Siyosat va geografiya fani o`rtasidagi aloqadorlik
Qadimgi davrlardanoq olimlar geografik muhitning inson siyosiy hayotiga
ta’sirini o‘rganishga qiziqqanlar. Arastu o‘zining «Siyosat» deb nomlangan
asarida quyidagi fikrni aytib o‘tgan: «Iqlimi sovuq bo‘lgan mamlakatlarda
istiqomat qiluvchi kishilar dovyurak bo‘lishadi, ammo ularda xayoliy orzular va
ixtirolar qilishga moyillik yo‘q. Shuning uchun ham ular boshqa xalqlarga
nisbatan ko‘proq vaqt ozodlikni saqlab turishadi, biroq o‘z qo‘shinlariga
boshchilik qilish va ularni boshqarish qobiliyatiga ega emas, ular siyosiy
rahbarlikka muhtojdirlar. Janubiy xalqlar, aksincha, chuqur o‘ylaydigan va
qiyin holatlardan chiqib ketishga ustadirlar. Ammo ular g‘ayratli emaslar. Shuning uchun ham qullik va tobelik ularga xos «tabiiy holatdir».
Oraliq mintaqalarda istiqomat qiluvchi yunonlar esa o‘zlarida Shimol hamda
Janub xalqlariga xos bo‘lgan eng yaxshi xislatlarni jo qilganlar».
Bunday siyosiy nazariyada geografik determinizm an’analariga yo‘l
ochib berilgan edi. Mazkur yondashuv Jan Boden tomonidan
rivojlantirildi. U insonning rivojlanishiga geografik muhit xalq xarakteri va
ruhiyati orqali ta’sir ko‘rsatadi, degan xulosaga kelgan. Uning fikricha, inson
hayoti uchun eng qulay va yaxshi sharoitlar mo‘tadil mintaqada, 40-50° shimoliy
kengliklar oralig‘ida mavjud. Aynan mana shu hududlarda qudratli davlatlar
vujudga kelganligini ko‘rsatib o‘tadi. Jan Boden mustaqil davlatlarning
kuch-qudrati va taraqqiyoti ularni o‘rab turgan tabiiy sharoitning ta’siriga
bevosita bog‘liq, deb hisoblagan.
Sh.Monteske ijtimoiy
hayot shakllarining rivojlanishida iqlim hal qiluvchi ahamiyatga ega, deb
hisoblagan hamda mamlakat qonunlari uning geografik sharoitlariga mos bo‘lishi
zarurligini asoslab bergan.
Geografik determinizm g‘oyalari Germaniyada XVIII va XIX asrlarda
siyosiy geografiyadan geosiyosatgacha bo‘lgan davrni bosib o‘tdi.
Geografik determinizm (lotincha «determino» — aniqlayman) g‘oyasiga
binoan ijtimoiy sharoitni mamlakatning geografik joylashishi va tabiiy
sharoiti belgilab beradi. Geografik determinizm g‘oyasi
vakillarining fikricha, kishilik jamiyatining rivojlanishini geografik
sharoitning xususiyatlari belgilab beradi. Masalan, Ritter dunyoni ikki qismga
bo‘ladi — suvlik (okeanlar) va quruqlikka. U quruqlik Shimoliy yarimsharda,
suvlik esa Janubiy yarimsharda asosiy maydonni tashkil qilishini ta’kidlaydi.
Shimolda joylashgan quruqlikni «Eski dunyo» (Yevropa, Osiyo) va «Yangi dunyo»
(Shimoliy va Janubiy Amerika)ga bo‘ladi.
Uning fikricha,
«Eski dunyo» g‘arbdan sharqqa katta masofaga cho‘zilganligi sababli iqlimiy
jihatdan bir xillikka ega. «Yangi dunyo» esa shimoldan janubga tomon katta
masofaga cho‘zilganligi tufayli iqlimiy farqlari juda katta. Mazkur iqlimiy
farqlar Ritterning fikricha, mintaqada istiqomat qiluvchi xalqlar xarakteriga
katta ta’sir ko‘rsatadi.
Eslab
qoling!
Geografik determinizm — insoniyat taraqqiyotida
tabiiy sharoitning ahamiyatini bo‘rttirib ko‘rsatuvchi g‘oya, yondashuv.
Eski dunyo — Xristofor Kolumbgacha insonlarga ma’lum
bo‘lgan dunyoning bir qismi — Yevropa, Osiyo, Afrika.
Yangi
dunyo —
Xristofor Kolumb, Amerigo Vespuchchi va boshqa sayyohlar tomonidan ochilgan
dunyo — Shimoliy va Janubiy Amerika.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.