loading...

Havo bosimi 

9834

 Radio orqali ob-havo ma’lumotlari berilganida, odatda oxirida: atmosfera bosimi 760 (yoki 759, yoki 754) millimetr simob ustuniga teng, deb qo‘yiladi. Hozir bu so‘zlar hech kimni ajablantirmaydi. Bundan 350 yil ilgari esa odamlar atmosfera bosimi borligini xayollariga ham keltirishmagan. Shuning uchun 1654- yili nemis fizigi Otto fon Gerike Magdeburg shahrida o‘tkazgan tajriba hammani hayratga soldi. U bir-biriga taqalgan ikkita mis yarimsharlar ichidagi havoni chiqarib yubordi, shunda yarimsharlar bir-biriga shunchalik kuchli yopishib qoldiki, ularni hatto ikki ot bilan ikki tomonga tortib ham bir-biridan ajra­tib bo‘lmadi.
 Xo‘sh, nega shunday bo‘ldi? Ularni havo bosimi bir-biriga qisib qo‘ydi. Atrofimizdagi havo biz o‘ylaganchalik u qadar yengil emas, masalan, kichikroq xonani to‘ldirib turgan havoning og‘irligi 40 — 50 kilogramm keladi. O‘z og‘irligi tufayli havo yer yuziga ham, uning ustida turgan narsalarga ham, shu jumladan, siz bilan bizga ham bosim ko‘rsatadi.
 Havo bosimini o‘lchaydigan birinchi asbob ( barometrni italyan fizigi Torrichelli o‘ylab topgan. U bir uchi kavsharlab qo‘yilgan 1 metrcha uzunlikdagi shisha naychaga simob to‘ldirdi, so‘ngra naychaning ochiq uchini simobli stakanga tiqdi. Naychadagi simobning bir qismi stakandagi simobga to‘kildi va naychaning yuqori uchi havosiz bo‘shliqqa aylandi. Nima uchun? Chunki, stakandagi simob sirtiga atmosfera bosimi ta’sir qildi. Bu bosim naychaning pastki ochiq uchiga o‘tadi va unda qolgan simobning to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Agar naychaga orasi 1 millimetrli bo‘linmalar chizib chiqilsa, naychadagi simob ustuni balandligiga qarab, atmosfera bosimi qancha ekanligini aniqlash mumkin. O‘sha davrdan beri atmosfera bosimi simob ustuni millimetrlarida o‘lchanmoqda.
  Bosimga faqat havoning o‘zigina ega bo‘lmay, balki boshqa narsalar ham ega. Siz rasm chizayotganingizda qalamingizning uchi qog‘ozni bosadi, yashab turgan uyingiz yerga bosim ko‘rsatadi. Porox yonganda hosil bo‘ladigan gaz bosimi to‘p og‘zidan snaryadni zarb bilan itarib chiqaradi. Yer qa’ridagi bosim neft quduqlaridan neftni fontan bo‘lib oti­lishga majbur qiladi. Tovush to‘lqinlari quloq pardasiga bosim ko‘rsatganligi uchun biz tovushni eshitamiz. Dengiz tubida suvning bosimi juda katta. Qancha chuqurroq tushilsa, bosim shunchalik kattalashadi. Shuning uchun, suvosti qayig‘ining korpusi juda pi­shiq bo‘lishi kerak, aks holda juda chuqur tushgan qayiqni suv bosimi parchalab yuboradi.
  Stol ustidagi kitob stolni bosadi. Agar ­uning ustiga yana bir necha kitobni qo‘ysangiz, stolga tushayotgan bosim yanada ko‘payadi. Demak, narsa qancha og‘ir bo‘lsa, uning tayanchga ko‘rsatadigan bosimi ham shuncha katta bo‘ladi. Lekin bosim tayanch yuzasiga ham bog‘liq. Siz qor ustida tursangiz, botib ketasiz, lekin oyoqlaringizga chang‘i taqib olsangizchi? Unda botmaysiz, chunki chang‘ilarning yuzasi botinkalaringiz tagi yuzasidan katta. Demak, tayanch yuzasi qancha katta bo‘lsa, bosim shuncha kichik bo‘lar ekan.
 Fizik olimlar maxsus kameralarda ulkan bosim hosil qilishni o‘rganib olishdi. Bunday kameralarda ajoyib xossali yangi materiallar yaratiladi. Shunday usul bilan yumshoq grafitni juda qattiq material — olmosga aylantirish mumkin. Sun’iy olmoslar sanoatda, masalan, qattiq qotishmalardan detallar tayyorlashda juda keng qo‘llaniladi.
 Mashinasozlik texnologiyasida detallarga mexanik ishlov berishda ham bosimdan foydalaniladi. 
Bolalar ensiklopediyasidan.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash