loading...

15-sentyabr Nigaragua, Kosta-Rika va Salvador Respublikalarining Mustaqillik kuni 

2778

15-sentyabr Nikaragua Respublikasining Mustaqillik kuni
Nikaragua 1821-yilning 15-sentyabrida mustaqil bo’lgan (ilgari Ispaniya mustamlakasi edi). Bu kun milliy bayram hisoblanadi.

Poytaxti – Managua. Hududi – 129494 km.kv. Aholisi-6071000 kishidan ortiq. Davlat tili-ispan. Aholining asosiy qismi xristian dinining katolik mazhabiga e’tiqod qiladi. Pul birligi-oltin kordoba (opo). Markaziy Amerikada joylashgan. Iqlimi-shimoli – sharqida tropik passat, janubi-g’arbida esa subekvatorial issiq.

Nikaraguaning sharqiy qismi, qirg’oq bo’ylari qalin tropik doimiy yashil o’rmonlar bilan qoplangan. Ular orasida daraxtlarning qimmatbaho turlari-qizil daraxtlar, chirimaydigan nispero, sapodil va boshqalar uchraydi. Tog’larning yuqori qismida qarag’ay va eman o’rmonlari bor. Mamlakat g’arbida savannalar va kserofit (cho’l iqlimiga chidamli o’tlar) to’qayzorlari ko’p. Nikaraguada juda boy hayvonot dunyosi saqlanib qolgan: bu yerda maymun, kiyik, yovvoyi cho’chqa, tapir, qora ayiq, yaguar, katta iguanalar yashaydi. Juda ko’plab to’tilar, tukan va tustovuqlar uchraydi. Nikaragua daryolarida ko’plab baliqlar, toshbaqa, timsohlar bor.  

15-sentyabr Kosta-Rika Respublikasining Mustaqillik kuni  
Rasmiy nomi - Kosta-Rika Respublikasi. Poytaxti – San-Xose. Hududi – 51100 km.kv.  Davlat tili-ispan. Davlat dini xristian dinining katolik mazhabi. Pul birligi-kolon. 15 sentyabr – Milliy bayram – Mustaqillik kuni. Qonunchilik ispan fuqarolik huquqiga asoslangan.

 Georafik joylashuvi va tabiati. Markaziy Amerikadagi davlat. Janubi-sharqda-Panama (chegara uzunligi – 330 km), shimolda – Nikaragua (309 km) bilan chegaradosh. Quruqlikdagi chegaralari uzunligi – 639 km. G’arb va janubi-g’arbda – Tinch okeani, sharqda – Karib dengizi bilan tutash. Sohil bo’ylab chegara uzunligi – 1290 km. Hududining katta qismi tog’li. Shimoli-g’arbdan janubi-sharqqa tomon Kosta-Rikani uchta tog’ tizmasi kesib o’tgan: Guanakaste, Markaziy va Galamanka. Eng baland tog’i – Chirippo-Grande (3820m). Kosta-Rikada vulqonlar ko’p. Ishlov beriladigan yerlar – 6%, o’rmon va changalzorlar – 34%, o’tloq va maysazorlar – 45% hududini egallaydi. Iqlimi – Karib dengizi sohillarida issiq, yomg’irli havo.

 Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Qishloq xo’jaligi iqtisodining asosiy sektori hisoblanadi. Eksport qilinadigan mahsulotlarning 70% i qishloq xo’jaligi mahsulaotlariga to’g’ri keladi. Eksporti qahva, shakarqamish, oziq-ovqat, to’qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari bilan cheklangan. 2012-yilda YAIM miqdori 44884 mln (aholi jon boshiga – 9973) dollarni tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari: AQSh, Germaniya, Gvatemala, Yaponiya.

15-sentyabr Salvador Respublikasida mustaqillik kuni
Rasmiy nomi – El’-Sal’vador Respublikasi. Poytaxti – San – Sal’vador.  Davlat tili – ispan. Davlat dini – xristian dinining katolik mazhabiga. Pul birligi – sal’vador koloni. Geografik joylashuvi va tabiati. Markaziy Amerikada, Tinch okeani sohilida joylashgan davlat. Sharq va shimol tomondan – Gonduras (chegara uzunligi – 342 km), g’arb va shimoli-g’arbda Gvatemala bilan (203 km) chegaradosh. Quruqlikdagi chegaralari uzunligi-545 km. Mamlakat janubda Tinch okeani, janubi-sharqida esa Fonseka qo’ltig’i bilan tutashib ketgan. Sohil bo’ylab chegara uzunligi-307 km. Mamlakat hududi asosan vulqon etaklaridan iborat. Eng baland nuqtasi – Santa-Ana vulqoni (2381 m). Qirg’oq bo’ylab torgina qirg’oqbo’yi tekisligi cho’zilgan. Uning eni 10-20 km dan oshmaydi. Mamlakatning asosiy daryosi – Lempa. Asosiy tabiiy boyliklari: neft va gidroenergetik resurslar. Ishlov beriladigan maydoni – 27%, o’tloq va yaylovlar 29% ni tashkil etadi. Iqlimi-tropik. Mamlakatda siyrak past bo’yli daraxtlar (chaparro, mimoza va boshqalar) uchraydigan quruq savannalarga tez-tez duch kelish mumkin; Tinch okeani qirg’oqlarida eman va qarag’ayzor o’rmonlar saqlanib qolgan, qirg’oqqa yaqin yerlarda esa bambukzorlar mavjud. Sal’vadorda noyob bal’zamli (malhamli) daraxtlardan bir necha o’n ming turi o’sadi. Boshqa qimmatbaho turlardan ispan kordi, sariq daraxt, sapodil’ya, qizil daraxt ham uchraydi. Mamlakatning hayvonot olami xilma-xil. Markaziy Amerika tapiri, chumolixo’r, bo’rsiq, yalqov, jayra va maymunlar ko’p uchraydi, shuningdek, qoplon, puma, otselotlar ham bor, sudraluvchilardan esa bo’gma va zaharli ilonlar bor. Savannalarida kaltakesak, meksika bug’usi, koyot va xilma-xil mayda kemiruvchilar yashaydilar. Daryolarida timsohlar bor. Qushlarning bir necha 100 xillari (to’tiqush, tukan, qarg’a, yovvoyi g’oz, kolibri va boshqalar) hisobga olingan. Sal’vador Ispaniyadan mustaqillikni qo’lga kiritishga 1821-yilning 15-sentyabridan kurasha boshlagan, biroq faqat 1841-yildagina to’la mustaqillikka erishgan. Milliy bayrami 15-sentyabr – Mustaqillik kuni.

1821-yil 15-sentyabr – Gvatemala o’z mustaqilligiga erishdi
Gvatemala Respublikasi, poytaxti – Gvatemala. Hududi – 108889 km.kv.  Davlat tili – ispan. Aholisining 70% xristian diniga e’tiqod qiladi. Pul birligi – ketsal. 1821 yilning 15 sentyabrida Gvatemala o’z mustaqilligiga erishdi. Gvatemala Markaziy Amerikaning shimoli-g’arbidagi davlat. Shimol va g’arbda – Meksika (962 km), sharqida – Beliz (266km), janubi-sharqida – Sal’vador (203 km) va Gonduras (256 km) bilan chegaradosh. Quruqlikdagi chegaralari uzunligi – 1687 km. Janubda Gvatemala tinch okean bilan tutashgan. Mamlakat shimoli yassi tog’lardan, markaziy viloyatlari esa tog’li hududlardan iborat. Eng yirik tog’ tizmasi – S’yerra-Madreda bir qancha harakatdagi vulqonlar mavjud. Mamlakatning eng yuqori nuqtasi – Taxamul’ko vulqoni (4220 m). Eng yirik daryosi – Motagua. Gvatemalada qo’rg’oshin, nikel, vil’fram, kumush va neftning unchalik katta bo’lmagan zaxiralari mavjud. Iqlimi – tropik. Mamlakat hududining yarmi doimo yashil o’rmonlar bilan qoplangan. Faunasi o’ta xilma-xil bo’lib, dunyoning boshqa joylarida uchramaydigan o’simliklar Gvatemala o’rmonlarida mavjud. Hayvonot dunyosi bo’yicha Gvatemala Markaziy Amerikaning eng boy davlatlaridan biridir. Uning o’rmonlarida tropik hayvonot dunyosining barcha turlarini uchratish mumkin. Qushlarning 2000 dan ortiq turi mavjud.

15-sentyabr Xitoyda Oyning Chjunsyu hosil bayrami
  Oyning hosil bayrami har yili Xitoyda oy kalendari bo’yicha 8-oyning 15 kunida nishonlanadi. Qadimda xitoy tilida Chjunsyu so’zi kuzning o’rtasi degan ma’noni anglatgani uchun bu bayram kuz faslida nishonlanadigan bo’ldi. Bayram Tan sulolasi davrida paydo bo’lib, xitoy kalendarida muhim o’rin tutadi. Kalendar bo’yicha ushbu kun Oyni tomosha qilib yaratganga iltijo qaladigan kun hisoblanadi. Bayram 3 kungacha davom etadi. Kassiya o’simligining gullashi Oy yog’dusini yanada uyg’unlashtiradi.    Xitoyliklar urf-odatiga ko’ra bayram kuni ular shirin kulchalar, shirinliklar tanovul qilib, to’lishgan oyning yorug’ida she’rlar o’qishadi. Undan shirin kulchalar pishirib, uni oy nonlari deb atashgan. Oy nonlari qadimda xitoy aholisini mug’ul bosqinchilariga qarshi kurashishda ishlatilgan.  Kulchalarga yozilgan xatlar qo’zg’olon ko’tarishga sabab bo’lgan va bosqinchilar tomonidan beayov jazolangan. Bunday kulchalar lopos urug’idan va maydalangan kunjutdan tayyorlangan. Shu kunni har bir inson o’z yaqinlari bilan birga o’tkazadi. Hamma joyda turli rangdagi fonuslar yoqilgan, kechqurun yosh onalar farzandlari bilan dala va saylgohlarga borib ularni tomosha qilishadi. Shu kuni bolalarga kech uxlashga ruxsat etiladi.

15-sentyabr Telefon aloqasi ishga tushirilgan kun
1904-yil 15-sentyabr – Telefon aloqasi ishga tushirilgan.   O’zbekistonda umumiy foydalaniladigan 200 raqamli dastlabki telefon stansiyasi Toshkentda 1904 yil 15 sentyabrda ishga tushirilgan. Telefon tarmog’i bir simli bo’lib, yer ikkinchi o’tkazgich vazifasini bajargan. 1924-yilga kelib stansiyalarining sig’imi 1700 raqamni tashkil etdi. Telefonlar faqat shaharlardagina bor edi 1932-yil Toshkentda 5500 raqamli birinchi avtomatik telefon stansiyasi (ATS) ishga tushirildi. Shu davrdan telefon tarmoqlarini rivojlantirish ATSni joriy etish yo’nalishida rivojlandi. 1940-yilda O’zbekistonda montaj qilingan umumiy sig’imi 17,5 ming raqamli 118 telefon stansiyasi ishladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash