi chuchuk bo`ladi. Masalan, Baykal, One­ga, Ladoga ko`llari, Sarez, Sarichelak, Ko`kko`l va b.; Oqar ko`llar – bir yoki undan ortiq soy-daryo quyilib, yana suvi oqib chiqib ketadigan ko`llar.

Oqmas ko`llar – bir yoki bir necha soy – daryo quyilsa ham suvi oqib chiqmaydigan ko`llar. Bunday ko`llar suvi asosan bug`lanishga sarf bo`ladi. 

Oqar suv – o`zan hosil qilib oquvchi suv; daryo, jilg`a, soy, ka­nal, ariq suvlari. Ko`l va boshqa oqmas suv havzalaridagi suv turg`un suv deyiladi.
Oqim - 1) dengiz suvining siljishi; 2) daryo o`zanidan suvning oqishi; 3) muayyan vaqt davomida daryo o`zanidan oqib o`tgan suv miqdori.
Oqsuv – O`rta Osiyoda keng tarqalgan atama. Ko`pincha suv nomlari (gidronim) ga aylangan. Ko`pgina olimlar, jumladan N.G.Mallitskiy muzlik tagidan oqib chiqadigan suv oqsuv deyiladi, chunki tarkibidagi muz zarralari tufayli muzlik suvi oq tusda ko`rinadi, deb hisoblaydi. V.L.Vyatkin fikricha, tog` daryolari oqsuv (yoki oqdaryo) dir. Akademik V.V.Bartoldning kuzatishicha, o`z o`zanida oqadigan suv Oqsuv yoki Oqdaryo, kanal qazib oqizilgan suv esa Qorasuv yoki Qoradaryo deb yuritiladi. A.A.Kono­nov oquvchi oqar suv deb biladi. Oqsuv so`zi «Bobirnoma»da ko`p uchraydi. Umuman muzlik suvlari oqish ko`ringanidan shunday nom olgan.
Oqin- suv oqimi, tez oqar suv, daryoning tez oqar joyi. Turkiy tillarda og`in, og`ish, og`is shakllarida uchraydi.
Oqqum- oq, toza qum, o`simlik bilan qoplanmagan qum. Odat­da o`simliklar o`smaydigan tuzi­ma barxan qumlari oqqum deb yuritiladi.
Oqquyu - qumli cho`llardagi chuchuk suvli quduqlar. Amudaryo bo`yidagi cho`llarda chuchuk suvli quduqlar shunday nom bilan ataladi.
Og`iz- dara, vodiy, g`orlarga kirladigan joy, ular boshlanadigan joy. Ichki dengizlarni, qo`ltiqlarni tashqi dengiz va okeanlar bilan qo`shib turadigan bo`g`oz.
Og`ir mashinasozlik - mashinasozlikning detallari katta va zalvarli mashinalar ishlab chiqaradigan tarmog`i og`ir og`ir mashinasozlik korxonalari metallurgiya, kon-ruda sanoati uchun asbob-uskunalar, yirik temirchilik-presslash, ko`tarma transport vositalari, shuningdek, yirik ekskavatorlar, teplovozlar, temir yo`l vagonlari, dizel va trubinalar, bug` qazonlari ishlab chiqaradi.
Og`ir sanoat - aksari ishlab chiqarish vositalari: mashina va asbob-uskunalar, yoqilg`i, energiya, metallar, kimyoviy mahsulotlar, qurilish materiallari va boshqa ish­lab chiqaradigan sanoat tarmoqla­ri. Og`ir sanoat ishlab chiqaradigan ish­lab chiqarish vositalari bo`lmasa, xalq xo`jaligining bironta ham tarmog`i rivojlana olmaydi. Xalq xo`jaligining texnika taraqqiyoti og`ir sanoatning taraqqiyoti darajasi bilan belgilanadi. Og`ir sanoat ijtimoiy mehnat unumdorligining o`sishiga zamin yaratadi.

Og`ir suv – D2O-vodorotning izotopi deyteriyning kislorod bilan birikmasi qaynash va qotish harorati oddiy suvnikidan yuqori. 

Ohaktosh - asosan kalsiydan tarkib topgan cho`kindi tog` jin­si. Toza haktosh oq bo`ladi, aralashmalar - gil, qum, dolomit tufayli sariq, jigar rang, qora va tuts kul rang ohaktoshlar ham uchraydi. Me­tamorfizm oqibatida qaytadan kristallashib marmarga aylanadi. Ohaktosh dengiz va ko`l suvlaridan kal­siy cho`kishi natijasida kimyoviy yo`l bilan, shuningdek dengiz organizmlari (mollyuskalar, marjonlar)ning ohakli chiranoqlari va skletlarining to`planishi na­tijasida biologik yo`l bilan paydo bo`ladi. Sement va gidravlik ohak ishlab chiqarish uchun, qurilish materiali, metallurgiya zavodlarida flyus, kimyoviyviy xom ashyo sifatida va nordon tuproqlarni ohaklash uchun ishlatiladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash