Yangi yil nechanchi yil?
Hammamiz
dekabr oyi boshidayoq yangi yilni kutish taraddudiga tushib qolamiz. Sarvqomat,
yam-yashil archa, saxiy Qorbobo, sovg‘a-salomlar, shinam bayram dasturxoni,
tabriknomalar, ezgu tilaklar — bular biz uchun odat bo‘lib qolgan. Ammo yangi
yil boshqa oylarda ham bayram qilinishini bilasizmi?
Axir,
mart oyidagi Navro'z ham yangi yil bayrami-da! Bunda sumalak, yalpiz somsa
pishiriladi. Yoshlar qir-adirlarga lola sayliga chiqishadi.
Navro‘z
faqat bizdagina emas, Afg‘oniston, Eron, Iroq, Pokistonda ham yangi yil boshi. Buning
ilmiy sababi ham bor.
Quyosh
21-mart kuni elevator ustida tik turadi. Keyinchalik shimoliy yarimsharga
ko‘proq yog‘du bera boshlaydi, o‘lka- mizga bahor va yozni keltiradi. Shu kezda
dehqon dalaga chiqadi, dalalarda ish qiziydi, bir so‘z bilan aytganda tabiat
uyg‘onadi.
Afg‘oniston
poytaxti Kobul shahrida Bog‘i Bobur deyiladigan oromgoh bor. Zahiriddin
Muhammad Bobur o‘sha yerga dafn etilgan. Har yili Navro‘z kunlarida muxlislar
shu bog‘ ichiga ko‘chat o‘tqazadilar. Sanab o‘tilgan mamlakatlarda Navro‘z bayrami
12 kun davom etadi.
Efiopiyada
yangi yil sentabr oyi o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Shu kuni hamma daryoda
cho‘miladi, tunda mash’ala yoqib, raqsga tushadi.
Birmaliklar
yangi yilni bahor faslida — 17-aprelda tinjan ma’rakasi bilan boshlashadi.
Odamlar shlangdan, chelakdan, suvotar to‘pponchalardan bir-birlarini suvga
bo'ktirishadi. Hech kim qochib qutulolmaydi, hech kim xafa ham bo‘lmaydi.
Shunaqa bayram-da yangi yil ularda.
Malayziya
ahli esa bir yilda to‘rtta yangi yilni nishonlashadi: yevropacha yangi yil,
hindcha, xitoycha va musulmoncha yangi yil. Millati, dini, yoshi va jinsiga
qaramay, kimning bayrami bo‘lishidan qat’i nazar, hamma aralashib ketaveradi.
Vyetnamliklar
yangi yilni fevral oyida kutishadi. Eng chekka shimolda — Grenlandiya va
Kanada shimolida yashovchi eskimoslar uchun qutbiy tunlar tugagan kun yangi yil
boshi bo‘ladi.
Yangi
yilni har yerda har kim turli vaqtda kutib olsa, yil sanog‘i qanday bo‘larkin? Bizda
nechanchi yil deb so‘rasangiz bog‘cha bolasi ham ayta oladi. Bu butun dunyoda
qabul qilingan yil hisobi — Grigoriy kalendari ekanligi ma’lum. Ammo
dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bu xalqaro yil hisobi bilan bir qatorda
mahalliy yil hisoblari ham bor.
Arabiston,
Eron, Afg‘oniston va Pokiston singari mamlakatlarda Oy kalendari - sanasi
Qamariya bo‘yicha mart oyidan boshlab 1427-hijriy yil kirgan. Eronda maxsus yil
hisobi ham qabul qilingan. Eron kalendari miloddan awalgi 558-yildan boshlangan
— o‘sha yili qadimgi Eron shohi Qurush (Kir) taxtga o‘tirgan ekan. Demak,
bizdagi 2006-yil mart oyidan Eronda 2564-yil boshlangan.
Isroil
davlatining ham milliy — diniy yili bor. Yahudiylar kalendari «dunyoning
yaratilishi» afsonasidan boshlanadi.
Emishki,
odamzod — Odam Ato miloddan avvalgi 3761-yilda paydo bo'lgan. U yil hozirgi yil
bilan jam qilinsa, Isroil davlatidagi 5767-yil hosil bo‘ladi.
Vahob Rafiqov
Texnika fanlari nomzodi
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.