loading...

2010-yil 12-yanvar – Toshkent shahrida “Vatanga qasamyod” haykali ochildi. 

4733


 
Davlatimiz birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilgan va 2010-yil 12-yanvarda poytaxtimizda ochilgan "Vatanga qasamyod” monumenti o‘zida chuqur hayotiy falsafani, teran ma’no-mazmunni ifoda etadi. Bu majmuada azamat o‘g‘lon davlatimiz timsoli – bayrog‘imizni o‘pib, Vatan himoyasi uchun, qutlug‘ zaminning har qarich tuprog‘ini asrash uchun tayyorman, deb tiz cho‘kib qasamyod qilayotgani ifoda etilgan. Ona Vatan timsoli – mo‘tabar ona harbiy xizmatga otlangan aziz farzandiga fotiha berib, oq yo‘l tilamoqda. Ushbu haykal siymosida Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ming-minglab shijoatli yoshlarimizning yuksak orzu-intilishlari o‘z aksini topgan. Ayni paytda "Vatanga qasamyod” haykali oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayonida, xususan, kursantlarning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini yuksaltirishda o‘ziga xos monumental darslikdir.

1993-yil 12-yanvar – Qorovulbozor tumani tashkil etilgan kun
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani. Viloyatning janubida joylashgan. 1993 yil 12 yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 2,2 ming km.kv. Aholisi asosan, o‘zbeklar, shuningdek, qozoq, rus, turkman, tatar, ozarbayjon, arman, belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Tumanda 1 shahar (Qorovulbozor), 3 qishloq fuqarolari yig‘ini bor. Markazi - Qorovulbozor shahri.
 
Tuman relefi, asosan, tekislik. Adir, qir va qumli cho‘l, barxanlar, taqir, sho‘rxoklar bor. Tumandagi xo‘jaliklar yerlari Amu-Buxoro mashina kanalidan suv oladigan Do‘stlik va Qorovulbozor magistral kanallaridan sug‘oriladi.

Umumiy ta’lim maktablari, bolalar musiqa, sport maktablari, biznes maktabi, kasb-hunar kolleji, madaniyat saroyi, madaniyat uyi, 2 klub muassasasi, 4 kutubxona, madaniyat va istirohat bog‘i, yoshlar markazi majmui, "Go‘zal” sport sog‘lomlashtirish majmui, markaziy stadion, tennis korti, "Delfin” suzish havzasi va boshqa sport inshootlari ishlab turibdi. Tuman markaziy kasalxonasi, markaziy poliklinika, 3 qishloq vrachlik punkti, 2 feldsher-akusherlik punkti, tez tibbiy yordam punkti, 15 sog‘lomlashtirish punkti, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar, "Lola” bolalar sanatoriysi bor.

Tuman hududidan o‘tgan temir yo‘l orqali Kogon, Qarshi, Kitob, G‘uzor, Termiz yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashuvchi poezdlar qatnaydi. Tumandagi avtomobil yo‘llar uzinligi 88 km, shu jumladan xalqaro ahamiyatdagisi 53 km. Buxoro-Qarshi avtomobil magistrali o‘tgan. Me’moriy yodgorliklardan Qorovulbozor va Bo‘zachidagi qadimiy sardobalar (XVI asr) saqlangan. 1993-yildan "Qorovulbozor tongi” tuman gazetasi nashr etiladi.

1942-yil 12-yanvar – Uzun tumani tashkil etilgan kun
Surxondaryo viloyati Uzun tumani. Viloyatning sharqiy qismida joylashgan. 1942 yil 12 yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 2,33 ming km.kv. Aholisi asosan, o‘zbeklar, shuningdek, qozoq, rus, tatar, turkman, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Tumanda 7 qishloq fuqarolari yig‘ini bor. Markazi – Uzun qishlog‘i.

Tumanda paxta tozalash, temir-beton buyumlari, maxsus ixtisoslashtirilgan tajriba zavodlari, 270 dan ziyod firma va kichik korxona, shuningdek, "Uzun-Komron” qo‘shma korxonasi faoliyat ko‘rsatadi.
 
Umumiy ta’lim maktablari, 2 iste’dodli bolalar internat maktabi, ixtisoslashtirilgan internat maktabi, qishloq xo‘jalik va maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejlari faoliyat ko‘rsatadi. 80 jamoat va bolalar kutubxonasi, 8 klub muassasasi, madaniyat uyi, "Xotira va qadrlash” madaniyat va istirohat bog‘i, muzey bor. "Turon” stadioni, tennis korti va boshqa sport inshootlari mavjud. 4 kasalxona, 21 ambulatoriy, 19 feldsher-akusherlik, 11 qishloq vrachlik punktlari, 15 xususiy dorixona va boshqa tibbiy muassasalari aholiga xizmat ko‘rsatadi. Tuman markazidan Uzun-Toshkent, Uzun-Termiz, Uzun-Denov va boshqa yo‘nalishlarda avtobuslar qatnaydi. 1952-yildan "Bobotog‘ tongi” tuman gazetasi chiqariladi.

12-yanvar - Shvesiyada Muqaddas Knut bayrami. 
Shvesiyada Muqaddas Knut bayramini  g‘arbiy xristianlar  an’anaviy Rojdestvo bayramidan  20 kundan so‘ng nishonlaydilar. Shu sababli  bayramning nomi " yigirma kun” deb tarjima qilinadi. Bu bayram Shvesiyada va Skandinaviyaning boshqa mamlakatlarida Rojdestvoning tamom bo‘lganini bildiradi. Shu kuni bayram archasini tashlab yuborish udumi bo‘lib, xalq sayli tashkil etiladi. Shvesiyaning ko‘pgina hududlarida bu bayram turlicha o‘tkaziladi. Shvesiyaning janubiy hududlarida juda qiziqarli tarzda o‘tkaziladi. Bu yerda odam bo‘yi baravarida poxoldan qo‘g‘irchoq  yasaladi, unga kiyim kiydiriladi va qo‘shni eshigiga suyab qo‘yishib, ko‘chada shovqin solishadi. Hech narsadan xabari yo‘q qo‘shni eshigini ochishi bilan uning quchog‘iga  qo‘g‘irchoq yiqiladi. Qo‘g‘irchoqqa  odatda  shunday so‘zlar yozilgan xat ham ilib qo‘yishadi: "Knut keldi, Rojdestvo ketdi, u turib qolmasdan yana qo‘shniga tashlab qo‘y”. Hazilkashni tutib olish va jazolash kerak, agarda tutib olmasa, qo‘g‘irchoqni boshqa qo‘shniga tashlab qo‘yiladi. Tun oxirida qo‘g‘irchoq bilan qolgan kishi ustidan butun qishloq hazillashadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash