loading...

Insoniyatning global muammolari 

46975

Sanoat  va  fan-texnika  inqilobi  davrida  insoniyatning  ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi tubdan o‘zgarib ketdi. Bu o‘zgarishlar natijasida bir qator dolzarb ahamiyatli, ta’sir doirasi jahon hamjamiyatini qamrab olgan, bashariyatning  kelajakdagi  ijtimoiy taraqqiyotini  belgilab  berayotgan  muammolar  vujudga  keldi.  Bu muammolar insoniyatning  global  muammolari deb ataladi hamda  ularning yechimini topish yo‘lida barcha davlatlarning kuch-qudrati, imkoniyat-harakatlari jamlanishi maqsadga muvofiq.

Global  muammolarning  vujudga  kelishi  va  keskinlashuvi  sabablari jahon  aholisi sonining  qisqa  vaqt  ichida bir  necha barobar  o‘sganligi, sanoat  va  boshqa  ishlab chiqarish  tarmoqlarining  jadal  sur’atlar bilan rivojlanishi,  tabiiy  muhitdagi muvozanatning  inson  xo‘jalik  faoliyati ta’sirida buzilishi, jahon xo‘jaligida xalqaro iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishi tufayli yagona global tizim sifatida shakllanishi, fan-texnika inqilobi va zamonaviy  axborot-kommunikatsiya  texnologiyalarining salbiy oqibatlari, davlatlar va siyosiy kuchlar o‘rtasida ziddiyatlar kuchayishi kabilardan iborat.
 
Asosiy  global  muammolar  qatoriga,  odatda,  quyidagilar  kiritiladi: tinchlikni saqlash va jahon xavfsizligini ta’minlash muammosi; ekologik muammo;  rivojlanayotgan davlatlarning  ijtimoiy-iqtisodiy qoloqligi va qashshoqlik muammosi;  demografik muammo  (rivojlanayotgan  mamlakatlar  aholisining  yuqori  sur’atlar bilan  o‘sishi va rivojlangan mamlakatlardagi  demografik  inqiroz);  oziq-ovqat  muammosi,  energetika  muammosi,  xomashyo resurslari  muammosi, Dunyo  okeanidan  oqilona foydalanish muammosi;  millatlararo va  dinlararo munosabatlar muammosi; qon-yurak, onkologik  kasalliklar  va  OITSga  qarshi kurashish muammosi. Bundan  tashqari, boshqa bir guruh muammolar ham ayrim adabiyotlarda global muammolar toifasiga kiritiladi, masalan, favqulodda vaziyatlarga  qarshi  kurashish  va  oldini  olish muammosi, koinotni o‘zlashtirish va fazoviy ekologiya muammosi yoki ma’naviy qadriyatlar inqirozi muammosi.

Insoniyatning  global  muammolari  chambarchas  ravishda  o‘zaro bog‘liq,  bir muammo  boshqalarining keskinlashuviga  olib  kelmoqda. Shunday  ekan,  muayyan muammoni  boshqa muammolarga e’tibor qaratmasdan  yechish  imkoniyati  mavjud emas. Masalan, rivojlanayotgan mamlakatlardagi demografik va oziq-ovqat muammolari orasida ma’lum aloqadorlik  mavjud,  chunki aholining  yuqori  sur’atlar bilan ko‘payishi oziq-ovqat  mahsulotlarining  yetishmovchiligi  va  ocharchilikni  keskinlashtiradi. Energetika  va  ekologik muammolar ham  bevosita  bir-biriga aloqador  hisoblanadi, chunonchi  yangi  energiya  manbalarini  izlash va ishlab chiqarishga joriy etish atrof-muhit sifatiga ham ma’lum darajada ta’sir etadi.

Global muammolardan tinchlikni saqlash va qurolsizlanish muammosi eng universal ahamiyatga ega, chunki bu muammo hal etilmasa, Yer yuzida  hayot  va sivilizatsiyaning  kelajagi  o‘ta achinarli  ahvolga  kelishi  muqarrar. Insoniyat tarixida,  ba’zi  ma’lumotlarga  ko‘ra,  jami 14 mingdan ortiq urushlar ro‘y bergan va ming afsuski, harbiy mojaro va ziddiyatlar sayyoramizning  turli  hududlarida hanuzgacha  yuz  bermoqda. Lekin, global darajada bu muammo jami 70 milliondan ziyod kishi qurbon bo‘lgan ikkita jahon urush bo‘lib o‘tgan XX asrda keskinlashdi. Urushdan  keyingi  davrda  esa  kapitalistik  va  sotsialistik davlatlar, ayniqsa,  AQSH  va Ittifoq o‘rtasidagi  o‘tkir  qarama-qarshiliklar  sharoitida "qurol poygasi” keskinlashib ketdi. 

Hozirgi vaqtda AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya, Fransiya,  Xitoy, Hindiston va Pokiston  jahon hamjamiyatining  rasman  tan olingan  yadroviy  qurolga  ega davlatlari  hisoblanadi.  Shuningdek,  rasmiy yadroviy maqomga ega bo‘lmagan KXDR ham bu turdagi qurolga ega ekani barchaga ma’lum. 

Dunyoning  turli  mintaqalarida  urush  va  harbiy  to‘qnashuvlar  sodir bo‘lmoqda. Harbiy  harakatlar  va fuqarolik urushlari tufayli ayrim davlatlar gumanitar falokat vaziyatiga kelib qoldi. Bunga Suriya, Iroq, Liviya, Somali,  Afg‘oniston,  Janubiy Sudan va boshqa davlatlarni misol tariqasida keltirilishi mumkin.

Shuningdek,  sust rivojlangan mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy qoloqligi va qashshoqligi ham muhim muammolardan hisoblanadi. Hozirgi  kunda  dunyoda  1,2 milliardgacha  kishi  ocharchilikka  duch  kelmoqda, 1,7 milliarddan  ortiq aholining o‘rtacha  umr ko‘rishi  60 yoshga  etmaydi,  1,5  milliard  odamlarning  tibbiy xizmatlardan  foydalanish imkoniyati  umuman  yo‘q,  1 milliarddan  ortiq  odamlar o‘ta kambag‘al turmush kechirmoqda, 200 milliondan ortiq bola maktab ta’limini ololmayapti, jahonda  800  milliondan  ziyod  kishi  butunlay  savodsiz,  ya’ni yozish  va o‘qishni bilmaydi.  Eng og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat BMT tomonidan eng sust rivojlangan (eng qoloq) mamlakatlar guruhiga kiritilgan davlatlarda kuzatiladi. Bu ro‘yxat dastlab 1971-yilda tuzilib, unga 24 davlat kiritilgan edi. 2014 yil holatiga ko‘ra, unda 48 ta davlat qayd qilingan.
 
Bulardan  34 tasi Afrikada, 9  tasi  Osiyoda,  4  tasi  Okeaniyada va  1 tasi (Gaiti) Lotin Amerikasida joylashgan. Bu toifadagi  mamlakatlarda jahon aholisining 11 foizdan ortig‘i yashaydi. 

Hozirgi  kunda  oziq-ovqat muammosi  ham  ko‘plab  rivojlanayotgan mamlakatlar uchun  dolzarb  hisoblanadi. Bu  muammoning  mohiyati dunyoda jami 1,2 milliardga yaqin odamlar yetarli darajada ozuqa moddalarni iste’mol qila olmayotganligi, u  yoki bu  darajada ocharchilikka duch kelganidan iborat. Aholisi eng yuqori sur’atlar bilan ko‘payotgan, Afrika mamlakatlarida  bu  muammo eng  keskin  darajada  ro‘y  bermoqda.  Jumladan,  Somali, Janubiy  Sudan,  Chad  va  boshqa  mamlakatlarda ocharchilik umummilliy  gumanitar  falokat  darajasiga  yetdi. Shuningdek,  Janubiy va Janubi-sharqiy  Osiyo  hamda  Lotin  Amerikasining ayrim mamlakatlarida ham bir necha million kishi ocharchilik sharoitida yashamoqda.  Oziq-ovqat muammosining yechimiga, asosan, qishloq xo‘jaligidagi  texnika  va  texnologiyalarni  tubdan  takomillashtirish, bu sohada mehnat unumdorligini oshirish yo‘llari bilan erishish mumkin.

Energetika muammosi ham dolzarb global muammolaridan biri bo‘lib, uning mohiyati jahon energetika balansining aksariyat qismi tugaydigan energiya  manbalariga  to‘g‘ri kelishi  bilan  tavsifl anadi.  Ya’ni,  mineral yoqilg‘i resurslari  (neft,  tabiiy  gaz, ko‘mir,  slanes,  torf)  zaxiralarining kamayishi yoki ularni qazib olish tannarxining ancha  ko‘tarilishi, aholi va ishlab  chiqarishning  energiyaga  bo‘lgan ehtiyojlari orasidagi tafovut bilan  bog‘liq muammoni  yuzaga  keltiradi.  Bu  muammoning yechimi, ko‘pchilik mutaxassislar fikricha, asosan ikkita yo‘nalishdagi harakatlar bilan bog‘liq: energiyani tejaydigan texnologiyalarning amaliyotga keng joriy  etilishi hamda quyosh  energiyasi,  shamol,  qalqishlar,  geotermal energiya,  bioyoqilg‘i singari noan’anaviy  (muqobil) energiya  manbalaridan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tish. 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash