loading...

17-sentyabr Mikroneziya mustaqil bo’lgan kun 

2224


 Mikroneziya 1991-yilning 17-sentyabrida mustaqil bo’lgan (ilgari – BMT tasarrufida, AQSh boshqaruvida bo’lgan Tinch okean orollarining bir qismi).

 Rasmiy nomi-Mikroneziya Federativ Shtatlari. Poytaxti-Palikir. Hududi – 702 kv.km. Davlat tili-ingliz. Aholining asosiy qismi xristian dinining katolik (50%) va protestant (47%) mazhablariga e’tiqod qiladi. Pul birligi-AQSh dollari.  Geografik joylashuvi va tabiati. Tinch okeanining g’arbiy qismida, Karolin orollarida joylashgan davlat. Orollar geologik kelib chiqishiga ko’ra bir xil emas: baland tog’li orollardan marjon atollargacha bor. Orollarning ayrimlarida vulqonlar faoliyati davom etmoqda. Asosiy tabiiy resurslari: dengiz mahsulotlari, yog’och, fosforitlar.

 Iqlimi – arxipelagning g’arbiy qismi ekvatorial va subekvatorial, sharqida tropik passat-mussonli.

 Vulqonli va marjon orollar faunasi bir-biridan farq qiladi. Vulqonli orollarning qirg’oqlarida mangr butazorlari, kokos pal’malari, bambuk o’sadi. Marjon orollarida esa kokos pal’malari ko’p.

17-sentyabr Toshkentda Xalqaro valyuta fondining doimiy vakolatxonasi ochilgan kun 
Xalqaro valyuta fondi, XVF – BMTning ixtisoslashgan muassasasi, a’zo mamlakatlarning valyuta hamkorligini amalga oshiradigan xalqaro tashkilot. 182 mamlakat a’zo (1999). Shtab-kvarterasi Vashingtonda. Fondning rasmiy maqsadlari: maslahatlar berish va valyuta muammolari bo’yicha hamkorlik qilish orqali xalqaro valyuta hamkorligiga yordam ko’rsatish; xalqaro savdoning kengayishi va muvozanatli o’sishi uchun qulay sharoitlarni yaratish; valyuta kurslarining barqarorligiga yordam berish, raqobat tufayli yuz beradigan valyuta deval’vatsiyalarining oldini olish; ko’p tomonlama to’lovlar tizimini yaratishda va jahon savdosini rivojiga to’siq qo’yadigan valyuta almashtirish bilan bog’liq cheklashlarni bartaraf etishda yordam ko’rsatish; a’zo mamlakatlarga o’z to’lov balanslarini tiklash, shuningdek, ularning xalqaro to’lov balanslari taqchilligi davomiyligi va miqdorini qisqartirish uchun muddatli moliyaviy mablag’lar berish. Xalqaro valyuta fondi jahon valyutalari monitoringini olib boradi, barcha mamlakatlar o’rtasida tashkiliy to’lov tizimi faoliyatiga yordam beradi, to’lov balansida chuqur taqchillikka uchragan, shuningdek, o’z valyutasining to’liq konvertatsiyasiga erishmoqchi bo’lgan mamlakatlarga qarz beradi. Xalqaro valyuta fondi kapitali a’zo mamlakatlar to’laydigan va ularning har biri uchun belgilangan kvotaga muvofiq badallar hisobidan tashkil topadi. 1998-yil boshida Xalqaro valyuta fondi kapitali 199 mlrd. dollarni tashkil qildi. AQSh, Buyuk Britaniya, GFR, Fransiya, Yaponiya, Italiya Kanada eng katta kvotalarga ega. Uning o’sishi yangi a’zolarning badal puli va kreditlarga to’langan foizlar hisobiga yuz beradi. Xalqaro valyuta fondining rahbar organlari-Boshqaruvchilar kengashi va Muvaqqat qo’mita. Boshqaruvchilar kengashi-oliy organ bo’lib, har bir a’zo- mamlakat tomonidan 5 yilga tayinlanadigan boshqaruvchilar va ularning o’rinbosarlaridan tashkil topadi.

17-sentyabr AQSHda Konstitutsiya va Fuqarolik kuni
2001-yilda AQSh prezidenti Jorj Bush qaroriga muvofiq 17 sentabr konstitutsiya va Fuqarolik kuni deb e’lon qilingan. 17-sentabrdan 23-sentabrgacha esa 1955-yilda Konstitutsiya haftaligi deb belgilangan. 

AQShning ko’pgina fuqarolari u kun hamon dam olish kuni bo’lmasada millati va dinlaridan qat’iy nazar uni nishonlab kelishadi. Bu kun 1787-yil 17-sentyabrda 12 shtat Kongress delegatlari dunyodagi 1-konstitutsiyani AQShda imzolashgandan buyon muhim sanaga aylandi.

17-sentyabr – Koreyaning Pxyonchxan viloyatida Li Xyo Sok nomli madaniyat festivali o’tkaziladi. Ushbu festival 9-sentyabrdan 18-sentyabrgacha Ponpxyonmyonda o’tkaziladi. Li Xyo Sok "Grechka gullaganda” nomli mashhur asar muallifi bo’lib, u Koreyada juda mashhur. Bu asarda tabiat go’zalligi va inson hayoti mohirona ko’rsatib berilgan. Ayniqsa asar muallifi tug’ilib o’sgan Ponpxyon shahri tabiati manzarasi keng yoritilgan. Li Xyo Sok nomli madaniyat festivali har yili o’tkazilib uning maqsadi ommani Li Xyo Sokning hayoti va ijodi hamda Кoreya adabiyotining shoh asari bilan yaqinroq tanishtirish. Festivalda adabiyot konkurslari, she’riyatga oid ko’rgazmalar, adabiyot kechalari va boshqa madaniyat dasturlari o’tkaziladi. Bundan tashqari siz grechka dalalarini kezib, grechka gullarini tomosha qilishingiz, xalq o’yinlarida ishtirok etishingiz va grechkadan turli ovqatlarni tayyorlashni o’rganishingiz mumkin.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash