Orolbo`yi mintaqasining ekologik muammolari
Hozirgi kunda sayyoramizda inson faoliyatining salbiy
ta’siri natijasida atrof muhitda sezilarli o’zgarishlar ro’y bermoqda.
Jumladan, iqlim o’zgarishlari, turli xildagi tabiiy ofatlar yer
sayyorasining barcha kengliklarida sezilmoqda. Oqibatda o’rmon bilan
qoplangan maydonlar qisqarmoqda, atmosfera, suv va litosfera ifloslanmoqda.
Tabiiy muhit holatining inson ta’sirida
o’zgarishi, jonli va jonsiz komponentlarga kuchli antropogen ta’sir mahalliy,
mintaqaviy va umumjahon ekologik muammolarni keltirib chiqaradi. Jumladan, shu
kabi ta’sirlar natijasida mintaqadagi ekologik inkirozning eng xavfli nuqtasi hisoblangan
"Orol muammosi” vujudga keldi.
Bu haqda quyidagi ma’lumotlar fikrimizni isbotlaydi.
Oxirgi 40-45 yil davomida Orol dengizi sathi 22 metrga pasayib ketdi,
akvatoriya maydoni 4 martadan ziyodga kamaydi, suv xajmi 10 baravargacha (1064
kub km dan 70 kub km) kamaydi, suv tarkibidagi tuz miqdori 112 g/l gacha,
Orolning sharqiy qismida esa 280 g/l gacha yetdi. Orol dengizi deyarli "o’lik”
dengizga aylandi. Qurib qolgan tubi maydoni 4,2 mln. gektarni tashkil etib,
tutash hududlarga chang, qum-tuzli aerozollarini tarqatish manbaiga aylandi. Bu
yerda har yili atmosfera havosiga 80 dan 100 mln. tonnagacha chang ko’tariladi.
Shu bilan bir vaqtda, Amudaryo va Sirdaryoning deltalarida yerlarning
tanazzulga uchrashi va cho’llashish sur’atlari o’sib bormoqda.
Mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimovning
ta’kidlashicha: "Orol dengizining yo’qolib borishi xavfli ekologik muammo,
aytish mumkinki, milliy falokatga aylandi. Orol dengiz muammosi ildizi uzoq
o’tmishga borib taqaladi. Ammo XX asrning 60-90 yillarida u tahdidli darajaga
yetdi. Butun Markaziy Osiyo hududi bo’ylab sug`orish inshootlarining izchillik
bilan qurilishi Orol falokatining sababchisi bo’lib qoldi… Bugungi kunda
Orolbo’yi – ekologik falokat hududi”, Prezidentimiz fikricha, "Orol inqirozi –
insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik va ijtimoiy falokatlardan biriga,
dengiz xavzasida yashovchi 35 mln. axoli uning ta’siri ostida qoldi”.
Favkulodda kiyin ekologik vaziyat, ichimlik suvi
sifatining yomonlashuvi hudud axolisi salomatligiga katta salbiy ta’sir
o’tkazdi. Orolbo’yi aholisi uchun ichimlik suvining asosiy manbasi – Amudaryo
suvi bo’lib, undagi xar xil tuzlar, kimyoviy elementlar va birikmalar borligi
tufayli ichimlik suvi sanitariya me’yorlariga to’gri kelmay hududda
epidemiologik vaziyat vujudga kelishiga sharoit tugdiradi.
O’tgan asrning 60-yillaridan boshlab hududda o’t
xaltada tosh paydo bo’lishi, surunkali gastrit, buyrak kasalliklari va
kizilo’ngach raki kabi kasalliklar ko’paya boshladi.
Avval dengiz yirik transport, balikchilik va boshka
xo’jalik ham iqlim ahamiyatiga ega edi. Bugungi kunda Orol dengizini o’rnida
asosan 6 ta qoldik ko’llar hosil bo’lgan. Orol dengizining qurib ketgan
yerlaridan shamol orqali havoga tuz va chang ko’tarilib, yuzlab kilometr hududlarga
tarqalmoqda. Bu nafakat Orolbo’yi, balki undan uzoq hududlarda ham qurgoqchilikni
keltirib chiqarmoqda. Orolning qurigan tubidan ko’tarilgan chang-to’fonlari ilk
bora 1975 yili kosmik tasvirlar natijasida aniqlangan, hozirda esa ular oddiy holga
aylangan. O’tgan asrning 80-yillaridan boshlab bunday to’fonlar yiliga 90
kungacha cho’zilgan.
Orol dengizining qurishi natijasida mahsuldorligi
yiliga 45 ming tonnagacha ovlangan baliqchilik sanoati, tub aholining doimiy hayot
manbai bo’lgan ovchilik va mo’ynachilik sohalari inqirozga uchradi.
Amudaryo qo’yi qismidagi o’simlik dunyosi
siyraklashdi, ba’zi o’simlik turlari umuman yo’qolib ketdi, yoki yo’q bo’lish
arafasiga kelib qoldi. Daryo qirgoqbo’yi to’qayzorlari qisqarib ketdi, bu
esa o’z navbatida hayvonot dunyosiga ham salbiy ta’sir o’tkazmoqda.
Noyob va kamayib borayotgan hayvon va o’simlik
turlarini saqlash maqsadida 2006 yilda nashr etilgan Qizil kitobida
o’simliklarning 305 turi (1983-yilda 163 turni, 2003-yilgi nashrda 301 tur)
va hayvonlarning 184 turi (1984-yil 63 tur, 2003-yilgi
nashrda 184 tur) kiritilgan.
Orolbo’yi mintaqasi endemik turlaridan kamyoblik
darajasi 2 bo’lgan turlardan: Qoldiqtog` astragali (Astragal remanens Nabiev),
Oqtog` chalovi (Stipa aktauensis Roshev), Mayda moviygul (Lappula parvula
Nabiev et Zak), Yuraksimon torol (Lepidium subcordatum Botsch. et Vved.), Buze
lolasi (Tulipa buhseana Boiss), So’gd lolasi (Tulipa sogdiana Bunge), Qadahsimon
sutlama (Euphorbia sclerocyathium Korov. et M.Pop.), Vvedenskiy oligoxetasi
(Oligohaeta vvedenskyi Tscherneva), Bunge takasoqoli (Scorzonera bungle Krasch.
Et Lipsch.), kamyoblik darajasi 3 bo’lgan O’zbekistonning shimolidagi
relikt tur Xiva sho’ragi (Salsola chiwensis V. Pop.) O’zbekiston Respublikasi
Kizil kitobiga kiritilgan.
Agar, 1970-yil Xorazm viloyatida sho’rlanmagan va kam
sho’rlangan yerlar 86 foizini tashkil etgan bo’lsa, 1990-yilga kelib bu
ko’rsatgich 69 foizga tushdi. Hozirgi kunda Qorakalpogiston Respublikasining
umumiy sho’rlangan yer maydoni 90 foizdan ko’proqni tashkil etmoqda. Orol
dengizining qurigan tubidan shamol orqali atrof tabiiy muhitdagi
o’simliklariga va ekin maydonlariga tushayotgan tuz changlar bunga asosiy
sabab bo’lmoqda. Buning natijasida yerlarning sho’rlanishi haddan tashqari
ko’tarilib o’simliklarni qurib nobud bo’lishiga olib keldi. Mintaqadagi bu
sayyoraviy ekologik muammo esa mavjud Qizilqum va Qoraqum o’rtasida yangi bir qumli
"Orolqum” sahrosini paydo qildi. Amudaryo deltasiga tushayotgan daryo suvining
tez sur’atlar bilan kamayishi va uning tarkibida kollektor-drenaj, sanoat chiqindilari
bo’lmish har xil ximikatlar borligi bu hududda yerlarning ommaviy
sho’rlanishiga, tuproqning, yer osti va ustki suv havzalarining ifloslanishiga,
o’simlik dunyosiga va oqibatda qishloq xo’jaligi va chorvachilik mahsulotlarining
sifat va miqdoriga o’z ta’sirini ko’rsatdi.
Orol va Orolbo’yi muammosini yechishdagi uchta asosiy
yo’nalishlar ya’ni, birinchidan, ichimlik suvini quvurlar orqali aholiga
yetkazib berish bilan hududning sanitar-epidemologik ahvolini yaxshilashga,
shuningdek, yer osti chuchuk suvidan foydalanishga ham e’tibor qaratildi. Sogliqni
saklash va sanitariya xizmati darajasini keskin yuqoriga ko’tarish zarurligi uqtirildi;
ikkinchidan, dengizning qurigan janubiy qirgoqlarida sun’iy damba qurib, delta
eksosistemasini doimiy suvlashtirish yo’li bilan "Yashil kamar” hosil hilish;
uchinchidan, dengizni o’zini sahlash. Uni sahlash uchun unga sistematik
ravishda ko’p miqdorda suv yuborib turish kerakligi va bundan tashqari Orolni qurigan
tubida saksovulzorlar barpo etish natijasida qum ko’chishi, chang
ko’tarilishini oldini olinishi mutaxassislar tomonidan ta’kidlandi.
Bo’zko’l, Oltinko’l, Karatma bo’gozlari yo’q bo’lib
ketdi, Okpetkin arxipelagi cho’lga aylandi, yaylovlar va pichanzorlar nobud
bo’ldi.
Mavjud muammoni biron-bir davlat hal qila olmaydi. Uni
hal etishda ko’pgina davlatlarning hamkorligi, ayniqsa, Markaziy Osiyo
davlatlarining hamkorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Avvalo shuni ta’kidlash joizki, Orol dengizi
muammolarini bartaraf etish masalasi o’z ko’lami jihatidan mazkur mintaqa
davlatlari iqtisodiy imkoniyatlaridan yuqori turadi.
Respublikamizda Orol dengizi havzasining ekologik holatini
sog`lomlashtirishning bir necha yilga mo’ljallangan aniq harakat dasturiga
asosan, Qorakalpogiston shaharlari, ko’pgina tuman markazlari, shuningdek,
yirik qishloqlar ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlandi. Qolaversa,
respublikada o’rmon xo’jaligini rivojlantirishga, ko’chma qumlarni mustahkamlash
choralarini ko’rishga qarshi Orolning qurigan tubida saksovulzorlar barpo etish
uchun katta ahamiyat berilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2004-yil
3-apreldagi 162-sonli "Orol bo’yi genofondini muhofaza qilish hayriya jamgarmasini
tuzish haqida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko’ra Orol bo’yi atrof-muhitini va
aholi sog`ligini mustahkamlash va ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan
vazifalar belgilab berilgan.
Qoraqalpogiston Respublikasi hukumati, Qoraqalpogiston
Respublikasi tabiatni muhofaza qilish Davlat qo’mitasi bilan BMTning Taraqqiyot
Dasturi hamda Global Ekologik Jamg`armasining ko’magi bilan "Amudaryoning quyi qismi
Qoraqalpog`iston Respublikasida to’qay o’rmonlarini saqlab qolish va muhofaza qilinadigan
hududlar tizimini mustahkamlash” bo’yicha o’rta miqyosli loyihasi ish olib
bormoqda.
O’zbekiston Respublikasi tomonidan biologik
xilma-xillikni saqlash, ko’chib yuruvchi yovvoyi hayvonlar turlarini muhofaza qilish
bo’yicha Konvensiya, xavfli chiqindilarni chegaralar orqali olib o’tish va
ularni yo’q qilish bo’yicha nazorat hakidagi Bazel Konvensiyasi, ozon qatlamini
muhofaza qilish haqidagi Vena Konvensiyasi va ozon qatlamini buzuvchi moddalar haqida
protokol va unga tuzatishlar, yo’qolib borayotgan yovvoyi flora va fauna
turlari bilan xalqaro savdo qilish qaqidagi Konvensiya bo’yicha belgilangan
majburiyatlarini bajarmoqda. Jumladan, BMTning Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda
va GEF ishtirokida bioxilma-xillikni muhofaza qilish va suvli-botqoq joylarda
ularni qo’llash maqsadida aniqlash ishlari olib borilmoqda. Undan tashqari
respublikamizda noyob jonivorlarni saqlab qolish bo’yicha katta loyihalar (xalqaro
tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari ishtirokida) amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog`iston Respublikasi qishloq va suv xo’jaligi
vazirligi bilan Germaniyaning O’zbekistondagi texnik hamkorlik jamiyatining
loyihasi asosida Orolning qurigan tubida 2000-2006-yillarda 8000 ga
maydonda saksovulzor barpo etish ishlari 30450 ga qilib bajarildi.
Orol mintaqasida ekologik muhitni yaxshilash maqsadida
Global ekologik fondi loyihasining 2003-2008 yillarda mo’ljallangan loyihasi
asosida 10000ga maydonda saksovulzor barpo etish belgilangan bo’lib, hozirgi
kunda esa ushbu loyiha asosida 17211 ga maydonda saksovulzor barpo etish
ishlari amalga oshirildi.
Qoraqalpog`iston Respublikasining o’rmon xo’jaliklari
tomonidan Orolni qurigan tubida 2005 yilda 20678 ga, 2006-yilda – 14962 ga, 2007
yilda esa 16000 ga maydonda saksovulzorlar barpo etildi.
Tabiatimizni asrash, uni muhofaza qilish, tabiatdan oqilona
foydalanish va jamiyatda ekologik madaniyat va ekologik ongni rivojlantirish
nafaqat tabiatni muhofaza qilish organlari ishi, balki shu zaminda yashayotgan har
bir insonning ona Vatanimizga, uning tabiatiga bo’lgan farzandlik burchidir.
O’.A.Sobirov
O’zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish
Davlat qo’mitasi,
Davlat bionazorati bo’lim boshlig`i
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.