Tibbiy-geografik tadqiqotlar
Tibbiy geografiya geografik muhitning,
ya’ni tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy omillarning aholi salomatligiga ta’sirini,
kasalliklarning vujudga kelishi va geografik tarqalishini o‘rganadi.
Hozirgi paytda tibbiy-geografik tadqiqotlar
ikkita yirik yo‘nalishda olib borilmoqda. Birinchi yo‘nalishda
atrof-muhitning inson salomatligiga ta’siri baholanadi va bashorat qilinadi.
Ikkinchi yo‘nalishda kasalliklarning mahalliy tabiiy o‘choqlari aniqlanadi.
Atrof-muhitning tozaligi ko‘p jihatdan
inson salomatligini belgilab beradi. U tabiiy va sun’iy omillar ta’sirida
ifloslanadi. Atrof-muhitni ifloslovchi tabiiy omillarga shamol (havodagi chang
miqdorining ortib ketishiga olib keladi), vulkan otilishi (atmosferaning
vulkan tutunlari va kullari bilan ifloslanishi), sellar, qurg‘oqchilik, suv
toshqinlari, zilzilalar, chigirtka bosishi, surilmalar va h.k. kiradi.
Aholi zich joylashgan sanoat hududlarida
sun’iy omillar ta’sirida atrof-muhit (zavodlar, fabrikalar, metallurgiya,
kimyo zavodlari, konlar, issiqlik elektrostansiyalari, trnasport kabilar)
ko‘proq ifloslanadi.
Atrof-muhitning og‘ir metallar bilan
ifloslanishi inson salomatligiga kuchli salbiy ta’sir etadi. Masalan,
qo‘rg‘oshin asab tizimi, jigar va buyraklarni zaharlaydi. Simob ko‘proq jigar
va buyrakda to‘planadi, modda almashinuvini buzadi, kadmiy bolalar nutqining
buzilishiga olib keladi, mishyak o‘pka va teri rakini keltirib chiqaradi.
Qishloq xo‘jaligida qo‘llanadigan pestitsidlardan har yili jahonda 1 mln kishi
zaharlanadi, ulardan taxminan 15—20 ming kishi hayotdan ko‘z yumadi.
Avtomobillardan chiqadigan benzopiren moddasi, radioaktiv moddalar o‘pka rakini
keltirib chiqaradi. Uglerod oksidining havodagi miqdori ortib ketishi organizmda kislorod yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi hamda asab va yurak-qon tomir
tizimlarini ishdan chiqaradi.
Har bir hududning mahalliy tabiiy-geografik
sharoiti inson salomatligiga turlicha ta’sir etishi mumkin. Havodagi kislorod
miqdori, havo bosimi, harorat va namlikning o‘zgarishi qon bosimi kasalligi
bor bemorlarda miya va yurak faoliyati bilan bog‘liq turli asoratlar paydo
qiladi.
Atmosferadagi kislorod miqdorining ortishi
gipertoniya krizlari va miya insultlarining ko‘payishiga olib keladi. Kislorod
miqdorining ortishi asosan qishda kuzatiladi. Tog‘larda balandga chiqqan sari har 10 m da bosim 1 mm simob ustuniga kamayadi
va inson organizmiga tushadigan og‘irlik (bosim) ortadi.
Havoda namlik qanchalik
yuqori bo‘lsa, issiq harorat insonga shunchalik kuchli ta’sir etadi. Nisbiy
namlik 50 foiz, havo harorati 16-18°C bo‘lishi organizm uchun qulay sharoit
hisoblanadi. Havo harorati 24°C,
nisbiy namlik 44-60 foiz, shamol tezligi sekundiga 0,7-1 m bo‘lganda inson organizmi uchun juda qulay sharoit vujudga
keladi.
Suvda, tuproqda va ba’zi mahsulotlarda yod
elementining yetishmasligi buqoq kasalligini keltirib chiqaradi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.