loading...

Deflyatsiya 

7633

  Yerlarning ustki hosildor qismini suv va shamol ta’sirida yuvilib yoki uchirib, ko‘chib, yemirilib ketishiga eroziya deyiladi. Eroziya dehqonchilik uchun juda katta zarar keltiruvchi ofat hisoblanadi. Eroziya-lotincha «erozia» degan so‘zdan olingan bo‘lib, «kemirish» yoki «yemirish» degan ma’noni bildiradi. Suv eroziyasi va shamol eroziyasi ko‘proq kuzatiladi.
  Shamol eroziyasini deflyatsiya (yunoncha «deflo» - puflayman) deb ham ataladi. Bunda Yer yuzasidagi tuproq va tog‘ jinslarning mayda, quruq zarrachalari shamol ta’sirida yemirilib, uchirilib, boshqa joylarga ko‘chiriladi. Shamol tuproqning chirindili, ustki hosildor qismini ba’zan esa haydalgan qismini butunlay uchirib ketadi, natijada tuproqdagi o‘simlikning o‘sishi uchun zarur elementlar kamayib, hosildorlik pasayib ketadi. Uchib ketgan tuproq zarralari boshqa yerga borib tushadi, bu esa o‘sha yerdagi o‘simliklarning o‘sishiga ham salbiy ta’sir qiladi, natijada ular nobud bo‘lishi mumkin.
 Deflyatsiyaning vujudga kelishiga ma’lum joylarda kuchli shamollarning esishi, iqlimning qurg‘oqchilligi, chirindining kamligi, o‘rmonlarni rejasiz kesilishi, yaylovlardan noto‘g‘ri foydalanishi kabilar asosiy sababchidir.
  O‘zbekistonda deflyatsiya natijasida qumlar ko'chib, qum bostirib kirgan hollari ham bor.
 Buning natijasida obod joylardan bo‘lgan Quyi Zarafshon va Quyi Amudaryodagi sug‘orilgan yerlarning bir qismi qum ostida qolgan. Qumli joylar asosan Qoraqum, Qizilqum va boshqa cho‘llarda joylashgan.
 Demak, bunday eroziyaning oldini olish va unga qarshi kurashish uchun awalo, tuproqning tarkibini yaxshilash kerak. Buning uchun yerlarni chuqur haydash muhimdir, bunda nam tuproqda yaxshi saqlanadi; o‘simlikning ildizi chuqur taraladi, oziqlanish maydoni kengayadi, hosildorlik ortadi. Bundan tashqari bir yerga bir xil ekin ekavermaslik kerak. Chunki bir xil ekin ekilaverilsa, tuproqda chirindi kamayib, unumdorlik pasayib ketadi, natijada eroziya sodir bo‘ladi. Shuning uchun yerga har uch yilda almashlab ekin ekilsa, yaxshi natija beradi. Yana eroziyaning oldini olish uchun tabiiy o‘g‘itning ham roli katta. Chunki go‘ng tuproq zarrachalarini bir - biriga qovushtirib turadi, suv tutishi ham yaxshi bo‘ladi. Ekin maydonlarining atrofiga daraxtzorlar (ixotazorlar) barpo qilinsa ham shamolning yo‘nalishiga xalaqit berib, tuproq zarrachalarini uchishdan saqlaydi. Xullas, bunday noxush holatlarga qarshi kurashish, oldini olish o‘z qo‘limizda. Ona Yerimizni asrab-avaylasak, unga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lsak, yer ham o‘z saxovatini bizdan ayamaydi.
Yerning saxovati cheksiz emas! Uni asrab-avaylash burchimizdir.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash