loading...

D - harfiga oid izohli lug`atlar 

17311

Davlat tili - biron mamlakatda ish yuritish va maktabda o`r­ganish uchun majburiy bo`lgan til.

Dala — ochiq, keng tekislik joy; asosan boshoqli o`simliklar o`sadigan dasht, chala cho`l; keng ekinzor yer. Shahardan tashqaridagi joylar ham dala deyiladi.

Dalai dasht - keng, daraxtsiz ochiq tekis joy.

Dalv (arabcha dalv - qovra) – 1) Zodiakdagi yulduzlar turkumi; osmonning janubiy yarim sharida; Dalvni MDHning shimolida yoz va kuzda kurish mumkin; 2) Shamsiya (Quyosh yili)ning o`n birinchi oyi, 22-yanvardan 21 fevralgacha davom etadi. Bu oyda Quyosh osmon sferasida Dalv yulduz­lar turkumidan o`tadi.

Dam suv - oqmas yoki juda sekin oqadigan suv; hovuz, ko`l, ko`lmak.

Damba, ko`tarma - suvni vatqincha yoki doimiy dimlab turadigan to`siq, inshoot. Suv oqimini yo`naltiruvchi Dambalardan suvni istalgan tomonga yo`naltirish, suv oqimini me’yorga solish va daryo suvi kamaygan paytlarda suv olish uchun foydalaniladi.

Dara - ko`pincha tog`larda qattiq tub jinslarni daryo yuvishi natijasida hosil bo`ladigan tog` va chuqur soy, vodiy. Dara ba’zan yer yuzasi yorilganda tektonik yo`l bi­lan ham vujudga keladi. O`zbekistonning turli rayonlarida dara o`tish joyi va odam o`tishi uchun qo`yilgan maxsus qayiq.

Darband (tojikcha dar - eshik dara; band - mustahkam, berk, tugun) - 1) ikki tog` orasidan, daradan o`tgan yo`l. Surxonda­ryo viloyatidagi dara Darbandi Ohanin (Temir Darvoza) deb atalgan. Dog`istondagi Darband shahri nomi ham shu so`zdan olin­gan. 2) eski adabiyotlarda: chegara, had, ba’zan qal’a, chegaradagi istehkom.

Darvoza – tog`lardagi, sertepa yerlardagi tog` yulak, vodiy; Amir Temur darvozasi, Temir dar­voza va boshqalar. Daryolarning oqimga ko`ndalang tog`larni kesib o`tishi natijasida hosil bo`ladi. Ba’zan tektonik yoriqlarda vu­judga keladi.

