Nega yaponlar ko’p yashaydi? Buning siri nimada?
«Yaponiyalik
falonchi 116 yoshga kirib, eng uzoq yashagan inson sifatida «Ginnessning
rekordlar kitobi»ga kirdi, «falon yaponiyalik 114 yoshini nishonladi», kabi
xabarlarni dunyo yangiliklarida tez-tez eshitib turamiz.
Bu
millat insonlarining ko’p yil yashashi bilan bog`liq g`aroyib afsonalar ham
yuradi. Ajabki, yaponlar 100 yil va undan oshiq yashaydilar, ammo qarimaydilar,
semirmaydilar, keksaygan chog`da ham bellari bukilmaydi. Buning siri nimada?
Ularda
«semirish» degan muammo yo’q!
Yaponlar —
rekordchi millat. Umr uzoqligi va salomatlik bilan bog`liq boshqa jihatlarda
ular dunyo ahlidan ancha oldinda. 2011 yilda Yaponiyada o’rtacha umr ko’rish
bo’yicha erkaklarda yosh 79 ni, ayollarda esa 86 ni tashkil etgan va bu
raqamlar o’sishda davom etmoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, uzoq umr
ko’rgan yapon bobo-momolar ulug` yoshda ham o’zlarini a’lo darajada his etadi,
sog`ligidan ko’p shikoyat qilmaydi, faol turmush tarzi olib borishadi.
Kunchiqar mamlakatda kasal bo’lib yotib qolgan keksalar juda kam. Infarkt,
insult, prostatit va ko’krak bezi saratoni sayyorada bu mamlakatda eng kam
foizni tashkil etadi.
Yaponiyada
«semirish» degan muammo yo’q. Yuz kishidan uchtasigina ortiqcha vazndan
shikoyat qilishi mumkin. Solishtirish uchun: AQSh da har 100 kishidan 30 tasi
semizlikdan aziyat chekadi.
Yapon
ayollari dunyodagi eng go’zal ayollar ekanligi allaqachon tan olingan haqiqat.
Chinnidek oq va toza teri, jilokor sochlar, asosiysi, yoshlik davrining
cho’zilishi ko’pchilikni hayratga soladi. Suratdagi yoshgina maftunkor qiz
aslida 40-50 yoshli ayol bo’lsa hech kim hayron bo’lmaydi. Agar Janubiy
Koreyada bunga jarroh asboblari yordamida erishilsa, yaponlar bu uchun harakat
ham qilishmaydi, chunki ular tabiiy go’zal.
Bu borada
izlanishlar olib borgan mutaxassislar «yaponcha mo’’jiza»ni shunday
izohlaydilar: «yaponlar o’zlari va salomatliklariga nisbatan juda sinchkov,
g`amxo’r, ular hayot tarziga oqilona yondashadilar».
Agar sabab
samuraylarning kamyob va nodir genlarida bo’lmasa, yaponcha abadiy yoshlikning
siri nimada? Eng avvalo -to’g`ri ovqatlanish, ko’p harakatlilik, yapon
orollaridagi mineral suvli buloqlarga borish va o’zini parvarish qilish — mana
yaponlarning uzoq yashash sirlari.
Yaponcha
go’zallik
«Kasallikni
davolashdan ko’ra, oldini olgan afzal», deydi har bir yaponiyalik va bunga
qat’iy amal qiladi.
«Yoshlik
davridanoq sog`liqni asrash, organizmga g`amxo’rlik qilish, jismoniy
mashqlar bilan muntazam shug`ullanish lozim, shunda keksayganda
shifokorma-shifokor yugurmaysiz», deyishadi yaponiyalik keksalar.
Bizda bunga e’tibor berishmaydi, yaponlar esa 20-25 yoshdayoq
«yashartiradigan olmalar» — dengiz kollageni bilan to’yintirilgan dori
vositalarini qabul qilishni boshlaydilar. Bu esa kelajakda bo’g`im xastaligiga
chalinishning oldini olib, terining yosh ko’rinishiga xizmat qiladi. Yapon
ayollari yuz va teri parvarishiga juda e’tibor beradilar, turli muolajalarni
erinmay bajaradilar, bu masalada vaqtlarini ayamaydilar va natija shunga
arziydi.
Yaponcha
salomatlik qoidalari «Kep qoling, sakkizoyoqlar bor!»
Yaponiyada
baliq, sabzavotlar, mevalar, guruch va dukkakli o’simliklar — har kungi ovqatlanish
ratsionining asosiy mahsulotlari.
Yapon
oshxonasi hamda baliq va dengiz mahsulotlari bir-biri bilan chambarchas
bog`liq. Axir, Yaponiyadagi dengiz qirg`oqlarida baliqning 3000 dan ortiq
turini ovlash va ulardan mazali va foydali taomlar tayyorlash mumkin. Har bir
yaponiyalik yiliga o’rtacha 68 kilogramm baliq iste’mol qiladi, bu boshqa
mamlakatlarda yashovchi xalqlardan uch-to’rt marta ko’p deganidir.
Losos
balig`i — yapon oshxonasining eng mazali va sevimli balig`idir, shuningdek,
gulmohi (forel) skumbriya, tunets krevetkalar, sakkizoyoqlar, ilonbaliq (ugor)
qisqichbaqa va boshqa dengiz mahsulotlariga Yaponiyada talab katta.
Bunday
«dengiz diyetasi» sharofati bilan organizm mo’l-ko’l ravishda oqsillar, turli
minerallar, yod, selen va asosiysi, «Omega-3» yog` kislotasi bilan
ta’minlanadi. Aynan «Omega-3» yurak va qon tomirlari faoliyati uchun javob
beradi.
Yapon
oshxonasi taomlarining kaloriyasi past va organizm uchun zararli hisoblanadigan
hayvon yog`laridan xoli. Tozalanmagan guruch va turli sabzavotlar esa organizm
uchun juda foydali sanaladigan kletchatka manbaidir.
Sabzavotlar
qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi. Yaponlar har qanday o’simlik va sabzavotdan
taom tayyorlashni va uni dasturxonga chiroyli qilib tortishni qotiradilar. Hatto
eng injiq bolajonlar ham bu mazali taomlardan bosh tortmaydilar va ular
yoshligidanoq shunday tarbiyalanadi.
Yaponiyada
«taomlar kalendari» bor. Har mavsumda sabzavotlar va mevalardan turli taomlar
tayyorlanadi, xalq sayllari uyushtiriladi. Bu an’anaga aylanib ketgan.
«Olmadan
uch, o’rikdan besh kilo torting!»
Yapon
xalqi mevalarni sevib iste’mol qiladi. Meva boshqa joylardan olib
kelingani sabab juda qimmat narxlarda sotiladi, ammo shunga qaramay,
yaponiyaliklar dasturxonidan qishin-yozin mevalar arimaydi. Yangi uzilgan
mevalar, shuningdek, mevali salatlar xush ko’rib yeyiladi. Olma, shaftoli,
xurmo, banan, o’riklar va sitrus mevalardan saylab olaverasiz…
Yaponlar
sabzavot va mevalar yurak-qon tomir xastaliklari kelib chiqishining oldini
olishda katta ahamiyatga ega ekanligini yaxshi biladilar. Karamning turli
navlarida uchraydigan fitoestogen moddasi esa saraton kasalligiga chalinishning
oldini olishi haqida ularga yoshligidan uqtiriladi. Yaponlarning
xushbichimligiga kelsak, sabzavot va mevalar ortiqcha vazn yig`ilishiga yo’l
qo’ymaydi.
«Kam-kam
ye…»
Yaponlarning
taom porsiyasi g`arb porsiyasining uchdan bir kismiga teng keladi. Biz
oshqozonda taomni «zahira» qilmasak, qo’l artmaymiz to’g`rimi, yaponlar esa dasturxondan
biroz och holda turishadi. Ular shoshmay ovqatlanishadi. Taomning mazasini
obdon bilish uchun yaxshilab chaynashadi («Saroy javohiri» serialidagi qirolning
ovqat yeyishini eslang).
Yapon
ayollari haqiqiy bekalardir – ular nafaqat mazali ovqat tayyorlashadi, balki
uni dasturxonga ishtahani ochadigan tarzda tortishniyam bilishadi. Ularning
fikricha, taomdan lazzatlanish lozim.
Xasi
(maxsus tayoqchalar) bilan ko’p mikdorda ovqat yeb bo’lmaydi, semirib
ketmaslikning yana bir sababi balki shudir.
Dalil
Dunyodagi 110 yoshdan oshgan 40 nafar qariyaning 20
tasi Yaponiyada yashaydi. Dziroemon Kimura bobo — 116, Misao Okava buvi
esa 117 yil umr ko’rgan.
«Makaron,
pitssa, gamburger YEMAYMIZ!»
Soya
mahsulotlarisiz yapon oshxonasini tasavvur qilish qiyin. Soya va soya
mahsulotlarida kaloriya kam bo’lgani holda ular aminokislota va proteinlarga
to’yingan bo’ladi. Soya hayvon yog`larida bo’ladigan oqsil o’rnini bemalol bosa
oladi. Soya mahsulotlarining serobligi yaponlarning salomat va yosh ko’rinishining
yana bir sababidir, deyishadi shifkorlar.
Yaponlar
fast-fud taomlarni deyarli iste’mol qilishmaydi. Makaron, pitssa,
gamburgerlarni ham ularning dasturxonida ko’rmaysiz. Qizil go’sht, sariyog`,
kartoshkani ham iste’mol qilishmaydi yoki juda kam miqdorda taomlarga
qo’shishadi, shuningdek, sut mahsulotlaridan ham o’zlarini tiyishadi.
Haftada
oddiy yapon oilasi 70 ga yaqin turli taomlarni tatib ko’radi, yevropalik
dasturxonida esa bu raqam o’ttizni, ba’zida bundan kamroqni tashkil qiladi.
Non
kamroq, guruch ko’proq…
Biz har
kuni non yeymiz. Yaponlar doimiy ravishda nima iste’mol qilishadi deysizmi?
Guruch. Guruchni ular garnir sifatida, shunchaki qaynatib, salatga qo’shib ham
yeyaverishadi. Bugungi kunda ayrim yosh yaponlar non yeyishga odatlanishgan,
ammo u ham uyda guruchdan tayyorlangan maxsus non. Guruch tarkibidagi
uglevodlar, mineral va vitaminlar organizm uchun juda foydalidir.
«Nonushta
qildingmi?»
Yaponlar
ertalabdan nonushtaga bizga o’xshab to’yib olmaydilar. Shirin bo’tqalar,
bulochkalar, quymoqlar, qovurilgan tuxum ular nazdida tez hazm bo’ladi, shu
sabab tushlikka yetmay odam och qoladi. Yaponiyada nonushtaga sizga guruch,
piyozli sho’rva, bir bo’lak losos balig`i va albatta, ko’k choy taklif
qilishadi. Bunday nonushta bilan kechgacha och qolmas emishsiz.
«Shirinlikni
bir o’zing yema!»
Yaponlar
ham shirinlikni xush ko’rishadi, ammo juda kam yeyishadi. Yapon desertlari
bizning desertlardan tubdan farq qiladi. Ular asosan dengiz o’simliklaridan
tayyorlangan, qaymoqsiz va kremsiz shirinlik va marmeladlarni iste’mol
qilishadi.
Bir-ikki,
uch…
Bugungi
kunda o’tirib ishlash zamona zayliga aylandi. Ko’pchilikka ma’lumki, doimiy
ravishda o’tirib ishlash ko’p kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ammo yaponlar
buning ham chorasini topishgan. Ular uzoq masofadagi uylariga piyoda borishdan
erinishmaydi (biz bir bekat naridagi uyimizga ham avtobus yoki taksida
ketamiz), yuqoriga lift emas, zinapoya orqali ko’tarilishadi, ko’p hollarda
mashinalarini velosipedga almashtirishadi, ko’chalarda hatto katta-katta
tashkilot rahbarlari ham velosiped haydab yurishadi.
«10 ming
qadam» piyoda yuramiz!»
1960-yillarda
tadqiqotchi Iosiro Xatano Yaponiyada ommalashib ketgan «10 ming qadam»
teoriyasini taklif qiladi. Uning fikricha, kuniga 10 ming qadam (8 km.) yurgan
odam uzoqroq umr ko’radi, qomati bukilmaydi va qon bosimi bilan bog`liq
muammolarga duch kelmaydi. Yaponlar bunga hamon amal qilishadi.
Choy
marosimiga xush
kelibsiz!
Yaponiya —
choylar mamlakati. Ko’k choyni bu yerda kun bo’yi ichishadi. Ovqatdan oldin,
uyqudan avval, tong otgandan, shunchaki kun o’rtasidami farqi yo’q, ko’k choy
bo’lsa bo’ldi. Ular ko’k choy insonni har qanday darddan xalos qiladi, deb
hisoblashadi. Umumiy ovqatlanish joylarida ko’k choy bepul tarqatiladi.
Tongda
yugurasizmi?
Yaponiya
shahar-qishloqlarida tong payti ko’chada yugurib yurgan keksa-yoshlarni
ko’plab uchratish mumkin. Tushda ofisdan chiqib piyoda aylanib kelishadi.
(Bunga 10 daqiqaga ruxsat berilgan) Dam olish kunlarida albatta, tabiat qo’yniga
chiqishadi, xiyobonlarda sayr qilishadi, o’rmonlarga oshiqishadi.
Ular uylarida
tez-tez havo almashib turishini nazorat qilishadi. Uyni juda isitib
yuborishmaydi. Ayrimlarga o’xshab o’ranib yurishmaydi.
Yaponlar
sigareta tutuniga toqat qilisholmaydi,shu sabab hamma joyda chekish uchun
maxsus joylar belgilangan. Shuningdek, spirtli ichimliklar ichishga ham
cheklovlar bor.
«Yuragingizni
keng qiling!»
Donishmand
yaponlar ta’kidlaydilarki, har bir kunini zavq bilan yashagan,
mayda-chuyda gaplardan og`rinib yurmagan, tushkunlikni yenggan odamlar ko’p
yashaydi. Ular salbiy his-hayajonlar nafaqat inson qalbiga, kayfiyatiga,
balki odamning jismoniy holatiga ham ta’sir ko’rsatadi, aniqrog`i,
salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi, deb hisoblaydilar. Shu sabab
bog`cha va maktab yoshidan bolalar hayotga nisbatan muhabbat ruhida tarbiyalanadi.
Ahamiyatsiz voqea-hodisalarga kuyinishni emas, ijobiy holatlardan
zavqlanishni, quvonishni o’rgatishadi.
Bu hayotiy
falsafa inson immun tizimini mustahkamlashga zamin yaratib, organizmni turli
yuqumli xastaliklardan himoya qilarkan.
«Shaxmatdan
so’ng uyqu…»
Yaponiyalik
keksalar to qartayib qolsalar ham miyani mashq qildirib turish lozim,
deydilar. Kunchiqar mamlakatda har bir xonadonda shaxmat-shashka o’yinlariga
guvoh bo’lasiz. Shuningdek, yaponlar turli tanlovlarda ishtirok etishni
yaxshi ko’rishadi, boshqotirmalar yechishadi.
Uyquning
sifati yaponlar uchun juda muhim. Uxlash shunchaki vaqt o’tkazish emas,
organizm sog`lom bo’lishi uchun asosiy jihatdir. To’yib uxlagan odam ularning
nazdida yaxshi ishlay oladi, sifatli uyqu organizmni xastaliklardan himoya qila
olishiga ishonishadi.
Mana, yaponlarning uzoq umr ko’rish sirlari —
oddiygina, hamma amal qilsa bo’ladigan qoidalar. Bu qoidalarga amal qilib,
inson nafaqat salomatligini asraydi, balki dunyoqarashi ham ijobiy
tomonga o’zgarishiga muvaffaq bo’ladi. Siz ham yuqorida aytilganlarning eng
osonidan boshlang, axir minglab kilometrlarga yo’l bir qadamdan boshlanadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.