loading...

Toza havo manbaini asraylik 

3457

O'zbekiston tabiati o'simlik va hayvonot dunyosi, jumladan, noyob manzarali va mevali daraxtlar hamda dorivor o'simliklarning ko'pligi va xilma-xilligi bilan ajralib turadi.
 
Mamlakatimiz o'rmon fondining 300 dan ortiq o'simlik va 180 dan ortiq hayvon turlari "Qizil kitob”ga kiritilgan. 
 
Ma'lumki, o'rmon toza havo, mo'l suv va unumdor tuproq manbai hamdir. Aniqlanishicha, 1 gektar o'rmon yiliga havoni 60-70 tonnagacha chang va g'ubordan tozalashi mumkin. Bu esa uning atrof-muhit muhofazasi va inson salomatligini ta'minlashdagi o'rni va ahamiyatining nechog'lik katta ekanidan dalolatdir.
 
Ma'lumot uchun: o'tgan asrning 90-yillari boshida davlat o'rmon fondi erlari hajmi respublika umumiy yer maydonining bor-yo'g'i 5 foizini tashkil etgan. Bugungi kunda esa ushbu ko'rsatkich 25,2 foizdan iboratdir. Ya'ni respublikamiz er maydonining to'rtdan bir qismi o'rmon fondi erlari hisoblanadi.
 
O'rmonlardan madaniy-estetik, sanitariya-sog'lomlashtirish hamda ekoturizm maqsadlarida samarali foydalanish mumkin. Shu bois o'rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga e'tibor kuchaydi. Sohaga ilg'or ilmiy-texnika yutuqlarini joriy etish, o'rmon xo'jaliklarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida bir qator ijobiy ishlar qilindi.
 
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 11-maydagi Farmoni bilan O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi tashkil etilgani bu borada muhim qadam bo'ldi.
 
O'rmon xo'jaligini rivojlantirish maqsadida sohaga oid huquqiy asoslar yanada takomillashtirilmoqda. Bu borada 2018-yil 17-aprelda yangi tahrirdagi "O'rmon to'g'risida”gi qonun kuchga kirdi.
 
Qonunda o'rmon xo'jaligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari belgilab berildi. Mazkur yo'nalishlar o'rmon xo'jaligini rivojlantirishga oid davlat dasturlari va chora-tadbirlar ishlab chiqish, tegishli normalarni belgilash va davlat nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyati va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi muhim jihatlarni qamrab olgan. Bu o'rmon xo'jaligini kompleks rivojlantirishga xizmat qiladi.
 
Davlat organlarining, jumladan, O'rmon xo'jaligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitalarining o'rmon xo'jaligi sohasidagi vakolatlari aniq belgilandi.
 
O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi o'rmon xo'jaligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi o'rmon xo'jaligida davlat ekologik nazoratini yuritadi. Tabiiy resurslar, o'simlik va hayvonot dunyosi ob'ektlaridan oqilona foydalanishni ta'minlaydi.
 
Qonunda mahalliy davlat hokimiyati organlarining o'rmon xo'jaligi sohasida davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish va amalga oshirish borasidagi vakolatlari ham mustahkamlandi.
 
Shu bilan birga, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolarning o'rmonni muhofaza qilish, takroriy ko'paytirish, qayta tiklash va mahsuldorligini oshirish hamda undan foydalanishni ta'minlashdagi ishtiroki ham belgilandi. Endilikda ushbu sub'ektlar o'rmon xo'jaligi sohasiga oid davlat va hududiy dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish bilan bir qatorda bu borada jamoatchilik nazoratini ham amalga oshiradi.
 
O'rmonlarni muhofaza qilish masalasi qonundan alohida o'rin olgan. Endi o'rmon fondi erlaridan, o'simlik va hayvonot dunyosi ob'ektlaridan foydalanishda tegishli tartibda cheklov va taqiqlar belgilanadi. O'rmondan o'zboshimchalik bilan foydalanish va unga zararli ta'sir ko'rsatilishining oldini olish, o'rmon kadastrini yuritish, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo'llash va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
 
Shuningdek, o'rmondan umumiy va maxsus foydalanish bilan bog'liq asosiy qoidalar takomillashtirildi. Jumladan, o'rmondan foydalanishda daraxt va butalarni kesmagan holda o'tin va shox-shabbalarni yig'ish mumkin. Baliqchilik xo'jaliklari ehtiyojlari uchun foydalanish, ekologik turizmni rivojlantirish hamda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtirish maqsadida foydalaniladi.
 
O'rmonlarda pichan o'rish davlat o'rmon xo'jaligi organlari tomonidan beriladigan ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
 
O'zbekiston Respublikasi "Qizil kitobi"ga kiritilgan, yovvoyi holda o'suvchi o'simliklarni, shuningdek, zaharli, giyohvandlik moddalari mavjud bo'lgan o'simliklarni fuqarolar tomonidan o'rmondan yig'ish taqiqlanadi.
 
O'rmon xo'jaligi sohasida ilg'or tajribaga ega davlatlarning qonunchilik amaliyotini hisobga olgan holda, o'rmonlarda chorva mollarini o'tlatish qoidalari takomillashtirildi. Qonunda belgilanishicha, chorva mollarini o'tlatish o'rmonlarda yovvoyi holda o'suvchi kamyob va qimmatli o'simlik turlarining ko'payishiga, yovvoyi hayvonlarning hayot kechirishiga salbiy ta'sir qilmasligi, shuningdek, eroziya holatlarini keltirib chiqarmasligi lozim.
 
"Veterinariya to'g'risida”gi qonun talablaridan kelib chiqib, o'rmon hududida veterinariya-laboratoriya ko'rigidan o'tgan chorva mollarigina o'tlatiladi.
 
Bunday qoidalarning belgilanishi o'rmonlarda biologik xilma-xillikning barqaror rivojlanishiga, hayvonot dunyosini hayvonlarning yuqumli va boshqa kasalliklaridan himoya qilishda muhim o'rin tutadi.
 
O'rmonlarga salbiy ta'sirlarning o'z vaqtida oldini olish uchun o'rmonlar monitoringi yuritiladi.
 
Qonunda belgilangan normalarning hayotga tatbiq etilishi o'rmon xo'jaliklarida tizimli ishlar olib borilishiga, mamlakatimiz o'rmon xo'jaligi sohasida zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar qaror topishiga xizmat qiladi.

 Bahodir Tojiev, 
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo'jaligi masalalari va ekologiya qo'mitasi raisining o'rinbosari. 
O'zA

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash