Nega «Yetti iqlim” deyiladi?
Iqlim lotincha "klima” ("og`ish”)
so’zidan kelib chiqqan. Bu so’z fanga eramizdan oldingi II asrda yashagan
Gipparx tomonidan kiritilgan. U Yerning odamlar istiqomat qiladigan qismini o’n
ikki bo’lakka ajratgan. Yunon olimi Ptolomey bu miqdorni sakkiztagacha
kamaytirgan. Lekin o’z qalamiga mansub "Geografiya”da iqlimlar nazariyasiga
amal qilmagan. Jo’g`rofiya joylarni mintaqalar va yeparxiyalar bo’yicha
taqsimlagan.
Geografiya iqlimlar nazariyasiga to’la rioya
etgan holda ilk bor Muso al-Xorazmiy ( 780-850-yillar) bayon qilgan. U Kurrai
zaminning ma’mur, tushunarliroq qilib aytganda, insoniyat yashaydigan obod
qismini yetti iqlimga ajratgan. Ptolemeydan farqli o’laroq mintaqalar,
mamlakatlar va ulardagi jug`rofiy hududlarni emas, balki birinchi iqlimdan to
yettinchi iqlimgacha bo’lgan joylarni tavsiflagan. Bu jihatdan uning 836-847-yillar oralig`ida bitilgan "Kitob surat ul-arz” risolasi beqiyos ahamiyatga
ega.
Kitobda quruqlik, suvlik va tog`likdan iborat
2402 ta geografik joy o’rni keltiriladi. Mamlakatlar, shaharlar, buloqlar,
daryolar, ko’llar, dengizlar, tog`lar va orollar iqlimlar bo’yicha
taqsimlanadi. Bu nazariya jo’g`rofiya fanining keyingi rivojiga salmoqli ta’sir
ko’rsatdi. Xususan, Yerning ma’mur qismini iqlim mintaqalari asosida
o’rganishni osonlashtirdi.
Al-Xorazmiy g`oyasini yana bir buyuk
bobokalonimiz – Ahmad al-Farg`oniy ( 798-865 yillar) o’zining "Kitob al-harakat
as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum” ( "Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum
kitobi”- odatda u "Astronomiya asoslari haqidagi kitob” deb ataladi) asarida
davom ettirgan. Uning 9-bobini jo’g`rofiyaga bag`ishlagan. Yetti iqlimning
barchasini ulardagi mamlakatlar, viloyatlar va shaharlar bilan birga
tasvirlagan.
Faqat o’rtadagi farq shundaki, Muso
al-Xorazmiyning "Kitob surat ul-arz”i Ptolomey an’anasiga, Ahmad
al-Farg`oniyning "Kitob al –harakat as-samoviya va javomi’ il an-nujum”iga
hindlar an’anasiga asoslangan. Aniqrog`i, Al-Xorazmiy iqlimlar tavsifini rub’i
ma’murning eng g`arbiy chekkasidan –Afrikaning Atlantika ummoni qirg`og`iga
yaqin orollaridan boshlab, eng sharqiy chekkasigacha, ya’ni Tinch okeanidagi
yapon orollarigacha davom ettiradi. Kenglama yo’nalishida ekvatorial yerlardan
to shimoliy qutbiy yerlargacha bo’lgan hududlar to’g`risida so’z yuritiladi.
Al-Farg`oniy esa, gapni rub’i ma’murning eng sharqiy chetidan boshlaydi.
Risoladagi tartib bo’yicha keyingi besh iqlim tavsifi diqqatga sazovorligi
bilan alohida ajralib turadi. Ularda Markaziy Osiyo hamda bu mintaqaga tutash
yerlarning viloyat-shaharlari batafsil tilga olinadi. Mana, ayrim misollar:
"To’rtinchi iqlim Sharqdan boshlanadi va
Tibetdan, so’ngra Xurosondan o’tadiki, bunda Xo’jand, Usrushona, Farg`ona,
Samarqand, Balx, Buxoro, Hirot, Amuya, Marvarrud, Marv, Saraxs, Tus, Nishopur
shaharlari bor. Undan so’ng Jurjon, Qumis, Tabariston, Demovand, Qazvin,
Daylam, Ray, Isfaxondan o’tadi.
Beshinchi iqlim Sharqda Yajuj mamlakatidan boshlanadi,
so’ng Xurosonning shimolidan o’tadi. Unda Toroz - savdogarlar shahri, Navokat (
Navkat), Xorazm, Isfijob ( Sayram), Turarband ( O’tror-hozirgi Aris) va
Ozarbayjon, Armaniya viloyati, Barda’a ( Barda), Nashava ( Naxichivon)
shaharlari bor.
...Yettinchi iqlim Sharqda Yajuj mamlakatining
shimolidan boshlanadi, so’ng turkiy mamlakatlar ( Markaziy Osiyo)dan, so’ng
Jurjon ( Kaspiy) dengizining shimolidan, so’ng Rum dengizi ( Qora dengiz)ni
kesib saqlablar ( slavyanlar) mamlakatidan o’tadi va Ғarb (Atlantika) dengizida tugaydi”.
Ko’rinib turibdiki, Al-Farg`oniy katta
kenglikdagi o’lkalarni tavsiflash asnosi o’zining asl Vatani – Movarounnahr
shaharlari haqida batafsilroq to’xtalgan. Bundan tashqari, Yajuj mamlakati deb
Sharqdagi afsonaviy yerni emas, balki hozirgi Mo’g`ulistonning sharqi va
Xitoyning shimoli-sharqiga mos keladigan aniq jo’g`rofiy hududni ko’rsatgan.
Abdunabi HAYDAROV,
O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan
jurnalist
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.