loading...

Balandlik mintaqalanishi qonuniyati 

13908

Sizga  ma’lumki,  o‘lkamizdagi  baland  tog‘larning  tepalaridagi  qorlar  jazirama yoz oylarida ham erimaydi. O‘quvchilar dam olish uchun tog‘  yonbag‘irlaridagi  so‘lim  oromgohlarga  boradilar.  Xo‘sh,  bularga  sabab  nima?  Buning  sababi  tekislikdan  tog‘larga  tomon  balandlik  ortib  borgani  sari tabiiy  sharoitning  o‘zgarib  borishidir. Ya’ni  tog‘  yonbag‘irlarida yuqoriga ko‘tarilgan sayin havo haroratining pasayib borishi, namlikning  ortib  borishi,  shunga  bog‘liq  holda  o‘simliklarning  turli-tuman  bo‘lishi,  tabiiy sharoitning so‘lim va xushmanzara,  musaffo  bo‘lib  borishidir.  Tabiiy  sharoitning  bunday  o‘zgarib  borishiga  balandlik  mintaqalanishi qonuniyati sabab bo‘ladi.

Balandlik mintaqalanishi –  tog‘larning  etagidan suvayirg‘ich  tomon  tabiatning  qonuniy  o‘zgarib  borishi.  Balandlik  mintaqalari  tekisliklardagi tabiat zonalariga o‘xshash, lekin aynan o‘zi emas. Ularning shakllanishiga  yuqoriga  ko‘tarilgan  sari  havo  harorati  va  bosimining  pasayishi,  quyosh  radiatsiyasining  kuchayishi,  suv  bug‘lari  kondensatsiyasi  sharoitining  o‘zgarishi sabab bo‘ladi. Yog‘inlar  ma’lum balandlikkacha  ko‘payib, so‘ng kamayadi. Shunga bog‘liq holda tuproqlar, o‘simlik va  hayvonot olami, umuman, geotizimlar o‘zgarib boradi.  

Balandlikka ko‘tarilgan sari o‘simliklarning, tabiiy sharoitning o‘zgarib  borishi  haqidagi  ma’lumotlar  Zahiriddin  Muhammad  Boburning  "Boburnoma”  asarida  Movarounnahr, Afg‘oniston  tog‘larining  ta’rif da  kelti riladi. Lekin balandlik mintaqalanishi qonuniyatini ilk bor A.Gumboldt Alp va And tog‘larida o‘rganib, ilmiy asoslab bergan.
 
Tekislikdagi  tabiat  zonalari  ekvatordan  qutblarga  tomon  birin-ketin  almashinib borgani kabi balandlik mintaqalari ham tog‘larning etagidan  suvayirg‘ich  tomon  almashinib  boradi.  Biroq  tog‘larda  balandlik  mintaqalari ularga nisbatan tezroq aemashinadi, ayrim balandlik mintaqalarining o‘xshashi bo‘lgan tabiat zonalari tekisliklarda mavjud emas. Masalan, tog‘larda subalp va alp o‘tloqlari mintaqasi mavjud, tekisliklarda  esa bunday tabiat zonasi yo‘q.

Balandlik mintaqalarining soni va tuzilishi tog‘larning  balandligiga,  qaysi  iqlim  mintaqasida  (shuningdek,  iqlim  o‘lkasida)  joylashganiga,  yo‘nalishiga,  havo  massalariga  nisbatan  joylashishiga  bog‘liq.  Tog‘lar  qanchalik baland bo‘lsa va quyi kengliklarda (ekvatorga yaqin) joylashgan  bo‘lsa  shunchalik  ko‘p  balandlik  mintaqalari yuzaga keladi.  Iqlim o‘lkalari  ham  balandlik  mintaqalariga  sezilarli  ta’sir  ko‘rsatadi.  Kontinental  iqlim  o‘lkasida  joylashgan  tog‘larda  tog‘  cho‘l  va  chalacho‘l  min taqalari  katta  maydonni  egallaydi.  Qor  chizig‘i  dengiz  iqlim  mintaqasida  joylashgan tog‘larga nisbatan  700–1000  m  balandroqdan  o‘tadi.  Dengiz iqlim  o‘lkasida  joylashgan  tog‘larda  esa  tog‘–o‘rmon  mintaqasi keng tarqalgan, qor chizig‘i ancha pastdan o‘tadi.

Balandlik  mintaqalanishi  tog‘larning  relyef  xususiyatlariga  ham  bog‘liq.  Ayniqsa,  yonbag‘irlar  ekspozitsiyasi  muhim  ahamiyatga  ega.  janubiy va shimoliy, havo massalariga ro‘para va teskari yonbag‘irlarda,  balandlik mintaqalari turlicha bo‘ladi. Masalan, O‘zbekistondagi tog‘larda  janubiy  yonbag‘irda adir  (tog‘ quruq  dasht)  mintaqasi  bo‘lsa,  ayni  shu  balandlikdagi  shimoliy  yonbag‘irda  esa  tog‘  (tog‘–o‘rmon–dasht)  balandlik mintaqasi shakllanganini ko‘rish mumkin.

Yonbag‘ir ekspozitsiyasi  –  tog‘  va  tepalik yonbag‘irlarining  ufq  tomonlariga, quyosh nurlari tushadigan tomonga nisbatan joylashuvi. Masalan, yonbag‘ir janubga qaragan bo‘lsa janubiy ekspozitsiya bo‘ladi.

Balandlik  mintaqalanishi  kenglik  zonalligi  (tabiat  zonalari)  bilan  chambarchas  bog‘liq.  Balandlik  mintaqasi  tog‘ning  etagi  qaysi  tabiat  zonasida joylashgan bo‘lsa o‘sha tabiat zonasidan boshlanadi. Masalan,  O‘zbekiston  mo‘tadil  mintaqa  cho‘l  tabiat  zonasida  joylashgani  uchun  tog‘larning aksariyatida  birinchi  balandlik  mintaqasi  cho‘l  hisoblanadi.  So‘ngra adir (tog‘ cho‘l-dasht va quruq dasht), tog‘ (tog‘-o‘rmon), yaylov  (tog‘-dasht  va  tog‘  o‘tloq  dasht)  va  nihoyat  glyatsial-nival  (muz- qor, sovuq) balandlik min taqalari almashinib keladi.

O‘zbekiston  tog‘larida  o‘simliklarning  balandlik  mintaqalanishini  K.Z.Zokirov o‘rganib, to‘rtta balandlik mintaqasini ajratgan va mahalliy  atamalardan foydalanib  quyidagicha nomlaydi: cho‘l, adir, tog‘, yaylov. Cho‘l balandlik mintaqasi Respublikamizning mutlaq balandligi 400-500  m gacha bo‘lgan hududlarini o‘z ichiga oladi. Adir balandlik mintaqasi  dengiz sathidan 400–500  m  dan 1000–1200  m  gacha,  respublika  janubida  janubiy ekspozitsiyada 1600 m gacha  bo‘lgan  tog‘ oldi hududlarini o‘z ichiga oladi.  Tog‘ balandlik mintaqasi tog‘larning 1000–1200 m,  ayrim joylarda 1600 m dan 2700–2800 m gacha bo‘lgan balandliklarini,  yaylov balandlik mintaqasi esa 2700–2800 m dan boshlanib, doimiy qor  va  muzlargacha,  ya’ni  qor  chizig‘igacha  davom  etadi.  K.Z.Zokirov  doimiy  qor  va  muzliklarni alohida  mintaqa sifatida ajratmaydi.  Sababi,  u yerlarda o‘simliklar o‘smaydi. O‘simliklar tarqalishi qor chizig‘i bilan chegaralanadi.  Shuning  uchun qor chizig‘idan baland  yerlarni  glyatsialnival  zonasiga  birlashtiradi.  Bu  mintaqa  Piskom  daryo  havzasida  3600  m, Qashqadaryo havzasida 3820 m, To‘polongdaryo havzasida  3860 m,  Sangardak havzasida 3850 m balandlikdan boshlanadi.

Qor chizig‘i – tog‘lardagi shunday chegaraki, undan balandda qor yil  bo‘yi erimay turadi. Qor chizig‘ining balandligi joyning geograf k o‘rni- ga, iqlimi, yog‘in miqdori, yonbag‘ir ekspozitsiyasiga bog‘liq.  Qanchalik havo harorati past va yog‘inlar ko‘p bo‘lsa, shunchalik qor chizig‘i  pastda  joylashadi.  Qutbiy  kengliklarda  u  dengiz  sathidan  o‘tadi.  Qut- biy  kengliklardan  tropiklargacha  qor  chizig‘ining  balandligi  ko‘tarilib  boradi.  Frans-Iosif  Yerida  50–100  m,  Shpitsbergen  arxipelagida  400– 450 m, Kavkazda 2700–3800 m balandlikdan o‘tadi. Uning eng baland  joylashishi  tropiklarga  to‘g‘ri  kelib  5800–6000  m  balandlikdan  o‘tadi.  Tropiklarda  bunday balandlikdan  o‘tishiga sabab  haroratning yuqoriligi  va  yog‘inlarning  juda  kamligidir.  Ekvatorda  esa  qor  chizig‘ining  balandligi  4500  m  gacha  pasayadi.  Bunga  sabab  yog‘inlarning  ko‘pligi,  haroratning biroz pastligidir.

Qor  chizig‘ining  balandligi  faqatgina  qutblardan  ekvatorga  tomon  emas,  dengiz  va  okeanlardan  materik  ichkarisiga  tomon,  ya’ni  uzoqlik bo‘yicha ham ko‘tarilib boradi. Mo‘tadil mintaqada qor chizig‘ining  chegarasi  g‘arbiy  okeanbo‘yidagi  dengiz  iqlim  o‘lkasidan  materik  ichkarisidagi  keskin  kontinetal  iqlim  o‘lkasiga  tomon  ko‘tarilib  boradi.  Masalan,  Alpda  qor  chizig‘i  1000–1300  m,  G‘arbiy  Kavkazda  2700  m,  Tyanshanning  Xontangri  qismida  4200  m  balandlikda  joylashgan.  Bunga sabab, dengiz iqlim o‘lkasida yog‘inlar ko‘p, yoz salqin. Keskin  kontinental iqlim o‘lkasida esa,  aksincha, yog‘inlar kam, yoz esa issiq  va quyoshli, uzoq davom etadi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash