loading...

Janubi-g‘arbiy va Janubiy Osiyo davlatlari 

18284

Osiyo jahondagi eng yirik qit’a hisoblanib, uning maydoni 43,4 mln km.kv  (jahon  quruqlik  yuzasining  29,2  %)ni,  aholisi  soni  esa  4,4  mlrd kishiga  yaqin  (jahon  aholisining  59,5%  ni  tashkil  etadi).  Zamonaviy Osiyo  siyosiy xaritasida 47 ta  mustaqil  davlat  mavjud. Bu  davlatlarning  13  tasi  monarxiya  boshqaruv  shakliga,  7 tasi  federativ  ma’muriy-hududiy tuzilishga ega. Qit’a hududi 5 ta subregionga – Janubi-g‘arbiy, Janubiy,  Sharqiy,  Janubi-sharqiy  va  Markaziy  Osiyoga  ajratiladi.  Mazkur  subregionlarni  madaniy-tarixiy  mintaqalar  sifatida  ham ko‘rish mumkin. Ularni ajratishda tarixiy, etnik, diniy omillar bilan bir qatorda, tabiiy belgilarga ham e’tibor qaratilgan.

Janubi-g‘arbiy  Osiyo. Aholi  soniga  ko‘ra  Turkiya,  Eron, Afg‘oniston,  Iroq,  Saudiya  Arabistoni  davlatlari  yetakchilik  qiladi.  Umumiy aholining 60% qishloqlarda istiqomat qiladi. 

Subregionda, asosan, neft (Fors ko‘rfazi davlatlari, Turkiya, Ozarbayjon,  Armaniston)  mashinasozlik  (Turkiya,  Eron,  Gruziya,  Ozarbayjon, Armaniston),  metallurgiya  (Turkiya,  Eron,  BAA)  va  kimyo  sanoatlari (Eron, Turkiya, Ozarbayjon) rivojlanmoqda. Yengil va oziq-ovqat sanoati Janubi-g‘arbiy Osiyoning barcha davlatlarida rivojlangan. 

Qishloq  xo‘jaligining  yetakchi  tarmog‘i  dehqonchilik  hisoblanadi. Asosan,  sug‘orma  dehqonchilik  rivojlangan,  iste’mol  uchun  bug‘doy, makajo‘xori,  arpa  yetishtiriladi.  O‘rta  dengizbo‘yi  davlatlarida  sabzavotchilik,  mevachilik, uzumchilik  rivojlangan  bo‘lib,  ular  bilan  bir  qatorda zaytun yetishtirish katta o‘rin egallaydi va aynan mazkur dehqonchilik turi  bo‘yicha mintaqa jahonda yetakchilik qiladi. Turkiyada paxtachilik, tamaki, sitrus meva, donchilik, Eronda xurmo, sitrus mevalari, qand  lavlagi,  paxta,  Iroq,  Suriya  va  Isroilda  paxta,  tamaki  va  xurmo yetishtirish rivojlangan. Chorvachilikda Turkiya angor  echkilar  boqishga, Arabiston  yarimoroli  davlatlari  tuyachilikka,  Eron  va  Afg‘onistonda  qorako‘lchilikka  ixtisoslashgan.  Xizmat  ko‘rsatish  sohalari  orasida transport va turizm katta salmoqqa ega.

Janubiy Osiyo davlatlari. Janubiy Osiyo subregionining umumiy maydoni  4,5  mln  km.kv.ni  tashkil  etadi.  Mintaqada  2  mlrdga  yaqin  aholi  istiqomat  qiladi.  Mazkur  subregion  tarkibiga  Hindiston  yarimoroli,  Hind-Gang  tekisligi,  Shri-Lanka,  Maldiv, Andaman,  Nikobar  hamda  Lakkadiv orollari kiradi. Uning hududida 7 ta davlat joylashgan. Mintaqa davlatlari orasida bitta monarxiya davlat tuzumiga ega bo‘lgan Butan Qirolligi bilan 6 ta respublika mavjud. Ma’muriy-hududiy tuzilishiga ko‘ra esa Hindiston va Pokiston federativ, qolganlari unitar davlatlar hisoblanadi. 

Janubiy  Osiyoning  dunyo  miqyosida  tutgan  o‘rni  quyidagicha:  bu subregion Yer shari quruqlik maydoning 3,1 % ni egallaydi; dunyo aholisining 25,4 % ushbu mintaqa aholisidan tarkib topadi; dunyo bo‘yicha YMM ning 9 % dan ortig‘i shu subregion hissasiga to‘g‘ri keladi.

Dunyo  okeaniga  bevosita  chiqish  imkoniyatining  mavjudligi,  Hind okeani  havzasi  qirg‘oqbo‘yi  hududlarining  markazida  joylashganligi,  uning  hududida  qadimiy  tarixiy  markazlarning  mavjudligi,  mintaqa geografik o‘rnining o‘ziga xos jihatlari hisoblanadi.

Janubiy  Osiyoni  shimolda  Himolay  tog‘  tizmasi  va  Qoraqurum o‘rab turadi.  Shimoli-sharqda  u o‘rmonlar  bilan  qoplangan Assam-Birma  tog‘lari,  shimoli-g‘arbda  esa  Hindukush  va  Eron  tog‘liklari  orqali chegaralanadi. Mintaqa shimoldan janubga qarab dunyodagi eng baland tog‘ Himolaydan ekvatorda joylashgan Maldiv orollariga tomon pasayib boradi. 

Mazkur  mintaqaga  musson  tipli  iqlim  xos  bo‘lib,  yil  davomida ob-havoning  keskin  o‘zgarishi  bilan  ajralib  turadi.  Bu  yerda  aniq  ifodalangan  ikki  iqlimiy  mavsum  (nam  yoz  va  quruq  qish  mavsumlari) ajratiladi.  Mintaqa  iqtisodiyoti  rivojlanishida  tabiiy  resurslar,  ayniqsa, mineral  resurslar katta  ahamiyatga  ega. Bu  yerda  yoqilg‘i-energetika resurslaridan boshlab (ko‘mir, tabiiy gaz, tarkibida radioaktiv toriy mavjud bo‘lgan  monatsitli  qumlar)  qimmatbaho  metall  hamda  toshlar  mavjud (oltin,  zumrad,  olmos).  Subregion  jahonda  qora  metall  rudalar  (temir, marganes,  xrom)  zaxirasiga  ko‘ra  ajralib turadi.  So‘nggi  yillarda  mintaqaning dengiz shelf zonasida neft va gaz qazib olish rivojlanmoqda.

Suv resurslari bilan nisbatan yaxshi ta’minlangan. Hind, Gang, Brahmaputra  eng  yirik  daryolari  hisoblanadi.  Subregionda  yuqori  unumdorlikka  ega  bo‘lgan  allyuvial  tuproqlar,  qora  tuproq  xususiyatli  gilli tuproq lar  –  regurlar keng  tarqalgan.  Janubiy  Osiyoning  barcha  davlatlarida  milliy,  diniy,  ijtimoiy-iqtisodiy  taraqqiyot  omillari  bilan  bog‘liq holda, aholining tabiiy o‘sish sur’atlari yuqori. 

Janubiy Osiyoda  1 mln  dan  ortiq 33  ta  etnos  istiqomat  qilib, mintaqa aho lisining 98% ularning hissasiga to‘g‘ri keladi. Asosan, induizm (Hindiston,  Nepal),  islom  (Pokiston,  Bangladesh,  Maldiv),  buddizm (Butan, Shri-Lanka) dinlari tarqalgan. 

Ma’lumki,  Janubiy  Osiyo  qadimiy  sug‘orma  dehqonchilik  markazlaridan  biri  sifatida  jahonning  aholisi  eng  zich  joylashgan  areallardan biridir.  Bu  yerda  o‘rtacha  zichlik  355  kishi/km.kv.dan  ortiq  bo‘lib,  o‘rtacha  jahon  ko‘rsatkichidan  6,7  marta  ortiqdir.  Tekislik  hududlari,  yirik daryo vodiylari (ayniqsa, Gang daryosi vodiysi) hamda dengizbo‘yi hududlarida aholining yuqori zichlik ko‘rsatkichlari qayd qilinadi. Janubiy Osiyo dunyoning eng kam urbanizatsiyalashgan mintaqalaridan biri hisoblanadi  (46%).  Bu  holat  mintaqa  davlatlarining  past  ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti sabablidir. Shu bilan bir qatorda mintaqaning ko‘plab davlatlarida soxta  urbanizatsiya  jarayoni  ham tez sur’atlarda  rivojlanib bormoqda.

Janubiy  Osiyo  iqtisodiyotida  rivojlanish  darajasiga  ko‘ra,  Osiyoning boshqa  subregionlariga  nisbatan  past  ko‘rsatkichlar  qayd  etadi.  Butan va  Nepal agrar,  Maldiv  agrar-industrial,  Bangladesh, Pokiston,  Hindiston hamda Shri-Lanka industrial-agrar davlatlar hisoblanadi.  Janubiy Osiyo  davlatlari  jahon  iqtisodiyotida  asosan  konchilik  (Hindiston,  Nepal, Butan), qora va rangli metallurgiya (Pokiston, Hindiston, Shri-Lanka),  kimyo  (Hindiston,  Pokiston), yengil  va  oziq-ovqat  sanoat  tarmoqlari (barcha davlatlarda) rivojlanganligi bilan ajralib turadi. 

Qishloq  xo‘jaligi  mahsulotlari  yetishtirishda  dehqonchilik  sohasi ustun  hisoblanadi.  Janubiy  Osiyo  jahondagi  donli  ekinlar  (ayniqsa, sholi)  yetishtiruvchi  yirik  mintaqa sifatida  tanilgan.  Bundan  tashqari, bu yerda jut (Hindiston, Bangladesh), tabiiy kauchuk, kokos (Shri-Lanka), shakarqamish, paxta, yeryong‘oq ham yetishtiriladi. Hindiston va Shri-Lanka  jahon  choy  hosilining  40%  ni  yetishtirib,  uning  eksporti  bo‘yicha  yetakchi  o‘rinlarni  egallaydi.  Shuningdek,  subregion  turli xil  ziravorlar yetishtirish bo‘yicha ham jahonda  peshqadamlik  qiladi. Chorvachilikda  qoramolchilik,  qo‘y  va  echkichilik,  baliqchilik  kabi tarmoqlari  rivojlangan.  Shu  bilan  birga,  mintaqa  davlatlarida  xizmat ko‘rsatish tarmoqlaridan turizm, tibbiyot, transport xizmatlar ko‘rsatish katta o‘rniga ega.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash