O`quvchi kundaligi. Uning yuritilishiga o’qituvchilar va ota-onalar qay darajada e’tibor qaratmoqda?
Maktabda o’quvchilarining kundalik
daftarini to’g`ri yuritish ta’lim-tarbiyaning tarkibiy qismi sanaladi.
Kundalik o’quvchilar bilim sifati,
ko’nikma va malakasini, xulq-atvorini ko’rsatib beruvchi
asosiy ko’zgudir. Shuningdek bu daftar maktab bilan ota-ona o’rtasidagi o’zaro hamkorlikda
rasmiy aloqani doimiy yo’lga qo’yishda ham asosiy hujjat hisoblanadi. Ma’lumki,
maktab va oila hamkorligi bo’lmasa, o’qituvchilar o’z faoliyatini davr talablari
darajasida tashkil eta olmaydi. Bu boradagi
amaliy hamkorlikni ta’minlash uchun sinf rahbari, fan o’qituvchisi, o’quvchi, ota-ona
kundalik daftarning talab darajasida yuritilishida o’z vazifalarini to’g`ri, o’z
vaqtida va sidqidildan bajarishlari shart. Agar ularning birortasi kundalik yuritishga
ma`suliyatsizlik bilan qarasa, umumiy maqsadga erishish murakkablashadi.
O’quvchi o’quv fanlaridan uyga
berilgan topshiriqni kundalikka o’z vaqtida
yozib bormasa, bu uning bilim sifatiga, tarbiyasi va umumiy rivojlanishiga salbiy
ta’sir ko’rsatadi. O’qituvchi ham o’quvchining hafta davomida qoldirgan dars soatlarini,
darsga kelmaganligini ko’rsatmasa, yoki uning xulqiga baho qo’yib, o’zlashtirishi,
tirishqoqligi haqidagi ma’lumotlarni qayd etib bormasa, kundalik amaliy ahamiyatga
ega bo’lmaydi. Faqat sinf rahbari emas, balki har bir fan o’qituvchisi darsda kundalikka
o’z fanidan o’quvchilarning o’zlashtirish darajasini ko’rsatmasa, ularning darsga
bo’lgan qiziqishi susayishi mumkin. Ba’zida o’quvchi kundalikni belgilangan qoidalarga
muvofiq tarzda o’z vaqtida borsa-da, ayrim o’qituvchilar uni qo’liga nazorat qilmagani
va o’quvchilar bilimi, tirishqoqligi va xulqiga qo’yiladigan baholarni o’z vaqtida
qo’ymaganining ham guvohi bo’lamiz. Bu esa o’quvchilarda hafsalasizlik, mas’uliyatsizlik,
ishonchsizlikni yuzaga keltirib, uning o’qishga qiziqishi va intilishi susayadi
hamda kundalik yuritishni o’z holiga tashlab qo’yadi.
Shunday o’qituvchilar ham borki,
ular o’quvchining bilim darajasi, xulq-atvori to’g`risidagi ma’lumotlarni doimiy
ravishda kundalikka qayd etib boradi. Bunday paytda o’z farzandining kelajagi haqida
qayg`uradigan ota-onalar kundalik orqali o’qituvchi bilan muloqot olib boradi.
Ammo ayrim ota-onalar esa bu
narsaga e’tiborsizlik va loqaydlik bilan qaraydi, hatto bolasining kundalik daftarini
ochib qaramaganlari ham bo’ladi. Axir, ota-onalar o’qituvchining kundalikdagi ma’lumoti
asosida o’z farzandini etarlicha nazorat qilishi, kerak paytda zaruriy tadbirlar
belgilab, tarbiyaviy ta’sir ko’rsatishi muhim-ku!
Shunday vaziyatlarni ham ko’ramizki,
fanlarni "3” bahoga o’zlashtirayotgan o’quvchining xulq-atvori, kiyinishi, o’zini
tutishi, jamoat ishlaridagi faoliyati va sinfdoshlariga munosabati a’lo darajada
bo’ladi. Ba’zi sinf rahbarlari bunday o’quvchining bilim darajasini inobatga olib,
bir xil ko’rinishda qoniqarli baho qo’yishadi. Bunday baholash pedagogik jihatdan
to’g`ri emas. Bu bilan o’qituvchi o’quvchini o’zidan uzoqlashtirib, bezdirib quyayotganini
hisobga olmaydi. Bola o’yinqaroq va sho’x bo’lishi mumkin, uning bu jihati xulqi
yomonligini ko’rsatmaydi. Har qanday "yomon” bolaning ham juda yaxshi odamiylik
xususiyatlari bor, buni o’qituvchi anglab olishi kerak.
Maktab va oilaning asosiy maqsadi
o’quvchilardan bilim, ko’nikma va yaxshi axloqiy jihatlarini shakllantirishga va
uning umumiy rivojlanishini ta’minlashga yo’naltirilgan. O’qituvchi o’quvchi qanday
o’qishidan qat’iy nazar haftada, chorakda, yil davomida uning xulqiga namunali baho
qo’yib borishi kerak deb o’ylayman. Zero, bu rag`bat va qo’llab-quvvatlash o’quvchini
yanada ruhlantirib, oldinga intilishga, avvalgidan ham yaxshiroq o’qishga undaydi.
Bola tirishqoqligiga qo’yilgan baho o’quvchini o’z imkoniyatini ishga solishga,
yalqovligi, mas’uliyatsizligini yengib, o’qishini izchil tashkil eta olish singari
sifatlarini rivojlantirishga undamog`i lozim.
Demak, kundalik yuritishning
ta’lim-tarbiyaviy ahamiyatini ota-ona ham, o’qituvchi ham to’g`ri tushunishi va
bolaning o’qishi, tarbiyasi, ma’naviy rivojlanishini kundalik daftar orqali ham
ijobiy tomonga yo’naltirish mumkin.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.