loading...

O‘zbekistonda tarqalgan zaharli ilonlar: ular haqida nimalarni bilamiz? 

12731

Ilon o‘ziga xos tana tuzilishiga ega bo‘lgan, o‘lchami 20 sm. dan 10 m. gacha yetadigan hayvondir. Ularning 2700 ga yaqin turi ma’lum. Har xil yo‘g‘onlikdagi tanasi bo‘yiga qarab cho‘zilgan. Dumi odatda tanasidan kalta.
Ilonlar kaltakesaklardan 30 xildagi belgilariga ko‘ra farq qiladi. Asosiy farqlaridan biri pastki jag‘ining tuzilishidir. Kalla suyagidagi yuz qismining suyaklari harakatchan birikkan, pastki jag‘ esa kalla suyagida qattiq cho‘zilgan burma yordamida osilib turadi. Elastik bog‘lam esa jag‘larning o‘ng va chap bo‘lagini biriktiradi va bu bilan ilonning og‘zi juda ham cho‘ziluvchan bo‘lib qoladi. Shuning uchun ular o‘ljasini butunligicha yuta oladi. Tishlari yaxshi rivojlangan bo‘lib, chaqish (tishlab olish), o‘ljasini tutish va qizilo‘ngachiga itarish uchun xizmat qiladi. Hamma tishlari ingichka, o‘tkir va orqaga qayrilgan.
Ilonlarning asosiy sezgi organi Yakobson organi bilan birgalikdagi tilidir. Ilon uchi ayri ingichka tilini ustki jag‘idagi yarim ochiq yoriqdan chiqarib, bir necha soniya havo yaqinidagi narsalarga tegar-tegmas qilib o‘ynatadi va ichiga tortib oladi. Tilining uchlari Yakobson juft organining tepa tanglayidagi ikkita chiqarish teshigida joylashadi. Bu yerda ilon havoda paydo bo‘ladigan arzimas miqdordagi moddalar haqida ma’lumot oladi va shunga qarab o‘ljasining qayerda joylashganligi yoki suv manbayining qayerdaligi  haqida mo‘ljal oladi. Ko‘zlari ham mo‘ljalda katta rol o‘ynaydi (hamma ilonlarda ham shunday emas). Tungi ilonlarning ko‘z qorachig‘i vertikal yoki yumaloq, ba’zan esa gorizontal bo‘lishi mumkin, kunduzgi ilonlarniki hamma vaqt yumaloq bo‘ladi. Ilonlarda hid bilish sezgisi yaxshi rivojlangan, ular sichqon bilan kalamushni hidiga qarab ajrata oladi. Ularda eshitish organi yaxshi rivojlanmagan, tashqi  eshitish teshigi bo‘lmaydi. O‘rta qulog‘i sodda tuzilgan va faqat ichki qulog‘i yaxshi rivojlangan. Shuning uchun ham ilonlar odamning oyoq tovushini eshitadi, biroq havoda tarqaladigan tovushlarni eshitmaydi. Bu tomondan ular deyarli kar hisoblanadi. Demak, ilonlarni musiqa chalib o‘ynatish haqidagi afsonalar asossiz. Bo‘g‘ma ilonlar bilan shaqildoq (chinqiroq) ilonlarda issiqni sezish organi bo‘lib, ular uzoqdan o‘ljasining tanasidan chiqayotgan haroratni biladi. Bu organlar tashqi tomondan ikkita chuqurcha shaklida bo‘ladi.
Ilonlar faqat jonivorlar (chuvalchanglar, o‘rgimchaksimonlar, ko‘p-oyoqlilar, hasharotlar, baliqlar, suvda ham quruqda yashovchilar, toshbaqalar, kaltakesaklar, ilonlar va sut emizuvchilar) bilan oziqlanadi.
Ko‘p turlarining urg‘ochilari erkagidan yirikroq bo‘ladi.
Tuxum qo‘yib yoki tirik tug‘ib ko‘payadi. Bir yilda bir marta tuxum qo‘yadi. Bir marta tuxum qo‘yishda mayda turlari bittadan 3-4 tagacha, yiriklari bir necha o‘nlab tuxum qo‘yadi. Inkubatsiya davri bir oydan 2,5 oygacha davom etadi.

O‘rta Osiyo kobrasi 
Ushbu kobra – O‘zbekistondagi yirik zaharli ilonlardan biri. Tanasining uzunligi 125 sm, dumi 45 sm. gacha. Rangi tana rangidan to‘q sariq, qo‘ng‘ir yoki qora rangga o‘zgarib turadi. Ostki tomoni oq va tanasining oldingi tomonida ikki-uchta qora ko‘ndalang yo‘llari bor. Yoshlarining orqasida uzunasiga qora rangli ko‘ndalang yo‘llari bor, ularning old tomonidagilari pastki yuzasiga o‘tib ketadi. Hindistonda yashaydigan kobralarning ensasida ko‘zoynakka o‘xshash naqshi bo‘lgani uchun ular ko‘zoynakli ilon deb ataladi.
O‘zbekistonda kobra faqat Bobotog‘da, Hisor tizma tog‘larining tog‘ oldilarida va Surxondaryo vodiysida ko‘proq uchraydi. Qarshi dashtida birmuncha kamroq, Zarafshon va Nurota tizma tog‘larida esa kam uchraydi.
Sharqda uchraydigan eng so‘nggi manzil – Xovos atroflari. Hatto Bobotog‘da ham bir kunda ikkitadan ortiq ilon uchratish qiyin, odatda, ekspeditsiyalar vaqtida kamdan-kam, ya’ni bir oyda bitta kobrani uchratish mumkin.
O‘zbekistonda kobra quruq yon bag‘irlarda, kemiruvchilar inida yashaydi.
Vodiylarda va aholi yashaydigan punktlarda kamdan-kam uchraydi. Masalan, bu ilon bir safar Surxondaryo viloyati Sho‘rchi qishlog‘i chekkasidan, boshqa paytda Samarqanddan tutilgan edi.
Qishlovdan, odatda aprelda chiqadi. Bahorda kunduzi, keyin esa faqat ertalab va kechqurun aktiv yashaydi, yozda ko‘pincha kechasi ovga chiqadi. Qurbaqa, kaltakesak va ilonlar bilan oziqlanadi.

Dasht zaharli qora ilon (gadyuka) 
Sirdaryo bo‘ylarida ko‘pincha uncha katta bo‘lmagan ilon – dasht zaharli qora iloni uchrab turadi. Tanasining uzunligi 55 sm. cha, dumi qisqa 4-6 sm. Usti qo‘ng‘irsimon-kul rang, orqa cho‘qqasi bo‘ylab to‘q rangli egri-bugri yo‘li bor, ba’zan u uzuq-uzuq yoki dog‘lardan iborat bo‘ladi. Gavdasining yonlari to‘q rangli, odatda keskin ajralib turmaydigan dog‘lar bilan qoplangan, bu yerdagi tangachalarining chetlari ochroq.
U Chirchiq, Xo‘jakentdan Chinozgacha bo‘lgan joylarda, Sirdaryo, Xovosdan pastroqda ko‘proq, Chotqol tizma tog‘larida Parkent, Chimyon va Xumson yaqinida esa kamroq uchraydi. Daryo vohalaridagi chingil va sho‘ra o‘tlar ko‘p o‘sadigan ko‘l qirg‘oqlarida, sholipoyalar marzalarida yashaydi. Kemiruvchilarning iniga kirib yashirinadi. Tog‘lardagi yaproqli o‘rmonlar zonasida kam uchraydi.
Qishlab chiqqandan keyin odatda mart oxirlarida paydo bo‘la boshlaydi. Dastlabki vaqtlarda kunduzi aktiv yashaydi. May oyining boshlarida faqat ertalab, hali issiq tushmasdan ko‘zga tashlanadi, yozda esa faqat kechasi ovga chiqadi. Hasharotlar (chigirtka), kaltakesak va mayda kemiruvchilar bilan oziqlanadi.

Charx ilon (efa peschannaya) 
Charx ilon uncha katta bo‘lmaydi. Tanasining uzunligi 86 sm, dumi qisqa – 7,5 sm gacha boradi. Usti qo‘ng‘ir-kul rang yoki qum rang bo‘ladi. Qiyshiq joylashgan yon tangachalari orqadagilariga qaraganda to‘qroq. Orqasida ko‘ndalang yoki oq, ko‘ndalangiga cho‘ziq dog‘lari bor. Ular qirralari orasida ilonizi yo‘l hosil qilib joylashgan. Och rangli dog‘lardagi ba’zi tangachalarning cheti qoramtir qo‘ng‘ir yoki qora bo‘ladi. Boshining ustida butsimon naqshi bor. Bu ilon joyida turgan holda charx urib aylanadi va bu vaqtda yon tangachalari bir-biriga ishqalanib charx toshi kabi o‘ziga xos tovush chiqaradi. Shuning uchun ham unga charx ilon degan nom berilgan.
O‘zbekistonda charx ilon Termiz atroflari va Qorasuv hamda Surxondaryodagi sog‘ tuproqli cho‘llarda juda ko‘p. Bu yerda bahorda bir kun davomida 30 taga yaqin ilon uchratish mumkin. Surxondaryo vodiysi bo‘ylab Sho‘rchi va Bobotog‘ tog‘ etaklariga qadar tarqalgan. Qoraqalpog‘istonning janubiy hududlarida va Qizilqum cho‘lida kam uchraydi. Bu ilon asosan sog‘ tuproqli va qumli cho‘llar, daryo vohalaridagi jarliklar, ko‘hna xarobalarda yashaydi.
Qishlagandan keyin fevral oyidayoq ko‘rina boshlaydi. Issiq kelgan yillari ko‘pincha qishning o‘rtalarida, yanvarda chiqadi. Bahorda (mart-aprel) va kuzda (oktabr-noyabr) ular ko‘pincha inlari yonida isinib yotadi. Yozda faqat tunda aktiv yashaydi.
Yosh charx ilonlar chayon, chigirtka va mingoyoqlarni, kattalari kemiruvchilar, baqalar, kaltakesaklar (dasht agamalari, tez kaltakesak, gekkon), suvilon va o‘qilonlarni yeydi.
Iyulning oxiri – avgust oyining boshlarida urg‘ochilari 3 tadan 15 tagacha uzunligi 10–20 sm. bo‘lgan tirik bola tug‘adi – tutqunlikda yaxshi yashamaydi. Ilgari bu ilonlar Toshkent hayvonot bog‘ida odatda 3–4 oydan keyin nobud bo‘lar edi, hozir esa ikki yilgacha yashaydi.
Charx ilonning zahari qonning shaklli elementlarini buzadi. Bundan tashqari burun, quloq va tananing shilliq qavatidan qon ketishi mumkin. Ba’zan ilon chaqqan odam uchinchi kuni o‘lim to‘padi.

Qalqontumshuq ilon (sitomordnik) 
Qalqontumshuq ilon, asosan Toshkent va Samardand viloyatidagi tog‘lar va Qoraqalpog‘iston tekisliklarida yashaydi. Bu respublikamizda tarqalgan birdan-bir chinqiriq yoki shaqildoq ilondir. Bu oilaning ko‘p vakillari Shimoliy va Markaziy Amerikada hamda Janubiy Amerikaning shimoliy hududlarida yashaydi.
Tanasining uzunligi 68 sm. gacha, dumi qisqa 4–8 sm. bo‘ladi. Ustida to‘q rangli ko‘ndalang dog‘lari bor. Bu yo‘llarning cheti o‘rtasiga qaraganda ancha to‘q rangli bo‘ladi. Tanasining yonida ancha mayda va to‘q rangli dog‘lardan iborat uzunasiga ketgan yo‘llari bor. Qorni och yoki to‘q rangli mayda dog‘li, ba’zan esa dog‘siz bo‘ladi.
Qalqontumshuqning tipik yashash joylari shimolda gil tuproqli va qumli cho‘llardir. Janubda u baland tog‘lardagi archazor o‘rmonlarda va tosh uyumlari bo‘ylab alp o‘tloqlarigacha (3200 m. va undan balandroq) uchraydi.   
Mirzacho‘lda qishlagan qalqontumshuqlar fevralning oxiri – martning boshida qishlovdan chiqadi. Dastlabki kunlari ular o‘zlari qishlab chiqqan kemiruvchilarning ini yonida isinadi. Issiq tushishi bilan tungi hayot tarziga o‘tadi. Iyulning oxiri – avgustda urg‘ochilari 160–190 mm. uzunlikdagi 1–20 ta bola tug‘adi.
Qalqontumshuqning chaqishi juda og‘ritadi. Bunda odam shishib ketadi, issig‘i ko‘tariladi, ba’zan esa qorason kasalligi kuzatiladi. 10–15 kundan keyin u tuzala boshlaydi.

Ko‘lvor ilon 
Ko‘lvor ilon ancha yirik bo‘ladi, yo‘g‘onligi odamning bilagidek keladi. Tanasining uzunligi 160 sm. cha, dumi esa 20 sm. dan ortiq emas. Eng og‘ir ko‘lvor ilonning massasi 3 kg. cha bo‘ladi. Usti och yoki to‘q kul rang, sarg‘ish yoki jigarrang tusli. Naqshi xilma-xil cho‘qqi-qirrasi bo‘ylab yirikroq va gavdasining yon tomonlarida esa maydaroq dog‘lari bo‘ladi. Qorni och rangli bo‘lib, ayrimlarida mayda nuqtalari  bo‘ladi.
O‘zbekistonda Turkiston tog‘ oldilarida (Xovos), Nurota, Zarafshon tizma tog‘lari, Ko‘hitang va Hisor tizma tog‘lari etaklarida uchraydi. Bu ilon kobraga nisbatan ancha ko‘p tarqalgan. Zarafshon tizma tog‘i va Nurota tog‘larining ba’zi joylarida bahorda kuniga beshtagacha, ba’zan esa undan ko‘p ko‘lvor ilonni uchratish mumkin.
Ko‘lvor ilon tog‘larda, tog‘ oldilarida va tog‘larning atroflaridagi vodiylarda yashaydi. Qishloqlarda va tog‘ etaklaridagi bog‘larda, buloq bo‘yida, tog‘lardagi tosh uyumlari orasida ko‘p uchraydi.
Ko‘lvor ilon qishlagandan keyin mart oyida, baland tog‘larda esa aprelda chiqadi. Dastlabki kunlari ular kunduzi oftobda isinadi. Aprelning oxiri va mayning boshlarida quyosh botishi oldidan, bulutli kunlarda esa kunduzi ham ko‘rinadi. Ko‘lvor ilon may oyidan boshlab butun yoz bo‘yi tunda faol hayot kechiradi.
Asosan, mayda qushlar va kemiruvchilar, ba’zan kaltakesaklar bilan oziqlanadi.
Ko‘lvor ilon iyulda tuxum qo‘yadi. Yosh ilonlar avgust-sentabrda chiqadi. Uch yoshida jinsiy voyaga etadi. Tutqunlikda odatda uch yilcha yashaydi. Bir vaqtlar Riga hayvonot bog‘ida ko‘lvor ilon 17 yil yashagan.
Ilon odamga duch kelganda harakatsiz yotadi va ko‘pincha uni oyoq yalang bosib oladilar. Ko‘lvor ilonning chaqishi juda xavfli. Agar ilon chaqqan odamga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, u halok bo‘lishi mumkin. Zahari qonga, jigarga ta’sir qiladi, Ko‘lvor ilonning zaharidan olinadigan zaharga qarshi zardob shu turkumga mansub boshqa ilonlar chaqqanda ishlatiladi.
O‘zbekistonda keng tarqalgan zaharli ilonlarning besh turi uchraydi: 1) O‘rta Osiyo kobrasi – Naia oxiana eich; 2) Dasht zaharli qora ilon – Vipera ursine; 3) Charx ilon – Carina tus scheid; 4) Qalqontumshuq ilon – Ancistrodon nalys Pall; 5) Ko‘lvor ilon – Vipera lebetina L.
Agar sizni zaharli ilon chaqsa, darhol jarohatni qo‘lingiz bilan siqib chiqaring yoki so‘rib tashlang. Ilonning zahari so‘lak ta’sirida qisman parchalanadi va odam og‘zi orqali hech qachon, hatto buzilgan tishi bo‘lgan taqdirda ham zaharlinishi mumkin emas. Qonni 5-8 daqiqadan ortiq so‘rib yoki siqib chiqarish mumkin emas. Shundan keyin margansovka, sirka yoki sodali suvga nam doka yoki paxta bosish kerak. Jarohatlangan odam suv, limonad, sut, qahva ichishi, tarvuz eyishi foydali. Bunda spirtli ichimliklar ichish mumkin emas. Dastlabki chora-tadbirlar ko‘rilganidan keyin darhol shifokorga uchrasish lozim. 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash