Yaponiya uzoq umr ko’ruvchilar o’lkasi
Xabaringiz bor, kunchiqar yurt dunyo
miqyosida uzoq umr kechiruvchilar o’lkasi sifatida e’tirof etiladi. Sizlarga ma’lumki, ayni paytda bir asrni qarshilagan yaponiyaliklar
soni 20 ming nafardan oshib ketgan. Bundan 40 yil muqaddam yuz yoshdan oshgan odamlar
soni bor-yo’g`i yuztani tashkil etgan. Yaqin yillar ichida bir asrlik dovondan o’tganlar
safi 30 mingga yetishi kutilmoqda.
Uzoq umr kechirish uchun birinchi navbatda parhezga rioya qilish kerak ekan. Ayni paytda 60 va undan yuqori bo’lgan kishilar o’sha paytda
kamroq taom iste’mol qilishgan. Hozir ham ularning aksariyati ozroq ovqat yeyishga
intilishadi. Ovqat kalloriyasini kamaytirish hisobiga xolesterin ham ancha kamayadi.
Shu sababli yaponlarning ko’pchiligi ortiqcha vazndan xalos bo’lgan. Semirish kasalligi
yurakka o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatadi. Hozir ham Yaponiyada 80 yoshdan oshgan
fuqarolarning aksariyati vokzal va aeroportlardagi eskalatorlardan foydalanmaydi.
Mamlakatda yangi qariyalar harakati tashkiloti tuzilgan bo’lib, unga 75 yoshdan
yuqori bo’lganlar a’zo bo’lishlari mumkin. Yaponiya markazidagi Nagan prefekturasi
o’zining uzoq umr kechiruvchilari bilan dong taratgan. Saku shahri misolida oladigan
bo’lsak, mahalliy rasmiylar bu hududni salomatlik va boqiy umr kechiruvchilar shahri
deb e’lon qildi. Bejizga bu yerda keksalar uchun turli ijtimoiy dasturlar ishlab
chiqilmagan. Shahar rahbariyati aholidan iloji boricha kamroq tuz iste’mol qilish
va uy-joylarini haddan ziyod isitib yubormaslikka da’vat etmoqda. Shahar dengiz
sathidan 700 metr balandlikda joylashgan bo’lib, uning markazidan Tikuma daryosi oqib
o’tadi. Asama tog`i ham ko’rinib turadi.
Bu qishloq o’zining tabiy go’zalligi bilan barchani o’ziga rom etmoqda. Qishda
15 daraja sovuq, yozda boshqa hududlarga nisbatan
ancha salqinroqdir. O’tgan asrning 60-yillarigacha Saku insultga chalinish bo’yicha
Yaponiyada eng yuqori o’rinni egallab kelgan. Bu birinchidan qahraton sovuq va me’yoridan
ortiq tuz iste’mol qilishdandir, deb aytishadi shifokorlar.
1971-yilda Saku shahri hokimligi mahalliy fuqarolarga
sog`lomlashtirish bo’yicha maslahat tizimini taqdim etdi. Unga ko’ra, har bir oila
2 yil muddatga sog`lom turmush tarzini tarkib toptirish maqsadida maxsus maslahatchilarni
yolladi. Endi esa qishloqda vaziyat batamom o’zgardi. Miyaga qon quyilish oqibatida
o’lim holatlaridan asar ham qolmadi. Sakuda yashovchi Itikava Teko 85 yoshga kirib qoldi. Uning kanselyariya
tovarlari va idora jihozlarini sotish bilan shug`ullanuvchi kichkinagina do’koni
ham bo’lgan. Keksaligiga qaramasdan, bu ayol har kuni 8 soatdan kassa apparati yonidan
jilmaydi. Xotirasi ham kuchli bo’lib, peshtaxtadagi har bir buyumning nomini yoddan
biladi. Onaxon har kuni ertalab 7 da turib vanna qabul qiladi. Tomorqasida ishlaydi,
mahalliy suv havzasida kapalak, ya’ni batterflyay usulda suzishni juda yoqtiradi.
Ishxonasigacha mashinasini o’zi boshqarib boradi. Xaftalik jadvali rang-barang qilib
tuzilganki, barcha yumushlarni bajarishga ulgaradi. Kalligrafiya, Jaz raqsi, teri
hunarmandchiligi va karaoke deysizmi, barchasini qoyilmaqom qilib bajaradi. Uyiga
kech soat 21 dan so’ng kirib keladi. Tush paytida ozginagina meva, sut mahsulotlari,
kechqurun esa yana sabzavot va baliq iste’mol qiladi. Shundan so’ng ikkinchi vannani
qabul qilib, yozish-chizish bilan mashg`ul bo’ladi.
Dunyoning qaysi hududida kimlar uzoq umr kechiradi,
degan haqli savol tug`ilishi tabiiy. Haqiqatan ham ular qayerda istiqomat qilishadi?
Taniqli yozuvchi va olim Den Byuttner bu sohada uzoq ilmiy tadqiqotlar olib boradi.
Unga ko’ra, Yaponiyaning Okinava, Italiyaning Sardiniya, Gretsiyaning Ikariya, AQShning
Loma Linda va Kosta-Rikaning Nikoya yarim oroli va orollarida uzoq umr kechiruvchilar
makon topgan. Okinavadagi 900 ta qishloqda 1 millionga yaqin aholi yashar ekan. Ayollar ko’pchilikni tashkil etadi. Buyuk
Britaniya va AQSh bilan solishtiradigan bo’lsak, ular soni 4 hissaga ko’p. Yana
bir qiziq ma’lumot, Okinava aholisi o’zini parxez bilan qiynab o’tirishmaydi. Ko’ngli
nimani tusasa, shuni iste’mol qilaverishadi. Kuniga yeyiladigan taom 1 ming 200
kalloriyani tashkil etadi. G`arbdagilar esa ulardan
20 foizga kamroq ovqat tanavvul qilishadi. 80-90 yoshli orollik yaponlar o’z
tengdoshlariga qaraganda, 30 yoshga yosh ko’rinishadi. Ular kuniga kam-kam ovqat
yeyishadi. Ko’proq meva va sabzavotlarga e’tibor qaratishadi.
Taomnoma sirlaridan biri bu soya va tofu, sabzavotlar,
boy antioksidantlardan iboratdir. Sharhimiz so’ngida dunyo mamlakatlaridagi o’rtacha
umr kechirish darajasi xususida to’xtalsak. Yaponiyada erkaklar 80, ayollar 85,
Shvetsiyada erkaklar 77 yarim, ayollar 82 yarim, Ispaniyada esa ayollar 80, erkaklar
82 yildan umr kechirmoqda. Kanada, Shveysariya, Fransiya, Norvegiya va Belgiyada
ham bu ko’rsatkich juda yuqoridir.
Muallif: Azimjon Po’latov
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.