Daryo - tabiiy o`zandan oqayotgan suv. Yog`in-sochin, buloq, muz va boshqa    suvlarning to`planib oqishidan hosil bo`ladi. Daryoning paydo bo`lishi uchun muayyan iqlimiy va geomorfologik sharoit bo`lishi kerak. Masalan, o`rta kenglikda 250 mm, subtropiklarda 500 mm va tropiklarda 700-1000 mm yog`in yoqqanda daryolar hosil bo`ladi. Daryoda uzluksiz suv oqib turishi uchun suv yig`iladigan havza va qiyalik bo`lishi shart. Odatda, daryo nishabi yuqori oqimida kattaroq bo`lib, tez otsadi. Natijada daryo yuqori oqimida o`zanining tagini, o`rta va quyi oqimlarida yon tomonlarini yemirib bo­radi. Quyi oqimida suv keltirgan oqiziqlar qisman o`zan ostiga cho`ka boshlaydi.
  Daryoda o`zan, qayir, terrasa (ko`hna qayir), vodiy va boshqalar bo`ladi. Daryolar, odatda, suvayirg`ichdan an­cha berida, yetarli miqdorda suv hosil bo`lgan joydan boshlanadi, yo`l-yo`lakay o`ziga irmoqlarni qo`shib olib daryo sistemasini hosil qiladi va biror ko`l yoki dengizga quyilib tugaydi. Ko`pincha daryoning boshlanish joyi buloqlar, ko`llar, botqoqliklar va muzliklardan iborat bo`ladi. Masalan, O`rta Osiyo­dagi Panj, Vaxsh, Zarafshon va Norin kabi daryolar muzliklardan, Rossiyadagi Neva, Svir va An­gara singari daryolar, ko`llardan, Belorussiya, Ukraina, G`arbiy Sibirdagi ko`pgina daryolar botqoqliklardan boshlanadi. Quruq va issiq iqlimli o`lkalardagi daryolar ko`pincha suvi bug`lanib va qumlarga singib tugaydi yoki hamma suvi sug`orishga sarf bo`ladi, jumladan, O`rta Osiyodagi daryolarning ko`pchiligi ma’lum bir joyga quyilmasdan tugab qoladi (Zaraf­shon, Qashqadaryo, Chu va Turkmanistondagi daryolar). Faqat o`lkaning eng yirik daryolari - Amudaryo va Sirdaryo Orol dengiziga yetib bo­radi. Biror dengiz yoki ko`lga quyiladigan daryo bosh daryodir. Daryo sistemasida bosh daryoga quyilgan da­ryo - soylar daryoning irmoqlaridir. Havzasining relyefi, o`zan va vodiysining tuzilishiga ko`ra tog` daryolari va tekislik daryolari bo`ladi. O`rta Osiyodagi daryolar, aso­san, tog` daryolaridir; tez oqadi, serostona, vodiylari chuqur, tog`, juda nishab, yirik-yirik xarsanglar, tosh va shag`allarni ko`chirib ketadi. Bahorgi qissa, shiddatli yomg`irlarda, qor tez eriganda toshqinlar bo`ladi, sel keladi. Tekislik daryolari keng o`zanda, sokin va ko`pincha ilon izi bo`lib oqadi, tarmoqlarga bo`linib keta­di, o`zan va qayirlarda qum, gil yotqiziqlar qoldiradi, marza, sayozlik tirsaklar hosil qiladi (masalan, Amudaryo va Sirdaryo o`rta va quyi oqimlarida). Daryolarni gidrologiya fani o`rganadi. Xalq xo`jaligi uchun daryolarning ahamiyati juda katta. Ulardan kema qatnovi, yog`och oqizish, suv omborlari, GES qurish, sug`orish, sanoat va aholini suv bilan ta’minlash, botqoq, sho`r yerlarning ortiqcha sho`r suvlarini oqizish kabi maqsadlarda foydalaniladi. Daryo yotqiziqlari ustidagi tuproqlar unumdor bo`ladi.

Daryo vodiysi - yer yuzasida uzunasiga cho`zilgan qiyosan tog` soylik. Daryo vodiysi oqar suv ta’sirida vujudga kelgan bo`lib, daryo oqadigan tomonga qiya va ko`pincha egri-bugri bo`ladi. Daryo vodiysi o`zan, qayir, terrasa (ko`hna qayir), yon- bag`ir va tub qirg`oqlarga bo`linadi.

Daryo havzasi - biron daryo sistemasiga suv keladigan hudud. Daryo havzasini ko`pincha daryoning suv yig`ish havzasi deb ham ataydilar. Daryo havzasi yer usti va yer osti suvlarini o`z ichiga oladi. Daryo havzalari bir-biridan suvayirg`ichlar bilan ajralib turadi.

Daryo oqimi - suvning tabiat­da aylanib yurish jarayonida daryo o`zanida oqadigan suv.

Daryo rejimi - havzasining tabiiy geografik xususiyatlariga, birinchi navbatda iqlim bilan relyefga bog`liq ravishda daryolarda suv oqish holatining qonuniy o`zgarishi.

Daryolarning suvdorligi - daryolar olib kelib quyadigan o`rtacha yillik suv miqdori. Suvdorlik ko`p yillik o`rtacha suv sarfi yoki ko`p yillik o`rtacha suv miqdori bilan ifodalanadi.

Daryoning suv sarfi - daryo­ning biror qismida uning ko`ndalang qismidan muayyan vaqt (se­kund, minut, soat, kun, oy, yil) davomida oqib o`tgan suv miqdo­ri. Oqim tezligini daryoning ko`ndalang kesimi maydoniga ko`paytirish bilan aniqlanadi.

Darrandachilik - chorvachilik tarmog`i, qimmatbaho mo`yna va pant (bug`u shoxidan olinadigan modda) uchun mo`ynali hamda tuyoqli hayvonlar urchitish bilan shug`ullanadi. Mo`yna olish uchun qora-kumush rang tulki, havo rang qutb tulkisi, amerika norkasi, nutriya, sobol boqiladi. Ukraina, Sibir, Uzoq Sharqda rivojlangan. Bug`uchilik Oltoy, Primoreda, Krasnoyarsk o`lkasi va Qozog`istonda taraqqiy etgan.

Dasht – o`tlar bilan qoplangan o`rmonsiz hudud. Dasht iqlimi cho`llarga nisbatan yumshoqroq bo`ladi. Dashtlar har ikkala yarim sharning mo`tadil mintaqalarida uchraydi. Shimoliy yarim sharda materikning ichki qismlarida ayniqsa keng tarqalgan. Yevrosiyoda O`rta Dunay pasttekisligidan boshlanib (Vengriya hududida dasht  pushta deb ataladi), Yevropa va Osiyo qismlaridan o`tib Xitoygacha yetib boradi. Janubiy Amerikada dasht pampa, Shimoliy Amerikada preriya deb yuritiladi; Afrika va Avstraliyada ham dashtkar uchray­di. Tog`larda tog` dashtlari bo`ladi. Dasht o`simliklari asosan ingichka bargli boshoqlilar - chalov, betaga, chillakoyoq va boshqalardan ibo­rat; tuproqlari qora tuproq. Hozirgi vaqtda dastlarning ko`p qismi haydab ekinzorga aylantirilgan.

Daxan, dahana – tog`li joy­larda dara, tog` vodiy, tog` soy og`zi. Daxan odatda tektonik uzilishlar natijasida yuvilishga chidamli qattiq jinslar yuzaga chiqib qolgan yerlarda suvning chuqurlatish eroziyasi oqibatida vujudga ke­ladi.

Deygish - Amudaryo quyi oqi­mida g`ovak jinslardan tuzilgan qirroqlarning daryo yuvib turishi. Deygish vaqtida qirgoqlar qulab, ko`plab g`ovak tog` jinslarini suv oqizib ketadi. Eski Turtko`l shahri deygish tufayli yuvilib, buzilib ket­gan.

Delta - daryoning dengiz yoki ko`lga quyilish joyida suvda oqib kelgan jinslardan hosil bo`lgan tekislik. Delta nomi yunon alifbosining bosh harfi D - deltadan olingan. Deltada daryo quvi panjaga o`xshab ko`pdan-ko`p tarmoqlarga bo`linib oqadi. Vaqt o`tishi bilan delta kengayib, dengiz ichkarisiga kirib boraveradi. Ba’zi bir daryo­larning deltalari bir necha ming kv. km ga yetadi.

Delyuviy (lotincha deluo - yuvaman) – yomg`ir va qor suvlari oqimi natijasida qiyaliklardan yuvilib tushgan cho`kindilar. Delyuviy tog` etaklarida to`planadi, qatlamlar hosil qilmaydi. Delyuviyda ko`pincha oltin, qalay, volfram va boshqa me- tallarning sochilma konlari bo`ladi.

Demarkatsion liniya (fransuzcha demarkatsion - ajratish) - 1) Sulx shartnomasi asosida doi­miy chegara belgilanguncha urushayotgan davlatlarning yarash vaqti­da qo`shinlarini ajratib turadi­gan liniya (polosa); 2) yengilgan davlat hududini okkupatsiya zonalariga ajratib turadigan liniya; 3) qo`shni davlatlar o`rtasida janjal hududida vaqtincha belgilangan liniya.

Demografiya (yunoncha demos - xalq va grafo - yozaman) - biror hudud, mamlakat, bir qancha mamlakat yoki dunyo aholisining holati va undagi o`zgarishlarni o`rganuvchi fan tarmog`i. Demografiya aholining joylashuvi va migratsion harakati, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va boshqa xususiyatlarini ham o`rganadi.

Dengiz - okeanning bir qismi; Dengiz okeandan quruqlik yoki orollar, yarim orollar va suv osti reylefining ko`tarilgan joylari bilan ajralib turadi. O`zining geografik o`rni va kotlovinalarining xarakteriga qarab quyidagilarga bo`linadi: 1) materiklar orasidagi dengizlar; 2) materik ich­karisidagi dengizlar va 3) chekka dengizlar. Materiklar orasidagi dengizlar ju­da chuqur bo`ladi. Bularga O`rta dengiz, Avstraliya va Osiyo orasi­dagi dengizlar, Karib dengizi va Kizil dengiz kiradi. Materik ich­karisidagi dengizlar biron materikning ichkarisida joylashgandir. Bularga Oq dengiz, Baltika dengizi, Qora dengiz, Azov dengi­zi va boshqalar kiradi. Chekka dengizlar okean va materiklarning chekkalarida bo`ladi. Bularga Barens dengizi, Kara dengizi, Sharqiy Sibir dengizi, Chukotka dengizi, Yapon dengizi, Shimoliy dengiz va boshqalar kiradi.

Dengiz iqlimi - dengiz havo massalari ta’sirida tarkib top­gan iqlim. Dengiz iqlimi materiklarning dengizga yaqin qismlari, orollar uchun xarakterlidir. Bu iqlim yillik harorat amplitudasining kichikligi, sernam, serbulut va seryog`in bo`lishi bilan ajralib turadi. Dengiz iqlimi sharoitida o`rmon landshaftlari ustun turadi.

Dengiz kemalari - dengizlarda yolovchi, yuk tashuvchi (ko`mir tashigich, ruda tashigich, yogoch tashigich) kemalar, neft tashigichlar (tankerlar), refrijeratorlar (xolodilnik kemalar), dengiz paromlari va xilma-xil yuklar tashiydigan kemalar.

Dengiz oqimlari — dengiz va okeanlarning turli qismlarida bosimning turlicha bo`lishi nati­jasida suv massasining harakatlanib turishi. Dengiz oqimlari tufayli suv massasi almashib turadi, qirg`oqlar yuviladi, cho`kindilardan yangi quruqliklar hosil bo`ladi, portlarning chuqurligi o`zgaradi. Muzlar uzoq-uzoqlarga oqib ketadi. Dengiz oqimlari iqlimga ham ta’sir etadi, masalan, Shimoliy Atlantika oqimi (Golfstrim) Yevropa iqlimini yumshatib turadi. Dengiz oqimlari shamolniig dengiz yuzasiga ishqalanishi, den­gizning turli qismlarida harorat, sho`rlik va atmosfera bosimining turlicha bo`lishi, suv sathining qiyalanishi natijasida hosil bo`ladi. Dengiz oqimlari barqaror yoki o`zgaruvchan, doimiy yoki davriy, dengiz yuzasida yo chuqurrorida yoki dengiz tubida, iliq yoki sovuq, chuchuk yoki sho`r bo`ladi. Eni bir necha o`n km, chuqurligi esa bir necha yuz m ga yetadi. Okean va dengizlarda muayyan yo`nalishda oqadigan doimiy oqimlar bor. (Masalan, Shimoliy va Janubiy passat oqimlari.) Ba’zi oqimlar musson shamollari ta’si­rida hosil bo`lib, o`z yo`nalishini mavsumlarga qarab o`zgartiradi.

Dengiz (okean) havzasi - den­gizning o`zi va quruqlikning den­gizga yondashgan hamda yer usti, yer osti suvlari shu dengizga oqib tushadigan qismi.

Denudatsiya (lotincha denudatsio - ochilib qolish) - tog` jinslarining nurashi va relyefning manfiy (pastlik) joylarida to`p­lanishi. Eroziya (oqar suvlar), abraziya (dengiz va ko`l suvlari), karst va suffoziya (yer osti suvla­ri), ekzaratsiya (muzliklar), de­flyatsiya (shamol) ta’sirida tog` jinslari bo`lakchalarining boshqa joylarga ko`chib borishi denudatsiyadir. Denudatsiya natijasida tog` jinslari yemirilib, ularning o`rnida pasttekisliklar yoki peneplenlar hosil bo`ladi. Chuqurliklar to`lib, yer yuza­si tekislanadi.

Depressiya (lotincha depressio - ezish) - kelib chiqishi va shaklidan qat’iy nazar, yer yuzasidagi har qanday pastlik joy; tog` ma’noda - dengiz sathidan past botiq yoki soylik (masalan, Qoragiyo botig`i, Sariqamish botig`i); tek­tonik Depressiya - yer po`stining egilgan va usti butunlay yoki qisman cho`kindiga to`lib qolgan joyi. Masalan, Buxoro-Xiva depressiyasi (hozir bu yerdan neft va gaz topilgan).

Deflyatsiya (lotincha deflyatsio - puflash), - tog` jinslarining shamol ta’sirida yemirilib, maydalangan zarralarning boshqa joylarga ko`chishi. Deflyatsiya cho`llarda ayniqsa kuchli bo`ladi.
Dehqonchilik - 1) qishloq xo`jaligining ekinlar yetishtirish bilan shug`ullanadigan muhim tarmog`i. Dehqonchilik dalachilik va bog`dorchilikdan iborat. Dalachilik ekin yetishtirish bilan shug`ullanib, yetishtiradigan ekinga qarab g`al­la ekinlari, texnika ekinlari, sabzavot, poliz, kartoshka, yem-xashak ekinlari yetishtiradigan xo`jaliklarga bo`linadi. Bog`dorchilik ikki tarmoqdan - mevachilik va uzumchilikdan iborat; 2) qishloq xo`jalik o`simliklarini yetish­tirish usullarini o`rganuvchi fan (agronomiyaning bir bo`limi).
Diagenez(yunoncha dia - qayta va genezis – tug`ilish) - suv havzalari tagida g`ovak cho`kindilarning cho`kindi tog` jinslariga aylanishi.
Direksion burchak (lotincha direksio-yo`nalish) - topogra­fik xaritalarda koordinatalar turidagi vertikal yo`nalishlar bi­lan berilgan nuqta yo`nalishi oralig`idagi burchak. Soat strelkasi yo`nalishi bo`yicha hisoblanadi.
Dislokatsiyalar (lotincha dis­lokatsio - siljish) - yer po`stida­gi tektonik harakatlar natijasi­da tog` jinslarining dastlabki yotish holatining o`zgarishi.
Disproporsiya (lotincha dis – yo`q, emas va proporsio - mutanosiblik) - xalq xo`jaligining ay­rim tarmoqlari, bo`limlari (ish­lab chiqarish vositalari ishlab chiqarish va iste’mol buyumlari ishlab chiqarish) taraqqiyotida hamda xalq xo`jaligining turli tomonlari va qismlarida mutanosiblikning buzilishi; oqibatda ayrim sohalarda yoki umuman, iqtisodiyotda qayta ishlab chiqarish jarayonida uzilishlar ro`y beradi.
Dovon (mo`gulcha daban) – tog`ning oshib o`tish qulay bo`lgan joyi. O`zbekistonda dovon so`zi bilan birga bel, oshuv atamalari ham ishlatiladi. Tarixiy manbalarda uchraydigan art, aqba, ko`tal so`zlari ham dovonning sinonimlaridir. Dovonlar orqali ko`pincha yo`llar o`tkaziladi. Masallan: Qamchiq dovonidan Toshkent-Qo`qon, Taxtaqoracha dovonidan Katta O`zbek trakti o`tadi va h.k.
Dovul - eng kuchli shamol. Tezligi 30 m/sek va undan katta bo`ladi. Dovul binolarga katta zarar yetkazadi, daraxtlarni sindiradi, elektr simlarini uzib ketadi va h. k. Dengizda kuchli to`lqin hosil qilib, kemalarning suzishini qiyinlashtiradi, hatto halokatga ham olib keladi.
Dolomit (fransuz mineralogi Dolome nomi bilan atalgan) - mineral. Kul rang, oq, sariq, och yashil bo`ladi. Metallar, kalsiy va magniydan tarkib topgan. Dolomit metallurgiya va kimyo sanoatida hamda qurilishda termoizolyatsiya materiallarini asbest va boshqalar bilan biriktiruvchi modda sifatida ish­latiladi. O`zbekistonda Chotqol, Nurota va Qurama tog`larida devon davri ohaktosh va marmarlari orasidan topilgan.
Domana, domon - har bir narsaning etagi, tagi, tog` etagi. Tarixiy yodgorliklarda, masalan, «Bobirnoma»da domana tog`, yonbag`ri, tog` etagi ma’nosida ko`p uchraydi.
Dominion (lotincha dominium – mulk, hokimiyat) - Britaniya imperiyasining o`zini o`zi idora qiladigan yarim mustaqil davlatlarini anglatadigan atama. Dominionlar ichki siyosat masalalarida mustaqil bo`lib, ularning huquqi o`zgarib turgan. 1926- va 1930-yillardagi imperiya konferensiyalari dominionlarning ichki va tashqi siyosat masalalarida metropoliya bilan teng huquqligini e’tirof etgan. Shunga qaramay, 2-jahon urushiga qadar dominionlarning tashqi siyosati metropoliya nazorati ostida bo`lgan. 40-yillar oxiridan boshlab dominion atamasi o`rniga Hamkorlik a’zosi atamasi ishlatila boshladi.
Don-dukkakli ekinlar — dukkakdoshlarga mansub o`simliklar. Asosan doni uchun o`stiriladi. 60 dan ortiq turi bor: nuxat, nut, mosh, soya, yeryongoq, burchoq, yasmiq va boshqalar. Don-dukkakli ekinlar donida oqsil, vitaminlar ko`p, soya va yeryongoq tarkibida esa yog` ko`p. Don-dukkakli ekinlarning yetilgan doni, dumbul dukkagi, chala pishgan ko`k doni iste’mol qilinadi. Pishgan doni qishloq xo`jaligi  hayvonlari uchun yem tariqasida, yog` (soya, yasmiq) tayyorlashda dam ishlatiladi. Poxol va to`poni hayvonlarga beriladi. Don-dukkakli ekinlar ildiz tuganagidagi bakteriyalar orqali havodagi sof azotni o`zlashtirib, tuproqni azotga boyitadi.
Donli ekinlar - eng mudim g`alla ekinlari, asosiy oziq-ovqat mahsuloti, chorva mollari uchun yem, shuningdek qog`oz sanoati uchun xomashyo beradi. Barcha ekinlar ichida maydoni va yalpi mahsuloti jihatidan birinchi o`rinda tura­di. Donining tarkibi va mahsulo­ti iste’mol qilinishi jihatidan uch guruhga: g`alla (don) ekinla­ri, don-dukkakli va moyli don ekinlariga bo`linadi. MDHda bug`doy, javdar, arpa, so`li, makkajuxori, sholi, tariq ayniqsa ko`p ekiladi. Donli ekinlar rivojlanishi va o`suv davrining uzun-qissaligi jihatidan kuzgi va bahorgi ekinlarga bo`linadi.
Dorivor o`simliklar - odam va hayvonlarni davolash, turli kasalliklarning oldini olish uchun ishlatiladigan giyohlar. Hozirgi vaqtda yer yuzida dorivor o`simliklarning o`n mingdan ortiq turi ma’lum. Mingdan ortiq donli ekinlarning kimyoviy tarkibi va xossalari aniqlangan. O`zbekistonda donli o`simliklarning 580 ga yaqin turi mavjud. Bulardan anor, achchiqmiya, bodom, gulxayri, yong`oq, jag`-jag`, isriq, kiyiko`t, omonsora, bargizub, pis­ta daraxti, sachratqi, choyo`t, yantoq, qoqi o`t va boshqalar ayniqsa keng tarqalgan.
Draga - suv ostidagi sochilma konlardan oltin, platina, qalay va boshqalarni kavlab chiqaradigan va yuvib tozalaydigan suzib yuruvchi inshoot. Qum jinslari ichidan olinadigan sof metallarning 90-95% i, boshqa xil minerallarning 80-90% i draga yordamida qazib olinadi.
Dreyf oqim - suv yuzasiga to`lqinning orqa qismiga shamol urilishi natijasida okean va dengiz suvi ustki (100-200 m) qatlamining harakatga kelishi, oqishidan hosil bo`ladigan oqim.
Dreyf (gollandcha driyfen - haydamoq, suzmoq) - suzib ketayotgan kemaning shamol va oqimlar ta’sirida surilib ketishi; muz dreyfi - dengizdagi muzning shamol ta’sirida sekin siljishi.
Drenaj (inglizcha dreyn - quritish) – sho`r yuvish, sizot suvlar sathini pasaytirish, to`qay va zax yerlarni quritish uchun qilingan zovur va quvurlar sistemasi.
Dunit - yer po`stining chuqur qismida paydo bo`lgan magmatik tog` jinsi. Asosan yashil rangdagi donador olivin mineralidan ibo­rat bo`lib, tarkibida xromli temirtosh (xromit) dam uchraydi. Xrom va platina konlari dunit bilan bog`liq. O`zbekistonda Tomdi tog`larining janubi-g`arbiy qismida dunit topilgan.
Duoba (tojikcha du - ikki, ob - suv) - ikki soy, daryo quyilgan joy.
Duragaylar - turli irqlarga oid kishilar nikohidan bo`lgan avlod. Masalan, Amerikada oqlar bi­lan indeetslarning nikohidan tug`ilgan avlod duragaylar deyiladi.
Dyuna (nemischa) - shamol tuplafan qum tepalar. Dengiz, daryo, ko`llarning to`ziydigan qumli sohillarida paydo bo`ladi. Dyunaning shamolga qaragan tomoni sal qiya, teskari tomoni tik bo`ladi. Ba­landligi 10-30 m, ba’zan 300 m ga yetadi. Dyuna shamol ta’sirida yiliga bir necha m siljib turishi mumkin. Shamolga ro`para tomoni uzun va oldidagi tik tomoni do`mboq bo`lishi bilan dyuna cho`ldagi barxanlardan farq qiladi.
Do`l - muz donalari ko`rininishidagi yog`in. Yilning iliq vaqtlarida yomg`irli to`p-to`p bulutlardan yog`adi. Kattaligi 15-20 sm gacha yetadi. Odatda, momaqaldiroq bo`lib turgan paytda ja­la bilan birga yog`adi. Do`l kuchli konvektiv oqimlar natijasida bulutlarning o`ta sovishi tufayli ayrim tomchilarning muzlashidan vujudga keladi. Muzlagan tomchilar ustiga boshqa tomchilar yopishib muzlashi natijasida do`l donalari yiriklashadi. Do`l xalq xo`jaligiga katta ziyon keltiradi: ekinlarni, tokzorlarni, bog`, chorva mollarini nobud qiladi. Do`lga qarshi kurashish uchun bulutlarga raketalar yoki snaryadlar yordamida maxsus reagent (odatda, qo`rg`oshin yodid, kumush yodid kukuni) yuboriladi.
Do`ng - baland yer, kichik tepa, uzun cho`zilgan qir.
Do`ng qum - o`simliklar bilan mustahkamlangan yoki chala mustahkamlangan tepa, qator tepa shaklidagi qumlar. O`simliklar atrofida shamol sekinlashib, qum to`planishidan hosil bo`ladi. Do`ng qumlar, odatda, chuchuk yoki sho`rtob yer osti suvlari 3 m dan 5 m gacha chuqurlikda bo`lgan joylarda vu­judga keladi. O`rta Osiyoda Qizilqum, Qoratqumda, Qoralqalpoq qumida ko`proq uchraydi.

Dayka– magmani yerdagi yoriqlarni to`ldirib, qotib qolgan shakli.
Damba– suvni vaqtincha yoki doimiy damlab turuvchi ko`tarma to`siq.
Daryo– tabiiy o`zanda oqayotgan suv. Yog`in sochin va boshqa suvlarni to`plab past joylar tomon oqa boshlashdan hosil bo`ladi.
Daryo yotqiziqlari – daryo va soylarning qirg`oqlarini yuvish, yangi o`zanlar ochish natijasida hosil bo`lgan yotqiziqlar.
Daryo transporti – ichki daryo, ko`l va suv omborlarida yuk va yo`lovchi tashiydi.
Daryo havzasi – biron daryo sistemasiga suv keladigan hudud daryo suv yig`ish havzasi deb aytiladi.
Dasht–kserofil- qurg`oqchilikka ancha chidamli o`simliklar o`sadigan joylar. Cho`lga nisbatan biroz salqin.
Daryo nishabi – daryo boshlanadigan joyning uning quyiladigan joydan qancha metr past balandligi.
Delta– daryoning dengiz yoki ko`lga quyilish joyida suvga oqib kelgan jinslardan hosil bo`lgan tekislik. Delta nomi yunon alifbosining bosh harfi – deltadan olingan.
Dengiz– okeanning bir qismi. Dengiz okeandan quruqlik yoki orollar, yarim orollar va suv relyefining ko`tarilgan joylari bilan ajralib turadi.
Dengiz yotqiziqlari – dengiz va okean tubida hosil bo`lgan toqiziqlar. Daryo oqizib kelgan jinslardan, organik hamda vulqonogen yotqiziqlardan iborat.
Dengiz zilzilasi – dengiz ostida va sohil yaqinida yer silkinishi, qimirlashi. Buning natijasida dengiz va okean suvlari qattiq to`lqinlanadi sunamilar vujudga keladi.
Dengiz oqimlari – dengiz va okeanlarning turli qismlarida bosimning turlicha bo`lishi natijasida suv massasining harakatlanib turishi.
DES– dizel elektr stansiyasi – dizel dvigateli bilan harakatlanuvchi bir yoki bir necha elektr toki generatorlari bilan jihozlangan energetik qurilma.
Dinas– issiqqa chidamli g`isht tarkibida 93% gacha kremnezyom bo`ladi.
Diorit– yerni chuqur qismida to`la kristallanib qotgan magmatik jins.
Diyegarmonik bukilmalar – shakli va tarkibi turlicha tog` jinslarida bir vaqtda paydo bo`lgan bukilmalar birikmasi.
Dovon– tog`larning o`tish qulay bo`lgan joyi.
Dovul– yer atmosferasidagi eng kuchli shamol, tezligi 30 m/sek dan katta bo`ladi.
Domna pechi – temir rudalaridan cho`yan olinadigan shaxta pech.
Dreyf oqimi – suv yuzasiga shamol urulishi va to`lqinning orqa qismiga shamol bosishi natijasida okean va dengiz suvi ustki qatlamining harakatga kelishi.
Drenaj– sho`r yuvish, sizot suvlarni sathini pasaytirish.
Dunyo vaqti – dosh meridiandan mahalliy o`rtacha quyosh vaqti u yarim tundan boshlanadi.
Dunit– yer po`stining chuqur qismida paydo bo`lgan, asosan, olivian mineralidan iborat o`ta asosli donador magmatik jins.
Do`l– jipslashgan muz zarrachalari ko`rinishidagi yog`in. Yilning iliq vaqtlarida to`p-to`p bo`lib yuradigan yomg`ir bulutlaridan yog`adi.
Daryo manbai – daryo boshlanadigan joy.
Daryo mansabi – daryolarni okean, ko`l, dengizlarga quyiladigan joyi.
Daraja to`ri – Yer yuzini to`rga o`xshab qoplab olgan tutash chiziqlar.
Diversifikatsiya – korxona (birlashmalar) ning sohalari va ishlab chiqaradigan maxsulotlari turini kengayishi, yangilanib turishi.
Dasht - o`t o`simliklari o`sadigan o`rmonsiz tekis yerlar. Uni G`arbiy Yevropada Pushta, Janubiy Amerikada Pampa deb atashadi.
Delta - daryolarning dengizga yoki ko`lga quyilish joyida suvda oqib kelgan jinslarning cho`kib to`planishidan hosil bo`lgan relyef shakli. Delta atamasi Nil daryosining quyar joyidagi Delta deb ataladigan joy nomidan olingan.
Denudatsiya - yer po`stidagi tog` jinslarining suv, shamol, muzliklar va boshqalar ta`sirida yemirilishi va yemirilgan massuvlarning bir joydan olib ketilib, ikkinchi joyga yotqizilishi.
Dyuna - shamol keltirib to`plagan qum tepalari.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash