Imtihonda hayajonlanganda nima qilish kerak? Abituriyentlarga zarur maslahat
Katta ishlar oldidan hayajonlanish hammamizga tanish tuyg`u. Yoshlarimiz
ana shunday katta hayajon bo’sag`asida turibdi. Test sinovi oldidan ko’p
yoshlarni kuchli hayajon bosadi, ularga qo’rquv va ikkilanish ba’zan xalal
berishi mumkin. Bunda o’z-o’zidan mutaxassis maslahati va yo’l-yo’riqlariga
muhtoj bo’lamiz. Psixolog Nargiza G`ULOMOVAning tavsiyalari bu borada
abituriyentlarga asqatishi aniq.
Amal qilish zarur
— Hayajonning
asosiy sababi sinov yoki savollardan bexabarlik va tayyorgarlikning
yo’qligidir, — deydi psixolog. — Uni yengishning esa bir necha qoidalari
mavjud. Xususan:
Puxta
tayyorgarlik — muvaffaqiyat garovi. Shuning uchun qaysi fandan imtihon
topshirmoqchi bo’lsangiz, mavzularni yaxshilab o’qing. O’z kuchiga, bilimiga
ishonch hayajon va qo’rquvni bartaraf etadi. Atrofdagi gap-so’zlarga umuman
ahamiyat bermang.
O’ziga ishonch —
katta kuch. Bu qobiliyatni mehnatingiz bilan yanada rivojlantirgan bo’lsangiz,
bilingki, g`alaba siz tarafda.
Sinov oldidan
to’yib uxlab oling. Toza havoda sayr qilish ham juda foydali. Bu organizmning
ruhiy va jismoniy holatini yaxshilaydi.
Iste’mol
qilayotgan mahsulotlaringiz uglevod va oqsillarga boy bo’lishi kerak. Ko’proq
tvorog, sabzavotli sho’rva, baliq, tovuq go’shti, tuxum iste’mol qilish
foydali. Ular sizga tetiklik va kuch bag`ishlaydi. Bu
vaqtda turli donli mahsulotlardan tayyorlangan bo’tqalar ham foydali. Imtihon
oldidan shokolad bo’lakchasini iste’mol qilishni unutmang. U antidepressant
bo’lib, miyaning faol ishlashida yordam beradi.
Bu ham muhim!
Qulay kiyinish
juda muhim. Imtihon kuni tanangizda erkin turuvchi, tabiiy matodan tikilgan
kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi. Tor, juda kalta, ochiq-sochiq, sintetik
matoli, to’q rangli kiyimlardan voz kechgan ma’qul. Qulay oyoq kiyim
tanlashga ham ahamiyat bering.
Imtihondan bir
kun oldin umuman kitob o’qimang, dars tayyorlamang. Bundan foyda yo’q. Undan
ko’ra, toza havoda sayr qiling, sevimli mashg`ulotlaringiz bilan shug`ullaning.
Bu xotiradagi ma’lumotlarning yaxshi saqlanishiga yordam beradi.
Ayrim
abituriyentlar kunduzi dam olib, kechasi dars tayyorlashni afzal ko’radi. Bu
noto’g`ri usul. Kechki to’laqonli uyqu kunduzgi
ma’lumotlarni miyada yaxshi saqlanishiga yordam beradi. To’yib uxlamaslik
parishonxotirlikka olib keladi.
Og`zaki
imtihonlar oldidan tayyorgarlik ko’ring. Jarayonni tasavvur qiling va biror
bir mavzuda ovoz chiqarib gapiring. Bu nutq ravonligiga, tutilib qolmaslikka
yordam beradi.
Imtihon kuni
hayajoningiz kuchli bo’lsa, nafas mashqini bajarsangiz ham bo’ladi. Bu juda
oddiy: chuqur nafas oling, bir necha soniya nafasni ushlab turing, keyin
asta-sekin chiqaring. Buni bir necha marotaba takrorlang. Keyin bor
diqqatingizni nafasga qarating. Bu mashq miyadagi keraksiz axborotlarni
chiqarib tashlashga yordam beradi.
Imtihondan bir
necha soat oldin musiqa tinglash ham stressni yengib, kayfiyatni ko’tarishga
yordam beradi. Faqat musiqa shovqinlardan xoli, yoqimli, sokin bo’lsin.
O’ylaymizki,
yuqoridagi tavsiyalarimiz sizga imtihonlarda asqatadi. Omad yor bo’lsin!
Feruza FUZAYLOVA yozib oldi.
od-press.uz
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.