loading...

Bog`i Bobur 

6690

Bog’ishamol… Ayni yozning jazirama kunlarida Andijon adirlarida allaqachon issiqdan qovjirab qolgan o’t-o’lanlar uzoqdan sarg’ayib ko’rinadi. Biroq shu adirliklar bag’rida ko’m-kok bo’lib Bog’i Bobur yashnab turibdi. Bog’i Bobur yoki Bobur Milliy Bog’i Andijon shahridan janubi-sharqda,markazdan 8 km uzoqlikda joylashgan. Bog’ 1993-yilda Xalqaro Bobur fondi tomonidan Andijon farzandi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan. Bog’ maydoni 357 gektar bo’lib, atrofi mevali bog’lar va uzumzorlar bilan o’ralgan. Bobur  milliy bog’i istirohat va ziyoratgoh maskani hisoblanadi. Boqqa asta chaman ochilgan gulzor oralab kirsangiz, beixtiyor afsonaviy Tojmahal yodingizga keladi. Go’zal favvora, oq marmardan ishlangan zinalar, ark, moviy gumbazli me’moriy inshootlar kishini zavqlantiradi. Zinapoyalar sizni astalik bilan shoir haykali poyiga keltiradi. Undan yuqoriga ko’tarilsangiz, Bobur xalqaro fondi tomonidan tashkil etilgan muzeyga duch kelasiz. Muzeyda Bobur qadamjolari bo’ylab uyushtirilgan ekspeditsya  tomonidan yurtimizga olib kelingan, noyob eksponatlar, qo’lyozmalarni ko’rishingiz, Bobur va boburiylar hayoti, faoliyati haqida ma’lumotlarni olishingiz mumkin. Muzeyni aylanib yana yuqoriga ko’tarilasiz, bu yerda Agradagi va Qobuldagi Bobur qabridan olingan tuproq, shoir hoki ramziy qabrga qo’yilgan.

Bog’da turli bolalar o’yingohlari, attraksionlar, diskoteka, hayvonot bog’i va boshqa ko’ngilochar maskanlar mavjud. Osma sim arqonlar orqali adirning yuqorisiga chiqsangiz, butun Bog’ishamol, Andijon shahri go’yoki, kaftingizda namoyon bo’ladi.

Hozirgi kunda bu yerga chet el va mahalliy sayyohlarning tashrifi yildan yilga ortib bormoqda. Shu sababli bog’ni yanada kengaytirish ishlari olib borilmoqda.
Hilola Abdurahmonova 
Jalaquduq tumani 18-umumiy o`rta ta`lim maktabi
geografiya fani o`qituvchisi

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash