loading...

Yer yuzi tabiati rivojlanishining fazoviy omillari 

11236

Yer boshqa osmon jismlari kabi koinotning bir qismidir. Koinot Yerni o‘rab turgan  mavjud  moddiy  borliq.  Koinot makonda cheksiz-chegarasiz  va  zamonda  abadiydir.  Koinotda  osmon  jismlari  tuzilishi turli  xil bo‘lgan tizimlarni hosil  qiladi.  Shulardan  biri  Quyosh sistemasidir. Quyosh atrof dagi  sayyoralar, yo‘ldoshlar,  asteroidlar,  kometalar  bilan  bir  tizim  bo‘lib galaktikamiz Somon yo‘li markazi  atrof  da  aylanma  harakat qiladi. Somon yo‘li galaktikasi haqidagi ma’lumotlar astronomi- ya darsligidan Sizga ma’lum.

Quyosh  sistemasidan galaktika markazigacha bo‘lgan masofa 23–28 ming yorug‘lik  yiliga  teng. Quyosh galaktikaning  chekkaroq qismida joylashgan.  Bu  holat  Yer  uchun  juda  qulay: u Galaktikaning  nisbatan tinch  qismida  joylashgan  va  paydo  bo‘lganidan  buyon  fazoviy  halokatlarga uchramasdan  rivojlanib  kelmoqda.  Quyosh  sistemasi  Galaktika  markazi  atrofida  200–220 km/s tezlik  bilan  harakatlanib,  180–220  mln  yilda  bir  marta  aylanib chiqadi. Yerdagi 200 mln yil – tektonik siklning  davomiyligi  hisoblanadi. Bu Yer hayotida tektonik  hodisalarning  ma’lum  ketma-ketligi  bilan  tavsifl anadigan muhim davr. Sikl  boshida  Yer po‘stining cho‘kishi, qalin cho‘kindi qatlamning to‘planishi, suv osti vulqonlarining otilishi ro‘y beradi. Keyin, tektonik jarayonlar kuchayadi,  tog‘lar vujudga keladi, materiklarning tashqi ko‘rinishi, qiyofasi o‘zgaradi. Bu esa, o‘z navbatida, Yer tabiatining o‘zgarishiga olib keladi.

Quyosh – Yerga eng yaqin yulduz bo‘lib, diametri 1,39 mln km, o‘ta qizigan,  yorug‘lik  va  issiqlik  taratib  turadigan,  gazlardan  iborat  sharsimon osmon jismidir. Unda Quyosh sistemasining 99 % dan ortiq  massasi to‘plangan. Shuning uchun u atrof dagi osmon jismlarini tortish  kuchi hisobiga ushlab turadi va sayyoralarning deyarli bir xil tekislikda  harakatlanishini ta’minlaydi.

Quyosh sistemasi – Quyosh, 8 ta sayyora, 160 dan ortiq yo‘ldosh,  40000 dan ortiq asteroid va 1 mln ga yaqin kometadan iborat. Ushbu osmon jismlarining barchasi Yer tabiatiga ta’sir ko‘rsatadi. Ammo, eng  kuchli ta’sir Quyosh, so‘ngra Oy tomonidan bo‘ladi.

Quyoshdan tarqaladigan issiqlikning milliarddan ikki qismi Yerga yetib  keladi. Bu miqdor Yer uchun xos bo‘lgan issiqlik sharoitini  ta’minlaydi.  Quyoshdan  keladigan  radiatsiya Yer yuzasidagi  issiqlikning  asosiy  manbayi bo‘lib, quruqlikda, Dunyo okeanida, atmosfera va tirik organizmlarda ro‘y beradigan jarayonlarni vujudga keltiruvchi asosiy kuchdir.

Quyoshdan Yerga yorug‘lik va issiqlikdan tashqari elektr zaryadli har  xil  zarralar  uzatiladi. Koinotning  uzoq  qismidan  Yer  atmosferasi ning  yuqori  qatlamlariga  ko‘rinmas va juda katta energiyaga ega bo‘lgan  kosmik nurlar kelib turadi. Bu zarralar va nurlar ta’sirida Yerdagi ko‘p hodisalar, jumladan, qutb yog‘dusi, magnit bo‘ronlari,  havoning ionlashishi, atmosferadagi ba’zi gazlarning molekula holatidan atom holatiga  o‘tishi kabilar vujudga keladi.

Oy – Yerning  tabiiy  yo‘ldoshi  va  unga  eng  yaqin  osmon  jismi.  Yerdan  384  ming  km  masofada  joylashgan.  Radiusi  1738  km,  o‘rtacha zichligi 3,34  g/sm/kub. Massasi Yer  massasidan 81 marta kichik. Yer  atrof da ellips orbita bo‘ylab 27,32 sutkada aylanib chiqadi. Oy sovuq osmon jismi, o‘zidan issiqlik va yorug‘lik chiqarmaydi. Quyoshdan kelgan nurni qaytargani uchun bizga yorug‘ bo‘lib ko‘rinadi.  

Quyosh  va  Oyning  tortishi  tufayli  Yerning  shakli  davriy  ravishda  o‘zgarib  turadi.  Natijada  Dunyo  okeani, atmosfera va Yer  po‘stida  ritmli  ravishda  qalqish  hodisasi  ro‘y  beradi.  Dunyo  okeanida  ko‘tarilgan  qalqish  hodisasi  Yerning  o‘z  o‘qi  atrof da  aylanishiga  teskari  yo‘nalishda  harakat  qilib,  Yerning  aylanish  tezligini  kamayishiga  ma’lum  miqdorda  sabab  bo‘ladi.  Oy,  Quyosh  va  boshqa  osmon  jismlarining  tortishi  tufayli Yerning  aylanishi  sekinlashadi,  oqibatda Yerning  qutbiy  siqiqligi kamayib, sharga yaqinlashib  boradi. Natijada litosfera plitalari harakati  va  Yer  po‘stidagi  yoriqlar,  tektonik  harakatlar  o‘zgaradi.  Shuningdek,  Koriolis  kuchi  kamayadi  va,  natijada  havo  massalari,  shamollar  va  okean  suvlari  harakati,  iqlim  o‘zgaradi.  Bularning  bari Yer  yuzida tabiiy  sharoit  va  resurslarning  o‘zgarishiga,  o‘z  navbatida,  inson xo‘jalik faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi.
 

Yer  –  Quyosh  sistemasidagi sayyoralardan  biri  bo‘lib, uning  shakli,  o‘lchamlari, zichligi,  moddalar tarkibi, tuzilishi va  harakatlari  koinotda  joylashgan o‘rniga bog‘liq. Uning shaklini Siz quyi sinfl  arda sharsimon  deb o‘qigansiz. Bu  to‘g‘ri, lekin,  aslida, uning  shakli  geoid.  Yer  hech  bir  geometrik  shaklga  yoki  jismga  o‘xshamaydi.  Yer  yuzasida  geodezik-kartografik ishlarda  geoidni  o‘lchash va hisoblash  qiyin  bo‘lgani  uchun,  o‘lchash,  hisoblash  va  tasvirlash oson  bo‘lgan  shar  yoki  ellips  shaklida deb qabul qilinadi.

Quyidagi jadvalda  keltirilgan  ma’lumotlardan  Yerning  shakli  va  o‘lchamlari haqida aniq tasavvur hosil qilish mumkin. 

Yerning shakli  va o‘lchamlarining geografik ahamiyati quyidagilarda  namoyon bo‘ladi:
  • Yerning sharsimon shakli  quyosh nurlari tushish burchagining  ekvatordan qutblarga tomon qonuniyatli o‘zgarib borishiga sabab bo‘ladi.  Bu esa geografik zonallik qonuniyatini yuzaga keltirgan; 
  • Yerning  sharsimon  shakli  moddalarni  bir  joyga  to‘playdi  va  quyuqlashtiradi. Natijada moddalar siqiladi va zichlashadi,  ichki qismida  turli  zichlikka  ega  qobiqlar  hosil  bo‘ladi. Yerning  qobiqli tuzilishi  uning asosiy xususiyatidir; 
  • Yer  yuzasi,  jumladan,  geografik  qobiqning  dumaloq  (sharsimon)  shakldaligi makonning bir butun va cheksizligini ta’minlaydi; 
  • Yerning haqiqiy shakli – geoidning shardan og‘ishi Yer ichidagi moddalarining muvozanatga intilishi tufayli yer po‘stida ko‘tarilishlar va  cho‘kishlar, yer yoriqlari  yuzaga kelishiga, oqibatda relyefning  o‘zgarishiga  sabab  bo‘ladi.  Relyef  va  tektonik  harakatlar  geografik  qobiqda  azonallik  qonuniyatini  yuzaga  keltiruvchi  omillardir.  Zonallik  va  azonallik  qo nuniyatlarining  bir  joyda  va  bir paytda namoyon bo‘lishi Yer yuzi tabiatining turli-tuman bo‘lishini  keltirib chiqargan;
  • Yer  zichligi  va  massasining  kattaligi  uning  tortish  kuchi  katta  bo‘lishini,  bu  esa  o‘z  atrofida  havo  va  suvni  ushlab  turishini  ta’minlagan.  Yer  yuzasidagi atmosfera bosimining  mavjudligi  suvning  suyuq  holda  bo‘lishiga  imkon  beradi,  aks  holda  suv  bug‘lanib  ketgan  bo‘lar  edi. Yerda ma’lum bir doimiy issiqlik sharoitini ushlab turishda atmosfera  va  gidrosferaning  ahamiyati  katta.  Atmosfera  Quyoshdan  kelayotgan zararli elektromagnit nurlarni ushlab qoladi. Dunyo okeani esa juda  katta issiqlik manbayidir.
Yer  sayyorasi  bir  vaqtning  o‘zida  bir  qancha  harakatlarni amalga  o shiradi.  Ulardan  Yer  tabiati va  odamlar  hayoti uchun eng  ko‘p  ta’sir  ko‘rsatadiganlari Yerning  Quyosh atrof da, o‘z o‘qi atrof da va Yer–Oy  umumiy og‘irlik markazi atrof  da aylanishidir.

Yer Quyosh atrofida soat miliga teskari yo‘nalishda o‘rtacha 29,8 km/sekund tezlik  bilan   934 mln  km bo‘lgan orbitani 365 sutka  6 soatda  to‘la bir marta aylanib  chiqadi. Yer  orbitasi (Quyosh atrof da ayla nish  yo‘li) ellips shaklda. Shuning uchun Quyosh bilan Yer orasidagi masofa doim  o‘zgarib  turadi. Yer orbitasining  Quyoshga eng  yaqin  nuqtasi  – perigeliy deyiladi. Bu nuqtada Yer va Quyosh orasidagi masofa 147  mln km ga teng. Yer orbitasining Quyoshdan eng uzoq nuqtasi esa afeliy deyilib, Yer bilan Quyosh  o‘rtasidagi  masofa  152  mln km  bo‘ladi.  Shuning  uchun  Yer  orbita  bo‘ylab  turli tezlikda  harakat  qiladi,  ya’ni  perigeliyda eng tez (30,3  km/sekund),  afeliyda eng sekin  (29,3  km/ sekund)  aylanadi. Buning oqibatida  Quyosh Shimoliy yarimsharga 186  kun, Janubiy yarimsharga esa 179 kun nur sochadi. Lekin bu Yerga keladigan issiqlikning miqdoriga ta’sir qilmaydi. Yer orbitasining aylanaga  yaqin ellipsligi tufayli Yerga keladigan issiqlikning miqdori o‘zgarmaydi, ya’ni doimiydir. Shu sababli Yer yuzida doimiy issiq sharoit yuzaga  kelgan.

Yerning Quyosh atrofida  aylanishining geografik oqibatlari: yil fasllari hosil bo‘ladi,  kun va tun davomiyligi  o‘zgaradi,  Quyosh  turishi  nuqtalari  (22-iyun, 22-dekabr)  hamda bahorgi va kuzgi  tengkunliklar (21-mart, 23-sentyabr)  bo‘ladi,  Quyosh Shimoliy yarimsharga 1  hafta ko‘proq nur sochadi, yorug‘lik  mintaqalari hosil bo‘ladi,  doimiy  issiqlik  sharoit qaror topadi, musson shamollari  paydo  bo‘ladi,  umuman,  geograf k qobiqda yillik ritmiklik qonuniyati yuzaga keladi.

Yer o‘z o‘qi atrof da aylanganda  aylanish o‘qi orbita tekisligiga nisbatan  66,5°  burchak hosil  qiladi. Yer aylanishi ning  burchak  tezligi 1 soatda 15°,  ya’ni Yer  yuzidagi har qanday nuqta (qutblardan tashqari) 1 soatda 15° ga buriladi. Lekin sekundiga masofa hisobidagi tezlik har xil kenglikda turlicha. Ekvatordan qutblarga tomon kamayib boradi. Ekvatorda eng katta bo‘lib, sekundiga 455 m, qutblarda esa 0 m ga teng.

Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishining geografik oqibatlari: sutka qaror topadi, kun va tun almashinadi, geografik qobiqda sutkalik ritmiklik ro‘y beradi, Koriolis kuchi hosil bo‘ladi, geografik qutblar vujudga keladi, turli meridianlarda mahalliy vaqt har xil bo‘ladi.

Koriolis kuchi Yer aylanishining buruvchi kuchi bo‘lib, uning ta’sirida gorizontal harakat  qilayotgan hamma jismlar o‘z  yo‘nalishidan Shimoliy yarimsharda o‘ngga, Janubiy  yarimsharda  chapga  og‘adi. Uning ta’sirida havo massalari, siklonlar va antisiklonlar, shamollar, dengiz oqimlari o‘z yo‘nalishini o‘zgartiradi, daryo suvlari Shimoliy yarimsharda ko‘proq  o‘ng qirg‘og‘ini, Janubiy yarimsharda chap qirg‘og‘ini yemiradi.

Yer Oy bilan birgalikda umumiy  og‘irlik  markazi  atrofida aylanadi. Yer–Oy  umumiy  og‘irlik markazi Yerning  ichki  qismida,  uning  markazidan radiusining ѕ qismi masofada joylashgan. Yerning Yer–Oy  umumiy  og‘irlik  markazi  atrof da  aylanishi,  Oyning tortishi oqibatida  qalqish  hodisasi,  ya’ni  Yerdagi  hamma  jismlar  Oyga  tomon tortilishi ro‘y beradi. Bu, ayniqsa, Dunyo okeanida yaqqol seziladi. Shuningdek,  Oyning  tortishi oqibatida  Yerning  o‘z  o‘qi  atrof da  aylanishi  sekinlashadi. Qalqish hodisasi va Yer aylanishi sekinlashishining Yer tabiatiga  ta’siri haqida yuqorida aytib o‘tilgan.

Umuman,  yuqorida  aytilganidek,  Yerning  Koinotdagi  o‘rni,  unga  osmon  jismlarining  ta’siri,  uning  shakli  va  o‘lchamlari  Yerda  hayotning  paydo bo‘lishini,  tirik organizmlar uchun qulay muhitni va eng asosiysi,  odamning  paydo  bo‘lishi  va  jamiyatning  barqaror  rivojlanishini  ta’minlagan. Bugungi sivilizatsiyani saqlab qolish esa insonning o‘z qo‘lidadir.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash