O`zbekistonda geografik-ekologik ekspertiza o`tkazish
Hozirgi kunga kelib dunyoda geografik-ekologik ekspertiza keng
tarqalmoqda. Ayrim yirik muhandislik inshootlarining loyihalari hatto xalqaro ekspertlar guruhlari
tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Masalan, Xitoyning Yanszi daryosidagi
eng yirik «Uch daryo» GESi ekspertizasi amerikalik mutaxassislar tomonidan
amalga oshirilgan.
Dunyo bo‘yicha juda ko‘p inshootlarning
tabiiy sharoitni hisobga olmasdan qurilishi natijasida bir qancha
falokatlarning ro‘y berishi, ayrim inshootlarning esa tabiatga kuchli salbiy
ta’siri oqibatida qator ekologik muammolarning yuzaga kelishi loyihalarni
geografik-ekologik ekspertizadan o‘tkazishni shart qilib qo‘ydi.
Shu maqsadda O‘zbekistonda o‘tgan asrning
90-yillaridan boshlab yirik inshoot va obyektlarning loyihalari
geografik-ekologik ekspertizadan o‘tkazila boshlandi.
Hozirgi paytda O‘zbekistonda yangi sanoat
korxonalarini ekologik talablarga mos holda joylashtirish, mavjud korxonalar
ishlab chiqarayotgan mahsulotlar, atrof-muhitga chiqarayotgan chiqindilar
masalasi atroflicha tahlil qilinib, texnologik jarayonlarni
mukammallashtirish, gaz va changni tutib qoluvchi, ularni tozalovchi zamonaviy
moslamalarni o‘rnatishga katta ahamiyat berilmoqda. Mamlakatimizda qurilayotgan
yirik va o‘rtacha korxonalar ekologik tartib-qoida, belgilangan me’yorlar
asosida qurilish bilan birga ishlash jarayonida atrof-muhitga zararli
chiqindilarni chiqarishi me’yorda bo‘lishi kafolatlangan. Masalan, Asaka
shahridagi yengil avtomobil zavodi, Qorovulbozordagi neftni qayta ishlash
zavodi va boshqa korxonalar ekologik ekspertizadan chuqur va har tomonlama
o‘tkazilgan.
Sanoat korxonalarini joylashtirishda har
bir hududning tabiiy sharoiti e’tiborga olinishi zarur. Tog‘ etaklari, vodiylar
va botiqlarda qurilishi mo‘ljallangan inshootlarni loyihalashda hududning
iqlim sharoiti, yerosti suvlari tartibi, yer usti suvlari xususiyatlari,
tuproq, o‘simlik qoplami, chorva mollari hamda aholi salomatligi ta’siri
masalasi oldindan to‘liq va atroflicha hal etilishi lozim bo‘ladi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini yanada
rivojlantirish maqsadida juda ko‘p suv inshootlari qurilgan. XX asrning
80-yillarida qurilgan suv inshootlari ekologik ekspertizadan o‘tkazilgan emas. Bu esa tabiatda noxush hodisalar yuzaga
kelishiga, ijtimoiy-ekologik sharoitning yomonlashuviga olib keldi.
Masalan, Tuyamo‘yin suv
ombori qurib ishga tushirilishi bilan Xorazm vohasida yerlarning meliorativ
holati o‘zgara boshladi. Yerosti suvlarining sathi ko‘tarilib, tuproqda tuz
to‘plana boshladi. Bunday ahvol suv omboridan vohaga suv sizib o‘tishi
natijasida yuzaga kelgan edi. Demak, to‘g‘on ostidan suvning chetga sizib
o‘tishi loyihada jiddiy hisob qilinmagan. Bunday jarayon Karkidon,
Tolimarjon, Chimqo‘rg‘on, Uchqizil, Janubiy Surxon va boshqa suv omborlarida
ham kuzatilgan.
O‘tgan asrning 80-yillarida So‘x daryosida
So‘x suv ombori qurilishi amalga oshirila boshlandi. Ammo ekspertiza natijasida
So‘x suv ombori qurilganidan so‘ng atrofdagi hududda botqoqlanish jarayoni
boshlanib, o‘simliklarning vegetatsiya sharoiti o‘zgarishi aniqlandi.
Natijada suv ombori loyihasi o‘zgartirilib, sel suvlari yig‘iladigan selxonaga
aylantirildi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.