loading...

Yerning ichki tuzilishi va tektonik jarayonlar 

20968

Yer po‘sti – Yerning eng yuzada joylashgan qattiq qobig‘i. Qalinligi  o‘rtacha  35–40  km.  Moddalarning  o‘rtacha  zichligi  2,7  g/sm3,  Yer  hajmining  1 % ini,  massasining  0,4  %  ini  tashkil  etadi.  Mantiyadan  Moxo chegarasi  orqali  ajralib  turadi.  Yer  po‘sti  kimyoviy  elementlar,  minerallar,  tog‘  jinslaridan  iborat.  Eng  ko‘p  tarqalgan  kimyoviy elementlar kislorod, kremniy, aluminiydir.

Materik va okeanlar tabiiy geografiyasi kursida  yer  po‘sti  materik  va  okean  yer  po‘stiga  bo‘linadi,  deb o‘qigansiz. Endi  esa, ularga  qo‘shimcha  holda  oraliq  va riftogen yer po‘stlari ham ajratilishini bilib olasiz. Sizga ma’lumki, materik yer po‘sti 3 ta, ya’ni cho‘kindi, granit va bazalt qatlamlaridan  tuzilgan. Bunday qatlamlarni  ajratish  shartlidir.  Cho‘kindi  qatlam  eng  yuzada  joylashgan bo‘lib, qalinligi  15–20  km  gacha,  ohaktosh, qum, gil va boshqalardan iborat.  Granit va bazalt qatlamlar har birining qalinligi 10–15 kmni tashkil etadi.

Okean yer po‘sti  okean  tubiga  to‘g‘ri  keladi.  Qalinligi  5–10  km  bo‘lib, cho‘kindili va bazaltli  qatlamlardan tuzilgan.

Oraliq yer po‘sti o‘rtacha qalinligi 15–30 km, 3 qismdan  iborat:  chekka  dengiz  soyligi,  orollar  yoyi  va  chuqur  cho‘kmalar.  Dengiz  soyligi  va  chuqur  cho‘kmalar  ostida  granit  qatlami  yo‘q,  cho‘kindi  va  bazalt qatlamlardan iborat.  Granit  qatlam faqatgina orollar  yoyida  paydo bo‘ladi. Yevrosiyo materigining sharqiy qirg‘oqlarida, Shimoliy  va Janubiy Amerikaning sharqiy  va g‘arbiy qirg‘oqlarida mavjud.

Riftogen yer po‘sti o‘rta  okean tizmalariga to‘g‘ri keladi. Qalinligi  1,5–2  km  bo‘lib,  2  qatlamli  tuzilgan.  Cho‘kindi  qatlamning  qalinligi  1–2 km, bazalt qatlam rift vodiylarida (yer yoriqlarida) asta-sekin nuraydi va unchalik qalin emas.

Mantiya  –  yer  po‘sti  bilan  yadro  orasidagi  qobiq.  Moddalarning  zichligi  5,7  g/sm3,  Yer  hajmining  83 % ini,  massasining  68  %  ini  tashkil  etadi.  Ikki  qismdan  iborat  bo‘lib,  yuqori mantiya  900  km,  quyi mantiya  esa  2900  km  chuqurlikkacha  davom  etadi.  Harorat  2000°  C, yadro bilan chegarasida esa 3800° C  ga yetadi.

Yadro – Yerning eng  chuqur, ichki qismi. Moddalarning  zichligi  16  g/sm 3  gacha  yetadi.  Yer  hajmining  16  %  ini,  massasining  31% ini  tashkil etadi. U ham ikki qismdan iborat bo‘lib, tashqi yadro 5100 km  chuqurlikkacha,  ichki yadro  Yer  markazigacha  davom  etadi.  Harorat  4000° C dan ortiq.

Litosfera  – Yerning  qattiq tosh qobig‘i  bo‘lib, Yer  po‘sti va yuqori  mantiyaning bir qismini o‘z ichiga  oladi hamda  astenosfera qatlamigacha davom etib, qalinligi 150–200 km ni tashkil etadi. Litosfera yaxlit  bo‘lmay,  chuqur  yer yoriqlari  bilan yirik  bo‘laklar  –  litosfera plitalariga  bo‘lingan. Ular astenosfera  ustida  yiliga 5–10 sm  tezlikda gorizontal  yo‘nalishda  siljiydi.  Litosfera  plitalari 13  ta  bo‘lib,  ularning nomi,  siljish  yo‘nalishlari  va  tezligi  haqidagi  ma’lumotlarni  6-sinf  atlasidagi  "Yer po‘stining tuzilishi” xaritasidan bilib olishingiz mumkin.

Litosfera  plitalari  to‘qnashgan  joylarda  tez-tez  vulqon  va  zilzilalar  sodir  bo‘ladi. Bunday mintaqalar seysmik  mintaqalar  deb  ataladi. Yer  yuzasida ikkita muhim seysmik mintaqa mavjud: 1) Tinch okean "olovli”  halqasi;  2) Alp–Himolay  seysmik  mintaqasi. Tinch  okean "olovli” halqasi Tinch okeani qirg‘oqlari va unga tutash orollarni qamrab oladi. Alp–Himolay seysmik mintaqasi Atlantika okeani sohillaridan boshlanib,  Pireney  yarimoroli, Himolay tog‘lari  orqali o‘tib, Tinch okeani sohillarigacha  bo‘lgan  hududlarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston  Alp– Himolay seysmik mintaqasida joylashgan. Shu sababli mamlakatimizda ayrim yillari kuchli zilzilalar sodir bo‘lib turadi.

Zilzila – yer po‘stining  ichki qismida ro‘y  beradigan uzilish,  sinish,  siljish kabi jarayonlar ta’sirida sodir bo‘ladigan silkinishlar. Sabablariga  qarab: tektonik, vulqon va o‘pirilish zilzilalariga bo‘linadi. Zilzila kuchi  10 yoki 12 balli seysmik shkala yordamida aniqlanadi. Respublikamizda 12 balli seysmik shkaladan foydalaniladi.

Vulqonlar – yer po‘stida  sodir bo‘ladigan  tektonik harakatlar natijasida paydo bo‘lgan yoriqlar orqali lava, issiq gaz, suv bug‘lari va boshqa  jinslar chiqib turishidan hosil bo‘lgan konussimon qalqonsimon, gumbazsimon tog‘lar va tepalar. Vulqon og‘zi – krater, tagi – magma o‘chog‘i,  mo‘riga  o‘xshash  tik o‘rta qismi  –  vulqon kanali  deb  ataladi.  Vulqon  krateridan otilib chiqadigan lavaning harorati 1500° C gacha yetadi. Vulqonlar shartli ravishda so‘ngan va harakatdagi vulqonlarga bo‘linadi. Hozirgi paytda sayyoramizda 800 dan ortiq harakatdagi vulqonlar mavjud.

Bundan  tashqari, Yerning ichki kuchlari ta’sirida geyzerlar va issiq buloqlar otilishi,  yer yuzasi bir qismining  asta  cho‘kishi va boshqa  qismining  esa  ko‘tarilishi  ham  sodir bo‘lib turadi. Geyzerlar va issiq  buloqlar, asosan, vulqonlar tarqalgan  mintaqalarda uchraydi.  Ulardan  binolarni  isitishda  hamda elektr energiyasi olishda  foydalaniladi. Bunday ishlar Islandiya, Yaponiya, Italiya, Rossiya va Yangi  Zelandiya  davlatlarida yo‘lga qo‘yilgan.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash