loading...

Dars ishlanmasiga qo`yilgan talab va ijrosi o`quv jarayonida bajarilish tahlili 

11914

O`qituvchining darsga puxta tayyorgarligi ta'lim muvaffaqiyati va samarasi garovidir. Dars bu, sinfda taqvim-mavzu reja asosida belgilangan vaqt davomida o`qituvchi tomonidan o`quvchilar uchun o`quv-tarbiya jarayonining maqsadli tashkil etilishidir. 

Shunday ekan, har bir o`qituvchi darsga sifatli va puxta tayyorlanmasdan kirishni insoniylikka, pok vijdonga xiyonat ekanligini va ish haqini halollab olish lozimligini his qilishi kerak. Chunki, har bir fan o`qituvchisi faoliyati asosini sifatli dars o`tish, o`quvchilarga yaxshi ta'lim-tarbiya berish tashkil etadi.

O`qituvchining darsga tayyorgarligi shartli ravishda quyidagi ikki bosqichdan iborat:
1. O`qituvchining o`z fani yuzasidan umumiy tayyorgarligi.
2. O`qituvchining har bir darsga kundalik tayyorgarligi.

O`qituvchining umumiy tayyorgarligi muntazam amalga oshirib boriladigan jarayon bo`lib, o`quv yili boshlanishi oldidan quyidagilarni qamrab oladi:
  • Davlat ta'lim standarti (DTS), o`quv dasturi, o`quv reja hamda ularga berilgan tushuntirish xatlarini o`rganib chiqish;
  • O`zi dars beradigan o`quv faniga oid yangi ilmiy va metodik adabiyotlarning  mazmuni bilan tanishish;
  • tegishli  ko`rgazma materiallarni, o`quv-jihozlarini o`rganish, ularni qo`llay bilish;
  • ilg`or o`qituvchilarning ish tajribalarini o`rganish, tahlil qilish orqali o`z bilimini kengaytirish; 
  • kompyuter texnikasidan foydalanish ko`nikmasini shakllantirib, bu boradagi mahoratini oshirish, elektron darsliklar, matn muharrirlari, "ZiyoNet" axborot ta'lim portaliga joylangan ma'lumotlardan samarali foydalanish kabilardir.
O`qituvchining darsga kundalik tayyorgarligi eng asosiy vazifalardandir. 

Darsga tayyorgarlik ko`rish quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi lozim:
1-bosqich: Taqvim-mavzu rejadagi yangi mavzu va unga ajratilgan vaqt (soat) aniqlashtirib olinadi. 
2-bosqich: DTS va o`quv dasturidan o`tilayotgan mavzu yuzasidan o`quvchida qanday tushunchalar (bilim, ko`nikma va malakalar) shakllantirilishi lozimligi aniqlashtirilib, shu asosida dars maqsadlari belgilab olinadi.
3-bosqich: Mavzu asosida darsda foydalaniladigan texnik vositalar, elektron manbalar, slaydlar, ko`rgazmali va didaktik materiallar, adabiyotlar o`rganib chiqiladi hamda dars ishlanmasi (konspekti) yoziladi. 

Dars ishlanmasi (konspekt)ning tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat:
Sana, sinf (parallel sinflar uchun bitta mavzu bo`yicha alohida-alohida dars ishlanmasi (konspekt)ni yozish shart emas, bitta mavzuga bitta dars ishlanmasi yozilsa kifoya. 5-"A", "B" sinflar deb ko`rsatiladi), fan nomi yoziladi.

Darsning mavzusi (taqvim-mavzu reja asosida).
Dars maqsadi (darsga qo`yilgan maqsad 45 daqiqa davomida bajariladigan (erishiladigan), aniq, hayotiy (real) va dars yakunida baholanadigan(o`lchamli) bo`lishi maqsadga muvofiq):
a) ta'limiy maqsad - dars jarayonida o`quvchilarda shakllantiriladigan bilim, ko`nikma va malakalar asosida belgilanadi;
b) tarbiyaviy maqsad - dars jarayonida o`quvchilarda qaysi axloqiy sifatlar shakllantirilishi asosida belgilanadi;
s) rivojlantiruvchi maqsad - dars natijasida o`quvchilarda qaysi bilimlar va axloqiy fazilatlar rivojlantirilishi asosida belgilanadi.

Dars turi: yangi tushuncha, bilimlarni shakllantiruvchi; o`quvchilarning bilim, ko`nikma va malakalarini rivojlantiruvchi; umumlashtiruvchi; o`quvchilar egallagan bilim, ko`nikma va malakalarni tahlil, nazorat qiluvchi  kabi dars turlari bo`lishi mumkin.

Darsda foydalaniladigan metodlar: bunda an'anaviy, zamonaviy, interfaol metodlardan o`tilayotgan mavzuning o`quvchilar tomonidan samarali o`zlashtirilishiga xizmat qiladiganini oqilona tanlash lozim.

Darsda foydalaniladigan jihozlar: texnik vositalar, slaydlar, ko`rgazmali va didaktik materiallar.

Darsni tarkiban quyidagi qismlarga ajratish mumkin:
tashkiliy qism;
o`tilgan mavzuni takrorlash (mustahkamlash);
yangi mavzuni tushuntirish;
yangi mavzuni mustahkamlash;
o`quvchilarni baholash;
uyga vazifa berish. 

Dars ishlanmasini tayyorlashda o`qituvchi darsning har bir qismini e'tiborga olishi maqsadga muvofiq.

Dars ishlanmasi (konspekt) hamma o`qituvchida bo`lishi shart. Lekin dars ishlanmasi qanday mazmunda, hajmda va necha varaqdan iborat bo`lishi o`qituvchining dars o`tishdagi o`ziga xos yondashuvidan  kelib chiqqani ma'qul. Bunda hamma o`qituvchi uchun bir xil chegara, cheklov o`rnatib bo`lmaydi. 

Agarda o`qituvchi dars berayotgan o`quvchilarning o`zlashtirish samaradorligi yuqori bo`lsa, ular turli ko`rik-tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan bo`lsa, o`qituvchining dars jarayoniga maktab ma'muriyati va hududiy xalq ta'limi boshqaruvi idoralari xodimlari tomonidan halaqit berishlariga yo`l qo`yilmaydi.

Dars ishlanmasi (konspekti) qo`lyozma shaklida yoki kompyuterda yozilishi mumkin. Dars ishlanmasini kompyuterda yozish uchun esa o`qituvchi, albatta, o`zi kompyuterda ishlashni bilishi lozim. 

Direktorning o`quv-tarbiyaviy ishlar bo`yicha o`rinbosari har bir o`qituvchining dars ishlanmasini ko`rib, tasdiqlash jarayonida ularda darsga kirish uchun quyidagi eng muhim(minimum) hujjatlar bo`lishini nazorat qiladi:
  • dars ishlanmasi (konspekti);
  • taqvim-mavzu reja;
  • o`quv dasturi;
  • darslik.
O`qituvchilarning darslarini tahlil qilish - samaradorlikka xizmat qiladi. O`qituvchilarni o`z ustida mustaqil ishlashlari, ijodiy izlanishlari orqali ta'lim samaradorligini oshirishga yordam beradigan omillardan biri - muntazam ravishda o`qituvchilarning darslarini tahlil qilishdir.

O`qituvchi darsini kuzatish va tahlil qilish, ularning pedagogik mahorati, ish tizimi, o`quvchilarining o`zlashtirishi, bilim darajasi kabi sohaviy va kasbiy layoqati yuzasidan xulosa chiqarish hamda o`qituvchilarning o`zaro tajriba almashish imkonini beradi.

Dars tahlili kuzatish va o`rganish shaklida olib boriladi. Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo`limi mudirlari, o`rinbosarlari, metodistlari tomonidan haftasiga kamida 2 soat, ta'lim muassasalari direktorlari, ularning o`rinbosarlari tomonidan 4 soat, fan metodbirlashma rahbari tomonidan 2 soat, o`qituvchilar tomonidan 1 soat o`qituvchilar darslari kuzatilishi va tahlil qilinishi belgilangan.

Dars kuzatish va tahlil qilish orqali o`quvchilarning umumiy tayyorgarligi, bilim olishdagi faolliklari, fanga bo`lgan qiziqishlari, o`quv materiallari va jihozlar bilan mustaqil ishlay bilishlari, o`qituvchiga bo`lgan munosabatlari aniqlanib, tahlilga tortiladi. Bunda asosiy mezonlar sifatida o`qituvchi tomonidan dars maqsadining to`g`ri qo`yilganligi, o`quv dasturi asosida dars jarayonini to`g`ri rejalashtirishi, materiallarini bilish darajasi, yangi mavzuni tushuntirish jarayonida asosiy g`oyani ajratib olishi, ilmiylik, ko`rgazmalilik tamoyillariga rioya qilishi, darsda hamkorlikka erisha olishi, bilim va ko`nikmalarni o`zlashtirishni nazorat etishi, dars mobaynida vaqtdan unumli foydalanishi va pedagogik muomala madaniyatini egallaganlik darajasi kabi jihatlar inobatga olinadi.

Unutmangki, sifatli dars - bu, o`quvchilar tomonidan samarali o`zlashtirilgan dars. Dars boshlangandan keyin hech kimning ushbu jarayonga halaqit berishiga yo`l qo`yilmaydi.
 
Darsning tahlili quyidagi turlarga bo`linadi:
1.Ilmiy tahlil. 2.Psixologik tahlil. 3.Metodik  tahlil. 4.Didaktik  tahlil. 5.Umumpedagogik tahlil va boshqa tahlillar (yoki bularning hammasini qamrab oladigan kompleks tahlil).

O`qituvchilarning darslarini tizimli tahlil qilish o`qituvchilarga amaliy-metodik tavsiyalar berishga va natijada dars samaradorligining oshishiga xizmat qiladi. 

Ta'lim muassasalaridagi fan metodbirlashmalarining asosiy vazifasi o`zaro tajriba almashish asosida ta'lim va tarbiya jarayonining ilg`or pedagogik texnologiyalar asosida samarali tashkil etilishini ta'minlashdan iborat. 

Fan metodbirlashmalari ta'lim muassasalarida fan oyliklari, ochiq darslar festivallari jarayonida o`tkaziladigan barcha turdagi mashg`ulotlarning asosan o`rganilishi qiyin yoki murakkab bo`lgan mavzular asosida tashkil etilishini ta'minlaydi. 

Har bir fan yo`nalishidagi metodbirlashmalarda "Men o`zlashtirilishi qiyin bo`lgan mavzular bo`yicha darslarni qanday tashkil etaman?" mavzusidagi ochiq muhokamalar tashkil etiladi.

Fan o`qituvchilari astoydil, vijdonan yondashgan holda "Bilimlar bellashuvi"da o`quvchilarining faol ishtirokini ta'minlaydi. "Ustoz-shogird" tizimida, "O`rgan-o`rgat" tadbirlarida chin yurakdan, faol ishtirok etadilar. 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash