Changalzor hukmdorlari
Ular avtomobil yoki elektr
nimaligini bilishmaydi, umrlari bino bo’lib gamburger yeb ko’rishmagan, odamlar
faqatgina chaylalarda
emas, osmono’par imoratlarda yashashlari mumkinligi yetti uxlab tushlariga ham kirmaydi.
Ular o’qish va yozishdan bexabar, hayvonlarni ovlab va baliq tutib kun ko’rishadi, oddiy shamollash
yoki gripp ham ular uchun halokatli bo’lishi mumkin. Iloji boricha tashqi dunyo bilan
aloqa qilishdan qochishadi. Ular
– yovvoyi qabilalar olimlar uchun naq xazinaning o’zginasi.
Yovvoyi qabila vakillari ba’zan tasodif tufayli zamonaviy odamlar bilan to’qnash kelib qolishadi, ba’zida
esa ularni olimlar qidirib topishadi. Masalan, Peruning hindu qabilalari bo’yicha
markazi mutaxassislari bir necha yil avval yana bir yovvoyi qabilani izlab
topishga muvaffaq bo’lishgandi. Amazonka changalzorlarida, Peru va Braziliya
chegarasi yaqinida bir necha chayla turgan ekan. Kamonlar bilan qurollangan odamlar
ekspeditsiya samolyotini o’qqa tutishga harakat qilishgan.
Shuni aytish kerakki, so’nggi paytlarda olimlar yangi yovvoyi qabilalarga tobora
kam duch kelishyapti, chunki ularning aksariyati allaqachon topib
bo’lingan, Yer yuzida esa deyarli tekshirilmagan joyning o’zi qolmadi.
Yovvoyi qabilalar Janubiy
Amerika, Afrika, Avstraliya va Osiyo hududida yashaydi. Taxminiy hisob-kitoblarga
ko’ra, sayyoramizda tashqi olam bilan umuman aloqa qilmaydigan yoki juda kam aloqa qiluvchi yuztacha
qabila bor. Ularning ko’pchiligi sivilizatsiya bilan to’qnash kelishni
ma’qul ko’rishmaydi, shu sababli qabilalarda qancha odam yashashi noma’lum. Zamonaviy odamlar bilan bajonidil
aloqaga kirishuvchi qabilalar esa o’ziga xos turmush tarzilaridan ayrilib, taraqqiyot yutuqlarini o’zlashtira
boshlashadi va shu tariqa "katta dunyo”ga yo’l olishadi.
Yovvoyi qabilalarni o’rganishga
to’sqinlik qiluvchi omillardan biri ibtidoiy odamlarning immun tizimi boshqachaligidir.
Ular uzoq vaqt tashqi dunyodan uzilib yashagani uchun tanalarida ko’pgina infeksiyalarga qarshi immunitet
shakllanmagan, shuning uchun avvallari ularga noma’lum bo’lgan
kasallik halokatli ta’sir etishi hech gap emas.
So’nggi yillarda yovvoyi
qabilalar yashash joylarini tez-tez o’zgartirishga majbur bo’lishmoqda. Bu yangi
yerlarni o’zlashtirish, o’rmonlarning kesilib ketishi natijasi. Ba’zida bir qabila boshqasining yoniga kelib
qoladi va ikki o’rtada nizolar kelib chiqishi mumkin. Yoki bir qabilaga xos
kasalliklar ikkinchi qabilada tarqab, odamlari o’lish ehtimoli bor.
Ibtidoiy odamlar bilan
uchrashish qiyin bo’lishiga qaramay, antropolog olimlar ayrim qabilalarning
hayot tarzini o’rganishga muvaffaq bo’lishgan. Aytish mumkinki, har bir qabila qadimgi dunyoning
o’ziga xos modelidir.
Piraxalar
Braziliya changalzorlarida, Meyki daryosi vodiysida piraxa nomli qabila yashaydi.
Piraxalarning soni ikki yuz atrofida, ular ovchilik bilan shug`ullanadi va
iloji boricha tashqi dunyo bilan aloqa qilmaslikka urinadi. Piraxa qabilasining tili o’ziga xos. Ularning
tilida na sanoqni bildiruvchi so’zlar va na ko’chirma gaplar bor, "ko’proq”, "bir nechta”,
"hamma”, "har bir” degan so’zlar piraxalar uchun begona. Bundan tashqari, ular ranglardagi
turlarni ham ajratishmaydi.
Piraxa tilida "bir”
va "ikki” bitta so’z bilan ifoda etiladi, talaffuzida farq bor xolos.
Sanoq so’zlar yo’qligi uchun piraxalar eng oddiy matematik amallarni ham bajara olishmaydi,
uchtadan ko’p narsaning hisobini olisholmaydi. Shunday bo’lsa-da, piraxalarda intellektning
pasayishi kuzatilmas ekan. Linvistlar va psixologlarning fikricha, tildagi
o’ziga xoslik piraxalar tafakkuri rivojlanishiga sun’iy to’siqdir.
Piraxalar o’zlarining
hayot tarziga yot narsalar haqida umuman gapirishmaydi, ularda dunyoning yaralishi haqida tasavvur
yo’q.
Nikobar va Adaman orollari qabilalari
Nikobar va Adaman orollari Hindiston sohillaridan 1400 km uzoqlikda joylashgan. Mazkur
orollarda oltita ibtidoiy qabila yashaydi: katta andamanlar, onge, jarava, shompens,
sentinellar va negrito. 2004-yilgi sunamida qabilalar odamlarining aksariyati
o’lgan, deb hisoblangan edi. Aksincha,
ko’pchiligi yashab qolgan ekan.
Bu qabilalar hali ham tosh asrida
yashaydi. Negrito qabilasi o’sha davrlarda yashagan odamlarning avlodlari hisoblanadi,
ularning bo’yi 150 sm atrofida. Mashhur sayyoh Marko Polo o’z esdaliklarida negrito odamlari haqida yozib qoldirgan.
Odamxo’rlar
Odamxo’rlik ibtidoiy qabilalar o’rtasida keng yoyilgan. Ayrim qabilalar hali ham odamxo’rlik
bilan shug`ullanadi, masalan, Amazonka g`arbida yashovchi korubolar. Qabila odamlari anchayin tajovuzkor, og`ir to’qmoqlar va uchi
zaharlangan nayzalar bilan qurollanib olishadi. Korubolarda diniy tasavvur yo’q, tez-tez o’z
bolalarini o’ldirib turishadi.
Eng vahshiy yovvoyilar
Papua-Yangi Gvineya va Borneoda yashaydi. Borneolik odamxo’rlar dushmanlari, sayyohlar va hatto o’z qabilasi qariyalarini
ham sixga tortib yuboraverishadi.
Yangi Gvineyada yashovchi
karafai qabilasi ashaddiy odamxo’rlar hisoblansa, yali va vanuatu qabilalari esa faqat bayramlarda
yoki muhtoj bo’lib qolishganida odam go’shtidan bahramand bo’lishadi.
Odamxo’rlar orasiga
tushib qolishni hech kim xohlamaydi, albatta. Lekin yovvoyi qabilalarning hayot tarzi olimlarni
juda-juda qiziqtirish turgan gap. Afsuski, ibtidoiy odamlar hayotini o’rganishga bo’lgan urinishlar
ko’pincha qabilalarning qirilib ketishiga sabab bo’lmoqda. Bundan tashqari, kun kelib ular yashayotgan yerlarning
ham o’zlashtirilishi aniq. Ana o’shanda tosh asri vakillari taraqqiyot bilan tanishuv
qurboniga aylanishadi yoki zamonaviy hayotga singib ketishadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.