loading...

Okeaniya davlatlari 

13217

Okeaniya  Tinch  okeanining  janubi-g‘arbiy  va  markaziy  qismlarida joylashgan orollar guruhidan tashkil topgan bo‘lib, uning umumiy maydoni – 1,26 mln km.kv.ni tashkil etadi. Mazkur mintaqada 11 mln  kishidan ortiq aholi istiqomat qiladi. Uning tarkibida 40 ga yaqin turli davlat, mamlakat  va  hududlar  mavjud  bo‘lib, ularning  13  tasi  mustaqil  davlat hisoblanadi. Okeaniya siyosiy xartasida  1 federativ davlat (Mikroneziya Federativ shtatlari), 1 ta monarxiya davlati (Tonga) va turli davlatlarning qator  mustamlaka  hududlari  (masalan: Amerika  Samoasi,  Guam,  Kingmen rifi  (AQSH), Pitkern (Buyuk Britaniya), Norfolk, Ashmor va Kartye orollari  (Avstraliya),  Fransuz  Polineziyasi, Yangi  Kaledoniya  (Fransiya) va  b.)  mavjud.  Okeaniya  davlatlari  tarkibiy  jihatdan  Melaneziya,  Polineziya va Mikroneziya mintaqalariga ajratiladi.

Relyef  xususiyatiga  ko‘ra,  Okeaniya  kontinental,  marjon  va  vulqon kelib  chiqishiga  ega  orollardan  tarkib  topgan.  Yangi  Zelandiya,  Yangi  Gvineya  (orolning  sharqiy  qismi  Okeaniya  tarkibiga  kiradi), Yangi Kaledoniya kabi yirik orollar kontinental xususiyatga ega. Ular umumiy Okeaniya  hududining  87%  ni  egallaydi.  Tog‘li  relyefga  ega,  maydoni nisbatan  yirik  orollar,  asosan,  mintaqaning  janubi-g‘arbiy  qismida joylashgan  bo‘lsa,  qolgan  kichik va mayda orollar Tinch  okean  akvatoriyasida keng maydonda  tarqoq ravishda  joylashgan. Tinch okean akvatoriyasining 1/3 qismini Okeaniya orollari tashkil qiladi. 

Asosan  ekvatorial,  subekvatorial,  tropik,  subtropik  va  mo‘tadil  mintaqalar hududida  joylashgan. Yog‘in  miqdori  1500–4000  mmni, o‘rtacha harorat  esa  +24°  C;  +28°  C  ni  tashkil  etadi. Yirik  tog‘li  orollarda  qizil,  tog‘  laterit,  tog‘  o‘tloq,  jigarrang  qo‘ng‘ir,  jigarrang  tuproq  turlari tarqalgan. Atollarda  esa  nisbatan  past unumli,  g‘ovaksimon,  suvni  o‘zida saqlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan tuproqlar mavjud. Suv resurslari bilan  yaxshi  ta’minlangan.  Sepik  (1126  km),  Flay  (1050  km),  Uaikato (425 km)  Okeaniyaning  eng  yirik  daryolari  hisoblanadi.  Orollarda  mineral  resurslardan  nikel  (Yangi  Kaledoniya),  neft  va  gaz  (Papua-Yangi  Gvineya,  Yangi  Zelandiya),  mis  (Papua-Yangi  Gvineya),  oltin  (Papua-Yangi  Gvineya,  Fidji),  fosfat  (Nauru),  dengiz  hudularidagi  iqtisodiy zonalarda temir-marganes qotishmalari, kobalt kabilar qazib olinadi.

Okeaniya orollari davlatlarining asosiy qismi aholi soni kam bo‘lgan davlatlar  hisoblanadi.  Aholisi,  asosan,  avstraloid  kichik  irqiga  mansub  polinez, melanez,  mikronez  va  papuaslardan tashkil  topgan.  Milliy tarkibida turli qabila va urug‘ vakillarining salmog‘i yuqori. Ular papuas va avstronez oilalariga  mansub. Lekin, mahalliy tillar deyarli muomalada  emas. Asosan,  muloqotda  ingliz  va  fransuz  tillaridan  foydalaniladi. Xristian diniga e’tiqod qiluvchilar salmog‘i yuqori, bundan tashqari, qabilalarda an’anaviy dinlarga e’tiqod qiluvchilar ham bor.

Tabiiy resurslarga kambag‘alligi, orollararo  aloqalarda  qiyinchiliklarning mavjudligi, mineral resurslar miqdorining chegaralanganligi, asosiy eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish jarayoni xalqaro monopoliyalar qo‘l  ostida  to‘planganligi  Okeaniya  davlatlari  iqtisodiyoti  rivojlanishiga  ta’sir  ko‘rsatadi. Aholining  asosiy  faoliyat  sohasi  qishloq  xo‘jaligi  hisoblanadi.  Unda  eksportbop  monokul’tura  ekinlari  yetishtirish  (kokos pal’masi,  shakarqamish,  ananas,  banan,  kofe,  kakao)  asosiy  o‘rin  tutadi.  Okeaniya  davlatlari  jahon  bo‘yicha  kopra  (quritilgan  kokos)  eksportining 10%, ananas hosilining 90% ini beradi. Chorvachilik, asosan, yirik  orollar  hududida rivojlangan.  Chorva  mollari  soni  bo‘yicha  mintaqa davlatlari orasida Yangi Zelandiya yetakchilik qiladi.

Dengiz  biologik  resurslariga  ega  bo‘lgan  mintaqa  davlatlari  qishloq xo‘jaligida  baliqchilik  sohasi so‘nggi yillarda rivojlanib  bormoqda. Sanoatida  asosan  eksportbop  qishloq  xo‘jalik  mahsulotlarga  birlamchi qay ta  ishlov  berish,  o‘rmon  va  konchilik  sanoati  korxonalari  faoliyat olib  boradi.  Tabiiy  rekreatsion  resurslar  ta’sirida  xalqaro  turizm  rivojlanmoqda. Ayniqsa, Fidji, Solomon  orollari  sayyohlar  eng  ko‘p  tashrif buyuradigan hududlar bo‘lib hisoblanadi.

Okeaniya  davlatlari  orasida  Yangi  Zelandiya  ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot  darajasiga  ko‘ra  oldingi  o‘rinda  turadi.  Rivojlanish  xususiyatiga  ko‘ra  "ko‘chirilgan  kapitalizm”  davlati  hisoblangan  ushbu  davlat ikkita  yirik  (Shimoliy  va Janubiy  orollar) va 700  dan  ortiq kichik orol lardan tashkil topgan.  Hududining 75% i  dengiz  sathidan  2000  m balandda  joylashgan  bo‘lib,  hududida  mineral  resurslardan  oltin,  kumush, tabiiy neft, ko‘mir, turli rangli metallar tarqalgan. Suv resurslariga bilan yetarlicha ta’minlangan bo‘lib, bu yerda 40 dan ortiq daryo va 3280  ta  ko‘llar  mavjud.  Iqtisodiyoti  rivojlanishida  bu  yerda  tarqalgan to‘q qo‘ng‘ir,  sariq-qo‘ng‘ir,  tog‘  tipli tuproqlar  katta  ahamiyatga  ega. 2  mln  gektarga  yaqin o‘rmon  hududlari ham  bor.  Shu bilan  birga tabiiy rekreatsion resurs imkoniyatlari yuqori. Iqtisodiyoti industrial tipda bo‘lgan  Yangi  Zelandiya  sanoatida  konchilik,  metallurgiya,  yoqilg‘i-energetika  va  oziq-ovqat  tarmoqlari  yaxshi  rivojlangan.  Chorvachilikda  sut  chorvachiligi  va  qo‘ychilik,  dehqonchilikda  esa  bog‘dorchilik va  uzumchilik  asosiy  qishloq  xo‘jalik  sohasi hisoblanadi. Transportida quruqlik  transport  turlari  bilan  birga  dengiz  transportining  ahamiyati katta. Oklend (Yangi Zelandiyaning yagona millioner shahri), Gamilton, Vellington shaharlarini davlatning eng yirik iqtisodiy markazlari sifatida ko‘rish mumkin.

Okeaniya  davlatlari  ijtimoiy-iqtisodiy  rivojlanishiga  erishish  muammosidan  tashqari,  aholi  orasida  ishsizlik  darajasining  yuqoriligi,  davlatlarning mintaqa hududidagi orollar nazorati ustidan yuzaga keladigan nizoli holatlar uning asosiy muammolaridan bo‘lib hisoblanadi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.